
Nogironlar jamoat birlashmalariga qarashli korxonalar uchun qanday imtiyozlar bor?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari ham o‘z biznesini ochishi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi mumkin. Bu orqali ular ko‘plab nogironligi bor insonlarni ishli qiladi. Davlat bunday savobli va muhim ishni qo‘llab-quvvatlaydi. Agar korxona ma’lum talablarga javob bersa, u davlat xaridlarida qatnashishi, o‘z mahsulot va xizmatlarini davlat idoralariga taklif qilishi hamda soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkin. Ushbu maqolada shu masalalar batafsil yoritib beriladi.
Korxonalar «Yagona reyestri» nima o‘zi?
Nogironlar jamoat birlashmalari (NJB) tomonidan tashkil etilgan korxonalar davlat imtiyozlaridan foydalanishi uchun birinchi navbatda «Yagona reyestr»ga kiritilgan bo‘lishi kerak. Ushbu reyestr O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PQ-390-son qarori asosida joriy qilingan.
«Yagona reyestr» bu – imtiyozga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan korxonalarning davlat tomonidan yuritiladigan ro‘yxati. Korxonaga 1-2 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga olishning o‘ziyoq bu ro‘yxatga kirish uchun yetarli emas. Buning uchun qonunda belgilangan aniq talablar bajarilishi shart.
2025-yil 1-iyundan boshlab reyestrga kirish uchun quyidagi 4 ta shartning barchasi bir vaqtda bajarilishi shart:
- Xodimlar ulushi: Korxonadagi jami ishchilarning kamida 25 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘lishi kerak.
- Soni: Ishlayotgan nogironligi bo‘lgan xodimlar soni eng kamida 4 kishi bo‘lishi shart.
- Ish staji: Shu 4 nafar ishchi korxonada kamida 6 oydan beri ishlayotgan bo‘lishi kerak.
- Maosh: Nogironligi bo‘lgan ishchilarga to‘lanadigan oylik maoshlar – korxonaning umumiy oylik fondining kamida 25 foizini tashkil qilishi lozim.
Misol orqali tushuntiramiz:
Reyestrga kiradigan korxona: Korxonada jami 20 kishi ishlaydi. Shundan 5 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar (25% lik va 4 kishilik talab bajarildi). Ular 6 oydan beri ishlamoqda. Jami ishchilarga oyiga 100 mln so‘m maosh beriladi. Shundan 30 mln so‘mi nogironligi bor ishchilarga tegishli (oylikning 30 foizi – demak, bu talab ham bajarildi). Bu korxona reyestrga kiritiladi.
Reyestrga kirmaydigan korxona: Korxonada jami 20 kishi ishlaydi, lekin shundan faqat 3 nafari nogironligi bo‘lgan shaxs. Soni 4 kishiga yetmagani sababli, qolgan hamma shartlar bajarilsa ham, bu korxona reyestrga kiritilmaydi.
Reyestrga kirish uchun arizani qanday bersa bo’ladi?
Agar korxonangiz yuqoridagi barcha shartlarga javob bersa, ortiqcha qog‘ozbozliksiz ariza topshirishingiz mumkin. Buning ikkita yo‘li bor:
- Onlayn: Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali.
- Oflayn: O‘zingizga qulay bo‘lgan istalgan Davlat xizmatlari markaziga (DXM) borgan holda.
Eslatma! Ariza yuborishdan oldin buxgalteringiz bilan xodimlar soni, ularning staji va oylik fondini yana bir marta hisob-kitob qilib chiqing. Chunki tizim aynan shu raqamlarni tekshiradi.

Reyestrga kiritilish korxonaga nima beradi?
Reyestrga kirgan korxonalar o‘z mahsulot va xizmatlarini davlat tashkilotlariga sotishda katta ustunliklarga ega bo‘ladi.
Davlat xaridlarida 10 foizlik ulush
Davlat tashkilotlari o‘z xarid rejasidagi narsalarning kamida 10 foizini aynan shunday korxonalardan sotib olishi kerak. Misol uchun, bitta tumandagi maktablar 100 million so‘mlik mebel olmoqchi bo‘lsa, shuning kamida 10 million so‘mlik qismini Reyestrga kirgan korxonalarga buyurtma berishi nazarda tutiladi.
