Asosiy mazmunga oʻtish
Ortga

Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ta’lim olish jarayonida belgilangan imtiyozlar

  • Matnli format
  • Video format
  • Oson matn

Bu maqolada sen nogironligi bor talabalarning o‘qish paytidagi imtiyozlari haqida bilib olasan.

Talaba – bu universitetda o‘qiydigan inson.

Nogironligi bor talabalarga:

  • stipendiya to‘lash
  • yotoqxona bilan ta’minlash
  • va boshqa qulayliklar yaratilgan

Nogironligi bor talabalarning stipendiyalariga 50 foiz  stipendiya qo‘shib beriladi.

Barcha uchun stipendiya 517 880 (besh yuz o‘n yetti ming sakkiz yuz sakson) so‘m bo‘lsa, nogironligi bor talabaning stipendiyasi 776 820  (yetti yuz yetmish olti ming sakkiz yuz yigirma) so‘m bo‘ladi.

Sening stipendiyangga 50 foiz pul qo‘shilishi uchun:

  • nogironlik hujjatingni va universitet hisobchisi nomiga ariza berishing kerak.

50 foizli qo‘shimcha stipendiya faqat birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor talabalarga beriladi.

Vazirlar Mahkamasining nizomiga ko‘ra:

  • shartnomada o‘qiydigan birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor talabalarga stipendiyalar davlat hisobidan beriladi.

Birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor talabaning o‘zlashtirishi 3 bahodan past bo‘lmasa 50 foizli qo‘shimcha stipendiya beriladi.

Nogironligi bor talaba:

  • fanlardan o‘zlashtirishi 3 bahodan past bo‘lsa
  • yakuniy nazorat ishlaridan o‘ta olmasa
  • ikkinchi semestrga qolib ketsa stipendiya ham, qo‘shimcha stipendiya ham berilmaydi.

Davlat grantida o‘qiydigan talabaning fanlarni o‘zlashtirishi 3 bahodan past bo‘lsa, keyingi semestrdan stipendiya berilmaydi.

Ikkinchi mutaxassislikda o‘qiyotgan nogironligi bor talaba ham qo‘shimcha  stipendiya olishi mumkin.

Masalan:

  • Sen Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini bitirgansan.
  • Ishga kira olmaganing uchun ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kirding.
  • Bu holatda  senga shartnomada o‘qisang ham qo‘shimcha stipendiya beriladi.

Har bir universitetda talabalarga   rag‘batlantirish pullari berish bo‘yicha “talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” tashkil etilgan.

“Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi”   pullaridan foydalanish va talabalarni qo‘llab-quvvatlash tartibini universitet kengashi tasdiqlaydi.

Talaba davlat granti yoki shartnomada o‘qisa ham jamg‘arma hisobidan rag‘batlantirish beriladi.

To‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan va fanlardan yakuniy imtihonlardan “5” baho olgan talabalarning stipendiyasiga 20 foizli qo‘shimcha stipendiya beriladi.

Masalan:

  • Sen Jahon tillar universitetida ikkinchi mutaxassislik shartnomada o‘qiysan.
  • Sen semestrni hamma fanlarini 5 bahoga tugatding.
  • Sening stipendiyangga 20 foiz qo‘shimcha pul  qo‘shib beriladi.

Jamg‘arma 50 foizlik qo‘shimcha stipendiya ham berishi mumkin.

50 foizlik stipendiyani olish uchun sen:

  • jamiyat uchun foyda keltiradigan qurilmalar,
  • ilovalarni ishlab chiqqan bo‘lishing
  • Ya’ni, “Kitobplus” ilovasi
  • yoki “O‘zbekcha nutq sintezatori” kabi loyihalar qilgan bo‘lishing kerak.

Jamg‘arma hisobidan beriladigan qo‘shimcha stipendiya  faqat bir marta beriladi.

Jamg‘arma hisobidan beriladigan qo‘shimcha stipendiya senga beriladigan 776 (yetti yuz yetmish olti) ming stipendiyadan tashqari beriladigan pul hisoblanadi.

Qo‘shimcha stipendiya olish uchun sen “Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” rahbariga ariza bilan murojaat qilishing kerak.

Nogironligi bor talabalarni yashash joyi bilan  ta’minlanishda ham imtiyoz bor.

Seni yotoqxonaga joylashish va yotoqxona  to‘lovlarida imtiyozlaring bor.

Hozirda barcha uchun yotoqxona talabalar to‘lovi – 250 000 (ikki yuz ellik ming) so‘m.

Birinchi guruh nogironligi bor talabalar yotoqxona uchun to‘lov to‘lamaydilar.

