
Nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiya olishga boʻlgan huquqi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

llyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: yashil Jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasini qoʻlda ushlab turilibdi va orqa fonda ming soʻmlik pullar shuningdek besh yuz soʻmlik tanga va yuz soʻmlik tangalar ifoda etilgan.
Nogironlikka duch kelgan har bir fuqaro oʻzini hayotini osonlashtiradigan ijtimoiy kafolatlar va toʻlovlar bilan taʻminlashga intiladi. Nogironlik pensiyasi aynan shunday toʻlovlardan biridir. Biroq, nogironlar pensiyasiga murojaat qilishda va uni olish jarayonida bir qator savollarga fuqarolar duch kelishi mumkin.
Nogironlik pensiyasi bu nima?
Bu nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan pul toʻlovi. Toʻlov miqdori va pensiya olish shartlari har bir mamlakatning oʻz qonunida belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʻminoti toʻgʻrisida”gi qonunining 1-moddasining 1 qismiga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan pensiya bilan taʻminlanish huquqiga egadirlar”[1]. Har bir inson davlat tomonidan pensiya olish huquqiga ega. Nogironlik pensiyasi qonunda belgilangan tartibda belgilanadi.
Nogironlik pensiyasi nechanchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladi?
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʻminoti toʻgʻrisida”gi qonunining 15-moddasiga muvofiq:
“Nogironlik pensiyalari qonunchilikda belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar deb topilgan shaxslarga, shuningdek Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib boʻlish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi boʻlgan shaxslar deb topilgan shaxslarga tayinlanadi”.[2]
Bundan shuni bildikki, nogironlik pensiyalari muayyan sharoitlarda nogironligi boʻlgan shaxslar sifatida tan olingan fuqarolarga beriladi. Demak nogironligi bor shaxslar uchta guruhga boʻlinadi, va har bir guruhga qarab pensiya tayinlanadi, ular:
Pensiyaga murojaatdan soʻng pensiyani Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman yoki shahar boʻlimlari tomonidan tayinlanadi.
Iqtisod va moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ishonch telefoni: +998 (71) 202-12-71 va qisqa raqami: 12-71
Elektron manzili: pension_uz@pfca.mf.uz
Pensiyalar va ularni tayinlash tartibi?
Nogironlik pensiyasi bir necha turdan iborat boʻladi va uning tayinlanishi aynan kimga berilayotganiga bogʻliqdir. Masalan, yetarlicha mehnat stajiga ega nogironligi boʻlgan shaxslarga tayinlanadigan pensiya, yetarlicha mehnat stajiga ega boʻlmagan nogironligi boʻlgan shaxslarga tayinlanadigan pensiya, AESdagi avariya tufayli nurlanishda aziyat chekgan, 20 yoshga toʻlgunga qadar umumiy kasallik tufayli ish davrida yoki ishlash toʻxtatilganidan keyin nogironligi boʻlgan shaxs deb topilgan fuqarolarga tayinlanadigan pensiya.
Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun quyidagi pensiya turlari nazarda tutilgan:
- Mehnat jarayonida jarohat olgan yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari, ish stajidan qatʼiy nazar pensiya olish huquqiga ega. Masalan, 24 yoshlik laboratoriya xodimi ish jarayonida kasb kasalligiga uchradi, yaʼni kimyoviy zaharlanish oqibatida mehnat qilish layoqatlini yo‘qotdi. Shu kunga qadar u 3 yillik ish stajiga ega bo‘lgan. Uning qisqa ish stajiga qaramay nogironlik pensiyasini olsa bo‘ladi.
- Umumiy kasallik uchun nogironlik pensiyalari nogironlik paydo boʻlgan vaqtgacha boʻlgan ish stajiga qarab belgilanadi, yaʻni:
- 23 yoshgacha, 2 yillik ish staji hisoblanadi;
- 23 yoshdan 26 yoshga qadar, 3 yillik ish staji hisoblanadi;
- 26 yoshdan 31 yoshga qadar, 5 yillik ish staji hisoblanadi;
- 31 yoshdan 36 yoshga qadar, 7 yillik ish staji hisoblanadi;
- 36 yoshdan 41 yoshga qadar, 9 yillik ish staji hisoblanadi;
- 41 yoshdan 46 yoshga qadar, 11 yillik ish staji hisoblanadi;
- 46 yoshdan 51 yoshga qadar, 14 yillik ish staji hisoblanadi;
- 51 yoshdan 56 yoshga qadar, 17 yillik ish staji hisoblanadi;
- 56 yosh va undan oshganda, 20 yillik ish staji hisoblanadi.
