
Nogironligi boʻlgan shaxslar transport vositalarini haydashi mumkinmi?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironligi bo‘lgan oq ko‘ylakli ayol, moshinasini nogironlar uchun ajratilgan to‘xtash joyiga joylashtirmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga transport vositalarini boshqarishi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish va haydovchilik guvohnomasini olishda bir qancha imkoniyatlar yaratilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning transport vositasini haydashi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi
Nogironligi bo‘lgan shaxs transport vositasini, ya’ni maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan va avtomat uzatkichli yengil transportlarni boshqarishi mumkin. Shaxslar boshqarishga yaroqli ekanligini aniqlash uchun ariza bilan o‘zining yashash joyidagi TIEK (Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi, keyingi o‘rinlarda TIEK) ga murojaat qiladi.
Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni TIEKda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish muddati 3 kalendar kun. Agar tekshirish murakkab bo‘lsa va qo‘shimcha tekshirishni talab etganda 14 kalendar kuniga uzaytirilishi mumkin. Muddatni TIEK raisi asoslangan holda uzaytira oladi.
Ahamiyat bering. Shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun pasport, ID-karta yoxud shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan TIEKga murojaat qiladilar.
Shaxslarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini aniqlashda dastlabki va davriy tekshirishdan o‘tkazish TIEK tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Bunda shaxsga tekshirishdan o‘tishda 083/h shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Tekshirishdan so‘ng ushbu shaxsning transport vositasini haydashi mumkin yoki mumkin emasligi ko‘rsatiladi. Bunda ushbu turdagi ma’lumotnoma faqatgina “V” toifa avtotransport vositalari haydovchilarigagina beriladi. Boshqa toifalar uchun qonunchilikda maxsus shakldagi ma’lumotnoma ko‘rsatib o‘tilmagan.
Transport vositalarini boshqarishi mumkin deb topilgan shaxslarga 083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi.
Agarda nogironligi bo‘lgan shaxs ushbu tekshirishdan ko‘zoynak yoki eshitish apparati bilan mashina haydashi mumkin deb topilsa, unda uning tibbiy ma’lumotnomasiga “ko‘zoynak( kontakt linza) bilan haydash majburiy” yoki “eshitish apparati bilan haydash majburiy” degan xulosa bilan ruxsat etiladi.
Tibbiy ko‘rsatmalar
Quyidagilar maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan (qo‘l bilan boshqariladigan) uzatkichli yengil transport vositasini boshqarishga tibbiy ko‘rsatma hisoblanadi:
- harakatning ifodalangan chegaralanishiga sabab boʻladigan oyoq kaft deformatsiyasi;
- oyoqning 7 sm va undan ortiqroq kaltaligi;
- bir yoki ikkala son suyagining amputatsion choʻltoqligi, choʻltoqlik qaysi qismdan boʻlishi va protezlash imkoniyatidan qatʼi nazar;
- bir yoki ikkala oyoq boldir sohasining amputatsion choʻltoqligi;
- bir tomonlama son yoki boldir qismi choʻltogʻi, ikkinchi oyoqning harakat yoki statik faoliyatining ifodalangan darajadagi buzilishi bilan (oyoq panjasining amputatsion choʻltoqligi, deformatsiyasi, qon tomir kasalliklari, yirik periferik nervlarning shikastlanishi va boshqalar);
- yurish, oʻtirish faoliyatining buzilishiga olib keluvchi umurtqa pogʻonasi, tos yoki ikkala oyoqlarning turgʻun deformatsiyasi yoki kasalliklari (oyoqlarning ankilozlovchi poliartriti, ogʻir darajadagi kifoskolioz va spondiliti, psevdoartroz, endarterit II va III darajasi, filoyoqlilik va boshqalar);
- oʻtirish holati saqlangan pastki oyoqlarning parezi yoki falajligi;
- chap oyoq qon tomir va nerv tolalarining shikastlanishi, ifodalangan trofik buzilishlari bilan.
Nogironligi boʻlgan shaxslardan transport vositalarini haydash uchun amaliy imtihonlarni olish tartibi
Nogironligi bo‘lgan shaxslardan amaliy imtihonlarni qabul qilishda transport vositasi ushbu shaxslar uchun zarur bo‘lgan uskunalar bilan jihozlanishi lozim.
Amaliy imtihonlarni o‘tkazishda foydalaniladigan maxsus transport vositalari yo‘l harakati qoidalari talablari asosida taniqli belgilar hamda qo‘shimcha uskunalar bilan jihozlanadi.
