
Nogironlik pensiyasini qanday qilib qayta hisoblatish mumkin?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
llyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Bir kishi qo‘lida tangalarni ushlab turibdi va orqada kalkyulator va qog‘oz hujjat tasvirlangan.
Avval chop etilgan «Nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiya olishga boʻlgan huquqi» mavzusidagi huquqiy materialimizda nogironlik pensiyasi nima ekanligi va u qanday hollarda berilishi haqida batafsil ma’lumot taqdim qilgan edik. Bu materialimizda nogironlik pensiyasini ish stajiga qarab qanday qilib qayta hisoblatish mumkinligi haqida batafsil tushuntiramiz.
Nogironlik pensiyasi nima va u nechanchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladi? Pensiyalar va ularni tayinlash tartibi qanday? Nogironlik pensiyasini olish uchun hujjatlarni taqdim etish tartibi qanday? Hozirgi kunda nogironlik pensiyasining miqdori qancha? Ushbu savollaringizga HuquqPlus.uz loyihasi yuristi Oydin Nurullayeva tayyorlagan huquqiy materialda toʻliq javoblarni topasiz.
2023-yil 1-yanvardan boshlab nogironlik pensiyasini har ikki yilda bir marta qayta hisoblash hamda ish stajiga va ish haqiga qarab indeksatsiya qilish to‘g‘risida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar qabul qilingan edi. 2023 yildan boshlab 75 ming nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyasiga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shilishi kutilgan edi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblatgan holda olsa bo‘ladimi?
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 49-moddasi birinchi qismiga muvofiq, agar nogironlik pensiyasini oluvchi shaxs:
- nogironlik guruhi o‘zgarganda yoki
- I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi.
Masalan: Siz 2022-yil mart oyidan boshlab ish stajingizga mutanosib ravishda nogironlik pensiyasini olib kelmoqdasiz va hozir 2024-yil mart oyi. 2022-yilning mart oyidan 2024–yilning mart oyiga qadar bo‘lgan ish stajingiz 2 yilni tashkil qilmoqda. Demak, sizning hozirgi kundagi ish stajingiz pensiya tayinlash vaqtidagi (2022-yil) ish stajingizdan ko‘proq hisoblanadi va siz ariza bilan murojaat qilsangiz orttirilgan ish stajini qo‘shib hisoblagan holda pensiyangiz qayta hisoblanadi va o‘z o‘zidan pensiya miqdori oshadi.
2023-yil 24-fevral Olmazor tumani Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi katta inspektori — Xadjibayeva Gulnoza Saxidjanovna bilan Sharoit+ podkast qilingan edi. Jonli suhbatda nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan to‘lanuvchi pensiya haqida tinglovchilardan kelib tushgan savollarga batafsil javob berilgan edi. Nafaqalar to‘lanishi tizimida joriy qilingan o‘zgartirishlar va tegishli mavzudagi boshqa maʼlumotlarni olish uchun podkastimizning to‘liq audio yozuvini Telegram kanalimizda havolaga bosib tinglang.
Pensiyani hisoblash va qayta hisoblashning tartiblari qanday bo’ladi?
Pensiyani hisoblab chiqarish uchun, ishdagi mavjud tanaffuslardan qat’i nazar, oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yildagi (pensiya so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) ish haqi olinadi. Pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi ketma-ket ishlangan oltmish kalendar oylar uchun qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini oltmishga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. (5 yillik umumiy ish haqi : 60 oy = pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi.)
Agar nogironlik pensiyasini so‘rab murojaat etgan kishi besh yildan kam ishlagan hollarda pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi ishlangan kalendar oylar uchun qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini shu oylar soniga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.
Misol uchun, oxirgi 10 yillikning siz tanlagan 5 yilligida 36 oy ishlagansiz va besh yil to‘liq staj kelib chiqmayapti. Bunday hollarda quyidagi tartibda hisoblash mexanizmi qo‘llaniladi: 36 oylik umumiy ish haqi : 36 oy = nogironlik pensiyasini hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblashda ham yuqoridagi kabi hisoblash mexanizmi qo‘llaniladi, biroq orttirilgan ish staji va ish haqlari va qayta hisoblash uchun asoslar hisobga olingan holda hisob-kitob qilinadi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash qanday amalga oshiriladi va qanday hujjatlarni taqdim etish lozim?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 125-bandiga ko‘ra, agar pensiyani qayta hisoblash uchun asoslar vujudga kelganda, shaxs pensiyani qayta hisoblash uchun ariza bilan murojaat etish huquqiga ega ekanligi ta’kidlangan.
