
Nogironlik pensiyasini qanday qilib qayta hisoblatish mumkin?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
llyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Bir kishi qo‘lida tangalarni ushlab turibdi va orqada kalkyulator va qog‘oz hujjat tasvirlangan.
Avval chop etilgan «Nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiya olishga boʻlgan huquqi» mavzusidagi huquqiy materialimizda nogironlik pensiyasi nima ekanligi va u qanday hollarda berilishi haqida batafsil ma’lumot taqdim qilgan edik. Bu materialimizda nogironlik pensiyasini ish stajiga qarab qanday qilib qayta hisoblatish mumkinligi haqida batafsil tushuntiramiz.
Nogironlik pensiyasi nima va u nechanchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladi? Pensiyalar va ularni tayinlash tartibi qanday? Nogironlik pensiyasini olish uchun hujjatlarni taqdim etish tartibi qanday? Hozirgi kunda nogironlik pensiyasining miqdori qancha? Ushbu savollaringizga HuquqPlus.uz loyihasi yuristi Oydin Nurullayeva tayyorlagan huquqiy materialda toʻliq javoblarni topasiz.
2023-yil 1-yanvardan boshlab nogironlik pensiyasini har ikki yilda bir marta qayta hisoblash hamda ish stajiga va ish haqiga qarab indeksatsiya qilish to‘g‘risida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar qabul qilingan edi. 2023 yildan boshlab 75 ming nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyasiga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shilishi kutilgan edi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblatgan holda olsa bo‘ladimi?
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 49-moddasi birinchi qismiga muvofiq, agar nogironlik pensiyasini oluvchi shaxs:
- nogironlik guruhi o‘zgarganda yoki
- I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi.
Masalan: Siz 2022-yil mart oyidan boshlab ish stajingizga mutanosib ravishda nogironlik pensiyasini olib kelmoqdasiz va hozir 2024-yil mart oyi. 2022-yilning mart oyidan 2024–yilning mart oyiga qadar bo‘lgan ish stajingiz 2 yilni tashkil qilmoqda. Demak, sizning hozirgi kundagi ish stajingiz pensiya tayinlash vaqtidagi (2022-yil) ish stajingizdan ko‘proq hisoblanadi va siz ariza bilan murojaat qilsangiz orttirilgan ish stajini qo‘shib hisoblagan holda pensiyangiz qayta hisoblanadi va o‘z o‘zidan pensiya miqdori oshadi.
2023-yil 24-fevral Olmazor tumani Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi katta inspektori — Xadjibayeva Gulnoza Saxidjanovna bilan Sharoit+ podkast qilingan edi. Jonli suhbatda nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan to‘lanuvchi pensiya haqida tinglovchilardan kelib tushgan savollarga batafsil javob berilgan edi. Nafaqalar to‘lanishi tizimida joriy qilingan o‘zgartirishlar va tegishli mavzudagi boshqa maʼlumotlarni olish uchun podkastimizning to‘liq audio yozuvini Telegram kanalimizda havolaga bosib tinglang.
Pensiyani hisoblash va qayta hisoblashning tartiblari qanday bo’ladi?
Pensiyani hisoblab chiqarish uchun, ishdagi mavjud tanaffuslardan qat’i nazar, oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yildagi (pensiya so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) ish haqi olinadi. Pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi ketma-ket ishlangan oltmish kalendar oylar uchun qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini oltmishga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. (5 yillik umumiy ish haqi : 60 oy = pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi.)
Agar nogironlik pensiyasini so‘rab murojaat etgan kishi besh yildan kam ishlagan hollarda pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi ishlangan kalendar oylar uchun qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini shu oylar soniga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.
Misol uchun, oxirgi 10 yillikning siz tanlagan 5 yilligida 36 oy ishlagansiz va besh yil to‘liq staj kelib chiqmayapti. Bunday hollarda quyidagi tartibda hisoblash mexanizmi qo‘llaniladi: 36 oylik umumiy ish haqi : 36 oy = nogironlik pensiyasini hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblashda ham yuqoridagi kabi hisoblash mexanizmi qo‘llaniladi, biroq orttirilgan ish staji va ish haqlari va qayta hisoblash uchun asoslar hisobga olingan holda hisob-kitob qilinadi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash qanday amalga oshiriladi va qanday hujjatlarni taqdim etish lozim?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 125-bandiga ko‘ra, agar pensiyani qayta hisoblash uchun asoslar vujudga kelganda, shaxs pensiyani qayta hisoblash uchun ariza bilan murojaat etish huquqiga ega ekanligi ta’kidlangan.