Eslatma! 10 foizlik qoida davlat tashkiloti korxonaning istalgan mahsulotini majburiy ravishda sotib olishi kerak degani emas. Xarid qilinadigan mahsulot yoki xizmat davlat tashkilotining haqiqiy ehtiyojiga mos bo‘lishi va davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi kerak.
Vositachilarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar
Elektron kooperatsiya portalida bunday korxonalarning mahsulotlari alohida ko‘rinib turadi. Davlat idoralari ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hech qanday vositachilik yig‘imlarisiz (komissiyasiz) elektron shartnoma tuzishi mumkin.
Elektron kooperatsiya portali (yoki cooperation.uz) – bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida sanoat sohasidagi hamkorlik (kooperatsiya) aloqalarini mustahkamlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish hamda kichik biznes subyektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida yaratilgan maxsus savdo maydonchasidir
Masalan, Reyestrga kiritilgan korxona maxsus kiyim-kechak ishlab chiqaradi. Davlat tashkilotiga aynan shunday mahsulot kerak bo‘lsa, korxona o‘z mahsulotlarini elektron tizim orqali taklif qilishi va qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda shartnoma tuzishi mumkin.
Ko‘rgazma va yarmarkalarda tekin joy
NJBlar tomonidan tashkil etilgan kichik korxonalar uchun o‘z mahsulotini kattaroq xaridorlarga ko‘rsatish qiyin. Shuning uchun davlat ularga ko‘rgazma-yarmarkalarda o‘z mahsulotlarini namoyish qilishi uchun pavilyonlarni bepul ajratadi.
Masalan, NJBga qarashli korxona tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Korxona o‘z mahsulotlarini ko‘rgazmaga olib kelib, davlat tashkilotlari yoki boshqa xaridorlarga ko‘rsatishi mumkin. Natijada yangi buyurtmalar va yangi hamkorliklar paydo bo‘lishi mumkin.
Ko‘rgazma va yarmarkalar vaqtida davlat idoralari bu korxonalar bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga kafolatli shartnomalar tuzishi mumkin (PQ-390-son qarori, 3-bandi). Bu tadbirkorga xotirjam ishlash, kelgusi 3 yil uchun qancha xodim va xomashyo kerakligini oldindan aniq reja qilish imkonini beradi.
Reyestrga kirgan korxonlar uchun soliq imtiyozlari ham bormi?
Ko‘pchilik tadbirkorlar «Agar reyestrga kirsam, avtomatik ravishda soliqlardan ham bir qancha imtiyoz olaman» deb o‘ylaydi. Lekin amalda unday emas. Yagona reyestrga kirish va soliq imtiyozlari — bu ikki xil narsa. Ya’ni korxona Reyestrga kiritilmagan bo‘lsa ham, agar Soliq kodeksida tegishli imtiyoz uchun belgilangan shartlarga javob bersa, soliq imtiyozdan foydalanishi mumkin.
Ayrim asosiy soliq imtiyozlari uchun korxonaning yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmasi bo‘lishi bilan birga, xodimlar tarkibi bo‘yicha ham alohida talab mavjud. Bu talab Reyestrdagi 25 foizlik talabdan yuqoriroq – 50 foiz.
Muhim! Ayrim soliq imtiyozlaridan foydalanish uchun korxonada ishlayotgan xodimlarning kamida yarmi nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan xodimlarga to‘lanadigan ish haqi fondi ham umumiy ish haqi fondining kamida 50 foizini tashkil qilishi kerak.
Shuning uchun korxona Reyestrga kirish uchun yetarli bo‘lgan 25 foizlik mezonga javob bergani bilan, avtomatik ravishda 50 foizlik mezonni talab qiladigan soliq imtiyoziga ega bo‘lib qolmaydi. Agar korxonangiz shu 50 foizlik talabni bajara olsa, quyidagi soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi:
- Foyda solig‘i bo‘yicha imtiyoz: soliq kodeksi 337-moddasidagi jadvalning 9 qismiga ko’ra, ushbu toifadagi korxonalar uchun foyda solig‘i bo‘yicha imtiyoz nazarda tutilgan. Belgilangan shartlarga javob beradigan soliq to‘lovchi uchun foyda solig‘i bo‘yicha 0 foiz stavka qo‘llanadi.
