
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ish joylarini moslashtirish uchun tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratish tartibi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Dilmurod Yusupov
llyustratsiya: Nafisa Xusnitdinova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Katta harflar bilan «ISHXONA» deb yozilgan binoga kirishda zinalar tasvirlangan. Binoning chap tarafida nogironlar uchun pandus tasvirlangan va uning ustida pul tutqazayotgan qo‘l tasvirlangan.
Ushbu maqolada tadbirkorlik subyektlari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish joylarini va sharoitlarini moslashtirish uchun xarajatlarni qoplashga subsidiya olish tartibi haqida bilib oladilar.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish joyini va sharoitlarini moslashtirish nima?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ish joyi – ularning imkoniyatlariga moslashtirilgan, xavfsiz va maxsus uskunalar bilan jihozlangan mehnat joyi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mehnat sharoiti – ularning salomatligi va ish qobiliyatiga moslashgan, qulay va samarali mehnat qilishga imkon beruvchi ish muhiti.
Nogironligi bo’lgan shaxslar uchun ish joylarini moslashtirish bo’yicha asosiy tavsiyalarni «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-avgustdagi 486-son qarorida topish mumkin. Ushbu qarorda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish joylarini tashkil etishda quyidagi tavsiyalar berilgan:
- Ish joyining ergonomik dizayni – nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xonalarni va ish muhitini ergonomik jihatdan moslashtirish.
- Maxsus mehnat sharoitlarini yaratish – nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga mos keladigan ish joylari va uskunalar bilan ta’minlash.
- Jismoniy va texnikaviy moslashuv – ish joylarida qulay o‘rindiqlar, nogironlar aravachasini ishlatishga imkon beradigan sharoitlar yaratish.
- Kompyuter va dasturiy ta’minot – ko‘rish yoki eshitish imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun maxsus texnologiyalar va dasturiy ta’minotlar taqdim etish.
Ish o‘rinlari va sharoitlari har bir ishchining nogironlik holatidan kelib chiqib moslashtirilishi kerak.
Masalan: ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kompyuter operatorligi ish o‘rnini moslashtirishda ish joyining yorug‘ligi, zarur dasturiy ta’minotlar bilan jihozlangan kompyuter texnikasi va boshqa moslashtirishlar ta’minlanishi kerak. Jismoniy nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun esa ish beruvchi qulay o‘rindiq taqdim etishi, shuningdek, nogironlar aravachasi yordamida mustaqil harakatlanish uchun zarur sharoitlarni yaratishi lozim.

Ishchilarning nogironlik holatiga qarab ish o‘rinlarini moslashtirish bo‘yicha tavsiyalarni Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» nogironlar jamoat birlashmasining Ish beruvchilarga inklyuziv ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amaliy qo‘llanmasidan topishingiz mumkin. Qo‘llanmani yuklab olib, batafsil tanishishingiz mumkin.
Subsidiya qanday tartibda ajratiladi?
Ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun subsidiyalar Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ajratiladi. Subsidiyani olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxsni rasmiy ishga qabul qilgan bo‘lishingiz va uning ehtiyojlaridan kelib chiqib ish o‘rnini va sharoitlarni moslashtirishingiz kerak. Ya’ni ish beruvchi birinchi xarajatlarni amalga oshirishganidan so‘ng, subsidiyaga ariza topshirishi mumkin.
Shundan so‘ng 1-ilovada keltirilgan ariza shakliga muvofiq ish beruvchi, ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxsga moslashtirganligi uchun subsidiya ajratishni so‘rab tegishli hududdagi ABKMga (kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi) yozma ravishda murojaat qiladi. Murojaatda tashkilotga ishga qabul qilingan nogironligi bo‘lgan shaxslarning:
- Familiya, ismi, sharifi
- ular band bo‘lgan ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari yuzasidan davlat ekspertizasi xulosasi,
- ish joylarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun sarflangan xarajatlar miqdori to‘g‘risida ma’lumot
- tashkilotning subsidiya to‘lab berilishi lozim bo‘lgan hisob raqami ko‘rsatiladi
- nogironligi bo‘lgan shaxsning ishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyruq nusxasi ilova qilinadi.
Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga (ABKM) yuborilgan ariza va ilova qilingan barcha hujjatlarni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limining mas’ul xodimi 3 ish kuni ichida murojaatda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va to‘liqligi, barcha hujjatlarning taqdim etilganligi hamda yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilmaganligini o‘rganib chiqadi. O‘rganishlar jarayonida o‘rganish dalolatnomasi tuziladi va rasmiylashtiriladi. O‘rganish dalolatnomasi bilan 4-ilova orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Kambag’allikni qisqartirish va bandlik bo’limining mas’ul xodimi tomonidan o‘rganish natijalariga ko‘ra murojaatda ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘g‘ri va to‘liq, barcha hujjatlar taqdim etilgan hamda yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilmagan deb topilganda, murojaat qilgan tashkilotga ABKM rahbarining buyrug‘i rasmiylashtiriladi va bu haqida murojaat qilgan tashkilotga xabar beriladi.
ABKM (kambag’allikni qisqartirish va bandlik bo’limi)ning mas’ul xodimi tomonidan o‘rganish natijalariga ko‘ra, murojaatda ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘g‘ri va to‘liq bo‘lmaganda yoki barcha hujjatlar taqdim etilmagan yoxud yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan deb topilganda, murojaat qilgan tashkilotga subsidiya ajratishni rad etish haqidagi asoslantirilgan xat yuboriladi.
Hududiy ABKM rahbarining subsidiya ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingandan keyin ABKMning mas’ul xodimi 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan buyruqda belgilangan pul mablag‘larini murojaat qilgan tashkilotning murojaatida ko‘rsatilgan hisob raqamiga elektron shaklda o‘tkazadi.
Nogironligi bo’lgan shaxslar band bo‘lgan ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari yuzasidan davlat ekspertizasi xulosasi nima va uni qanday olsa bo’ladi?
Xodimlar mehnatini muhofaza qilish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.09.2014 yildagi 263-son qaroriga ko‘ra, ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Attestatsiya – fuqarolarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normalar, qoidalar va yo‘riqnomalar talablariga javob beradigan sog‘lig‘i va mehnatning xavfsiz shart-sharoitlariga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish maqsadida ish o‘rinlaridagi mehnat sharoitlarini baholash hamda noqulay, zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarini aniqlash uchun o‘tkaziladi.
Ushbu qarordan kelib chiqib, ish beruvchi nogironligi bo‘lgan shaxs uchun moslashtirgan ish o‘rnini attestatsiyadan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Attestatsiyani o‘tkazish uchun ish beruvchi qonunchilik bo‘yicha tegishli talablarga javob beradigan tashkilotlarni jalb qiladi. Ular yordamida nogironligi bo‘lgan shaxs uchun moslashtirilgan ish o‘rni attestatsiyadan o‘tkaziladi. Ish o‘rni attestatsiyadan o‘tkazilganligi to‘g‘risida davlat ekspertiza xulosasi namunasi bilan 2-ilovada tanishishingiz mumkin.
Ish joylarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun sarflangan xarajatlar miqdori to‘g‘risida ma’lumotni shakllantirish namunasi bilan 3-ilova orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Subsidiya qancha miqdorda ajratiladi?
Subsidiya tadbirkorlik subyektlariga har bir nogironligi bo’lgan shaxsga ish o’rnini moslashtirgani uchun Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 40 baravaridan oshmagan holda (2025-yil holatiga ko’ra: 16 480 000 so’mgacha) ajratiladi.
Eslatma! O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevral PQ-64-sonli qaroriga muvofiq bir qancha subsidiyalar maqbullashtirildi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul xodimi ma’lumotiga ko‘ra, qarorda 12 turdagi subsidiyalar qolgan bo‘lib, ularni ham hozircha ajratish tartibi tasdiqlanmagan. Shu sababli ushu subsidiyani olishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin.
Ilovalar:
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 31.08.2022 yildagi 486-son Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida https://lex.uz/ru/docs/-6179643#-6180150
- O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘i, 31.05.2019 yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 3163 O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 31-mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3163] https://lex.uz/docs/-4358964
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 15.09.2014 yildagi 263-son Xodimlar mehnatini muhofaza qilish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida https://lex.uz/ru/docs/-2463973#-2464068
- Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 14.02.2025 yildagi PQ-64-son qarori, https://lex.uz/docs/-7386982
Barcha qarorlar to’g’ri ammo chekka tumanlarda bu o’z isbotini topmayapti ushbu qaror va qonunlarni ular yo tushunmaydi yoki aksincha ko’z yumadi
Assalomu alaykum
Sizda qanday huquqiy savollar bor? Agar bo‘lsa savolingizni yozib qoldirishingiz mumkin.
sevaratoshboyva3@gmail.com
Sizga qanday yordam bera olamiz? Iltimos, savolingizni bitta xabarda batafsil qoldiring.