
Nogironligi boʻlgan shaxslar transport vositalarini haydashi mumkinmi?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironligi bo‘lgan oq ko‘ylakli ayol, moshinasini nogironlar uchun ajratilgan to‘xtash joyiga joylashtirmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga transport vositalarini boshqarishi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish va haydovchilik guvohnomasini olishda bir qancha imkoniyatlar yaratilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning transport vositasini haydashi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi
Nogironligi bo‘lgan shaxs transport vositasini, ya’ni maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan va avtomat uzatkichli yengil transportlarni boshqarishi mumkin. Shaxslar boshqarishga yaroqli ekanligini aniqlash uchun ariza bilan o‘zining yashash joyidagi TIEK (Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi, keyingi o‘rinlarda TIEK) ga murojaat qiladi.
Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni TIEKda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish muddati 3 kalendar kun. Agar tekshirish murakkab bo‘lsa va qo‘shimcha tekshirishni talab etganda 14 kalendar kuniga uzaytirilishi mumkin. Muddatni TIEK raisi asoslangan holda uzaytira oladi.
Ahamiyat bering. Shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun pasport, ID-karta yoxud shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan TIEKga murojaat qiladilar.
Shaxslarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini aniqlashda dastlabki va davriy tekshirishdan o‘tkazish TIEK tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Bunda shaxsga tekshirishdan o‘tishda 083/h shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Tekshirishdan so‘ng ushbu shaxsning transport vositasini haydashi mumkin yoki mumkin emasligi ko‘rsatiladi. Bunda ushbu turdagi ma’lumotnoma faqatgina “V” toifa avtotransport vositalari haydovchilarigagina beriladi. Boshqa toifalar uchun qonunchilikda maxsus shakldagi ma’lumotnoma ko‘rsatib o‘tilmagan.
Transport vositalarini boshqarishi mumkin deb topilgan shaxslarga 083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi.
Agarda nogironligi bo‘lgan shaxs ushbu tekshirishdan ko‘zoynak yoki eshitish apparati bilan mashina haydashi mumkin deb topilsa, unda uning tibbiy ma’lumotnomasiga “ko‘zoynak( kontakt linza) bilan haydash majburiy” yoki “eshitish apparati bilan haydash majburiy” degan xulosa bilan ruxsat etiladi.
Tibbiy ko‘rsatmalar
Quyidagilar maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan (qo‘l bilan boshqariladigan) uzatkichli yengil transport vositasini boshqarishga tibbiy ko‘rsatma hisoblanadi:
- harakatning ifodalangan chegaralanishiga sabab boʻladigan oyoq kaft deformatsiyasi;
- oyoqning 7 sm va undan ortiqroq kaltaligi;
- bir yoki ikkala son suyagining amputatsion choʻltoqligi, choʻltoqlik qaysi qismdan boʻlishi va protezlash imkoniyatidan qatʼi nazar;
- bir yoki ikkala oyoq boldir sohasining amputatsion choʻltoqligi;
- bir tomonlama son yoki boldir qismi choʻltogʻi, ikkinchi oyoqning harakat yoki statik faoliyatining ifodalangan darajadagi buzilishi bilan (oyoq panjasining amputatsion choʻltoqligi, deformatsiyasi, qon tomir kasalliklari, yirik periferik nervlarning shikastlanishi va boshqalar);
- yurish, oʻtirish faoliyatining buzilishiga olib keluvchi umurtqa pogʻonasi, tos yoki ikkala oyoqlarning turgʻun deformatsiyasi yoki kasalliklari (oyoqlarning ankilozlovchi poliartriti, ogʻir darajadagi kifoskolioz va spondiliti, psevdoartroz, endarterit II va III darajasi, filoyoqlilik va boshqalar);
- oʻtirish holati saqlangan pastki oyoqlarning parezi yoki falajligi;
- chap oyoq qon tomir va nerv tolalarining shikastlanishi, ifodalangan trofik buzilishlari bilan.
Nogironligi boʻlgan shaxslardan transport vositalarini haydash uchun amaliy imtihonlarni olish tartibi
Nogironligi bo‘lgan shaxslardan amaliy imtihonlarni qabul qilishda transport vositasi ushbu shaxslar uchun zarur bo‘lgan uskunalar bilan jihozlanishi lozim.