Ikkinchi guruh nogironligi bor  talabalar yotoqxona uchun  50 foiz to‘lov to‘lashadi.

To‘lovning 50 foizi hozirda 125 (bir yuz yigirma besh ming) so‘m.

“Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ta’lim olish jarayonida belgilangan imtiyozlar” ga 78 ta javob

  1. Qizim 2 guruh nogironi chirchiq pedagogika universitetida oʻqishga kirdi yotoqxonaga oldindan toʻlov qilinar ekan men 4 oylikni toʻladim 300ingdan lekin keyin bilsam 50% toʻlov qilish kk ekan qaytarib olsa yoki keyingi oylarga toʻlasam boʻladimi

    • Assalomu alaykum, sizga Chirchiq Pedagogika Universiteti buxgalteriya bo‘limiga murojaat qilishni tavsiya qilamiz. 50% ortiqcha to‘lagan mablag‘larini qaytarib berishga kafolat berolmaymiz, chunki siz to‘lovni amalga oshirib bo‘lgan ekansiz.

      Keyingi safar 50% chegirma bilan to‘lovni qilishingiz mumkin bo‘ladi – ya’ni 3 oydan so‘ng. Lekin baribir universitet buxgalteriyasidan bu masalani aniqlashtirishingiz kerak bo‘ladi.

  2. Assalom alaykum men 2-grux nogironiman ko’z bo’yicha. Yolgiz ayolman. Oilada 3 kishimiz. 1.Og’lim 1-grux nogironi. 2. Qizim 2-gurux nogironi. Kambag’alik restirida turamiz. Og’lim 1-grux nogiron jismoniy harakati cheklangan. kuchayib boruvchi mushaklar distrofiyasi deyagnizi bilan. Shu o’g’lim kontrakt asosida o’qishga qabul qilindi masofaviy.
    Hokimiyat tomonidan 50 %homiylardan tomonidan yordam oldim insitut nogironligini hisobga olmadi kontraktni qolgan qismini qaerdan yordam olsam bo’ladi?

    • Assalomu alaykum, hurmatli fuqaro!

      Kontrakt bo‘yicha imtiyoz faqat:

      1) O‘zbekistondagi har qanday OTMlarda o‘qiyotgan «Ayollar daftari»ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlar yoki ularning o‘qiyotgan ikki va undan ortiq farzandlarining biriga;

      2) kollej, texnikum va (davlat, nodavlat, O‘zbekiston xorijiy) OTMlarida bakalavrning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida o‘qiyotgan «Yoshlar daftari»ga kiritilganlarga hamda «Temir daftar»ga kiritilganlarning farzandlariga.

      3) Yoshlar daftariga kiritilganlar uchun kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda moddiy yordam ko‘rsatiladi.

      4) «Ayollar daftari»ga kiritilganlar uchun esa BHMning 15 baravaridan oshmagan miqdorgacha mablag‘ ajratiladi.

      Ma’lumot uchun, super kontraktda yoki ikkinchi mutaxassislikda o‘qiyotganlarga ushbu imtiyoz qo‘llanilmaydi. Yanada batafsil ma’lumot olishingiz uchun Oliy ta’lim vazirligi qisqa raqamiga aloqaga chiqishingiz mumkin: 1006

      Murojaatingiz uchun rahmat!

  3. salom hozir men 2 mutaxaslikda o`qiman senga spendiya berilmaydi deyabdi nima qilsam boladi

    • Sizga stipendiya berilishi lozim. Dastlab, tyutoringiz va dekanatingizga murojaat qiling. Ular bu masalada yordam berishlari lozim.

      Agarda sizga ular yordam bera olishmasa, bizning @huquqplus_bot Telegram botimiz yoki +998 (90) 358-50-60 telefon raqamimizga telefon qiling. Biz yuridik jihatdan yordam beramiz.

  4. Assalomu alaykum men 2021-yil o’qishga kirgan edim 2022-yil sog’ligim tufayli akademiski tatil chiqgan edim 2023 – yil sirtqi ta’limga pervod qildim. Hozir kunda 5-kurs talabasiman fan kiridedim bor ekan lekin menda 2-guruh nogironlik haqida ma’lumot bor. Fan keridedi to’lashim shartmi yo to’lash mumkin emasmi