Toʻliq ish stajiga ega boʻlmagan umumiy kasallik tufayli nogironligi boʻlgan shaxslarga mavjud ish stajiga muvofiq nogironlik pensiyalari tayinlanadi. Masalan, kishi 27 yoshga qadar ishlab kelgan va unda umumiy kasallik tufayli nogironlik paydo boʻlgan. Nogironlik pensiyasi tayinlanayotganda uning yoshiga qarab ish staji belgilanadi, yuqorida koʻrsatib oʻtkanimizdek. Yaʻni agar u nogironligi aniqlangan paytda 27 yosh boʻlsa unga 5 yillik ish stajiga muvofiq nogironlik pensiyalari tayinlanadi.
- Oʻzbekiston Respublikasi Oliy kengashi rayosati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar mahkamasining qarori “Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ijtimoiy himoyalash” toʻgʻrisidagi qaror ilovasining 2-bandining 9 punktiga muvofiq: “Chernobil AES halokati oqibatida kasallanganligi yoki shikastlanganligi sababli qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadigan haqiqiy yetkazilgan zararni qoplaydigan miqdorda nogironlik pensiyasi tayinlanishi huquqiga ega”[3]. Chernobil AES halokati oqibatida koʻplab insonlar nurlanishdan zararlanishgan. Qonunchilki tomonidan belgilangan miqdorda AES oqibatida nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik pensiyasi belgilanadi. AES oqibatida nogironligi boʻlgan shaxslarga ham nogironligi oldinroq koʻrsatilgandek uchta guruhga boʻlinadi.
Muhim bir narsani aytib oʻtish kerakki, hozirgi qonunchilikka binoan 2011-yil 1-yanvardan boshlab nogironlikning III guruhi belgilangan shaxslarga, hatto takroriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgandan soʻng nogironlikning III guruhi belgilangan boʻlsa ham pensiya tayinlanmaydi va toʻlash toʻxtatiladi. Lekin Chernobil halokati oqibatida III guruh nogironligini olgan shaxslardan tashqari, ular nogironlik pensiyasini olishni davom ettirishadi.[4]
- 20 yoshga toʻlgunga qadar umumiy kasallik tufayli ish davrida yoki ishlash toʻxtatilganidan keyin nogironligi boʻlgan shaxs deb topilgan fuqarolarga tayinlanadigan pensiya turlari ham mavjud. Masalan, shaxs 20 yoshga toʻlgach umumiy kasallik tufayli nogironligi paydo boʻldi. Bunday hollarda fuqarolarga pensiyalar bor ish stajidan qatʻi nazar tayinlanadi.
Nogironlik pensiyasini olish uchun hujjatlarni taqdim etish tartibi?
Nogironlik pensiyasini olish uchun topshirilishi kerak boʻlgan hujjatlar roʻyxati:
- pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi ariza;
- ish stajini tasdiqlovchi hujjat;
- ish haqi toʻgʻrisidagi guvohnoma.
Agar kerak boʻlsa, ariza beruvchilardan qoʻshimcha hujjatlar talab qilinishi mumkin:
a) ariza beruvchining shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
b) arizachining yashash joyidan maʻlumotnoma (barcha oila a ʻzolari, familiyalari, ismlari va otasining ismi, tugʻilgan yili, qarindoshchilik darajasi, har bir oila aʻzosining daromadi);
c) nogironlikni tasdiqlovchi Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK) hulosasi;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «davlat pensiyalarini tayinlash va toʻ lash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorida nazarda tutilishi mumkin boʻ lgan boshqa hujjatlar.
Nogironlik pensiyasini olish uchun lozim boʻlgan hujjatlarni toʻplash kerak. Hamda bu yerda bajarilishi kerak boʻlgan umumiy protsedura bor:
- TIEK tibbiy hulosasini olish: oʻtkazilgan ekspertiza asosida nogironlik va uning guruhi mavjudligini tasdiqlovchi xulosa chiqariladi;
- pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat;
- ish staji va daromadini tasdiqlovchi hujjatlar (agar bu qayta hisoblash uchun zarur boʻlsa).