Arizaga ilova qilib qayta hisoblash uchun asos bo‘ladigan hujjatlarni (masalan, ish staji 1 yil ko‘p bo‘lganda yoki nogironlik guruhi o‘zgarganligini tasdiqlovchi ma‘lumotnoma yoki Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK) xulosasi) taqdim etish lozim. Pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi ariza Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan besh kun muddatda ko‘rib chiqiladi (Ariza shakli ilova qilingan).
Eslatma! Sizning avvalgi pensiya hujjatlar yig‘majildingizda mavjud bo‘lgan yoki pensiya miqdoriga ta’sir ko‘rsatmaydigan hujjatlarni taqdim etilishi pensiyani qayta hisoblashni rad etilishiga asos bo‘ladi.
Ta’lim davrida olingan stipendiya pensiyani hisoblash jarayonidagi daromadlar sirasiga kiradimi?
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasi (pensiyalarni hisoblab chiqarishda e’tiborga olinadigan ish haqi turlari) muvofiq, o‘qish davrida to‘langan stipendiya pensiya so‘rab murojaat etuvchining xohishiga ko‘ra ish haqiga tenglashtiriladi.
Ya’ni bunda agar siz o‘qish davrida olgan stipendiyangizni ham daromadlaringiz sifatida qabul qilinishini xohlasangiz, bu to‘g‘risida pensiya jamg‘armasini xabardor qilib qo‘yishingiz lozim bo‘ladi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash uchun elektron tarzda ham murojaat etish mumkinmi?
Shaxs nogironlik pensiyasini qayta hisoblash uchun arizani Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga shaxsan tashrif buyurgan holda berishlari lozim.
12−71 qisqa ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, nogironlik pensiyasiga oid savollariga mutaxassislardan javob olishingiz yoki murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin.
Telefon: +998 (71) 202-12-71
Manzil: Toshkent sh., Niyozbek yo’li ko’chasi 1.
Vebsayt: www.pfru.uz
Elektron pochta: pension_uz@pfca.mf.uz
Pensiya olishni so‘rab murojaat etayotganda va pensiyani tayinlashda muammoli vaziyatlarga duch kelmaslik uchun nimalarga e’tibor berish lozim?
Amaliyotda pensiya olish huquqiga ega shaxslar ko‘p hollarda ish stajini hisoblash chiqarish jarayoni bilan bog‘liq masalalarda muammolarga duch keladilar.
Masalan: siz biror tashkilotda muayyan muddat ish beruvchining buyrug‘i asosida mehnat qilgansiz va u yerdan oylik ish haqi olib kelgansiz, biroq pensiyani hisoblash mobaynida ushbu davrdagi ish stajingiz tizimda chiqib kelmayapti.
Bunday muammolar sizning ma’lumotlaringiz Yagona Milliy Mehnat Tizimiga (my.mehnat.uz) biriktirilmaganligidan kelib chiqadi. Bunday hollarda siz faoliyat yuritgan tashkilotdan ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqlardan ko‘chirma olgan holda va ushbu joyda mazkur davr mobaynida mehnat faoliyatini yuritganlik faktini tasdiqlatishingiz mumkin bo‘ladi.
Eslatma! Shuni nazarda tutish lozimki, tashkilotlarga ishga joylashgan yoki u yerdan bo‘shagan taqdiringizda doimo tashkilotning kadrlar bo‘yicha mutaxassislaridan sizning elektron ma’lumotlaringiz my.mehnat.uz bazasida to‘liq rasmiylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni so‘rab oling.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash haqida nogironlik masalalari bo‘yicha mutaxassis Ulug‘bek Mamatxonovdan muhim tavsiyalar haqida quyidadi audioni batafsil tinglab chiqishni maslahat beramiz.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash rad etilganda nima qilish mumkin?
Pensiya miqdorini qayta hisoblash rad etilgan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechikmay rad etish sabablarini, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibini ko‘rsatgan holda pensionerga rad etish to‘g‘risidagi bildirishnomani berishi yoki yuborishi kerak.
Ayni bir vaqtda taqdim etilgan hujjatlar olinganligi to‘g‘risidagi tilxat bilan pensionerning qo‘liga qaytarishi va pensionerning pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi arizasida ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga pensiya miqdorini qayta hisoblashni rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilgan “SMS” xabarnomani yuborishi shart.
Ilovalar:
Foydalanilgan manbalar roʻyxati:
- “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, https://lex.uz/acts/-112314;
- «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 13.10.2022 yildagi 592-son, https://lex.uz/docs/-6236060.
Bu maqolada nogironlik pensiyasini ish stajiga qarab qayta hisoblatish haqida bilib olasan.
2023-yil 1-yanvardan boshlab sen nogironlik pensiyangni har 2 yilda 1 marta
- ishlagan vaqting
- oyligingga qarab qayta hisoblatishing uchun “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish kiritildi.
