
Nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilishni rasmiylashtirish tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Koʻk koʻylak kiygan tikuvchi ayol nogironlar aravachasida oʻtirgan holda tikuv mashinasida kiyim tikmoqda.
Hozirgi kunda nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilishda ish beruvchilar tomonidan ushbu shaxsga berilgan imtiyozlarni hisobga olmasdan mehnat shartnomasi tuzish orqali xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻyish hollari uchrab turibdi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar bilan mehnat shartnomasini rasmiylashtirishda eʻtibor qaratilishi kerak boʻlgan jihatlar bu:
Mehnat shartnomasini rasmiylashtirish
Mehnat qonunchiligida nogironligi boʻlgan xodimni rasman ishga qabul qilish tartibi, boshqa fuqarolarni ishga qabul qilish tartibidan farq qilmaydi. Faqat bunda alohida jihat shuki, ushbu shaxslar uchun qonunchilikda alohida imtiyozlar belgilangan. Ushbu imtiyozlardan foydalanish uchun, xodim ish beruvchiga barcha hujjatlar bilan bir qatorda nogironlik ma’lumotnomasini ham taqdim etishi lozim. Ayni usha hujjat asosida ish beruvchilar ushbu shaxsning mehnat qonunchiligida belgilangan imtiyozlardan foydalanishlarini ta’minlaydi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar va boshqa fuqarolar bilan tuziladigan mehnat shartnomasi muayyan muddatga (3 yilgacha bo’lgan davr uchun) va nomuayyan muddatga tuzilishi mumkin. Muayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi tuzish tartibi qonunchilikda belgilangan boʻlib, alohida hollarda tuziladi. Shuningdek ish beruvchi va xodimning oʻzaro kelishuvi asosida muayyan muddatga tuzilishi mumkin. Muddat tugagach qonunchilikka asosan mehnat shartnomasi bekor boʻladi. Boshqa hollarda mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuziladi va mazkur shartnomani qonunda belgilangan tartiblardan tashqari ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu oʻz navbatida nogironligi bo’lgan xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.
Sinov muddati
Mehnat shartnomasida sinov muddati belgilanishi mumkin. Ushbu muddatni belgilashdan asosiy maqsad – bu ishga kirayotgan xodimning ishga muvofiqligini tekshirish va xodimga ham mazkur ish oʻrnida ishlashni davom ettirish bo’yicha qaror qabul qilishi uchun vaqt berishdir. Mehnat kodeksi 130-moddasiga asosan sinov muddati 3 oygacha, tashkilot rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari va bosh buxgalterlar uchun 6 oygacha belgilanishi mumkin. Quyidagi hollarda sinov muddati belgilanmaydi:
- Agar aholining ijtimoiy ehtiyojmant toifalaridan boʻlgan shaxslar bandlik organlari tomonidan zaxira ish oʻrinlariga yoʻnaltirilgan boʻlsa;
- Homilador ayol, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayol yoki uch yoshga toʻlmagan bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan ota (vasiy);
- Davlat grantlari asosida oʻqigan va oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch oy ichida yoʻllanma boʻyicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari;
- Tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran bir yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi boʻyicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari;
- Oʻzi bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;
- Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar;
- Ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar bo‘yicha bekor qilgan boʻlsa, oʻsha shaxslar;
- Ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi boʻyicha ushbu ish beruvchida oʻqishni oʻtagan oʻquvchilar;
- Ichki lokal hujjatlarda belgilangan xodimlar.
Yuqorida keltirib oʻtilgan holatlar mavjud boʻlmagan taqdirda nogironligi bo’lgan xodim uchun ham sinov muddati belgilanishi mumkin. Sinov davrida xodimga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik toʻliq tadbiq etiladi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim haqiqatda ishda boʻlmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qoʻshilmaydi.
Ish vaqti
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi (MK) 427-moddasiga binoan I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlari uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga 36 soatdan oshmasligi belgilangan boʻlib, bunda olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soatu oʻttiz daqiqadan ortib ketmasligi kerak va bunda nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻlanadigan ish haqi shu lavozimda mehnat qilayotgan boshqa xodimlar bilan bir xil miqdorda toʻlab beriladi. Lekin amalda tuziladigan mehnat shartnomalarida shaxsning nogironligi inobatga olinsa ham haftasiga 40 soat va undan koʻp boʻlgan ish vaqti bilan belgilangan mehnat shartnomalari koʻp uchrayapti.
