
Nogironligi bo‘lgan shaxslar milliy sertifikat imtihonlarini topshirishda qanday imtiyozlarga ega?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Hozirgi kunda milliy sertifikatga ega bo‘lish ko‘plab yoshlar, xususan, nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqolada I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imtiyozlar va ko‘zi ojiz shaxslar uchun maxsus formatda o‘tkaziladigan milliy sertifikat imtihonlari haqida foydali ma’lumotlarni bilib olasiz.
Milliy sertifikat o‘zi nima va u nimaga kerak?
Milliy sertifikat — bu O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (BMBA) tomonidan o‘tkaziladigan testdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga beriladigan, muayyan fan yoki chet tilini qay darajada bilishni tasdiqlovchi hujjatdir. Bu sertifikat kelajakda oliygohlarga kirish, o‘qishni davom ettirish, ishga joylashish va o‘qituvchilarga tegishli ustamalar olishda muhim ahamiyatga ega.
Malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorga uch yil muddatga QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisining bilim darajasini tasdiqlovchi davlat namunasidagi hujjat beriladi.
Milliy sertifikatni olish uchun test sinovlarida qatnashish kerak. Siz uydan chiqmagan holda, my.gov.uz (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin. my.gov.uz ga kirib «Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat olish uchun ariza yuborish» xizmatidan foydalaning.

Malaka imtihonida ishtirok etishi uchun talabgordan roʻyxatdan oʻtishda, ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1,5 baravari miqdorida (660 000 soʻm) toʻlov undiriladi. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga va Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga bu toʻlovni qilishda 50% chegirma beriladi (330 000 soʻm). Agar ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilaning aʼzosi boʻlsangiz, unda 75% miqdorida chegirma beriladi (165 000 soʻm).
Eslatma! Agar oilangiz reyestrdagi «davlat ta’minotidagi» (75% lik chegirma) yoki «kambag‘al oila» (50% lik chegirma) ro‘yxatidan chiqarilib, holatingiz biroz yaxshiroq bo’lgan «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga o‘tkazilsa ham, sizga oldingi chegirmangiz qanday bo’lsa, xuddi shunday 12 oy davomida saqlanib qoladi.
Imtihonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladi. Ro‘yxatdan o‘tayotganda o‘zingiz yashayotgan yoki o‘zingizga eng qulay bo‘lgan hududni tanlashingiz mumkin. Imtihon kuni va joyi aniq ko‘rsatilgan ruxsatnomani my.gov.uz saytining «Mening arizalarim» bo‘limidan yuklab olishingiz kerak bo‘ladi.
Chet tili milliy sertifikatini olish uchun imkoniyatlar
Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha malaka imtihoni nogironligi boʻlgan (I va II guruh nogironligi boʻlgan, shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalar) talabgorlar uchun barcha boʻlimlar qamrab olingan holda bir bosqichda kompyuterda oʻtkaziladi.
Bunda:
- koʻzi ojiz talabgorlar uchun malaka imtihoni — “tinglab tushunish” va “gapirish” boʻlimlaridan;
- eshitish va gapirishda nuqsoni boʻlgan talabgorlar uchun malaka imtihoni — “oʻqish” va “yozish” boʻlimlaridan;
- yozish imkoniyati cheklangan talabgorlar uchun malaka imtihoni — “tinglab tushunish”, “oʻqish” va “gapirish” boʻlimlaridan iborat boʻladi.
Eslatma! Koʻzi ojiz, eshitish va gapirishda nuqsoni boʻlgan hamda yozish imkoniyati cheklangan talabgorlar uchun malaka imtihoni kompyuterda maxsus dasturda oʻtkaziladi hamda talabgorlarga vakolatli organ tomonidan yordamchi (assistent) biriktiriladi.
Koʻzi ojiz, eshitish va gapirishda nuqsoni boʻlgan hamda yozish imkoniyati cheklangan talabgorlar uchun maxsus test formatlari asosida oʻtkazilgan malaka imtihoni har bir daraja (A2, B1, B2, C1) va koʻp darajali (Multi-level) formatda oʻtkazilgan malaka imtihoni bilan bir xil kuchga ega boʻladi.