Amaliy imtihonlarni o‘tkazishda foydalaniladigan maxsus transport vositalari yo‘l harakati qoidalari talablari asosida taniqli belgilar hamda qo‘shimcha uskunalar bilan jihozlanadi.
Avtomatlashtirilgan avtodrom tizimining tarkibiy elementi sifatida qo‘llanilishini ta’minlaydigan quyidagi uskunalar bilan jihozlanadi:
- axborotlarni qabul qilish-uzatish tizimlari;
- yorug‘lik va/yoki ovozli avariya to‘xtash ishorasi datchiklari;
- haydovchilikka nomzod tomonidan bajariladigan sinov mashqlarini qayd etish vositalari;
- har bir mashqning hamda imtihonning yakuniy natijasi bo‘yicha axborot beruvchi displey.
Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan nomzodning xohishiga ko‘ra imtihonlarni o‘tkazishda O‘zbek imo ishora tili tarjimoni ishtirok etishi mumkin. Kar va zaif-eshituvchi shaxslarni haydovchilikka tayyorlash ham umumiy o‘quv dasturlari asosida O‘zbek imo ishora tili tarjimoni yordamida amalga oshiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun avtotransport vositalarini moslashtirish xarajatlarini qoplash tartibi
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida davlat tomonidan ularning shaxsiy va jamoat transport vositalarini moslashtirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 377-son qarori bilan belgilangan.
Qoplab beriladigan miqdor:
- Xarajatlarning 50 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Avtotransport vositalarini quyidagilar bilan jihozlash nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish hisoblanadi:
Tadbirkorlarning avtobuslari uchun moslashtirish:
- yig’ma pandus;
- audio va vizual axborot beruvchi monitor (1 ta);
- axborot beruvchi kolonka (ko’pi bilan 3 ta);
- ma’lumotlarni uzatuvchi mikrofon (1 ta);
- aloqa tugmasi;
- bekatlar haqidagi ma’lumotlar taxtasi (1 ta).
I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalari uchun:
- gaz va tormoz pedallarini qo‘l boshqaruviga o‘tkazish;
- mexanik uzatish qutisini avtomat uzatish qutisiga almashtirish.
Murojaat tartibi
Arizalar “Inson” markazlariga yoki YAIDXP (my.gov.uz) portali orqali qabul qilinadi.
Transport vositasi moslashtirilgan kundan boshlab 90 kun ichida murojaat qilish lozim.
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31-may 2018-yildagi “Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 408-sonli qarori https://lex.uz/docs/-3765833
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 27-iyun 2013-yildagi “Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi 2472-sonli qarori https://lex.uz/uz/docs/-2194596
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 18-iyundagi 2025-yildagi «Avtotransport vositalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarini qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida» gi 377-sonli qarori https://lex.uz/uz/docs/-7580715
Bu maqolada sen transport vositalarini haydashing uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida bilib olasan.
Transport vositalari – bu sen haydashing mumkin bo‘lgan har xil mashinalar, motoaravacha va mototsikllar.
Sen transport vositasini haydashing uchunshifokor tekshiruvidan o‘tishing kerak bo‘ladi.
Sen haydovchilik guvohnomasini olishing uchun turli imkoniyatlarga egasan.
Haydovchilik guvohnomasi – bu senga mashina haydash uchun beriladigan ruxsatnoma.
Sen:
- maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan
- avtomat uzatkichli yengil mashina haydashing mumkin.
Senga mashina haydash mumkin yoki mumkin emasligini bilish uchun yashash joyingdagi shifokorga murojaat qilishing kerak.
Seni shifokor 3 ish kuni davomida tekshirishi mumkin.
Agar senga qo‘shimcha tekshiruv kerak bo‘lsa, shifokor seni 14 ish kuni davomida tekshirishi ham mumkin.
Seni tekshiruvdan o‘tkazish kunlarini shifokor uzaytirishi mumkin.
Sen tekshiruvdan o‘tish uchun:
- Pasporting
- Yoki ID-kartang bilan shifokorga murojaat qilishing kerak.
Senga mashina haydash mumkin yoki mumkin emasligini tekshiruvchi shifokorga pul to‘lamaysan.
