
Ijtimoiy inspeksiyaning nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay atrof-muhit yaratishdagi o‘rni qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
llyustratsiya: Nafisa Xusnitdinova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Binoga kirish joyida nogironlar aravachasidagi erkak kishi pandus oldida pastga qarab turibdi. O‘ng tomonda kostyum-shim kiygan va qo‘lida sumka va qog‘oz ushlab turgan Ijtimoiy inspeksiya xodimi yaratilgan sharoitlarni nazorat qilyapti.
Ijtimoiy inspeksiya O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi 82-sonli farmoniga muvofiq fuqarolarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko’rsatishni amalga oshiradi. Bundan maqsad Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ko’mak berishdir.
Ijtimoiy inspeksiya vazifalari qanday?
Ijtimoiy inspeksiya quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- Shaxslarning belgilangan imtiyozlardan foydalanishi;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslar qulay harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilganligi. Jumladan, bino va inshootlarda, madaniy obyektlarda, chorrahalar, yer usti yoki yer osti piyodalar o‘tish joylaridagi imkoniyatlar;
- Transport vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan jihozlar borligi va foydalanilayotganligi;
- Qulay, to‘siqsiz muhit yaratilishi bo‘yicha yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
- Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishga doir talab hamda standartlarga rioya etilishini nazorat qilish. Jumladan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchilar va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga ish o‘rinlarining eng kam soni belgilanishi va o‘qish uchun kvotalar ajratilishini nazorat qilish;
- Shaxslarni parasport turlariga jalb qilinishini nazorat qilish;
- Keng jamoatchilik o‘rtasida axborot-tushuntirish va targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish. Bunda tadbirlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini muhofaza qilish zaruriyati, talab va shartlari to‘g‘risida bo’ladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va inklyuziv muhit yaratishda mavjud infratuzilma holatini yaxshilashdagi vazifalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi qaroriga ko’ra, 2024-yil 1-oktabrdan boshlab Ijtimoiy inspeksiyaga quyidagi vakolatlar berildi:
- O‘rganish o‘tkazish davomida barcha nazorat obyektlariga moneliksiz kirish;
- Tashkilotlar, jamoat transport vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan sharoitlarning yaratilganligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazish;
- Qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida mansabdor shaxslarga yozma ogohlantirish kiritish;
- Vazirlik va idoralarga o‘z vakolatlari doirasida bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish.
2025-yil 1-yanvardan inspeksiyaning vakolati quyidagicha kengayishi mumkin:
- Nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatlanishida imkoniyatlar yaratmaganligi uchun ma’muriy jazo choralarini qo‘llash;
- Obyektlarda nogironligi bor shaxslarning harakatlanishi qulay ekanligini aniqlashda majburiy ekspertizadan o’tkazgan yoki o‘tkazmaganligini tekshirish. Ekspertiza o’tkazilmagan holatlarda taqdimnoma kiritish. Taqdimnoma tashkilotning litsenziyasini bekor qilish mazmunida ushbu vakolatga ega organga kiritilishi mumkin.
Inspeksiya nazorat tadbirlarini o’tkazish vakolatiga egami?
2025-yil 1-yanvardan inspeksiya 24 soat ichida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilish orqali quyidagilarni nazorat qiladi:
- bino va inshootlarning yo’l va yo’l obyektlari,
- jamoat transporti vositalari,
- aeroportlar,
- temir yo‘l vokzallari.
Bunda, albatta, inspeksiya 24 soat ichida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilishi kerak.
Ijtimoiy inspeksiya turar joy obyektlaridan tashqari, barcha tekshirish o’tkazgan joylarida maxsus belgilar qoldiradi. Maxsus belgilar nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqlarsiz harakatlanishi imkoniyati mavjudligini anglatadi.
Bunda obyektlarni ushbu maxsus belgilar bilan jihozlash Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy inspeksiyaga qanday qilib bog’lansa bo’ladi?
Inspeksiyaning hududlardagi manzili quyidagicha:
- Toshkent shahrida: Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Nurxon ko’chasi, 21-uy;
- Qoraqalpog’iston Respublikasida: Nukus tumani, A.Dosnazarov ko‘chasi, 97a-uy;
- Xorazm viloyatida: Urganch shahri, Paxlavon Mahmud ko‘chasi 13/1-uy;
- Farg’ona viloyatida: Farg‘ona shahar, Al-Farg‘oniy ko‘chasi, 43 uy;
- Toshkent viloyatida: Toshkent shahar, Bektemir tumani, Yangihayot MFY, Bektemir ko‘chasi 44-uy;
- Sirdaryo viloyatida: Guliston shahar, Taraqqayot mahallasi, A.Navoiy ko‘chasi, 43-uy;
- Surxondaryo viloyatda: Termiz shahar, Navbahor ko‘chasi 23b-uy;
- Samarqand viloyatida: Samarqand shahri, Ro‘dakiy ko‘chasi 174-uy;
- Navoiy viloyatida: Navoiy shahar, S.Ayniy ko‘chasi 85-uy;
- Qashqadaryo viloyatida: Qarshi shahar, “Shodlik” MFY, Mustaqillik ko‘chasi 21 uy “IT park” binosi 2 qavat;
- Jizzax viloyatida: Jizzax shahar, A.Navoiy shox ko‘chasi, 4 uy;
- Buxoro viloyatida: Buxoro shahar, Hofiz Tanish Buxoriy ko‘chasi 25 uy.
Shuningdek, inspeksiya bilan quyidagilar orqali ham bog’lanishingiz mumkin:
Ijtimoiy inspeksiya telefon raqami: +998 71 207 97 98
Elektron pochta manzili: info@i-inspeksiya.uz
Ijtimoiy inspeksiyaning www.ijtimoiyinspeksiya.uz sayti orqali fuqarolar onlayn taklif va shikoyatlarini bildirishlari mumkin.
Foydalanilgan manbalar:
- O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2023-yil 1-iyundagi 82-sonli farmoni https://lex.uz/uz/docs/-6738301
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori https://www.lex.uz/uz/docs/-7027440
- www.ijtimoiyinspeksiya.uz
Men 2guruh nogironiman shu nogironlik tugrisidagi qogozimni qanday qilib elektron varyantini topsam buladi
Assalomu alaykum
Afsuski, hozir bunday imkoniyat mavjudligidan xabarimiz yo‘q. Siz nogironlik to‘g‘risidagi guvohnomani olish yoki tiklatish uchun o‘zingiz shu guvohnomani olgan TIEK ga murojaat qiling.