Imkoniyati cheklangan talabgorlar uchun maxsus imtihon formatlari, imtihon uchun ajratiladigan vaqt va baholash mezonlari vakolatli organ tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Koʻzi ojiz shaxslar uchun imtihonlar topshirishda qanday sharoitlar yaratilishi kerak?
Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son farmoniga ko‘ra «ko‘zi ojiz shaxslarga xorijiy tillarni o‘rganishda qulay va maqbul muhitni yaratish» vazifasi qo‘yilgan edi. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida BMBA imtihon topshirishning maxsus formatini ishlab chiqdi va aprobatsiyadan o‘tkazdi. 2025-yildan boshlab ko‘zi ojiz shaxslar uchun chet tillari bo‘yicha sertifikat imtihonlari alohida formatda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Ko‘zi ojiz shaxslar uchun imtihonlar oddiy testlardan farq qiladi va to‘liq moslashtirilgan:
- Kompyuterda va bir bosqichda: Imtihonlar qog‘ozda emas, balki kompyuterda, maxsus ishlab chiqilgan dastur orqali faqat bir bosqichda o‘tkaziladi.
- Tinglash va gapirish: Eng muhim qulaylik shundaki, imtihon faqat tinglab tushunish va gapirish ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan (o‘qish va yozish qismlari kiritilmagan).
- Yordamchilar (assistentlar): Imtihon jarayonida talabgorlarga kompyuterdan foydalanish va dasturda ishlashda yordam berish uchun maxsus yordamchilar (assistentlar) biriktiriladi.
Ushbu qulaylashtirilgan chet tili imtihonlari faqat quyidagi toifadagi fuqarolar uchun mo‘ljallangan:
- I va II guruh ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- Ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan nogironligi bor bolalar.
Eslatma! Boshqa toifadagi talabgorlar bu turdagi maxsus imtihon uchun ro‘yxatdan o‘ta olmaydi.
Boshqa fanlar bo‘yicha imtihon topshirishda qanday imkoniyatlar bor?
Afsuski, hozirgi kunga qadar milliy sertifikat imtihonlarini topshirishda faqat chet tili fani bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulayliklar yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasidagi ko‘zi ojiz talaba va pedagoglar (O‘zRESKOP) tashabbuskor guruhi ma’lumotlariga ko‘ra tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlari jarayonida ham test savollarini o‘qib beruvchi yordamchi assistent ajratilishiga erishildi. Bunga sabab, bir guruh ko‘zi ojiz o‘qituvchilar BMBAga nisbatan sud ishida o‘z huquqlarini tiklashga erishdilar.
Endilikda, siz tarix fanidan milliy sertifikat imtihonini topshirish uchun ham oqilona qulaylik yaratilishini talab qilishingiz mumkin. Buning uchun my.gov.uz dagi onlayn arizangizdan tashqari, https://murojaat.gov.uz/ (Murojaatlar bilan ishlash yagona onlayn platformasi) orqali BMBAga yozma ariza kiritishingiz mumkin (Ariza namunasi 1-ilovada).

Eslatma! Bu imkoniyat hozircha faqat tarix fani uchun berilgan. Mas’ullar buni boshqa fan o‘qituvchilari murojaat qilmagani bilan tushuntirishgan. Shu sababli, boshqa fanalardan milliy sertifikat olishda o‘zingiz harakat qilishingiz kerak alohida ariza kiritib.
Imtihon kuniga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak?
Test sinovlari yilning birinchi yarmida (asosan yanvar, mart va may oylarida) o‘tkazilishi belgilangan (masalan, navbatdagi imtihonlardan biri 2026-yil 6-fevral kuni bo’lib o’tdi).
Talabgorlardan test sinovi boshlanishidan kamida 30 daqiqa oldin imtihon binosiga yetib borish so‘raladi.