    • Vaalaykum assalom! Savolingizni yaxshi tushunmadik – biroz xatolar bilan yozgan ekansiz. Menimcha fan kredit modulidan yiqilgan bo‘lsangiz agar, shuni qayta topshirishga to‘lashingiz shartmi yoki yo‘q deb so‘ramoqchisiz? Siz qaysi oliy ta’lim muassasasida ekanligingiz haqida ma’lumot bermabsiz. Masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti kengashi qaroriga binoan, 2024/2025-o‘quv yili bahorgi semestri natijalariga ko‘ra akademik qarzdor bo‘lgan quyidagi toifaga kiruvchi talabalarga fanlardan bir marotaba to‘lovdan ozod qilish asosida intensiv kurslar o‘qishga imtiyoz berildi:

      🟢 «Ijtimoiy himoya yagona reyestri», «Temir daftar» va «Ayollar daftari» ga kiritilgan oilalar farzandlari;

      🟢 Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va chin yetim talabalarga;

      🟢 I – II -guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga.

      Eslatma: Ushbu imtiyoz faqat 2024/2025-o‘quv yilida o‘tilgan fanlardan qarzdor bo‘lgan talabalarga tegishli, ya’ni 2-kursda qolgan fanlarga.

      1- kursda o‘tilgan fanlardan qarzdor bo‘lgan yuqorida keltirilgan toifaga kiruvchi talabalar haq to‘lab o‘qishlari lozim.

      ❗️Ushbu imtiyozga kiruvchi talabalar kontrakt.edu.uz orqali intensiv kurslar uchun ariza bermang, shartnoma olmaslik kerak

      Ma’lumot uchun: 🔴»Yoshlar daftari»ga kiritilgan talabalar to‘lovdan ozod etilmaydi.

      Bu masalada aynan siz tahsil olayotgan universitet ma’muriyatiga murojaat qilib batafsil ma’lumot olishni tavsiya qilamiz. Sizga ham 2-guruh nogironligi bor shaxs sifatida imtiyoz bor deb o‘ylaymiz.

  5. Farzandim 2guruh nogironligidan 3guruh nogironligiga tayinlandi hozir kursdan kursga qolgan uqishi tiklanganda grandga riklanadimi yoki kontraktga

    • Assalomu alaykum, agar farzandingiz kursdan kursga qolgan bo‘lsa, avtomatik tarzda kontraktga tushadi. Ushbu tartib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 13.09.2025 yildagi 578-son qarorida (https://lex.uz/uz/docs/-7726569) ko‘zda tutilgan. I va II guruh nogironligi shaxslar oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga 2% kvota granti asosida o‘qishga kirgandan so‘ng 4 yil mobaynida davlat granti saqlanib turadi. Ammo, nogironligi bor talaba kursdan kursga qolib ketsa, davlat granti tugatiladi avtomatik tarzda va kontrakt asosida o‘qishga tushib ketadi. Keyinchalik, agar farzandingiz o‘qishga tiklansalar, baribir kontrakt asosida o‘qishlariga to‘g‘ri keladi.

      Shuningdek, agar farzandingiz 3-guruh nogironligiga tushirilgan bo‘lsalar, unda 2% kvota ularga amal qilmaydi afsuski.

      Batafsilroq ma’lumot olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishonch telefoni 1006 raqamiga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.

  6. Assalomu alaykum 2 guruh nogironligi bo’lgan shaxslar kunduzgidan masofaviyga ko’chirganda kantrakt to’laydimi

    • Assalom alaykum, hurmatli fuqaro! Masofaviy shaklda grant ajratilmaydi. Faqat shartnoma (kontrakt) asosida barcha talabalar o‘qiydi. Har yili Davlat qabul komissiyasi faqat bakalavriat kunduzgi ta’lim shakliga — grant o‘rinlari ajratiladi. E’tiboringiz uchun rahmat!

  7. Assalomu alaykum men 1 guruh ko’z boyicha nogironligim bor nen bir fandan yiqildim menga yozgi tatilda qayta pul tolab oqishni aytishdi menga qancha vaqt stipendiya tushmaydi 6 oymi yoki 1 oy

    • Assalom alaykum, hurmatli fuqaro! Sizning holatingiz bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida alohida imtiyozli tartib belgilangan.

      O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarori: (https://lex.uz/docs/-4725554)
      12-band: 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga, hatto ular to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olsa ham, stipendiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

      13-band: Avvalgi o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar (ya’ni baholaringiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar), 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan o‘zlashtirayotgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori (oshirilgan) miqdorda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

      6-band «b» kichik bandi: O‘quv semestri yakuniga ko‘ra fanlarning 30 foizidan ortig‘ini «qoniqarli» (71 balldan kam) bahoga yopgan talabalarga stipendiya tayinlanmasligi haqidagi qoida 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
      Sizning vaziyatingizga qo‘llanilishi: Siz 1-guruh nogironi bo‘lganingiz sababli, bir fandan akademik qarzdorligingiz (yiqilganingiz) stipendiya olish huquqingizni yo‘qotishga asos bo‘lmaydi. Qonunchilikka ko‘ra, sizga stipendiya to‘lash to‘xtatilishi kerak emas.