Arizaga ilova qilib qayta hisoblash uchun asos bo‘ladigan hujjatlarni (masalan, ish staji 1 yil ko‘p bo‘lganda yoki nogironlik guruhi o‘zgarganligini tasdiqlovchi ma‘lumotnoma yoki Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK) xulosasi) taqdim etish lozim. Pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi ariza Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan besh kun muddatda ko‘rib chiqiladi (Ariza shakli ilova qilingan).
Eslatma! Sizning avvalgi pensiya hujjatlar yig‘majildingizda mavjud bo‘lgan yoki pensiya miqdoriga ta’sir ko‘rsatmaydigan hujjatlarni taqdim etilishi pensiyani qayta hisoblashni rad etilishiga asos bo‘ladi.
Ta’lim davrida olingan stipendiya pensiyani hisoblash jarayonidagi daromadlar sirasiga kiradimi?
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasi (pensiyalarni hisoblab chiqarishda e’tiborga olinadigan ish haqi turlari) muvofiq, o‘qish davrida to‘langan stipendiya pensiya so‘rab murojaat etuvchining xohishiga ko‘ra ish haqiga tenglashtiriladi.
Ya’ni bunda agar siz o‘qish davrida olgan stipendiyangizni ham daromadlaringiz sifatida qabul qilinishini xohlasangiz, bu to‘g‘risida pensiya jamg‘armasini xabardor qilib qo‘yishingiz lozim bo‘ladi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash uchun elektron tarzda ham murojaat etish mumkinmi?
Shaxs nogironlik pensiyasini qayta hisoblash uchun arizani Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga shaxsan tashrif buyurgan holda berishlari lozim.
12−71 qisqa ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, nogironlik pensiyasiga oid savollariga mutaxassislardan javob olishingiz yoki murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin.
Telefon: +998 (71) 202-12-71
Manzil: Toshkent sh., Niyozbek yo’li ko’chasi 1.
Vebsayt: www.pfru.uz
Elektron pochta: pension_uz@pfca.mf.uz
Pensiya olishni so‘rab murojaat etayotganda va pensiyani tayinlashda muammoli vaziyatlarga duch kelmaslik uchun nimalarga e’tibor berish lozim?
Amaliyotda pensiya olish huquqiga ega shaxslar ko‘p hollarda ish stajini hisoblash chiqarish jarayoni bilan bog‘liq masalalarda muammolarga duch keladilar.
Masalan: siz biror tashkilotda muayyan muddat ish beruvchining buyrug‘i asosida mehnat qilgansiz va u yerdan oylik ish haqi olib kelgansiz, biroq pensiyani hisoblash mobaynida ushbu davrdagi ish stajingiz tizimda chiqib kelmayapti.
Bunday muammolar sizning ma’lumotlaringiz Yagona Milliy Mehnat Tizimiga (my.mehnat.uz) biriktirilmaganligidan kelib chiqadi. Bunday hollarda siz faoliyat yuritgan tashkilotdan ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqlardan ko‘chirma olgan holda va ushbu joyda mazkur davr mobaynida mehnat faoliyatini yuritganlik faktini tasdiqlatishingiz mumkin bo‘ladi.
Eslatma! Shuni nazarda tutish lozimki, tashkilotlarga ishga joylashgan yoki u yerdan bo‘shagan taqdiringizda doimo tashkilotning kadrlar bo‘yicha mutaxassislaridan sizning elektron ma’lumotlaringiz my.mehnat.uz bazasida to‘liq rasmiylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni so‘rab oling.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash haqida nogironlik masalalari bo‘yicha mutaxassis Ulug‘bek Mamatxonovdan muhim tavsiyalar haqida quyidadi audioni batafsil tinglab chiqishni maslahat beramiz.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash rad etilganda nima qilish mumkin?
Pensiya miqdorini qayta hisoblash rad etilgan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechikmay rad etish sabablarini, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibini ko‘rsatgan holda pensionerga rad etish to‘g‘risidagi bildirishnomani berishi yoki yuborishi kerak.
Ayni bir vaqtda taqdim etilgan hujjatlar olinganligi to‘g‘risidagi tilxat bilan pensionerning qo‘liga qaytarishi va pensionerning pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi arizasida ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga pensiya miqdorini qayta hisoblashni rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilgan “SMS” xabarnomani yuborishi shart.