Аriza barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda qabul qilingan kun tayinlash toʼgʼrisida murojaat qilingan kun deb hisoblanadi. Nogironligi boʻlgan shaxslar pensiya olish huquqi paydo boʻlganidan keyin istalgan vaqtda murojaat qilishlari mumkin. Pensiya tayinlash toʼgʼrisidagi ariza barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda taqdim etilgandan keyin 10 kundan kechikmay koʼrib chiqiladi.
Nogironlik pensiyasining miqdori qancha?
Toʻliq stajga ega boʻlmagan nogironlik pensiyalari
- zarur ish stajiga ega boʻlmagan fuqarolarga beriladigan pensiya – oyiga 747 000 soʻm (2023 yil 1 dekabrdan 800 000 soʻm);
- mehnatga layoqatsiz deb topilgan yoki bolalikdan nogironligi bor fuqarolarga beriladigan pensiya – oyiga 747 000 soʻm (2023 yil 1 dekabrdan 800 000 soʻm);
Pensiyalarni qayta hisoblash – bu olayotgan pensiya miqdoriga yoʻki nogironlik boʻyicha pensiyaning miqdorining oʻzgarishiga taʻsir qiladigan holatlar paydo boʻlganida boʻladigan jarayon. Pensiyalarni qayta hisoblash bir necha koʻrsatkichlarga koʻra amalga oshiriladi. Masalan pensioner tomonidan pensiya miqdoriga taʻsir koʻrsatadigan hujjatlar taqdim etilgan boʻlsa, yoki nogironlik guruhi oʻzgargan boʻlsa. Pensiyalarni qayta hisoblash har ikki yilda bir martda boʻlib boʻladi. Agar I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin fuqaro 1 yil va undan koʻproq ish stajiga ega boʻlsa qayta hisoblashda fuqaroning arizasi asosida uning ish staji va ish haqi qayta hisoblashda inobatga olinadi. Va shunga qaramay, pensiyani qayta hisoblash, biz yuqorida aytib oʻtgandek, talab qilingan ish stajiga asoslanadi.
Pensionerlar pensiyani qayta hisoblash huquqi paydo boʻlganidan keyin istalgan vaqtida vakolatli organlarga murojaat qilishlari mumkin. Vakolatli organ bu har qanday aniq vazifalarni bajarish uchun vakolatlarga ega boʻlgan davlat tashkilotidir, yaʻni pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari. Pensiyani oshirish huquqi paydo boʻlgandan soʻng, pensiyani qayta hisoblash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilgan kundan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi. Shuningdek agar, aksincha, pensiya miqdorini kamaytiradigan holatlar mavjud boʻlsa, pensiyani qayta hisoblash holatlari yuzaga kelgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi.
Nogironligi boʻlgan shaxs doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyidagi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga tegishli hujjatlarni taqdim etib murojaat qilganda pensiya jamgʻarmasi hujjatlarni 10 kun ichida oʻrganib chiqadi va nogironlik pensiyasiga oʻtkazadi. Agar nogironlik vujudga kelishdan oldin fuqaro pensiya yoshiga yetib, yoshga doir pensiyani olayotgan boʻlsa va shu davrda unda nogironlik vujudga kelsa, bu holatda nogironligi boʻlgan shaxs nogironlik pensiyasiga oʻtmoqchi boʻlsa uning avvalgi ish staji hisobga olinmaydi.
Agar nogironligi bo‘lgan shaxs uzrsiz sababga ko‘ra belgilangan muddatda qayta ko‘rikdan o‘tish uchun TIEKga bormagan bo‘lsa, unga pensiya to‘lash to‘xtatib turiladi. U yana nogironligi bo‘lgan shaxs deb tan olingan taqdirda esa to‘xtatib turilgan kundan e’tiboran, lekin ko‘pi bilan bir oy oldin pensiyani to‘lash qayta tiklanadi. Mazkur tartib nogironlik nafaqalarini to’lash uchun ham qo‘llaniladi.
Nogironlik pensiyasini olishni so‘rab Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilgandan so‘ng pensiya tayinlash qaysi kundan boshlanadi?
Qonunning 47-moddasi birinchi qismi b bandiga ko‘ra, nogironlik pensiyasi — agar nogironlik belgilangan kundan e’tiboran oltmish (60) kundan kechiktirmay pensiya so‘rab murojaat etilgan bo‘lsa, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari nogironlikni belgilagan kundan e’tiboran tayinlanadi.