O‘zingiz bilan albatta shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta) va imtihonga kirish ruxsatnomasini olishni unutmang!
Uzrli sabablarga koʻra imtihonda ishtirok etolmasangiz, unda nima bo’ladi?
Agar kasallik yoki boshqa tasdiqlangan uzrli sabab tufayli imtihonga bora olmasangiz, 3 kun ichida my.gov.uz orqali ariza berishingiz zarur. Arizada pulingizni qaytarishni yoki keyingi imtihonga bepul kirishni so‘rashingiz mumkin. Uzrli sabab ko‘rsatilgan arizalar 7 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar siz pulingizni qaytarib olishni tanlasangiz, to‘langan summa to‘liq qaytariladi.
Sizning nogironlik toifangiz tanlangan imtihon turiga to‘g‘ri kelmay qolishi ham uzrli sabab deb qabul qilinadi. Bunday vaziyatda sizga qo‘shimcha to‘lovsiz navbatdagi imtihonda qatnashish imkoniyati yaratib beriladi.
Imtihonga kechikib borganlar imtihonga qo‘yilmaydi. Uzrsiz sababga ko‘ra kelmagan yoki imtihonga taqiqlangan buyumlar (telefon, shpargalka, kitob, lug‘at) olib kirishga uringan shaxslarga to‘langan pul qaytarib berilmaydi.
Natijalar qachon e’lon qilinadi?
Maxsus imtihon natijalari odatda qisqa muddatda (masalan, fevral oyidagi imtihon javoblari 1 hafta ichida) tegishli qarorlarga muvofiq rasmiy e’lon qilinadi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi kontaktlari:
Qisqa raqam: 1195, (71) 235-74-85
Elektron pochta: info@uzbmb.uz
Vebsayt: www.uzbmb.uz
Manzil: 100084, Toshkent sh., Bog‘ishamol 12.
Kelgusida qanday yangiliklar kutilmoqda?
2026-yil 4-avgust qabul qilingan Prezidentning PQ-292-sonli qaroriga ko‘ra 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab oliygohlarga kirish testlarida, o‘qituvchilarning attestatsiya sinovlarida va umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat olish imtihonlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus sharoitlar yaratiladi. Bunday vazifa Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga 2026-yil oktyabr oyiga qadar bajarilishi yuklatilgan.
Ushbu imtihonlarda ishtirok etuvchi nogironligi bo‘lgan abituriyentlar va o‘qituvchilarga belgilangan umumiy vaqtga qo‘shimcha ravishda yana 50 foiz (yarim barobar) ko‘proq vaqt beriladi. Masalan, imtihon 2 soat bo’lsa, sizga yana 1 soat qo’shib beriladi.
Imtihon jarayonida to‘siqlarsiz qatnashish imkoniyatini yaratish maqsadida, test savollari va materiallari Brayl alifbosida, audio (ovozli) hamda kompyuterda foydalanish uchun elektron shakllarda taqdim etiladi.
Ilovalar:
Foydalanilgan manbalar:
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi 16.02.2022 yildagi 73-son qarori, https://lex.uz/ru/docs/-5863626 (Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning ma’muriy reglamenti 4-bandi)
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi 21.02.2024 yildagi PF-37-son Farmoni, https://lex.uz/docs/-6811936 (23-maqsad: Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizimni yaratish hamda ular uchun qulay va maqbul muhitni yaratish, 54-bandi)
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Milliy sertifikat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 29.07.2026 yildagi 411-son qarori, https://lex.uz/ru/docs/-8362485
- Oʻzbekiston Respublikasidagi koʻzi ojiz talaba va pedagoglar (OʻzRESKOP) tashabbuskor guruhining Telegramdagi rasmiy kanali, 2026-yil 12-avgust, https://t.me/uzreskopK/1915
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 04.08.2026 yildagi PQ-292-son qarori, https://www.lex.uz/docs/-8375051
- Bilim va malakalarni baholash agentligining Telegramdagi rasmiy kanali, https://t.me/BaholashUz