2023-yilda 75 mingta nogironligi bor insonlarning pensiyasiga 300 000 (uch yuz ming) so‘mdan qo‘shildi.
Sen pensiyani qayta hisoblatishing mumkin bo‘lgan holatlar:
- sening nogironlik guruhing o‘zgarganda.
Senga birinchi va ikkinchi guruh nogironlik pensiyasi berilganidan keyin ishlagan vaqting va oyligingga qarab 2 yilda 1 marta pensiyang qayta hisoblab ko‘paytiriladi.
Masalan:
- Sen 2 yil ya’ni 2022-yildan 2024-yilgacha ishlagansan.
- Bunda sening pensiyang qayta hisoblanadi va ko‘paytiriladi.
Sening pensiyangni hisoblash uchun oxirgi 10 yillik ishlagan vaqting hisobga olinadi.
Sening pensiyangni hisoblash uchun oxirgi 10 yillikdagi 5 yillik oyliklari qo‘shilib 60 ga bo‘linadi.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblashda:
- sening ishlangan vaqting
- oyliging
- qayta hisoblash uchun sabablar hisobga olinadi.
Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 125-bandiga ko‘ra, pensiyani qayta hisoblash uchun sabablar paydo bo‘lganda sen ariza bilan murojaat qilishing kerak.
Sen arizaga qo‘shib pensiyani qayta hisoblashga sabab bo‘ladigan hujjatlarni ham topshirishing kerak bo‘ladi.
Pensiyani qayta hisoblashga sabab bo‘ladigan hujjatlar:
- sening nogironlik guruhing o‘zgarganligi haqidagi hujjat
- sen 1 yildan ko‘p ishlaganliging haqidagi hujjat.
Pensiya jamg‘armasi besh kunda sening pensiyangni qayta hisoblash haqidagi arizangni ko‘rib chiqadi (Ariza shakli ilova qilingan).
Sen pensiyani qayta hisoblatishda avval ishlatilgan hujjatlar yoki pensiyani qayta hisoblashga kerak bo‘lmagan hujjatlar topshirsang sening pensiyang qayta hisoblanmaydi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasiga ko‘ra, sening xohishingga qarab, sen o‘qish vaqtida olgan stipendiyang ham oylik hisoblanadi.
Stipendiya – bu talabalarga qoʻshimcha taʼlim olish uchun beriladigan pul yordami.
Agar sen o‘qish davrida olgan stipendiyangni ham oylik sifatida olmoqchi bo‘lsang, bu to‘g‘risida pensiya jamg‘armasiga aytishing kerak.
Sen nogironlik pensiyasini qayta hisoblatishing uchun (tuman) shahar Pensiya jamg‘armasiga borib ariza berishing shart.
Nogironlik pensiyasini qayta hisoblatishda eng ko‘p muammo bu ishlagan vaqt haqidagi ma’lumotlar Yagona Milliy Mehnat Tizimi ya’ni my.mehnat.uz internet manzilida ko‘rinmasligidir.
Yagona Milliy Mehnat Tizimi bu – my.mehnat.uz internet manzili. Bu yerda insonlarning ish staji va bandligi haqidagi ma’lumotlar saqlanadi.
Sening ishlagan vaqting my.mehnat.uz internet manzilida ko‘rinmasa, ishlagan joyingga murojaat qilishing va ishlaganingni tasdiqlovchi hujjatni olishing kerak.
Ishga kirganingda yoki ishdan bo‘shaganingda tashkilotning ishchilar bilan ishlovchi xodimidan ma’lumotlaringni my.mehnat.uz ga kiritganligi haqidagi hujjatni so‘rashing kerak.
Pensiya jamg‘armasi sening pensiyangni qayta hisoblashni rad etsa, uning sabablari, bu bo‘yicha shikoyat qilish tartibi haqida senga 5 kun ichida “SMS” xabar yuborishi shart.
4kurs talabasiman pensiyani qande xisoblatsam boladi
Batafsil tanishib chiqing, shu yerda ma’lumot berdik siz uchun. O’qib chiqing iltimos.
Men 2 guruh nogironiman pensya jamgarmasiga 12 yillik ish stajimni hujjatini topshirgandim pensangiz oshmaydi dedi oylik ozligi uchun shu togrimi
Vazirlar Mahkamasining 592-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Pensiyalarni tayinlash va to‘lash tartibi» to‘g‘risidagi Nizomning 134-bandiga ko‘ra, Pensiya jamg‘armasi pensiyani hisoblash tartibi, asosi va qanday asoslar bilan hisoblangan va boshqa holatlarni «sms» xabarnoma orqali arizachiga yuboradi. Ushbu holatda pensiya jamg‘armasining asoslantiruvchi javob xatini o‘rganish va tahlil qilish, so‘ngra holatga huquqiy baho berish mumkin. Ya’ni avval holat yuzasidan batafsil ma’lumotga ega bo‘lish kerak. 12−71 qisqa ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, nogironlik pensiyasiga oid savollariga mutaxassislardan javob olishingiz yoki murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin.