      Sizga stipendiya tushmaydigan muddat (6 oy yoki 1 oy) haqidagi talab umumiy tartibdagi talabalarga tegishli bo‘lib, siz kabi imtiyozga ega shaxslar uchun o‘zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’i nazar stipendiya to‘lanishi davom etishi shart. Shuningdek, sizga bazaviy stipendiyadan 50 foiz yuqori miqdorda haq to‘lanishi lozim.

      Muhim eslatma: Agar siz akademik qarzdorlikni bartaraf etish uchun yozgi ta’tilda qayta o‘qishga jalb etilsangiz ham, o‘quv rejasi asosidagi ta’tillar davrida stipendiya olish huquqingiz saqlanib qoladi (Nizomning 26-bandi).

      Huquqiy asos: https://lex.uz/docs/-4725554

  8. Assalomu alaykum
    Nogironlgi bor talaba kreditga qolsa stipendiyadan mahrum bo’ladimi?

    • Assalomu alaykum! Hurmatli fuqaro, nogironligi bo‘lgan talaba fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga nisbatan belgilangan standartlarni bajara olmasa, o‘tilgan fanlar doirasida tashkil etilgan yakuniy nazorat ishlaridan muvaffaqiyatli o‘ta olmasdan ikkinchi semestrga qolib ketsa, nafaqat ustamali stipendiya balki, stipendiya olish huquqidan ham mahrum bo‘ladi. Talabalarga stipendiya to‘lash tartibi borasidagi qonunchilikka ko‘ra, davlat granti asosida ta’lim olayotgan talaba fanlarni o‘zlashtirish darajasi belgilangan standartlarga javob bermasa, keyingi semestrdan o‘sha talaba stipendiya olish huquqidan foydalana olmaydi. Bu bevosita nogironligi bo‘lgan talabalarga ham taalluqli hisoblanadi. Talabalarning fanlarni o‘zlashtirish standarti deganda, “2” bahodan yuqori ball olish ko‘rsatkichi nazarda tutiladi. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan talaba o‘tilgan fanlarni o‘zlashtirish darajasi 3 baho ko‘rsatkichida bo‘lsa ham qo‘shimcha ustamali stipendiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

      Batafsil ushbu havola orqali ko‘rib chiqishingiz mumkin: https://huquqplus.uz/materials/talim/1877

  9. 2-guruh nogronligi bilan masofaviy oʻqishga kirdim va keyingi yil 3 ga tushishim mumkin shunday holatda davlat garndi saqlanib qoladimi

    • Assalom aleykum hurmatli fuqaro, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10.03.2025 yildagi 149-sonli qarorda belgilangan tartibga ko’ra, quyidagi talabalarga davlat granti 4 yil uchun beriladi va ular grant taqsimotida ishtirok etmaydi:

      Imtiyoz asosida talabalikka tavsiya etilganlar. Bular:

      a) yetim yoki chin yetim bo’lgan, mehribonlik uylarida tarbiyalangan talabalar;

      b) nogironligi bo’lgan talabalar;

      d) harbiy xizmatchilar hamda ularning farzandlari bo’lgan talabalar;

      e) hududiy kvota egalari (masalan, Qoraqalpog’iston Respublikasidan bo’lgan talabalar).

      Shuningdek, Prezident va vazirliklar tomonidan ajratilgan maxsus grant hamda Xalqaro fan olimpiadalari, nufuzli tanlovlarda g’olib bo’lganda beriladigan grantga sazovor bo’lgan talabalarning davlat granti o’qish yakuniga qadar amal qiladi.

      Xulosa qilib aytganda, siz 4 yil mobaynida qrantga o’qiysiz. ✅

      Asos: https://www.lex.uz/uz/docs/-7429154

Fikr qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu maqola sizga foydali bo‘ldimi? Biz, HuquqPlus.uz jamoasi, har kuni murakkab huquqiy ma’lumotlarni barcha uchun sodda va tushunarli qilish ustida ishlaymiz. Faoliyatimizni o‘zingiz istagan miqdordagi mablag‘ bilan qo‘llab-quvvatlang — bu bizga yangi maqolalar tayyorlash va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda davom etishimizga yordam beradi.

Xayriya miqdori
to‘lov usuli