Senga mashina haydash mumkin bo‘lsa 083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi.
083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma faqatgina “V” toifadagi avtotransport haydovchilariga beriladi.
“V” toifadagi mashinalar – bu yengil yuk tashishga mo‘ljallangan damas, labo kabi mashinalar.
Boshqa toifadagi mashinalar uchun qonunchilikda maxsus shakldagi ma’lumotnoma ko‘rsatilmagan.
Agar tekshiruvda shifokor seni ko‘zoynak yoki eshitish moslamasi bilan mashinani haydash kerakligini aniqlasa, ma’lumotnomangga:
- ko‘zoynak bilan haydash majburiy
- yoki eshitish moslamasi bilan haydash majburiy degan xulosa yozadi.
Qo‘l bilan boshqariladigan yengil mashinalarni boshqarishda sen uchun tibbiy ko‘rsatmalar:
- harakat chegaralanishiga sabab boʻladigan oyoq kaft qiyshiqligi
- oyoqning 7 sm va undan ortiqroq kaltaligi
- bir yoki ikkala son suyagining amputatsion choʻltoqligi
- bir yoki ikkala oyoq boldir sohasining amputatsion choʻltoqligi
- bir tomonlama son yoki boldir qismi choʻltogʻi
- yurish, oʻtirishning buzilishiga olib keluvchi umurtqa pogʻonasi, tos yoki ikkala oyoqlarning qiyshiqligi yoki kasalliklari
- oʻtirish holati saqlangan pastki oyoqlarningfalajligi
- chap oyoq qon tomir va nerv tolalarining shikastlanishi, ifodalangan trofik buzilishlari bilan.
Amputatsion choʻltoqlik – bu operatsiyadan keyin tananing qolgan qismi.
Mashina haydash bo‘yicha amaliy imtihon vaqtida mashinada sen uchun kerakli sharoit bo‘lishi shart.
Imtihon o‘tkazishda ishlatiladigan mashina yo‘l harakati qoidalari talabiga ko‘ra:
- taniqli belgilar
- qo‘shimcha uskunalar bilan jihozlanadi.
Imtihon o‘tkaziladigan joyda:
- axborotlarni qabul qilish-uzatish tizimlari
- yorug‘lik, ovozli avariya to‘xtash ishorasi datchiklari
- sen bajaradigan sinov mashqlarini qayd etadigan maxsus qurilmalar
- har bir mashqning va imtihonning yakuniy natijasi bo‘yicha axborot beradigan qurilma bo‘lishi shart.
Agar senda eshitish bo‘yicha nogironlik bo‘lsa, imtihonlarni o‘tkazishda imo ishora tili tarjimoni ishtirok etishi mumkin.
Agar senda eshitish bo‘yicha nogironlik bo‘lsa, haydovchilikka o‘qish vaqtida ham senga imo ishora tili tarjimoni yordam beradi.
автомактабда олдин укиганман , имтихонни каерга топширамиз ?( 1-гурух ногирониман) автомактабни ногиронликтан олдин битирганман
Assalomu alaykum
Siz bunday holatda birinchi navbatda 083 shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma olish uchun yashash joyingizdagi Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga (TIEK) murojaat qiling. Agar TIEK sizni mashina haydashi mumkin deb hisoblab sizga tibbiy ma’lumotnoma bersa, ularning bergan ma’lumotnomasi asosida Imtihon markazlarida imtihon topshirishingiz mumkin.
Assalomu aleykum. Meni chap qo‘lim 3dan 1 qismi kesilgan. Fitekka borsam ruxsat berolmaymiz deyapti shu to‘g‘rimi yoki o‘qisam bo‘ladimi pravaga. Avtomat karobkaga bo‘lsaham
Assalomu alaykum
Afsuski, bunday holatda TIEK ning ruxsati talab qilinadi. Agar TIEK rad javobini bergan bo‘lsa, qaytadan ariza topshirib ko‘ringizni tavsiya qilamiz.