Avtomatlashtirilgan avtodrom tizimining tarkibiy elementi sifatida qo‘llanilishini ta’minlaydigan quyidagi uskunalar bilan jihozlanadi:
- axborotlarni qabul qilish-uzatish tizimlari;
- yorug‘lik va/yoki ovozli avariya to‘xtash ishorasi datchiklari;
- haydovchilikka nomzod tomonidan bajariladigan sinov mashqlarini qayd etish vositalari;
- har bir mashqning hamda imtihonning yakuniy natijasi bo‘yicha axborot beruvchi displey.
Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan nomzodning xohishiga ko‘ra imtihonlarni o‘tkazishda O‘zbek imo ishora tili tarjimoni ishtirok etishi mumkin. Kar va zaif-eshituvchi shaxslarni haydovchilikka tayyorlash ham umumiy o‘quv dasturlari asosida O‘zbek imo ishora tili tarjimoni yordamida amalga oshiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun avtotransport vositalarini moslashtirish xarajatlarini qoplash tartibi
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida davlat tomonidan ularning shaxsiy va jamoat transport vositalarini moslashtirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 377-son qarori bilan belgilangan.
Qoplab beriladigan miqdor:
- Xarajatlarning 50 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Avtotransport vositalarini quyidagilar bilan jihozlash nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish hisoblanadi:
Tadbirkorlarning avtobuslari uchun moslashtirish:
- yig’ma pandus;
- audio va vizual axborot beruvchi monitor (1 ta);
- axborot beruvchi kolonka (ko’pi bilan 3 ta);
- ma’lumotlarni uzatuvchi mikrofon (1 ta);
- aloqa tugmasi;
- bekatlar haqidagi ma’lumotlar taxtasi (1 ta).
I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalari uchun:
- gaz va tormoz pedallarini qo‘l boshqaruviga o‘tkazish;
- mexanik uzatish qutisini avtomat uzatish qutisiga almashtirish.
Murojaat tartibi
Arizalar “Inson” markazlariga yoki YAIDXP (my.gov.uz) portali orqali qabul qilinadi.
Transport vositasi moslashtirilgan kundan boshlab 90 kun ichida murojaat qilish lozim.
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31-may 2018-yildagi “Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 408-sonli qarori https://lex.uz/docs/-3765833
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 27-iyun 2013-yildagi “Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi 2472-sonli qarori https://lex.uz/uz/docs/-2194596
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 18-iyundagi 2025-yildagi «Avtotransport vositalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarini qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida» gi 377-sonli qarori https://lex.uz/uz/docs/-7580715
Bu maqolada sen transport vositalarini haydashing uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida bilib olasan.
Transport vositalari – bu sen haydashing mumkin bo‘lgan har xil mashinalar, motoaravacha va mototsikllar.
Sen transport vositasini haydashing uchunshifokor tekshiruvidan o‘tishing kerak bo‘ladi.
Sen haydovchilik guvohnomasini olishing uchun turli imkoniyatlarga egasan.
Haydovchilik guvohnomasi – bu senga mashina haydash uchun beriladigan ruxsatnoma.
Sen:
- maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan
- avtomat uzatkichli yengil mashina haydashing mumkin.
Senga mashina haydash mumkin yoki mumkin emasligini bilish uchun yashash joyingdagi shifokorga murojaat qilishing kerak.
Seni shifokor 3 ish kuni davomida tekshirishi mumkin.
Agar senga qo‘shimcha tekshiruv kerak bo‘lsa, shifokor seni 14 ish kuni davomida tekshirishi ham mumkin.
Seni tekshiruvdan o‘tkazish kunlarini shifokor uzaytirishi mumkin.
Sen tekshiruvdan o‘tish uchun:
- Pasporting
- Yoki ID-kartang bilan shifokorga murojaat qilishing kerak.
Senga mashina haydash mumkin yoki mumkin emasligini tekshiruvchi shifokorga pul to‘lamaysan.
Senga mashina haydash mumkin bo‘lsa 083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi.
083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma faqatgina “V” toifadagi avtotransport haydovchilariga beriladi.
“V” toifadagi mashinalar – bu yengil yuk tashishga mo‘ljallangan damas, labo kabi mashinalar.
Boshqa toifadagi mashinalar uchun qonunchilikda maxsus shakldagi ma’lumotnoma ko‘rsatilmagan.
Agar tekshiruvda shifokor seni ko‘zoynak yoki eshitish moslamasi bilan mashinani haydash kerakligini aniqlasa, ma’lumotnomangga:
- ko‘zoynak bilan haydash majburiy
- yoki eshitish moslamasi bilan haydash majburiy degan xulosa yozadi.
