
Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ta’lim olish jarayonida belgilangan imtiyozlar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun qanday imtiyozlar mavjud?
Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan talabalar uchun stipendiya to‘lash, nogironligi bo‘lgan talabalarni talabalar turar-joylari bilan ta’minlash, ularga to‘siqsiz bir muhit yaratish bo‘yicha bir qator imtiyozlar taqdim etilgan. Shunday imtiyozlardan biri bu nogironligi bo‘lgan talabalar uchun 50 foizlik ustamali stipendiyaning joriy qilinganligidir.
Ma’lumot: bugungi kunda umumiy stipendiya miqdori 569 668 so‘mni tashkil etadi. Oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan talabaga esa, 569 668 so‘mga 50 foizlik ustama qo‘shib to‘lanadi. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan talaba har oy o‘rtacha 854 502 so‘m miqdorida stipendiya oladi.
Nogironligi bo‘lgan talaba stipendiyasiga 50 % lik ustama olish uchun kimga murojaat qilishi lozim?
Nogironligi bo‘lgan talaba 50 foizlik ustama qo‘shib to‘lanadigan stipendiya olishi uchun nogironlik to‘g‘risidagi hujjatni o‘zi ta’lim olayotgan oliy ta’lim muassasasi buxgalteriga taqdim etishi shart. Bunda oliy ta’lim muassasasi buxgalteri nomiga ariza bilan murojaat qilish talab etilmaydi. Nogironlik haqidagi hujjatni taqdim etish kifoya.
Nogironligi bo‘lgan talabalarga beriladigan 50 % lik ustamali stipendiya qaysi guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga beriladi?
Ustamali stipendiya olish imtiyozi soha doirasidagi qonunchilik amaliyoti bo‘yicha faqat I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalargagina tatbiq etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda I va II guruh nogironligi bo‘lgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi talabalarga stipendiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Avvalgi o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz oshirilgan miqdorlarda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.
Semestr yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatgichiga qaramasdan nogironligi bo‘lgan talabaga stipendiya to‘lash nima?
Nogironligi bo‘lgan talaba fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga nisbatan belgilangan standartlarni bajara olmasa, o‘tilgan fanlar doirasida tashkil etilgan yakuniy nazorat ishlaridan muvaffaqiyatli o‘ta olmasdan ikkinchi semestrga qolib ketsa, nafaqat ustamali stipendiya balki, stipendiya olish huquqidan ham mahrum bo‘ladi.
Talabalarga stipendiya to‘lash tartibi borasidagi qonunchilikka ko‘ra, davlat granti asosida ta’lim olayotgan talaba fanlarni o‘zlashtirish darajasi belgilangan standartlarga javob bermasa, keyingi semestrdan o‘sha talaba stipendiya olish huquqidan foydalana olmaydi. Bu bevosita nogironligi bo‘lgan talabalarga ham taalluqli hisoblanadi. Talabalarning fanlarni o‘zlashtirish standarti deganda, “2” bahodan yuqori ball olish ko‘rsatkichi nazarda tutiladi. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan talaba o‘tilgan fanlarni o‘zlashtirish darajasi 3 baho ko‘rsatkichida bo‘lsa ham qo‘shimcha ustamali stipendiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ikkinchi mutaxassislikka o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ham ustamali stipendiya beriladimi?
Ushbu imtiyoz ikkinchi mutaxassislikda o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ham taalluqlidir. Misol uchun nogironligi bo‘lgan shaxs Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini bitirgan. Ishga kira olmaganligi uchun ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kirdi. Mana shu holatda ham nogironligi bo‘lgan talabaga ustamali stipendiya beriladi. Biroq, nogironligi bo‘lgan talaba ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olayotganligi uchun to‘lov kontrakti asosida o‘qiydi.
Nogironligi bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish bilan bog‘liq yana qanday imtiyozlar mavjud?
Nogironligi bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirishda ham bir qator imtiyozlar qonunchilikda belgilangan. Ya’ni, har bir oliy ta’lim muassasasida talabalarni moddiy rag‘batlantirib borish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi qoshida “talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” tashkil etilgan. Mazkur jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish, jamg‘arma mablag‘lari hisobiga talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasasining kengashi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi. Jamg‘arma mablag‘laridan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga to‘lov qaysi shaklda (stipendiyali yoki stipendiyasiz) amalga oshirilishidan qat’i nazar, belgilangan mezonlar asosida rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi. Oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan (stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda ekanligidan qat’i nazar), o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari “a’lo” baho (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) bo‘lgan talabalar stipendiyaning bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan 20 foiz miqdorida Jamg‘arma hisobidan rag‘batlantiriladi.