Assalomu aleykum. Men 2 guruh nogironiman. Chap qol bilak qismidan pasti yoq. TIEKka borsam haydovchilik guvohnomasiga oqishga ruhsatnoma bermayapti. Nima qilsam boladi
Assalomu alaykum
Afsuski, bunday holatda TIEK ning ruxsati talab qilinadi. Agar TIEK rad javobini bergan bo‘lsa, qaytadan ariza topshirib ko‘ringizni tavsiya qilamiz.
Assalomaleykum,bir kozi ojizlar prava olaoladimi?
Assalomu alaykum
Har bir kishining nogironlik holati har xil. Shuning uchun siz haydovchilik guvohnomasini olishingiz mumkin yoki mumkin emasligini aniqlash maqsadida TIEK ga murojaat qiling. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni TIEKda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish muddati 3 kalendar kun. Agar tekshirish murakkab bo‘lsa va qo‘shimcha tekshirishni talab etganda 14 kalendar kuniga uzaytirilishi mumkin. Muddatni TIEK raisi asoslangan holda uzaytira oladi.
Ahamiyat bering. Shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun pasport, ID-karta yoxud shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan TIEKga murojaat qiladilar.
Shaxslarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini aniqlashda dastlabki va davriy tekshirishdan o‘tkazish TIEK tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Bunda shaxsga tekshirishdan o‘tishda 083/h shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Tekshirishdan so‘ng ushbu shaxsning transport vositasini haydashi mumkin yoki mumkin emasligi ko‘rsatiladi. Bunda ushbu turdagi ma’lumotnoma faqatgina “V” toifa avtotransport vositalari haydovchilarigagina beriladi. Boshqa toifalar uchun qonunchilikda maxsus shakldagi ma’lumotnoma ko‘rsatib o‘tilmagan.
Transport vositalarini boshqarishi mumkin deb topilgan shaxslarga 083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma beriladi.
Chap qo‘limni 3dan 1 qismi yo‘q. Haydovchilik guvohnomasi olish uchun TIEKga borsam xulosa bermayapti. Ijobiy hulosa olsam bo‘ladimi
Savolingiz uchun rahmat. Bunga albatta tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasining ijobiy xulosasi kerak bo‘ladi, agar bunday xulosa berilmasa unda ijobiy xulosa olish uchun viloyat TIEKga yoki Ijtimoiy milliy agentligining o‘ziga murojaat qilishingiz mumkin.
Mana shu juda bahsli ekan qoidada chap qo‘l yoki kaftning yo‘qligi deyilgan lekin bu bilakdan pasti yo‘q menimcha shuning uchun ruxsat yo‘q menicha. Qaysi Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan sizga bunday xulosa berilgan? Oldin aniqlash kerak nima uchun sizga shunday salbiy xulosa berilgan TIEK tomonidan. Iltimos bizga ko’proq ma’lumot taqdim qiling huquqplus.uz@gmail.com elektron manzilimizga yozib.
Men ko’rish bo’yicha 2_guruh nogironiman men haydovchilik guvohnomasini olish mumkinmi? Javob uchun raxmat
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun TIEK dan «083/h» tibbiy ma’lumotnomasini olish lozim. Agar sizda ko‘rish bo‘yicha 2 guruh nogironligi bo‘lsa sizning ko‘rish qobiliyatingiz tekshiriladi. Agar zaif ko‘ruvchi bo‘lsangiz va ko‘rish qobiliyatingiz avtotransport boshqarishga TIEK tomonidan ruxsat berilsa, ma’lumotnomada «ko‘zoynak bilan haydash majburiy» deb yozilishi lozim. Siz faqatgina ko‘zoynak taqsangizgina, siz haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishingiz mumkin bo‘ladi. Tavsiyamiz – Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasiga (TIEKga) murojaat qiling!
Assalomu alaykum. ko‘rish qobiliyatingiz qay darajada ekanligini aniq bilmaganligimiz uchun bu masalada sizga aniq bir javob berish qiyin. shuning uchun sizga oilaviy poliklinikangizga murojaat qilib ko‘rish qobiliyatingizni tekshirtirib olishingizni tavsiya qilamiz. agarki ular 083 forma berishsa, haydovchilik bo‘yicha ta’lim olishingiz mumkin bo‘ladi.