Ассалаума алейкум Мен Пирманов Дамир Жанабаевич Каракалпакстан Рес Чимбой туманида яшайман,бахытсыз ҳәдийсе себепли 2019-жылдан берли 2-грух ногираниман 2020-жылы жумысымды басладым ҳәзирде Чимбой почта байланыс тармағында ислеп атырман менин пенсияға стажым косиладими?
Assalomu alaykum.
Agar ish stajingiz nogironlik qayd etilgan vaqtdan so’ng 1yildan ko’p muddatni tashkil etsa, pensiyani qayta hisoblashda inobatga olinadi.
Demak siz 2020-yildan buyon yangi ish joyingizda ishlayotgan bo’lsangiz 2024-yilgacha muddatnlda ishlaganingiz to’g’risidagi ma’lumotlarni Pensiya jamg’armasiga taqdim qilib, qayta hisoblatishingiz mumkin
Men Bolalikdan ikkinchi guruh nogironiman 1992-8-iyunda tug’ulgan man 2019- yil 1- iyundan davlat ishida ishlayabman hozir 2024- yil 5- yil bo’ldi hozir men pensiyamni qayta hisoblatsam bo’ladimi. Eshitishimcha yosh va staj hisobga olinar ekan men 36- yoshga kiryanimda 7- yillik staj bo’lsa qayta hisoblatishim kerakmi yo unaqa emasmi shu savollarini hisoblab javob bersangiz
Bo‘ladi, albatta, pensiya jamg‘armasiga murojaat eting.
Siz 2019-yildan 2024-yilgacha ish staji yozilgan holda mehnat qilib kelmoqdasiz, qonunga muvofiq pensiyani qayta hisoblatish uchun ikki yillik davr mobaynida kamida 1 yillik staj bo‘lgan hollarda murojaat qilish mumkin.
Assalomu alaykum men 4 kurs talabasiman 2-guruh nogironligim bor men o‘qigan 4 yil ish stajiga qoshiladimi?
Assalomu alaykum.
Ushbu to‘rt yil ish stajingizga qo‘shiladi.
Assalomu alekum men 2 yilik ish stajim bor shunda men ham qayta xisoblatsam bo’ladimi menga ham qo’shiladimi
Vaalaykum assalom. Ha, albatta. I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. To‘liq ma’lumot ushbu huquqiy maqolamizda ham berilgan. Batafsil tanishib chiqishingizni iltimos qilamiz!
Nega savol yolab bolmayabdi
Assalomu alaykum, hurmatli foydalanuvchi! Uzr, izohingiz spamga tushib qolgan ekan. Shu sababli murojaatingizni avvalroq ko‘rmagan ekanmiz.
Ассалом алейкум 2927 йилда тугилган углим ьолаликдан ногиронлик белгиланиб унга нафака оламан. Болаларга хозирги кунда 1,2 гурухи деб берилмайди факат болаликдан ногирон деб бериладимм
Bolalarga guruh berilmaydi, umumiy ravishda «nogironligi bo‘lgan bola» deb aytiladi.
Assalomu alaykum men bolalikdan II guruh nogironiman. 24 yillik ish stajiga egaman. 940 ming pensiya olaman. Men ham pensiyamni qayta hisoblatsam boʻladimi? Shunda pensiyam oshishi mumkinmi?
Assalomu alaykum
Siz quyidagi ikkita holatda pensiyangizni qayta hisoblatishingiz mumkin:
nogironlik guruhi o‘zgarganda
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa.
Agar yuqoridagi ikkita holatdan hech bo‘lmasa bittasi sizda ro‘y bergan bo‘lsa, demak siz pensiyangizni qayta hisoblata olasiz.
2- guruh nogironligi bor shaxs 4 yil universitetda oʻqigan bolsa pensiyani qayta hisoblatganda qoʻshiladimi
Shunga ko‘ra amaliyotda agar qonunchilikka muvofiq sizda pensiyani qayta hisoblash uchun yetarli ish staji bo‘lsa siz o‘qish davrida olingan stipendiyani ham pensiyani qayta hisob kitob qilishlari uchun murojaat qilishingiz mumkin. Shuningdek, o‘qish davridagi yillar ish staji sifatida ham hisobga olinadi.
Amaliyotda o‘qish davrida to‘langan stipendiyalarni pensiyani qayta hisoblashda inobatga olishlari uchun, siz o‘qigan oliy ta’lim muassasangizning buxgalteriyasidan o‘qish davrida sizga to‘langan stipendiyalar va ularning miqdorini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishingiz kerak.