Murojaat qiluvchi shaxs yuqorida keltirib o‘tilgan oltmish (60) kunlik muddatni o‘tkazib yuborgan holda murojaat etsa, pensiya murojaat etilgan kundan e’tiboran tayinlanadi.
Pensiya jamg‘armasi nogironlik pensiyasini tayinlashni rad etsa qayerga shikoyat qilish mumkin?
Agar Pensiya jamg‘armasining sizga nisbatan nogironlik pensiyasini tayinlashni rad etish haqidagi qaroridan norozi bo‘lsangiz, qonun doirasida shikoyat qilishingiz mumkin. Pensiya jamg‘armasining pensiya yuzasidan qabul qilgan qarori ustidan tuman (shahar) sudiga shikoyat qilishingiz mumkin.
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati:
[1] Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʻminoti toʻgʻrisida”gi qonuni https://lex.uz/acts/-11231
[2] Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʻminoti toʻgʻrisida”gi qonuni https://lex.uz/acts/-112314
[3] Oʻzbekiston Respublikasi Oliy kengashi rayosati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar mahkamasining qarori “Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ijtimoiy himoyalash” toʻgʻrisidagi qarori https://lex.uz/ru/docs/-399485?ONDATE=08.02.2022
[4] Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori “Davlat pensiyalarini tayinlanish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash” haqida https://lex.uz/docs/-6236060#-6238981
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy kengashi rayosati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar mahkamasining qarori “Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ijtimoiy himoyalash” toʻgʻrisidagi qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori “Davlat pensiyalarini tayinlanish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash” haqida
Pensiya tizimi: Yangi davrda nimalar oʻzgardi. Islombek Umaraliyev. https://kun.uz/uz/news/2021/08/01/pensiya-tizimi-yangi-davrda-nimalar-ozgardi
Voropayeva A. Rossiya Federatsiyasida nogironlik nafaqasini hisoblash va qayta hisoblashni huquqiy tartibga solish tahlili // kasbiy taʻlimni rivojlantirishning mintaqaviy jihatlari: nazariya, metodologiya, dolzarb muammolar : xalqaro materiallar. ilmiy.- amaliyot. konf. / E. E. Jurinskaya. – Sankt-Peterburg, 2021 Yil. URL: https://elibrary.ru/item.asp?id=47328546
Milushkina E. A. Rossiyada nogiron bolalarning huquqlari va imtiyozlari // Maktabgacha va boshlangʻich taʻlim: muammolar, istiqbollar, rivojlanish yangiliklari. Surgut, 2017 yil.
Bu maqolada sen pensiya olishga boʻlgan huquqlaring haqida bilib olasan.
Nogironlik pensiyasi – bu nogironligi bor insonlar hayotini osonlashtirish uchun davlat tomonidan beriladigan pul.
Pensiya ta’minoti haqidagi qonunning 1-moddasiga ko‘ra, Oʻzbekistonda yashovchi insonlar davlat tomonidan pensiya olish huquqiga ega. [1].
Pensiya ta’minoti haqidagi qonunning 15-moddasiga ko‘ra nogironlik pensiyasi beriladigan insonlar:
- Birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor insonlar
- Chernobil AESdagi avariyada kasal bo‘lib, uchinchi guruh nogironi bo‘lganlar.
| Chernobil AES – bu Chernobildagi Atom elektr stansiyasi.
U 1986- yilda portlagan. |
Nogironlik pensiyasi 3 guruhga bo‘linadi va shunga qarab pensiya beriladi.
Pensiya Moliya Vazirligining pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari tomonidan belgilanadi.
Nogironligi bor insonlar uchun pensiya turlari:
- Sen ish payti jarohatlansang
- kasbing sabab kasal bo‘lsang
- qancha vaqt ishlagan bo‘lsang ham nogironlik pensiyasini olishing mumkin.
Masalan:
- Sen zavodda 21 yoshingdan ishlaysan.
- 24 yoshda zavodning zaharli havosi sabab kasal bo‘lding.
- Sen 3 yil ishlagansan.
- Sen kam ishlagan bo‘lsang ham nogironlik pensiyasini olishing mumkin.
Senda kasallik sabab nogironlik paydo boʻlgan vaqtgacha ishlagan vaqtingga qarab nogironlik pensiyasi beriladi.
