
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishida ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlari
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlari nimalardan iborat?
Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironlik aravachasida o‘tirgan, qizil ko‘ylak kiygan ayol zina oldida tepaga chiqa olmasdan qarab turibdi.
Ijtimoiy infratuzilma obyektlari – bu turar joylar, jamoat va ishlab chiqarish binolari, imoratlar va inshootlar, sog‘liqni saqlash va sport obyektlari, madaniy-tomosha muassasalari hamda boshqa muassasalardir.
O‘zbekiston Respublikasi 641-sonli qonunining 23-moddasiga asosan, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning, shu jumladan o‘rindiqli aravachalardan foydalanuvchi shaxslarning barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlariga moneliksiz kirishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shartligi belgilangan.
Agarda bino xususiy bo‘lsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari inobatga olinib qurilishi shartmi?
Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, jamoat binolari hamda inshootlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini inobatga olingan holda amalga oshirilishi kerak. Ya’ni zinalardan tashqari, liftlar va maxsus aravachalar harakatlanishi uchun yo‘lakchalar tashkil etilishi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida hojatxonalar qurilishi va boshqalar hisobga olinishi lozim.
Jamoat binolarini loyihalashtirishda yana nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Jamoat binolari hamda inshootlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish chog‘ida nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun avtotransport saqlash joylarini maqbul miqdorda hamda o‘lchamda barpo etish bo‘yicha choralar nazarda tutilishi kerak. Uy-joylar va ijtimoiy infratuzilma obyektlarida liftlarni sotib olish hamda o‘rnatish chog‘ida, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar (xususiy yoki davlat tashkiloti) liftlarning nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha toifalari uchun qulay bo‘lishini va ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashi shart.
Eslatma! Nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish qurilish loyihalarining majburiy qismidir. Ya’ni qurilish-arxitektura loyihalarini amalga oshirish nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratish nazarda tutilmagan holda amalga oshirish mumkin emas.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat transport vositalari va yo‘l infratuzilmalaridan foydalanishdagi huquqlari nimalardan iborat?
Aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar (tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar) tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari ishtirokida quyidagi choralarni ko‘rishi lozim:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratish uchun jamoat transporti maxsus vositalar bilan jihozlanishi, shu jumladan alohida joylar jihozlanishi, eshitish qobiliyati zaif bo‘lganlar uchun axborot tablolari o‘rnatilishi hamda bekatlar ovozli tarzda e’lon qilinishi lozim;
- shahar va qishloq jamoat transporti vositalarining yo‘nalishlari hamda ko‘rsatkichlari keskin farqlanuvchi rangdagi yirik harflar bilan tasvirlanishi kerak;
- yo‘lovchi poyezdlarining vagonlari maxsus o‘rinlar va perronlar, temir yo‘l vokzallari maxsus mexanik panduslar bilan jihozlanishini lozim;
- to‘xtash maydonchalarini shaharsozlik normalari va qoidalarini hisobga olgan holda jihozlash, shu jumladan ularga panduslar va tutqichlar o‘rnatish, transport vositasining kirish eshiklari oldidagi maydonchalarda taktil qoplamalarini qo‘llash, shuningdek elektron axborot tablolarini o‘rnatish kerak;
- piyodalar o‘tish joylari va chorrahalarini, ko‘chalar hamda umumiy foydalanishdagi yo‘llarni nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga muvofiq moslashtirish choralarini ko‘rish lozim;
- chorrahalarda tovushli va vizual signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish lozim;
- aeroportlarda va aerovokzallarda, yirik temir yo‘l stansiyalarida, shuningdek metroda nogironligi bo‘lgan shaxslarni transport vositalarigacha kuzatib qo‘yish choralarini ko‘rish lozim.
Bundan tashqari, mahalliy transport ishlab chiqaruvchi zavodlar transport ishlab chiqarishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning qulayliklarini inobatga olishlari lozim.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mehmonxona xonalari qulayligi qanday bo‘lishi lozim?
Mehmonxonalarning mulkdorlari umumiy xonalar fondining kamida bitta xonasini o‘rindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlashi (eshiklar eniga 0.9 metr), shuningdek eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning tegishli ehtiyojlariga muvofiq e’lonlar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilishini ta’minlashi shart.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniy hayot va sport bilan shug‘ullanishda huquqlari nimalardan iborat?
Teatrlar, muzeylar, kinoteatrlar, axborot-kutubxona muassasalari va axborot-resurs markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun qulay bo‘lishi kerak.
Davlat mulki bo‘lgan sport obyektlari va inshootlarining sport zallari hamda xonalari nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun bepul asosda taqdim etiladi.
Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, nodavlat va davlat tashkilotlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport inshootlari, dam olish va turistik obyektlardan foydalanishini, jumladan bepul asosda foydalanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilishda qanday qulayliklar yaratib berilishi lozim?
Faksimil imzo — sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra (ko‘rishning buzilishi, qo‘l-oyoqlar yo‘qligi, harakatlarni muvofiqlashtirishning buzilishi, falajlik) o‘z qo‘li bilan imzo qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmagan nogironligi bo‘lgan shaxsning imzosi o‘rnini bosadigan maxsus tayyorlangan shtamp (klishe).
O‘zbekiston Respublikasining 641-sonli qonunining 28-moddasiga ko‘ra, davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatlar (arizalar, shikoyatlar, takliflar) bilan kirishi uchun quyidagilar vositasida zarur shart-sharoitlar yaratishi shart:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hollarda surdotarjima xizmatlarini ko‘rsatish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan o‘z murojaatini imzolash uchun faksimil imzodan foydalanish.