Ilovalar:
Foydalanilgan manbalar roʻyxati:
- “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, https://lex.uz/acts/-112314;
- «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 13.10.2022 yildagi 592-son, https://lex.uz/docs/-6236060.
Bu maqolada nogironlik pensiyasini ish stajiga qarab qayta hisoblatish haqida bilib olasan.
2023-yil 1-yanvardan boshlab sen nogironlik pensiyangni har 2 yilda 1 marta
- ishlagan vaqting
- oyligingga qarab qayta hisoblatishing uchun “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish kiritildi.
2023-yilda 75 mingta nogironligi bor insonlarning pensiyasiga 300 000 (uch yuz ming) so‘mdan qo‘shildi.
Sen pensiyani qayta hisoblatishing mumkin bo‘lgan holatlar:
- sening nogironlik guruhing o‘zgarganda.
Senga birinchi va ikkinchi guruh nogironlik pensiyasi berilganidan keyin ishlagan vaqting va oyligingga qarab 2 yilda 1 marta pensiyang qayta hisoblab ko‘paytiriladi.
Masalan:
- Sen 2 yil ya’ni 2022-yildan 2024-yilgacha ishlagansan.
- Bunda sening pensiyang qayta hisoblanadi va ko‘paytiriladi.
Sening pensiyangni hisoblash uchun oxirgi 10 yillik ishlagan vaqting hisobga olinadi.
Sening pensiyangni hisoblash uchun oxirgi 10 yillikdagi 5 yillik oyliklari qo‘shilib 60 ga bo‘linadi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblashda:
- sening ishlangan vaqting
- oyliging
- qayta hisoblash uchun sabablar hisobga olinadi.
Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 125-bandiga ko‘ra, pensiyani qayta hisoblash uchun sabablar paydo bo‘lganda sen ariza bilan murojaat qilishing kerak.
Sen arizaga qo‘shib pensiyani qayta hisoblashga sabab bo‘ladigan hujjatlarni ham topshirishing kerak bo‘ladi.
Pensiyani qayta hisoblashga sabab bo‘ladigan hujjatlar:
- sening nogironlik guruhing o‘zgarganligi haqidagi hujjat
- sen 1 yildan ko‘p ishlaganliging haqidagi hujjat.
Pensiya jamg‘armasi besh kunda sening pensiyangni qayta hisoblash haqidagi arizangni ko‘rib chiqadi (Ariza shakli ilova qilingan).
Sen pensiyani qayta hisoblatishda avval ishlatilgan hujjatlar yoki pensiyani qayta hisoblashga kerak bo‘lmagan hujjatlar topshirsang sening pensiyang qayta hisoblanmaydi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasiga ko‘ra, sening xohishingga qarab, sen o‘qish vaqtida olgan stipendiyang ham oylik hisoblanadi.
Stipendiya – bu talabalarga qoʻshimcha taʼlim olish uchun beriladigan pul yordami.
Agar sen o‘qish davrida olgan stipendiyangni ham oylik sifatida olmoqchi bo‘lsang, bu to‘g‘risida pensiya jamg‘armasiga aytishing kerak.
Sen nogironlik pensiyasini qayta hisoblatishing uchun (tuman) shahar Pensiya jamg‘armasiga borib ariza berishing shart.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblatishda eng ko‘p muammo bu ishlagan vaqt haqidagi ma’lumotlar Yagona Milliy Mehnat Tizimi ya’ni my.mehnat.uz internet manzilida ko‘rinmasligidir.
Yagona Milliy Mehnat Tizimi bu – my.mehnat.uz internet manzili. Bu yerda insonlarning ish staji va bandligi haqidagi ma’lumotlar saqlanadi.
Sening ishlagan vaqting my.mehnat.uz internet manzilida ko‘rinmasa, ishlagan joyingga murojaat qilishing va ishlaganingni tasdiqlovchi hujjatni olishing kerak.
Ishga kirganingda yoki ishdan bo‘shaganingda tashkilotning ishchilar bilan ishlovchi xodimidan ma’lumotlaringni my.mehnat.uz ga kiritganligi haqidagi hujjatni so‘rashing kerak.
Pensiya jamg‘armasi sening pensiyangni qayta hisoblashni rad etsa, uning sabablari, bu bo‘yicha shikoyat qilish tartibi haqida senga 5 kun ichida “SMS” xabar yuborishi shart.