Masalan, nogironligi bo‘lgan talaba Jahon tillar universitetida ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi. Nogironligi bo‘lgan talaba semestrni hamma fanlar bo‘yicha a’lo baholar bilan tugatdi. Mana shu holatda, nogironligi bo‘lgan talaba umumiy stipendiya miqdoriga nisbatan moddiy yordam sifatida 20 foiz qo‘shimcha pul olishi mumkin.
Ma’lumot: Bugungi kunda stipendiya miqdori 569 668 so‘m deb oladigan bo‘lsak, fanlarni o‘zlashtirish darajasi yuqorida keltirilgan talablarga to‘g‘ri keladigan talabaga moddiy yordam sifatida umumiy stipendiya summasiga nisbatan 20 foizli moddiy yordam puli ajratiladi. Nogironligi bo‘lgan talaba umumiy stipendiya miqdorining 20 foiziga teng keladigan moddiy yordam pulini olishi uchun o‘tilgan fanlar imtihonlaridan a’lo darajali o‘tib, semestrni ijobiy yakunlagan bo‘lishi shart.
Oliy ta’lim muassasalari qoshida tashkil etilgan “talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” tomonidan stipendiyaning asosiy miqdoriga nisbatan 50 foizlik qo‘shimcha moddiy yordam belgilanishi mumkin. 50 foizlik moddiy yordamga ega bo‘lishi uchun nogironligi bo‘lgan talaba alohida bir qobiliyatini ta’lim jarayonlarida namoyon qilishi talab etiladi.
Masalan: innovatsion g‘oyalarga asoslangan loyihalarni ishlab chiqqan bo‘lishi yoki jamiyat uchun foyda keltiradigan qurilmalar, ilovalarni ommaga taqdim etgan bo‘lishi kerak. Ya’ni, “Kitobplus” ilovasi yoki “O‘zbekcha nutq sintezatori” kabi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan bo‘lishi kerak.
Jamg‘arma hisobidan beriladigan moddiy yordam bir marotabalik xususiyatga ega bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar stipendiyasiga qo‘shiladigan ustamadan tashqari belgilanadigan summa hisoblanadi. Bu turdagi moddiy yordamni olish uchun talaba “talabalarni rag‘batlantirish jamg‘arma”si rahbari nomiga ariza bilan murojaat qilishi talab etiladi. (Ariza namunasi 1-ilovada).
Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun yotoqxonalariga joylashishda imtiyozlar mavjudmi?
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi
quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:
- “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar
Nogironligi bo‘lgan talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash tartibi qanday?
Nogironligi bo‘lgan talabalar talabalar turar-joylari bilan ta’minlanishdagi imtiyozli shaxslar sanalishadi. Talabalar turarjoylari bilan ta’minlashda ularning holatlari birinchi navbatda inobatga olinadi. Nogironligi bo‘lgan talabalarning talabalar turarjoylariga joylashishlari va undan foydalanishdagi to‘lovlarda ham o‘ziga xos imtiyozlar qonunchilikda nazarda tutilgan. Bu masala Oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyida yashashning umumiy qoidalari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament asosida amalga oshiriladi.
Bugungi kunda talabalar turarjoyida yashash umumiy to‘lovi – 250 ming so‘mni tashkil etadi. I guruh nogironligi bo‘lgan talabalar talabalar turarjoylarida davlat hisobidan bepul turishadi. II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar talabalar turargohida yashash uchun belgilangan umumiy to‘lovning 50 foiz miqdorida to‘lovni amalga oshirishadi. Bu bugungi kunda 125 ming so‘mni tashkil etadi.
Ilova:
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom;
- Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”
Bu maqolada sen nogironligi bor talabalarning o‘qish paytidagi imtiyozlari haqida bilib olasan.
Talaba – bu universitetda o‘qiydigan inson.
Nogironligi bor talabalarga:
- stipendiya to‘lash
- yotoqxona bilan ta’minlash
- va boshqa qulayliklar yaratilgan
Nogironligi bor talabalarning stipendiyalariga 50 foiz stipendiya qo‘shib beriladi.
Barcha uchun stipendiya 517 880 (besh yuz o‘n yetti ming sakkiz yuz sakson) so‘m bo‘lsa, nogironligi bor talabaning stipendiyasi 776 820 (yetti yuz yetmish olti ming sakkiz yuz yigirma) so‘m bo‘ladi.