Assalomu aleykum man 2 guruh nogironiman avtomaktabga o’qishga topshirmoqchiman lekin Manga 083 forma oliw uchun TIEK dan malumotnoma olib kel deyishdi TIEK esa yozib bermaymn sanga mumkin emas dedi wunga maslahat bersangiz
Vaalaykum assalom, haydovchilik guvohnomasini olish uchun TIEK dan «083/h» tibbiy ma’lumotnomasini olishingiz kerak bo’ladi. Biz TIEK faoliyatiga aralasholmaymiz. Tavsiyamiz — Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasiga (TIEKga) qayta murojaat qiling yozma ariza bilan vaziyatingizni tushuntirib!
Bitta qo’l tirsak soxasidan pasti yo’q bo’lsa haydovchilik guvohnomasini olish mumkinmi?
Assalomu alaykum, Mirjalol!
Quyidagilar maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan (qo‘l bilan boshqariladigan) uzatkichli yengil transport vositasini boshqarishga tibbiy ko‘rsatma hisoblanadi:
– harakatning ifodalangan chegaralanishiga sabab boʻladigan oyoq kaft deformatsiyasi;
– oyoqning 7 sm va undan ortiqroq kaltaligi;
– bir yoki ikkala son suyagining amputatsion choʻltoqligi, choʻltoqlik qaysi qismdan boʻlishi va protezlash imkoniyatidan qatʼi nazar;
– bir yoki ikkala oyoq boldir sohasining amputatsion choʻltoqligi;
– bir tomonlama son yoki boldir qismi choʻltogʻi, ikkinchi oyoqning harakat yoki statik faoliyatining ifodalangan darajadagi buzilishi bilan (oyoq panjasining amputatsion choʻltoqligi, deformatsiyasi, qon tomir kasalliklari, yirik periferik nervlarning shikastlanishi va boshqalar);
– yurish, oʻtirish faoliyatining buzilishiga olib keluvchi umurtqa pogʻonasi, tos yoki ikkala oyoqlarning turgʻun deformatsiyasi yoki kasalliklari (oyoqlarning ankilozlovchi poliartriti, ogʻir darajadagi kifoskolioz va spondiliti, psevdoartroz, endarterit II va III darajasi, filoyoqlilik va boshqalar);
– oʻtirish holati saqlangan pastki oyoqlarning parezi yoki falajligi;
– chap oyoq qon tomir va nerv tolalarining shikastlanishi, ifodalangan trofik buzilishlari bilan.
Sizning vaziyatingizda, Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasiga (TIEK) murojaat qilgan holda transport vositalarini boshqarishi mumkin yoki mumkin emasligini 083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnomani olish jarayoni orqali aniqlasangiz bo’ladi.
Assalomu alaykum men 1 guruh nogironiman Nexia 3 avtomat qoʻlga moslangan mashinam bor imtihondan shunda oʻtsam boʻladimi
Vaalaykum assalom, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) organlarida nazariy va amaliy imtihonlarni qabul qilishadi. Amaliy imtihonni o‘zingizning moslashtirilgan avtomobilingizda topshirish imkoniyati haqida siz oldindan DYHXX organlariga murojaat qilib, avtomobilingizni imtihon uchun foydalanishga ruxsat olish lozim. Shuningdek, siz nazariy va amaliy imtihon topshirayotgan markazdan oldindan ma’lumot olishingizni tavsiya qilamiz.
Man ham 2-chi guruh nogironligim bor B toifa haydovchilik guvohnomasi olmoqchi man Samarqand viloyatida Haydovchilik maktabiga boraymi imtihon topshirish uchun javob uchun raxmat.
2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar O‘zbekistonda «B» toifali haydovchilik guvohnomasini olishlari mumkin. Buning uchun quyidagi bosqichlarni bajarishingiz lozim:
Tibbiy ko‘rikdan o‘tish: Avtomototransport vositasini boshqarishga yaroqliligingizni tasdiqlovchi 083/h shakldagi tibbiy ma’lumotnomani olish zarur. Ushbu maqolamizda bu haqida batafsil yozilgan. Imtihon topshirish: O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgandan so‘ng, Samarqand viloyatida yangi ochilgan imtihon markazida nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishingiz mumkin. Shu bosqichlarni bajarib, siz «B» toifali haydovchilik guvohnomasini olishingiz mumkin. Omad tilaymiz!