Nogironlik pensiyasi:
- 23 yoshgacha, 2 yillik ish tajribasi hisoblanadi
- 23 yoshdan 26 yoshgacha 3 yillik ish tajribasi hisoblanadi
- 26 yoshdan 31 yoshgacha 5 yillik ish tajribasi hisoblanadi
- 31 yoshdan 36 yoshgacha 7 yillik ish tajribasi hisoblanadi
- 36 yoshdan 41 yoshgacha 9 yillik ish tajribasi hisoblanadi
- 41 yoshdan 46 yoshgacha 11 yillik ish tajribasi hisoblanadi
- 46 yoshdan 51 yoshgacha 14 yillik ish tajribasi hisoblanadi
- 51 yoshdan 56 yoshgacha 17 yillik ish tajribasi hisoblanadi
- 56 yoshdan katta bo‘lsa, 20 yillik ish tajribasi hisoblanadi.
Masalan:
- Sen 27 yoshgacha ishlagansan.
- Senda kasallik sabab nogironlik paydo boʻldi.
- Sening yoshing 27 da ekanligi sababli 5 yillik ish vaqti hisoblanadi.
Oliy kengash va Vazirlar mahkamasining qaroriga koʻra, Chernobil AES sababli kasal bo‘lgan insonlar zararni qoplaydigan miqdorda nogironlik pensiyasi olishi mumkin. [3].
Chernobil AES halokatida nurlanib zararlangan insonlarni uchta guruhga bo‘lib nafaqa beriladi:
- birinchi guruh
- ikkinchi guruh
- uchinchi guruh
- 20 yoshgacha kasallik sababli ishlamagan
- ish vaqtida yoki ish toʻxtatilganidan keyin nogiron bo‘lib qolgan insonlarga ham beriladigan pensiya turlari bor.
| Nogironlik Pensiyasini olishingda kerak boʻladigan hujjatlar:
● sening pensiya olish uchun yozgan arizang ● ishlagan vaqtingni tasdiqlovchi hujjat ● oylik haqida guvohnomang ● pasport yoki ID kartang ● nogironliging haqidagi hujjat ● yashash joyingdan ma’lumotnoma ● Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi haqida”gi qarorida yozilgan boshqa hujjatlar. |
| Yashash joyingdan ma’lumotnomada – oilangda yashaydigan barcha insonlarning:
● familiyasi ● ismi va otasining ismi ● tugʻilgan yili ● oyligi ● senga kim ekanligi yozilishi kerak. |
Sen pensiya yoshiga yetganingdan keyin kerakli hujjatlarni to‘plab, pensiya olish uchun ariza berishing mumkin.
Bergan arizang 10 kunda ko‘rib chiqiladi.
Ishlamagan insonlarning pensiyasi – oyiga 800 000 (sakkiz yuz ming) soʻm.
Ishlay olmaydigan yoki bolalikdan nogiron bo‘lgan insonlarning pensiyasi – oyiga 800 000 (sakkiz yuz ming) soʻm.
Pensiyani qayta hisoblash – senda nogironlik paydo bo‘lganidan keyin 1 yil va undan ko‘p ishlaganing uchun sening nogironlik pensiyang qayta hisoblanadi.
Sening nogironlik pensiyang qayta hisoblansa, unga qo‘shimcha pul qo‘shiladi.
Sening nogironlik pensiyang:
- ishlagan vaqting
- oylik haqidagi hujjating bilan 2 yilda 1 marta qayta hisoblanadi.
Sen pensiyani qayta hisoblash vaqti kelganida xohlagan payting pensiya jamgʻarmasi boʻlimlariga murojaat qilishing mumkin.
Masalan, sen pensiyangni ko‘paytirish uchun mart oyida ariza bergan bo‘lsang, apreldan pensiyang ko‘payadi.
Pensiyangni kamaytirish holati paydo bo‘lsa, qayta hisoblanib, keyingi oydan pensiyang kamayadi.
Sen qarilik pensiyasidan nogironlik pensiyasiga oʻtmoqchi boʻlsang, yashash joyingdagi pensiya boʻlimiga kerakli hujjatlar bilan murojaat qilishing kerak.
Pensiya jamgʻarmasi hujjatlarni 10 kunda oʻrganib chiqib, qarilik pensiyasidan nogironlik pensiyasiga oʻtkazadi.