Sening stipendiyangga 50 foiz pul qo‘shilishi uchun:
- nogironlik hujjatingni va universitet hisobchisi nomiga ariza berishing kerak.
50 foizli qo‘shimcha stipendiya faqat birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor talabalarga beriladi.
Vazirlar Mahkamasining nizomiga ko‘ra:
- shartnomada o‘qiydigan birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor talabalarga stipendiyalar davlat hisobidan beriladi.
Birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor talabaning o‘zlashtirishi 3 bahodan past bo‘lmasa 50 foizli qo‘shimcha stipendiya beriladi.
Nogironligi bor talaba:
- fanlardan o‘zlashtirishi 3 bahodan past bo‘lsa
- yakuniy nazorat ishlaridan o‘ta olmasa
- ikkinchi semestrga qolib ketsa stipendiya ham, qo‘shimcha stipendiya ham berilmaydi.
Davlat grantida o‘qiydigan talabaning fanlarni o‘zlashtirishi 3 bahodan past bo‘lsa, keyingi semestrdan stipendiya berilmaydi.
Ikkinchi mutaxassislikda o‘qiyotgan nogironligi bor talaba ham qo‘shimcha stipendiya olishi mumkin.
Masalan:
- Sen Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini bitirgansan.
- Ishga kira olmaganing uchun ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kirding.
- Bu holatda senga shartnomada o‘qisang ham qo‘shimcha stipendiya beriladi.
Har bir universitetda talabalarga rag‘batlantirish pullari berish bo‘yicha “talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” tashkil etilgan.
“Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” pullaridan foydalanish va talabalarni qo‘llab-quvvatlash tartibini universitet kengashi tasdiqlaydi.
Talaba davlat granti yoki shartnomada o‘qisa ham jamg‘arma hisobidan rag‘batlantirish beriladi.
To‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan va fanlardan yakuniy imtihonlardan “5” baho olgan talabalarning stipendiyasiga 20 foizli qo‘shimcha stipendiya beriladi.
Masalan:
- Sen Jahon tillar universitetida ikkinchi mutaxassislik shartnomada o‘qiysan.
- Sen semestrni hamma fanlarini 5 bahoga tugatding.
- Sening stipendiyangga 20 foiz qo‘shimcha pul qo‘shib beriladi.
Jamg‘arma 50 foizlik qo‘shimcha stipendiya ham berishi mumkin.
50 foizlik stipendiyani olish uchun sen:
- jamiyat uchun foyda keltiradigan qurilmalar,
- ilovalarni ishlab chiqqan bo‘lishing
- Ya’ni, “Kitobplus” ilovasi
- yoki “O‘zbekcha nutq sintezatori” kabi loyihalar qilgan bo‘lishing kerak.
Jamg‘arma hisobidan beriladigan qo‘shimcha stipendiya faqat bir marta beriladi.
Jamg‘arma hisobidan beriladigan qo‘shimcha stipendiya senga beriladigan 776 (yetti yuz yetmish olti) ming stipendiyadan tashqari beriladigan pul hisoblanadi.
Qo‘shimcha stipendiya olish uchun sen “Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” rahbariga ariza bilan murojaat qilishing kerak.
Nogironligi bor talabalarni yashash joyi bilan ta’minlanishda ham imtiyoz bor.
Seni yotoqxonaga joylashish va yotoqxona to‘lovlarida imtiyozlaring bor.
Hozirda barcha uchun yotoqxona talabalar to‘lovi – 250 000 (ikki yuz ellik ming) so‘m.
Birinchi guruh nogironligi bor talabalar yotoqxona uchun to‘lov to‘lamaydilar.
Ikkinchi guruh nogironligi bor talabalar yotoqxona uchun 50 foiz to‘lov to‘lashadi.
To‘lovning 50 foizi hozirda 125 (bir yuz yigirma besh ming) so‘m.
Assalomu aleykum menda 2guruh nogironlik imtiyozim bor edi lek yaqinda muddati tugadi qayta tekshiruvdan o’tib hujjatni yangiladik lekn uzbmb saytda hali ham eski hujjatdagi imtiyozim chiqayapti intiyozni tekshirib korishadimi 2%li kvotada ishtirok etolimanmi
Menda nogironlik bor 1oy avval muddati tugadi yana qayta tekshiruvdan o’tib hujjatni yangiladik lekn saytda hali ham eski imtiyozim chiqayapti shuni tekshirib ko’rishadimi 2%li kvota ishtirok etolimanmi
Tekshirib ko‘rishadi. Ishtirok eta olasiz.