Qo‘l bilan boshqariladigan yengil mashinalarni boshqarishda sen uchun tibbiy ko‘rsatmalar:
- harakat chegaralanishiga sabab boʻladigan oyoq kaft qiyshiqligi
- oyoqning 7 sm va undan ortiqroq kaltaligi
- bir yoki ikkala son suyagining amputatsion choʻltoqligi
- bir yoki ikkala oyoq boldir sohasining amputatsion choʻltoqligi
- bir tomonlama son yoki boldir qismi choʻltogʻi
- yurish, oʻtirishning buzilishiga olib keluvchi umurtqa pogʻonasi, tos yoki ikkala oyoqlarning qiyshiqligi yoki kasalliklari
- oʻtirish holati saqlangan pastki oyoqlarningfalajligi
- chap oyoq qon tomir va nerv tolalarining shikastlanishi, ifodalangan trofik buzilishlari bilan.
Amputatsion choʻltoqlik – bu operatsiyadan keyin tananing qolgan qismi.
Mashina haydash bo‘yicha amaliy imtihon vaqtida mashinada sen uchun kerakli sharoit bo‘lishi shart.
Imtihon o‘tkazishda ishlatiladigan mashina yo‘l harakati qoidalari talabiga ko‘ra:
- taniqli belgilar
- qo‘shimcha uskunalar bilan jihozlanadi.
Imtihon o‘tkaziladigan joyda:
- axborotlarni qabul qilish-uzatish tizimlari
- yorug‘lik, ovozli avariya to‘xtash ishorasi datchiklari
- sen bajaradigan sinov mashqlarini qayd etadigan maxsus qurilmalar
- har bir mashqning va imtihonning yakuniy natijasi bo‘yicha axborot beradigan qurilma bo‘lishi shart.
Agar senda eshitish bo‘yicha nogironlik bo‘lsa, imtihonlarni o‘tkazishda imo ishora tili tarjimoni ishtirok etishi mumkin.
Agar senda eshitish bo‘yicha nogironlik bo‘lsa, haydovchilikka o‘qish vaqtida ham senga imo ishora tili tarjimoni yordam beradi.
Men 20 yoshdaman va men havdovchilik guvohnomasini olishda imtiyoz borligi uchun TIEK ga murojat qilganimda qanday tolovlarni amalga oshiraman
O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida» gi nizomni 1-bobining 3-bandiga ko‘ra:
TIEKda fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.
Ushbu nizomni 1-bobining 4-bandiga ko‘ra;
TIEKda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan xorijiy davlat fuqarolari va tibbiyot muassasalarining yo‘llanmasiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Men 2 guruh nogironiman va menga avtomaktabda oqishda imtiyoz borligini bilgan holda yashash hududimdagi Vatanparvar davlat avtomaktabiga murojaat qildim. Lekin avtomaktabda oqishim uchun hech qanday imtiyoz yoqligi aytishdi. Ushbu vaziyatda qanday yol tutishim kerak.
Izoh kutib qolaman
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 23-fevraldagi 139-son qaroriga muvofiq avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish faoliyati bilan davlat ta’lim muassasalari, shuningdek, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni avtotransport vositalarini boshqarishga o‘rgatish mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Siz avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash,qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan yordam olishingiz mumkin.
Asos:O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 1-dekabrdagi PF-5270-son Farmonihttps://lex.uz/mact/-3588626
Agar sizning yoshingiz 30 yoshdan oshmagan bo‘lsa, siz «Yoshlar daftari»ga kirish orqali, avtomaktabingiz to‘lovining bir qismini davlat tomonidan qoplatishingiz mumkin. Yoshlar daftariga kirish uchun mahalla yoshlar yetakchisiga murojaat qiling deyapsiz biroooq 30 yoshdan kattalarchi bularga xam imtiyoz bormi qanaqadur yoki qaerdandur.
«Yoshlar daftari» dasturi haqiqatan ham 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga mo‘ljallangan bo‘lib, u orqali davlat tomonidan turli yo‘nalishlarda (shu jumladan avtomaktabga to‘lov) moddiy yordam ko‘rsatiladi. Lekin bu dastur 30 yoshdan oshganlarga nisbatan amal qilmaydi. Nogironligi bo‘lgan yoshlarning «yoshlar daftarida»gi imtiyozlari haqida batafsil huquqiy maqolamizda yozganmiz: https://huquqplus.uz/materials/nogironligi-bolgan-yoshlar/1008
Agar siz ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tsangiz, avtomaktabga o‘qishga yuborilishingiz va to‘lov to‘liq yoki qisman davlat tomonidan qoplab berilishi mumkin. Buning uchun:
– Tuman (yoki shahar) bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat qilasiz.