Senda qarilik pensiyasini olayotgan payt nogironlik paydo bo‘lib nogironlik pensiyasiga oʻtmoqchi boʻlsang, sening avvalgi ishlagan vaqting hisoblanmaydi.
Sen sababsiz qayta shifokor ko‘rigidan o‘tishga bormagan bo‘lsang, nogironlik pensiyasini berish to‘xtatiladi.
Sen shifokor ko‘rigidan qayta o‘tib, nogironlik pensiyasini tiklaganingdan keyin pensiya to‘xtatilgan kunidan beriladi.
Agar pensiya jamg‘armasi senga nogironlik pensiyasi berishni rad etsa, sen sudga shikoyat qilishing mumkin.
Assalomu aleykum 2004 yilman tug’ma chap kozim kasl doimiy tekshiruvdan utib turaman va xozirda 3 grux nogironi deb utqizishmoqchi shunda menga qanday nafaqa puli beriladi yordam uchun
Assalomu alaykum.
Biz bilan telefon orqali bog’lana olasizmi? Yuristimiz sizga batafsil ma’lumot beradi.
☎️ Buning uchun +998 (55) 500-50-60 raqamiga telefon qilib, o’zingizga kerakli tilni tanlagach (o’zbek/rus), 3 raqamini bosasiz. Shundan so’ng huquqshunosimiz bilan aloqa o’rnatiladi va o’z savolingizni berishingiz mumkin.
❗️Faqat ish kunlari (dushanba-juma) soat 9:00 dan 17:00 gacha sizlarga xizmat ko‘rsatamiz.
Ногиронлигим асмам бор юрагим онг томонда нафасим кисади
Sizga qanday huquqiy maslahat kerak?
Assalomu alaykum men 2017 Armiyaga xizmatga chaqirilganman va 2018 kontrakt asosida xizmat qilmoqdamn xozirgi kungacha 2 oy boʻldi Xarbiy Gosptl da davolnya man va solgim tufayli xizmatga yaroqsiz diyshabdi menga bir xuquqiy yordam berishingizni soʻrayman oldindan rahmat
Assalomu alaykum! Agar siz nogironlik guruhiga chiqqan bo‘lsangiz va harbiy xizmatga noloyiq deb topilgan bo‘lsangiz bu masalada amaliy yordam berishimiz qiyin. Sababi, harbiy xizmat bilasiz-ki kuchli jismoniy mashqlarni talab etadigan va umumiy salomatligingiz joyida bo‘lmasa qiyin bo‘ladi. Agar tibbiy komissiya sizni harbiy xizmatga noloyiq deb topgan bo‘lsa, biz bu xulosaning natijasiga ta’sir o‘tkaza olmaymiz va nogironlik holati tasdiqlangan bo‘lsa, unda nogironlik guruhiga chiqishiga tavsiya qilamiz.
Agar siz harbiy gospitalda davolanayotgan bo‘lsangiz va tibbiy komissiya tomonidan «harbiy xizmatga yaroqsiz» deb topilgan bo‘lsangiz, bu komissiyaning rasmiy xulosasi bo‘lishi kerak. Agar norozi bo‘lsangiz, yuqori instansiyadagi tibbiy komissiyaga shikoyat qilishga.
Assalomu alaykum men Eldor Rajabov 2 guruh nogironi man Qashqadaryo viloyatida yashayman Dehqon tumanidagi kaliy zavodda 7 yildan buyon ishlab kelaman
Savolim shuki men ish joyimdan 1 yilda necha marta moddiy yordam so’rasam bo’ladi javob uchun oldindan rahmat sizlarga
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 425-moddasiga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarda boshqa xodimlar kabi huquqlarga ega, shuningdek, qonunchilikda va mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan imtiyozlardan foydalanadi. Xodimga moddiy yordam ko‘rsatishning aniq tartibi amaldagi Mehnat kodeksida belgilanmagan. Xodim uchun moddiy yordam ko‘rsatish Mehnat kodeksining 12-moddasida belgilangan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar, jumladan, jamoa shartnomasi, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda yoki o‘z vakolatlari doirasida yakka tartibda qabul qiladigan ichki hujjatlarda belgilanadi. Ish beruvchida mehnat qonunchiligiga muvofiq moddiy yordam ko‘rsatish majburiyati mavjud emas. Moddiy yordam ko‘rsatish, agarda ichki hujjatlarda belgilangan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan amalga oshirilishi shart. Agarda jamoa shartnomasida moddiy yordam ko‘rsatish belgilangan bo‘lsa Mehnat kodeksi 67-moddasiga muvofiq tashkilotning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim. Xodimlar uchun bir yil davomida moddiy yordam ko‘rsatishning aniq miqdori jamoa shartnomasida yoki boshqa ichki hujjatlarda belgilangan bo‘ladi. Xodimda Mehnat kodeksi 21-moddasiga muvofiq jamoa shartnomasi, uning bajarilishi haqida ma’lumot olish huquqi, ish beruvchida esa Mehnat kodeksi 25-moddasiga muvofiq xodimlarni ichki hujjatlar bilan imzo qo‘ydirib tanishtirish majburiyati mavjud.