Assalomu Alaykum 2-guruh nogironiman maktabda ishlayman daromad soligʻidan imtiyoz bor pensiyaga hisoblaysan imtiyozga taʼsiri yuqmi oldindan raxmat sizlarga
Vaalaykum assalom, Olimjon! O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi PQ-57-son qaroriga asosan, Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshirilgan. Ya’ni hozirgi kunda 3 mln 465 ming so‘m miqdoridagi oylik maoshingiz daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Soliq qonunchiligida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ayrim imtiyozlari haqida batafsil huquqiy maqolamizdam bilib olishingiz mumkin: 👉 https://huquqplus.uz/materials/mehnat/1885
Men Qonunchilik bilan belgilangan Urush nogironlariga tenglashtirilgan 2-guruh nogironoman.Men nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyin 17 yil 0,5 stavka asosida ishlaganman.Men 2024-yilda pensiyani qayta hisoblash uchun yashash joyimdagi Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Pensiya jamgʻarmasiga murojaat qilgandim.Ular ish haqingiz kam boʻlgan,hozirgi holatda olayotgan pensiyangizga taʼsir qilmaydi deyishmoqda ish stajini hisobga olishmadi shu toʻgʻrimi.
Assalomu alaykum
Agarki, sizda ish haqingiz miqdori kam bo‘lgan bo‘lsa, pensiyangizni qayta hisoblatishda, to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi ya’ni ish haqingizni past bo‘lgani ta’sirida pensiyangiz deyarli ko‘tarilmasligi mumkin.
Shunday bo‘lsa-da, siz ariza bilan murojaat qiling. Olgan oyligingiz miqdoridan kelib chiqqan holda, kichik summaga bo‘lsa ham pensiyangiz miqdori o‘zgartirilishi lozim.
Qonunchilikka ko‘ra agar siz 56 yoshdan oshmagan bo‘lsangiz ish stajingiz pensiyani qayta hisoblash uchun yetarli bo‘ladi.
Qonunchilikka ko‘ra, Pensiya miqdori ish stajining muddatiga bog‘liq bo‘lib, quyidagilardan tarkib topadi:
pensiyaning tayanch miqdoridan;
ish staji uchun pensiyaning oshirilishidan;
pensiyaga qo‘shiladigan ustama haqlardan.
Pensiyaning tayanch miqdori qonunning 26 moddasida quyidagicha berilgan:
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik pensiyasi uchun — pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi, lekin yoshga doir eng kam pensiyaning kamida 100 foizi miqdorida;
Ushbu qonunning 31-moddasiga ko‘ra Pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi ketma-ket ishlangan oltmish kalendar oylar uchun qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini oltmishga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda pensiya so‘rab murojaat etgan kishining xohishiga ko‘ra, ishga qabul qilish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish munosabati bilan ish kunlari soni to‘liq bo‘lmagan oylar to‘liq ishlangan kalendar oylar sifatida hisobga olinadi.
Yuqoridagi moddalarni sharhlaganimizda, sizning pensiyangizni hisoblab chiqarishda 5 yillik mehnat faoliyatingiz olinadi va barcha ish haqqilari qo‘shilib 60 ga bo‘linadi va shu miqdorning 55% sizga pensiya sifatida tayinlanadi.
Endi ish staji uchun pensiyaning oshirilishini ko‘rib chiqaylik:
Qonunning 17 moddasida pensiyani olish huquqini beradigan ish staji ko‘rsatilgan.
Masalan 41 yoshdan 46 yoshga qadar 11 yil ish staji talab qilinadi.
Shuningdek qonunning 27 moddasiga ko‘ra b) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik pensiyalari — pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida;
Yani sizda qonunda talab qilinganidan ortiq ish staji mavjud bo‘lsa har bir yil ish staji uchun pensiyangiz 1% oshiriladi.
28-modda. Pensiyalarga ustama haqlar mavjud urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 50 foizi; Ustama haqlar tayinlanayotgan pensiyaning turidan qat’i nazar qo‘shib hisoblanadi.
Assalomu alaykum. Men bolalikdan 2-guruh nogironiman va 2024-yil iyulda ish faoliyatimni boshlaganman. 6 oydan beri dekret taʼtilidaman. Pensiyani qayta hisoblatish uchun dekretda boʻlgan davrlar ham hisobga olinadimi?
Assalomu alaykum, Ruxsora!
Bolani parvarishlash ta’tillari (dekret) davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillarning ko‘pi bilan olti yili mehnat stajiga qo‘shiladi, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shib hisoblanadi. Xulosa qilib aytish mumkinki, dekretda bo‘lgan davringiz ham hisobga olinadi.