Xodimlarni xizmat safariga yuborishning, ish vaqtidan tashqari ishlarga, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishning oʻziga xos xususiyatlari mavjud boʻlib, nogironligi boʻlgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, faqat xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan boʻlsa yoʻl qoʻyiladi. Ya’ni nogironligi boʻlgan shaxslar ham ish vaqtidan tashqari ishlashlari mumkin. Ishdan tashqari bo’lgan davr uchun ish haqqini toʻlash mehnat qonunchiligi bilan belgilanadi.
Masalan: Nogironligi boʻlgan shaxs ishga qabul qilindi ammo uning mehnat shartnomasi odatiy haftasiga 40 soatlik ish vaqti bilan rasmiylashtirildi. Bunda nogironligi boʻlgan xodim ish beruvchiga (yoki kadrlar boʻlimi orqali) belgilangan tartibda yozma ariza bilan murojaat qilishi kerak. (ariza namunasi 1-ilovada)
Agar shunda ham ish beruvchi xodimning talabini qanoatlantirmasa belgilangan tartibda vakolatli organlarga yoki nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bilan shugʻullanuvchi NNTlarga (quyidagi havolada NNTlar roʻyxati https://advice.uz/uz/document/2428 ) va fuqarolik sudiga murojaat qilishi lozim. (Sudga daʻvo arizasi namunasi 2-ilovada)
Mehnat taʻtili
MK ning 218 va 429-moddalarida belgilangan tartibga koʻra ish beruvchi I yoki II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga har yili 30 kalendar kundan iborat taʻtil berishga majbur va ushbu taʻtildan xodim yilning oʻziga qulay boʻlgan davrida foydalanish huquqiga ega. Bunda MK ning 227-moddasiga koʻra I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar ishga kirgandan keyin olti oy oʻtmasdan yillik mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin. Bundan tashqari agar nogironligi boʻlgan shaxslar noqulay yoki ogʻirroq mehnat sharoitida faoliyat olib borayotgan boʻlsa ish beruvchi boshqa qoʻshimcha taʻtillarni berishga ham majbur (MK 481, 483-moddalar)
Masalan: Agar nogironligi boʻlgan xodim avgust oyida taʻtil (isteʻmolda отпуск) olmoqchi boʻldi lekin ish beruvchi (u ishlayotgan tashkilot) taʻtillar jadvalida xodimning navbati kelmagani uchun taʻtil berilishini rad etsa yoki nogironligi boʻlgan xodimning ishga qabul qilinganiga hali olti oy toʻlmagani uchun rad etgan taqdirda ham nogironligi boʻlgan xodim yuqorida koʻrsatilgan moddalarga tayanib avval ish beruvchiga (ariza namunasi 3-ilovada), agar yetarli chora koʻrilmasa sudga murojaat qilishi lozim.
Mehnat sharoitlari va tibbiy koʻrikdan oʻtish
Avvalo ish beruvchi nogironligi boʻlgan shaxsni ishga olishda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalari asosida tegishli mehnat sharoitlarini yaratib berishi kerak.
Ish beruvchi I yoki II guruh nogironligi boʻlgan xodimni ishga qabul qilishda daslabki tarzda va har yili majburiy tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi tashkil qilishi lozim. Bundan tashqari MK 360-moddasiga koʻra mehnat faoliyati davomida nogironligi boʻlgan shaxslarni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.
Agarda ushbu holatlar inobatga olinmagan holda mehnat shartnomasi tuzilgan boʻlsa qoʻshimcha kelishuv asosida mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritilishi lozim.