Turmush o’rtog’im 2023-yil Buxoro davlat muhandislik-texnologiyalari instituti talabasi bo’ldilar. 2-guruh nogironi. Sirtqi talimda o’qiydilar. Dekanning aytishicha sirtqi talimda o’qiydigan talabalar talabalar turar joyiga joylashtirilmas ekan. Bu gapi qanchalik asosli?
Sirtqi ta’limda o‘qiyotgan talabalar yotoqxonaga joylashtirilmaydi.
Nogironligi bor shaxs sirtqi taʼlim shaklida oʻqisa stipendiya beriladimi
Sirtqi ta’limda o‘qiyotgan talabalarga stipendiya to‘lanmaydi.
Мен 2 гуруҳ ногирониман. Ногирон фарзандим хам бор. 2 мутахассисликка сиртқи таълимга ўқишга кирдим. Менга қандай имтиёзлар бор.
Assalomu alaykum
Ikkinchi mutaxassislik doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun birorta imtiyoz mavjud emas, to‘lov-kontrakti masalasida ham imtiyozlar nazarda tutilmagan. Yaratilib berilayotgan barcha imtiyozlar birinchi oliy ta’lim doirasida qo‘llaniladi.
2-guruh nogironiman oliy taʼlim muassasasiga 2024-yil qabul qilindim toʻlov-kontraktini toʻlashga imkonim yoʻq.
Siz «Yoshlar daftari»ga kirgan holda, «Yoshlar daftari» hisobidan kontraktingizning 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplatishingiz mumkin. Daftarga kirish uchun mahallangizdagi Yoshlar yetakchisiga murojaat qiling.
Shuningdek, siz imtiyozli ta’lim krediti olishingiz mumkin. Bunday kredit olish uchun Ta’lim krediti ajratadigan banklaridan biriga murojaat qiling.
Assalomu alaykum nogiron talaba o’qishini kunduzgidan sirtqiga ko’chirsa kantrakt to’laydimi
Assalomu alaykum. Nogironligi bo‘lgan talaba ta’lim shaklini jumladan kunduzgi o‘qishni, kechki ta’limga o‘tkazsa, qonunchilik bo‘yicha, imtiyozi saqlanib qoladi.
Assalomu aleykom bu yildan grandda o’qiyotgan talabalar keyingi yil kontrakt bo’lishi yoki kontraktda o’qiyotganlar grand bo’ladi deyildi.
Savol: grandda o’qiyotgan nogironligi bor shaxslar ham keyingi yil kontrakt bo’lib qoladimi?
Oldindan rahmat
Assalomu alaykum
Nogironligi bo‘lgan talabalar agar o‘zlariga berilgan imtiyoz doirasida grant asosida o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, ular 4 yil davomida oliy ta’lim muassasasida davlat granti asosida o‘qiydi.
Assalomu aleykom. Bu yildan grandlar faqat 1 yillik bo’ldi. Yani keyingi yili grandda o’qiyotgan talaba kontrakt bo’lib qolishi mumkin. Savol: nogironligi bor shahslar ham keyingi yili kontrakt bo’lib qolishi mumkinmi?. Bir tanishim nogironligi borlar to’liq 4 yil grandda o’qiydi degandi.
Assalomu alaykum
Nogironligi bo‘lgan talabalar agar o‘zlariga berilgan imtiyoz doirasida grant asosida o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, ular 4 yil davomida oliy ta’lim muassasasida davlat granti asosida o‘qiydi.
Assalomu alaykum
Men koʻrish boʻyicha 2 guruh nogironiman hozirgi kunda universitetda oʻqiyman men doskani koʻrolmaganim sababli darslarni oʻzlashtira olmayapman va yakuniylardan oʻta olmayapman imtiyozlar bor oqibatda kreditga qolyapman shunga qanday
Assalomu alaykum! Do‘stim, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida o‘tiladigan darsliklar bo‘yicha, audio darsliklar shakllantirilgan. Bundan tashqari, ma’ruzalarni telefoningizni diktafoniga ham yozib olish mumkin. lekin, qonunchilikda, bu masala bo‘yicha, alohida imtiyozlar nazarda tutilmagan. Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun yaratilgan imtiyozlar bo‘yicha HuquqPlus.uz veb-portalimizda huquqiy maqola nashr ettirilgan. Ushbu maqolani o‘qib chiqib, bu boradagi savollaringizga batafsil javob topishingiz mumkin. Maqolani quyidagi havolaga kirish orqali o‘qishni tavsiya qilamiz: https://huquqplus.uz/materials/talim/1877