Pensiyalarni qayta hisoblash qonunda belgilangan aniq holatlarda amalga oshiriladi. Bu holatlar pensioner tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi, nogironlik guruhi yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilar sonining o‘zgarishi, bazaviy hisoblash miqdorlarining yoki inflyatsiya darajasining oshishi bilan bog‘liq. Shuningdek, I va II guruh nogironlari kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, har ikki yilda bir marta pensiyalarini qayta hisoblash huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida» gi 03.09.1993-yildagi 938-XII-sonli qonunning 49-moddasiga muvofiq: «pensiyalarni qayta hisoblash shartlari» quyidagi holatlarda yuzaga keladi:
-pensioner pensiya miqdoriga ta’sir ko‘rsatuvchi (pensiya tayinlanishigacha bo‘lgan ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi hamda boshqa) qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etgan taqdirda;
-nogironlik guruhi o‘zgarganda;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oladigan oila a’zolari soni o‘zgarganda;
-pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorlari o‘zgargan taqdirda;
-yoshga doir eng kam pensiya miqdori o‘zgarganda;
-daromadlar indeksatsiya qilingan taqdirda amalga oshiriladi. Bunda pensiya miqdori yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari (tariflari) indeksi (inflyatsiya) darajasining o‘sish sur’atlari hisobga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga asosan indeksatsiya qilinadi (oshiriladi).
-I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Bunda pensiyani qayta hisoblash fuqaro pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilgan sanadagi ushbu Qonunning 17-moddasida ko‘rsatilgan yoshga nisbatan talab qilingan ish stajidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 405-moddasiga asosan:
Bolani parvarishlash ta’tillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillarning ko‘pi bilan olti yili mehnat stajiga qo‘shiladi, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shib hisoblanadi
Pensionerlar pensiyani qayta hisoblash uchun ana shunday huquq paydo bo‘lganidan keyin istalgan vaqtda murojaat etishlari mumkin.
Men Avloqulov Qulmamat 2-guruh nogironiman.Nogironlikka chiqqanimdan keyin 17 yil yarim stavka asosida ishladim.Shu ish stajini hujjatlarini Pensiya Jamgʻarmasiga topshirgan edim.Ish haqingiz kam boʻlgan shuning uchun pensiyangizga qoʻshilmadi deyishdi.Ish stajiga qoʻshilmaydimi shu toʻgʻrimi
Agar siz nogironlik pensiyasini qayta hisoblagan bo‘lsangiz, demak sizning ish stajingiz yetarli bo‘lgan va ortiqcha har bir ish yilidagi staj uchun sizga 1% dan nogironlik pensiyasizingizga mutanosib ravishda qo‘shib hisoblangan.
Pensiya miqdorining kam chiqishi esa siz ishlagan davringizda oylik ish haqqi kam olganingiz bilan bog‘liq. Pensiyani qayta hisob kitob qilishda ishlagan yillaringizdagi oxirgi o‘n yillik ish davri olinadi va shu o‘n yillik ichidan ketma ket besh yillik eng yuqori ish haqlaringiz olinadi.
Bu besh yillik ish haqqi hammasi jamlanadi jamlangan ish haqqi 60 ga bo‘linib shundan chiqqan miqdorning 55% sizga pensiya sifatida tayinlanadi.
3-guruh nogironlik davri 2 guruh nogironlik davri ish stajga kirmaydima
Assalomu alaykum
Nogironlik vaqti ish stajiga kirmaydi.
Assalom aleykum meni ish haqim my govdan kurinadi soliqdan ham davlat hizmatlariga borib Ariza bersam ish haqim qushiladimi
Vaalaykum assalom, savolingizga yaxshi tushunmadik. Agar nogironlik pensiyangizni qayta hisoblatmoqchi bo‘lsangiz, ushub maqolamizda ko‘rsatib o‘tilgan tartib bo‘yicha ariza topshirishingiz mumkin. Siz nogironlik pensiyasini qayta hisoblash uchun arizani Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga shaxsan tashrif buyurgan holda berishingiz lozim.
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi aloqa ma’lumotlari va manzillari
12−71 qisqa ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, nogironlik pensiyasiga oid savollariga mutaxassislardan javob olishingiz yoki murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin.
Telefon: +998 (71) 202-12-71
Manzil: Toshkent sh., Niyozbek yo’li ko’chasi 1.
Vebsayt: http://www.pfru.uz
Elektron pochta: pension_uz@pfca.mf.uz