Masalan: Mehnat shartnomasi nogironligi boʻlgan shaxs bilan tuzilayotganda yuqoridagi jihatlar inobatga olinmadi yoki xodim ishga kirgandan soʻng nogironlik toʻgʻrisida maʻlumotnomaga ega boʻldi. Bunda eski mehnat shartnomasini bekor qilib, yana yangi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish shart emas. Eski mehnat shartnomasidagi mavjud bandlarni qoʻshimcha kelishuv orqali oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish kifoya. (Kelishuv 4-ilovada)
Nogironligi boʻlgan shaxs bilan mehnat shartnomasini (shartnoma namunasi 5-ilovada) rasmiylashtirilishida yuqoridagi va qonunchilikda belgilangan boshqa jihatlarga eʻtibor berilishi nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlari himoya qilinishi bilan bir qatorda, ish samaradorligiga ham sezilarli taʻsir etmay qolmaydi.
Shu va boshqa holatlar yuzasidan www.huquqplus.uz portal orqali mutaxasislar bilan bogʻlanishingiz mumkin.
Ilovalar:
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
- Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266707
- Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi https://lex.uz/docs/-3517337
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlarni ishga qabul qilish tartibi haqida bilib olasan.
Senda nogironlik bor va sen ishga kirmoqchisan.
Rahbar sening imtiyozlaringni bilishi va senga kerakli sharoitni yaratib berishi kerak.
Imtiyoz – bu nogironligi bor inson uchun yaratilgan barcha qulayliklar.
Masalan: sen kamroq soat ishlashing, ko‘proq ta’til olishing va dam olishing mumkin.
Mehnat shartnomasi – bu ishlash uchun rahbar va ishchi kelishuvi.
Shartnoma – bu kelishuv.
Sen ishlashing uchun rahbarga nogironlik hujjatini berishing kerak.
Sinov muddati – bu seni ishda qanday ishlashingni bilish uchun rahbar senga biroz vaqt ishlab ko‘rishingga imkon berishi.
Mehnat haqidagi qonunning 130-moddasiga ko‘ra sinov muddati:
- oddiy ishchilarga 3 oy;
- rahbar va ularning yordamchilariga 6 oy;
- hisobchiga 6 oy belgilanadi.
Sen sinov vaqtida har doim ishlaydigan ishchilar bilan bir xil imkoniyat va majburiyatga egasan.
Sen biroz vaqt ishlay olmagan yoki ishga kelmagan kuning sinov vaqtiga qo‘shilmaydi.
Sen 1 haftada 36 (o‘ttiz olti) soatgacha ishlashing kerak.
1 kunda 7 soat ishlasang, 5 kun (dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma) ishlashing mumkin.
1 kunda 6 soat ishlasang, 6 kun (dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma, shanba) ishlashing mumkin.
Sening ish vaqting 36 soatdan ko‘p bo‘lsa,
birinchi rahbarga, keyin sudga ish soatim ko‘p deb ariza yozishing kerak.
Sud – bu sening huquqingni himoya qiluvchi tashkilot.
Ariza – bu huquqingni himoya qilish uchun yozishing kerak bo‘lgan hujjat.
Senda imtiyozlar bo‘lsa ham oylik hamma ishchilar kabi to‘lanadi.
Sen o‘z roziliging bilan:
- kechasi ishlasang;
- dam olish kuni ishlasang;
biror joyga ish bilan yuborilsang, senga qo‘shimcha oylik beriladi.
Mehnat ta’tili bu – ishdan bo‘shamasdan biroz vaqt dam olish.
Mehnat qilish haqidagi qonunning 218 va 429-moddalaridan foydalanib:
Sen 1 yilda 1 marta 30 kun xohlagan vaqtda (qish, bahor, yoz, kuz) dam olishing mumkin.
Mehnat qilish haqidagi qonunning 227-moddasiga ko‘ra:
senda birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lsa, 6 oy ishlamay turib 30 kun dam olishing mumkin.
Sen qiyin ishda ishlasang qo‘shimcha dam olishing uchun ruxsat beriladi.
Senga rahbar ishlayotganingga 6 oy bo‘lmagani uchun dam olishga ruxsat bermasa, sudga ariza yozishing mumkin.
Senga rahbar dam olish navbati boshqa ishchiniki bo‘lgani uchun dam olishga ruxsat bermasa ham sudga ariza berishing mumkin.
Mehnat haqidagi qonunning 360-moddasiga ko‘ra:
rahbar o‘z hisobidan seni ishga olganda har yili majburiy shifokor ko‘rigidan o‘tkazishi kerak.