Hech kim faksimil imzodan foydalanishi munosabati bilan o‘z fuqarolik huquqlarini amalga oshirishda cheklanishi mumkin emas va faksimil imzo nogironligi bo‘lgan shaxsning an’anaviy imzosiga tenglashtiriladi.
Qanday holatlarda eshitish va nutqi bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun surdotarjimon xizmatlari ko‘rsatiladi?
- tergov harakatlarini amalga oshirishda yoki jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud jarayonlarida ishtirok etish chog‘ida;
- hujjatlarni yoki bitimlarni notarial tartibda rasmiylashtirishda;
- avtomobilni boshqarish ko‘nikmalariga yoki kompyuter savodxonligiga o‘qish chog‘ida va boshqa zarur hollarda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishida ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlari buzilsa yoki yetarlicha sharoit yaratib berilmasa javobgarlik bormi?
Ushbu holatda ma’muriyat rahbari (mulkdori) yoki u vakolat bergan ma’muriyatning ushbu soha bo‘yicha mas’ul xodimi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 511-moddasiga muvofiq, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda (4 million 120 ming so‘mdan 6 million 180 ming so‘mgacha) jarimaga tortilishi mumkin.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar erkin harakatlanishida ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlarini buzilsa, qayerga murojaat qilishlari lozim?
Yuqoridagi holatlar kuzatilganda, siz ma’muriyat joylashgan hududdagi tuman shahar hokimliklariga, ijtimoiy himoya milliy agentligi “Inson” markazlariga yoki “O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi”ga og‘zaki yoxud yozma tarzda shikoyat qilishingiz mumkin (shikoyat xati ilova qilinmoqda). Ular mavjud muammoni o‘rgangan holda, noqulayliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Ilova:
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;
- O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 15-oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi 641-sonli qonuni;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-martdagi 183-sonli “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalaridan foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori.
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlarning erkin harakatlanishida ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan foydalanish huquqlari haqida bilib olasan.
Ijtimoiy infratuzilma obyektlari – bu hamma turdagi nogironligi bor insonlar hayoti davomida foydalanadigan barcha binolar.
641-sonli qonunning 23-moddasiga ko‘ra:
- davlat tashkilotlari
- davlat hokimiyati
- barcha tashkilotlar sen harakatlanishing uchun hamma binolarda sharoit yaratishi shart.
Xususiy va davlat binolari nogironligi bor insonlar uchun moslab qurilishi shart.
Binolarda zinalardan tashqari, liftlar va nogironlik aravachasi uchun yo‘lakchalar nogironligi bor insonlar uchun qulay qilib qurilishi kerak.
Binolarda nogironligi bor insonlar uchun alohida hojatxonalar qurilishi kerak.
Ko‘pchilik foydalanadigan binolarni qurish va ta’mirlashda nogironligi bor insonlar mashinasini qo‘yishi uchun joy yetarli o‘lchamda bo‘lishi kerak.
Transport xizmatini tashkil qiluvchi tashkilotlar nogironligi bor insonlar uchun qulay sharoit yaratishi kerak.
Masalan:
|
Jamoat transporti – bu insonlar foydalanadigan
- avtobus
- tramvay
- metro
- taksi
- poyezd
- samolyotlar.
Transport ishlab chiqaruvchi zavodlar nogironligi bor insonlar qulayligini hisobga olishi kerak.
Mehmonxonada kamida bitta xona nogironlik aravachasidan foydalanadigan inson uchun qulay jihozlangan bo‘lishi kerak.
Eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor insonlar uchun mehmonxonalarda e’lonlar uchun ekran va ovozli qurilmalar bo‘lishi kerak.
- Teatr
- muzey
- kinoteatr
- kutubxona
- bog‘larda nogironligi bor insonlar uchun qulay sharoit bo‘lishi kerak.
Davlatga qarashli sport binolari va sport zallari nogironligi bor insonlar uchun bepul bo‘lishi kerak.
Xususiy va davlat tashkilotlari nogironligi bor insonlar:
- sport binolari
- dam olish binolari
- turistik binolardan bepul foydalanishi uchun sharoit yaratadi.
641-sonli qarorning 28-moddasiga ko‘ra, davlat tashkilotlari va rahbarlar:
- sen o‘z huquqlaringni himoya qilishing kerak bo‘lgan vaqtda seni imo-ishora tarjimoni bilan ta’minlashi kerak
- sen sog‘liging sabab qo‘lda imzo qo‘yolmasang maxsus tayyorlangan imzoyingdan foydalanishingga sharoit yaratishi kerak.
Eshitish va gapirishda nogironligi bor insonlarga imo-ishora tarjimoni ajratiladigan holatlar:
- tergovida
- sudda
- hujjatlarni rasmiylashtirishda
- avtomashina haydashni o‘rganishda
- kompyuterni o‘rganish kursida o‘qiganda va boshqa zarur hollarda.
Binolarda sen uchun qulay sharoit yaratilmagan bo‘lsa, bino rahbari:
- Bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga to‘lashi mumkin.
Binolarda sen uchun qulaylik yaratilmagan bo‘lsa, sen:
- bino joylashgan joydagi tuman shahar hokimiyatiga
- “Inson” ijtimoiy markazlariga
- “O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi”ga og‘zaki yoki yozma shikoyat qilishing mumkin.
Assalomu aleykum qaynanam nogiron bir oyog’i yuq shunga subsiyda beriladimi nogironlarga berileptiku hozirda
Vaalaykum assalom! Siz nima uchun subsidiya olmoqchisiz? Chunki subsidiya turlari ko‘p va ularning turlari haqida quyidagi havolaga bosib batafsil bilib olishingiz mumkin: https://huquqplus.uz/tag/subsidiya