Masalan, korxonada 20 nafar xodim bo‘lsa, ularning kamida 10 nafari nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lishi kerak. Lekin faqat 10 nafar xodimning mavjudligi yetarli emas. Ushbu xodimlarga to‘lanadigan ish haqi ham umumiy ish haqi fondining kamida 50 foizini tashkil qilishi lozim. Shunday qilib, qonun ikkita ko‘rsatkichni – xodimlar sonini va ish haqi fondini birgalikda hisobga oladi.
- Mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyoz: Soliq kodeksining 414-moddasining 3 qism 1 bandi ham ushbu toifadagi korxonalar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyoz belgilangan.
- Yer solig‘i bo‘yicha imtiyoz: Soliq kodeksining 429-moddasida 8 qismiga ko’ra, tegishli talablarga javob beradigan yuridik shaxslar uchun yer solig‘i bo‘yicha alohida yengillik nazarda tutilgan. Agar korxona belgilangan shartlarga javob bersa, yer solig‘ini hisoblashda qonunda nazarda tutilgan 0,1 koeffitsiyent qo‘llanadi.
- Aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyoz: Soliq kodeksining 467-moddasida ham tegishli korxonalar uchun aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyoz mavjud. Belgilangan shartlar bajarilganda aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha 0 foiz stavka qo‘llanadi.
QQS bo‘yicha imtiyozga ham ega bo‘lish mumkinmi?
Avvalgi yillarda ushbu toifadagi korxonalar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha ayrim imtiyozlar bor edi. Keyinchalik soliq qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritilib ayrim QQS imtiyozlari 2025-yil 1-yanvardan bekor qilingan.
Shuning uchun internetda yoki eski hujjatlarda uchraydigan “nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari tomonidan tashkil etilgan korxonalar QQS to‘lamaydi” degan ma’lumotni bugungi tartib sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas.
QQS bo‘yicha masalani hal qilishda korxonaning faoliyat turi va aynan amaldagi davr uchun Soliq kodeksida belgilangan qoidalar tekshirilishi kerak.
Yana qanday imtiyozlar bor?
Bundan tashqari, Prezidentining 2018-yil 11-iyundagi PQ-3782-son qarorining1-ilovasi 1-bandiga asosan, ayrim tadbirkorlik subyektlariga imtiyozlar beriladi. Bu imtiyozlar faqat yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblangan korxonalarga emas, balki belgilangan talablarga javob beradigan boshqa tadbirkorlik subyektlariga ham tegishli.
Ushbu qarorning 1-ilovasi 1, 2 va 3 bandlariga ko‘ra,
- protez-ortopediya buyumlarini ishlab chiqarish va tegishli xizmatlardan tushgan daromadi umumiy tushumining kamida 30 foizini tashkil etadigan korxonalar imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
- Brayl alifbosidagi kitoblar va imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus materiallar tayyorlashdan tushgan daromadi kamida 20 foizni tashkil etadigan korxonalar ham ushbu imtiyozlarga ega.
- Xodimlarining kamida 30 foizini qarorda ko‘rsatilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlari ham imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Masalan: korxona nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun protez-ortopediya buyumlarini ishlab chiqaradi va ushbu faoliyatdan tushgan daromad uning umumiy tushumining 35 foizini tashkil etadi. Bunday korxona qarorda belgilangan boshqa shartlarga ham javob bersa, imtiyozlardan foydalanishi mumkin. Buning uchun korxonaning yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lishi shart emas.
Foydalanilgan manbaalar:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslar jamiyatlariga tegishli tashkilotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligiga koʻmaklashishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi PQ-390-son qarori, https://lex.uz/ru/docs/-6233345
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PF-85-son Farmoni, https://www.lex.uz/uz/docs/-7518465,
- O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 337, 414, 429, va 467-moddalari, https://lex.uz/docs/-4674902
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-iyundagi «Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini taʼminlashni ragʻbatlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-3782-son qarori, https://lex.uz/uz/docs/-3778017#-3779299
Muallif: Aziza Narbayeva
Muharrir: Dilmurod Yusupov