Rahbar seni nogironliging borligi mehnatga layoqatsiz ekanligingni bilmasdan ishga olgan bo‘lsa yangi shartnoma tuzmaydi.
Eski shartnomani sen bilan kelishib o‘zgartiradi.
Aytib o‘tilgan ma’lumotlarni bilishing:
- ishga joylashishingda
- ish vaqtida muammolar bo‘lganda senga yordam beradi.
Tarixchi tugatganman lekin xech qayirdanish topalmadim
Qayirga borsam nogironligim uchun ishga olmayapti
Agar sizga faqatgina nogironlik holatingiz tufayli ishga olishga rad javobini berishayotgan bo’lsa, bu holat – nogironlik belgisiga ko’ra kamsitish hisoblanadi. Mehnat sohasida nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish haqida huquqiy maqolamizda batafsil tushuntirish berganmiz:
👉 https://huquqplus.uz/lawyers/ismailov-bekjon-salixovich/530
Bu kamsitish holatidan himoyalanish uchun sizga huquqiy yordam berishimiz mumkin.
Dushanba-shanba kunlari soat 9:00 dan 18:00 gacha +998 (90) 358-50-60 raqamiga qo’ng’iroq qiling va yuristimizga o’z savolingizni berib, huquqiy yordam oling.
Shuningdek, hududingizda joylashgan Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga (ABKM)ga yozma murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Yozma arizada nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 3% kvota asosida ajratilgan vakansiyalar ro‘yxatini ham so‘rashni tavsiya qilamiz. Bandlikka ko‘maklashish markazida o‘sha 3% kvota bo‘yicha ishlar ro‘yxati bor. Hududiy Bandlikka ko‘maklashish markazidan «Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun 2025-yilda ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxona va tashkilotlar ro‘yxati»ni berishlari kerak sizga.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash uchun berilgan kafolatlar haqida batafsil huquqiy maqolamizdan bilib olishingiz mumkin.
👉 https://huquqplus.uz/materials/mehnat/1487
2-guruh nogironlarini ishga kirishda qanday hujjatalr topshiriladi. Ishga kirishda og’zaki suhbat bo’ladimi
Assalomu alaykum! 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs ishga kirishda Mehnat kodeksining 124-moddasida ko‘rsatilgan hujjatlarni topshiradi: pasport yoki ID-karta, avval ishlagan bo‘lsa mehnat daftarchasi yoki elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma, ish maxsus ma’lumot yoki malaka talab qilsa diplom, sertifikat yoxud boshqa tasdiqlovchi hujjat. Shuningdek, nogironlik guvohnomasi yoki nogironligini tasdiqlovchi boshqa hujjat ham taqdim etiladi. Bu hujjat ish beruvchi tomonidan nogironligi bo‘lgan xodimga qonunda belgilangan mehnat kafolatlarini qo‘llash, zarur mehnat sharoitlarini yaratish va ish vaqtini to‘g‘ri belgilash uchun kerak bo‘ladi.
Ishga kirishda og‘zaki suhbat bo‘lishi mumkin. Mehnat kodeksining 123-moddasiga ko‘ra, ishga qabul qilishdan oldin nomzod ish beruvchi tomonidan o‘tkaziladigan suhbatda, zarur hollarda esa tanlovda ishtirok etadi. Agar tanlov bo‘lsa, ish beruvchi tanlov sanasi haqida nomzodni kamida bir hafta oldin xabardor qiladi.
Ассолому аллайкум мен Аманов Мансур караколпокистон русбуликаси беруний тумани
Мен 2011 йил юракдан апрассия булдим кейин инцулит булдим Чап Кул аёка чип куда бор аёк куда кучсизлик бор
Манга ёрда сурайман илтимос Яна Бир куртки сурайман
Ваалайкум ассалом! Ижтимоий ёрдам олиш учун маҳаллангиздаги ижтимоий ҳодимга мурожаат қилинг, ёки ҳудудингиздаги «Инсон» ижтимоий ҳизматлар марказига мурожаат қилишни тавсия қиламиз. Бепул ҳуқуқий маслаҳат олиш учун телеграмдаги ботимизга саволингизни юборинг:
👉 https://t.me/huquqplus_bot