– U yerda sizga kasbga o‘qitish bo‘yicha dasturlar taklif qilinadi (shu jumladan haydovchilik guvohnomasi olish uchun avtomaktab kurslari).
Nogironligi bo‘lgan shaxslar «Ishga marhamat» monomarkazlarida kasb-hunarga o‘qishlari uchun imtiyozlar haqida batafsil: https://huquqplus.uz/materials/talim/5829
Assalomu Alaykum
Men 083/h uchun tibbiy kurikdan utishim kerak qaysi klinikada kurikdan utkazishadi boshqa klinikalar maxsus nogironlarni kurikdan utkazadigan klinikaga borishimni aytishyapti toshkentning qaysi tumanidaligini bilolmayapman
Assalomu alaykum
Siz o‘zingiz yashaydigan poliklinikaga murojaat qiling. U yerda sizga boshqa sharoitlari mavjud bo‘lgan poliklinikaga yo‘llanma yozib berishadi.
Asalomu aleykum aka yahshimisiz men pravaga oqiganman nogironlligim bor imtihonga borsam kirgizmagan boying yetmaydi dep Nima qillsam bolladi yollanmam bor 083 forma ham otmagan nima qillsa bolladi intimos aytvoring
Assalomu alaykum
Hozirda amaliyotda Imtihon markazlari bo‘yi 150 sm dan past bo‘lgan shaxslarni imtihonga qo‘yishmayapti. Ammo qonunchilikda bu to‘g‘risida aniq norma mavjud emas.
Shu huquqiy bo‘shliqni aniqlashtirishga harakat qilmoqdamiz.
O‘zbekiston Respublikasida haydovchilik guvohnomasini olish tartibi barcha fuqarolar, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham umumiy talablar asosida belgilanadi. Ya’ni, 18 yoshga to‘lgan, aqli raso bo‘lgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tgan har bir fuqaro tegishli nazariy va amaliy imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda haydovchilik guvohnomasini olish huquqiga ega. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayrim qulayliklar ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular maxsus moslashtirilgan transport vositalaridan foydalanishlari, imtihon topshirishda qo‘shimcha yordamchi vositalardan foydalanishlari mumkin. Shu bilan birga, bunday shaxslarning transport vositasini xavfsiz va to‘liq boshqara olishi ham alohida baholanadi. Haydovchilik guvohnomasi olish jarayonida muhim jihatlardan biri bu – tibbiy ko‘rik bo‘lib, unda nomzodning sog‘lig‘i, ruhiy holati va jismoniy imkoniyatlari tahlil qilinadi. Aynan shunday tibbiy ko‘rikda belgilangan talablarning biri – bo‘y uzunligidir. Amaldagi tibbiy me’yorlarga ko‘ra, haydovchilik huquqini olish uchun nomzod kamida 150 santimetr bo‘yga ega bo‘lishi kerak. Ushbu talabning joriy etilishi bejiz emas: avtomobil boshqarishda insonning ko‘rish zonasi, rul va pedalgacha bo‘lgan masofa, o‘rindiqda to‘g‘ri joylashuvi kabi holatlar haydovchining jismoniy parametrlari bilan chambarchas bog‘liq. Agar shaxsning bo‘yi 150 santimetrdan past bo‘lsa, u avtomobilni to‘liq va xavfsiz boshqara olmasligi mumkin. Ayniqsa, og‘ir harakatlanish sharoitida, favqulodda holatlarda bu holat xavf tug‘diradi. Shu sababli, bo‘y uzunligiga qo‘yilgan bu talab transport vositalari harakatining xavfsizligini ta’minlash uchun joriy etilgan. Biroq ayrim hollarda, ya’ni agar nogironligi bo‘lgan shaxs maxsus moslashtirilgan avtomobilda, qo‘shimcha vositalar yordamida xavfsiz boshqaruvni ta’minlay olsa, unda bu cheklov individual yondashuv asosida ko‘rib chiqilishi mumkin. Ya’ni, bu talab qat’iy cheklov sifatida emas, balki xavfsizlikni kafolatlovchi me’yor sifatida qo‘llanadi. Xulosa qilib aytganda, nogironligi bo‘lgan shaxslarning haydovchilik guvohnomasini olish huquqi qonuniy ravishda kafolatlangan, biroq ularning jismoniy holati transport vositasini to‘laqonli va xavfsiz boshqara olish darajasida bo‘lishi zarur. Bo‘y uzunligiga qo‘yilgan 150 sm talabi ham aynan shu xavfsizlik mezonlariga asoslangan bo‘lib, zarur hollarda shaxsning shaxsiy imkoniyatlari va vositalari inobatga olinib, maxsus tibbiy komissiya tomonidan individual baholanishi mumkin.