Men Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashayman savolim men2chigurppadagi oʻgʻlimga qarovchi sifatida oylik olaman sentiyabir oyida 55yoshga kiraman meni pensiya olishim qanday buladi yo shu pensiya buladimi
Assalomu alaykum
Siz 55 yoshga kirganingiz munosabati bilan yoshga doir pensiya olishingiz mumkin. Hozirda qarovchi sifatida olayotgan oyligingiz bunga qo‘shilmaydi, ya’ni ham pensiyani ham ham qarovchi sifatidagi oylikni ham olaverasiz.
Sizda agar mehnat staji 20 yildan ko‘p bo‘lsa, belgilangan miqdorning 100 foizi miqdorda, agar 20 yildan kam bo‘lsa belgilangan miqdorning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda pensiya olasiz. Bunda mehnat stajini hisoblaganda, sizning qarovchi sifatidagi mehnat qilgan vaqtingiz ham hisobga olinadi.
Assalomu alaykum men 2 guruh nogironiman har yili koʻrikdan oʻtishim shartmi qanday qilib mudatsizlikga oʻtsam boʻladi
Assalomu alaykum
Nogironlik holatining muddati TIEK tomonidan aniqlanadi. Siz TIEK dan nogironlikni umrbodga tayinlashni so‘rashingiz va sog‘lig‘ingiz qayta tiklanmasligi isbotlovchi hujjatlarni taqdim qilishingiz kerak.
Nogironlik nafaqasi rad etilyapdi.Tibbiy ekspertiza xulosasi bor
Assalomu alaykum
Iltimos, https://t.me/huquqplus_bot Telegram botimiz orqali yuristimiz qabuliga yoziling. Sizga huquqiy yordam beramiz.
Assalom alekum o‘g‘lim 2018 yildan 2 gurux nogroni yuvinil rematoyit artrit 3 avgustda 18 yoshga to‘ldi 27 avgust qayta ko‘rik sanasi men endi qayerga murojat qilishim kerak qandey xujjatlar topshiraman iltimos shu savolimga javob bering
Assalomu alaykum
Iltimos, +998 (90) 358-50-60 raqamiga telefon qiling. Yuristimiz sizdagi masalani yechishda yordam beradi.
Assalom u alaykum mening qizim tug’ma yurak parogi qizim 10oylik hali aperatsiyasi qildirganim yuq yoshiga tulsa qildiraman men hozirda guruppaga utish uchun hujjat topshiryapman hozirda katta farzandim 2yosh bola puliga topshirsAm utadimi i keyin shu bolaga qarayapti deb ham pul ajratiladimi qanday imtiyozla bor menga mablag’ zarur iltimos javob bersayiz
Assalomu alaykum,
Siz parvarishlash nafaqasini olishingiz mumkin. Bizning jamoa bu mavzuda alohida maqola yozgan. Iltimos, tanishib chiqing: https://huquqplus.uz/materials/social-protection/676
Assalomu alaykum men 7-yoshimdan surunkali gepatit B D bilan har 6-oyda davolanaman guruppaga chiqsam boʻladimi menga yordam bering sharoit yoʻq
Assalomu alaykum
Siz nogironlik holatini belgilatishingiz mumkin, bunda sizdagi tibbiy holat rol o’ynaydi. Ushbu mavzuda alohida maqola yozganmiz, iltimos, shu maqola bilan tanishib chiqing: https://huquqplus.uz/materials/tibbiy-xizmatlar-va-reabilitasiya/2966