Huquqiy asos: 2472/3-sonli Vazirlar Mahkamasining qarori: https://lex.uz/uz/docs/-7116841
Men Epilepsya tutqanoq boʻyicha 2 guruh nogironiman Haydovchilik guvohnomasini olishim mumkinmi. Va qay tarzda.
Assalomu alaykum
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mashina hayday olish uchun sog‘lig‘i javob berishiga TIEK baho beradi. Siz mashina haydash yoki hayday olmaslingizni bilish uchun TIEK ga murojaat qiling.
Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni TIEKda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish muddati 3 kalendar kun. Agar tekshirish murakkab bo‘lsa va qo‘shimcha tekshirishni talab etganda 14 kalendar kuniga uzaytirilishi mumkin. Muddatni TIEK raisi asoslangan holda uzaytira oladi.
Ahamiyat bering. Shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun pasport, ID-karta yoxud shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan TIEKga murojaat qiladilar.
Shaxslarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini aniqlashda dastlabki va davriy tekshirishdan o‘tkazish TIEK tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Bunda shaxsga tekshirishdan o‘tishda 083/h shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Tekshirishdan so‘ng ushbu shaxsning transport vositasini haydashi mumkin yoki mumkin emasligi ko‘rsatiladi. Bunda ushbu turdagi ma’lumotnoma faqatgina “V” toifa avtotransport vositalari haydovchilarigagina beriladi. Boshqa toifalar uchun qonunchilikda maxsus shakldagi ma’lumotnoma ko‘rsatib o‘tilmagan.
Transport vositalarini boshqarishi mumkin deb topilgan shaxslarga 083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi.
Agarda nogironligi bo‘lgan shaxs ushbu tekshirishdan ko‘zoynak yoki eshitish apparati bilan mashina haydashi mumkin deb topilsa, unda uning tibbiy ma’lumotnomasiga “ko‘zoynak( kontakt linza) bilan haydash majburiy” yoki “eshitish apparati bilan haydash majburiy” degan xulosa bilan ruxsat etiladi.
2-guruh nogironi boʻlgan shaxs Yandex yoki shunga oʻxshash ilovalar orqali taksichilik qilmoqchi boʻlsa, oʻzini-oʻzi band qilishda yoki keyingi faoliyatida qanaqa imtiyozlar bor?
Assalomu alaykum
Nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zini o‘zi band qilishda alohida ajralib turadigan imtiyozga ega emas.
Ularda barcha qatori qat’iy belgilangan ijtimoiy soliqni to‘lab o‘z faoliyatini olib boradi.
Soliq kodeksining 369-moddasiga ko‘ra, qonunchilikda belgilanadigan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari, shu jumladan talabalarning O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tashkilotlari hududida pulli o‘quv kurslarini, sport to‘garaklarini tashkil etishdan va boshqa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlari jami daromad tarkibiga kiritilmasligi belgilangan.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga daromad solig‘i solinmaydi, faqat belgilangan ijtimoiy soliqni to‘lashsa bo‘ldi.
Assalomu aleykum men 2-gurux nogironiman 2ta qolim tirsakdan lekn 3yildan buyon moshina xaydayman prava olishga menga ruxsat bormi shuni bilsam boladimi
Assalomu alaykum
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mashina hayday olish qobiliyatiga TIEK tomonidan baho beriladi. Shuning uchun siz mashina hayday olish imkoniyatingiz bor yoki yo‘qligini bilish uchun TIEK ga murojaat qiling.
Assalomu alaykum. nogironligi borlarga yoshlar daftariga kirmagan bulsa
tulovda imtiyoz yuqmi
Qanday imtiyozni nazarda tutayapsiz? Savolingizni to‘liq bitta xabarda qoldiring, iltimos.
Assalomu alaykum. Bir ko’zi ko’rmaydigan shaxslar ham haydovchilik guvohnomasi olsa bo’ladimi?
Assalomu alaykum
Bu sizdagi nogironlik holatiga bog‘liq. Siz bunday savol bilan iltimos TIEK ga murojaat qiling.