
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash uchun qanday kafolatlar bor?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
llyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Yashil rangda mehnat daftarchasi tasvirlangan va qog‘ozlarni ustida qora ko‘zoynak. O‘rtada sariq rangda kafolat belgisi va tepada soat ifoda etilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘laqonli ijtimoiy hayotda ishtirok etishlari uchun ularning bandligini ta’minlash juda muhim hisoblanadi. Ushbu maqola orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash uchun davlatimiz tomonidan berilgan kafolatlar haqida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Quyidagi qonun hujjatlari O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlashning kafolatlari hisoblanadi:
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi (27-modda);
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (57-modda);
- O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 15-oktabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi 641-sonli qonuni;
- O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 20-oktyabrdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida” gi 642-sonli qonuni;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori;
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun belgilangan uch foizlik kvota (zaxira) ish o‘rinlari nima?
Yuqorida sanab o‘tilgan qonun hujjatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash maqsadida uch foizlik kvota mexanizmlari belgilangan. Xususan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi 642-sonli qonunining 39-moddasiga asosan ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash xodimlarining ro‘yxatdagi o‘rtacha soni yigirma nafar kishidan ortiqni tashkil etadigan tashkilotlar uchun nazarda tutiladi.
Ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yish — aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish uchun tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish o‘rinlarini ajratishdir.
Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari — ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan va ish topishda qiynalayotgan hamda mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar;
Tumanlar (shaharlar) hokimlarining qarorlariga muvofiq belgilanadigan ish o‘rinlari eng kam sonining jami soni tashkilotning ro‘yxatdagi xodimlari o‘rtacha sonining yetti foizidan ortiqni (shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun uch foizidan kamini) tashkil etishi mumkin emas.
Masalan: tashkilotlarda 20 nafardan ortiq xodimlar ishlasa ushbu tashkilotda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 3 % ish o‘rinlari zaxiralanadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini kvotalash (zaxiralash) qanday amalga oshiriladi?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tashkilotlar tomonidan ish o‘rinlarini zaxiralash tartibi Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 965-sonli qarori asosida amalga oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, quyidagi bosqichlar mavjud:
- Kamida 20 nafar xodimlar soniga ega bo‘lgan tashkilotlar har yili 1-avgustgacha kelgusi yil uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilaydi.
- Kamida 20 nafar xodimlar soniga ega bo‘lgan tashkilotlar har yili 15-avgustgacha kelgusi yil uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlarining eng kam soni haqidagi ma’lumotlarni Tuman shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga ma’lumotlarni taqdim etadilar.
- Har yili 1-sentabrgacha tuman shahar Kambag‘allikni qisqartirish markazlari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zaxiralanadigan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantiradi va Tuman shahar inson ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan majburiy tartibda kelishadi. Shundan so‘ng umumlashtirilgan takliflarni tuman shahar hokimliklariga tasdiqlash uchun kiritadi.
- Har yili 1- oktyabrgacha Tuman (shahar) hokimliklari ish o‘rinlarini eng kam sonini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
- Har yili 5-oktyabrgacha Tuman (shahar) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari zaxiraga qo‘yilishi kerak bo‘lgan ish o‘rinlarining sonini tashkilotlarga yetkazadi.
- Yil mobaynida xodimlar soni 20 nafardan oshgan tashkilotlar ish o‘rinlarini zaxiralaydilar.
- Yil mobaynida Tuman (shahar) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari qarorning bajarilishini nazorat qiladi.
Xodimlari soni 20 nafardan oshgan tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini qanday tartibda zaxiralaydilar?
Tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini zaxiralash jarayonida ishlarning xususiyati nogironligi bo‘lgan shaxslarga mos kelishini hisobga olishlari kerak bo‘ladi.
Bunda Tuman shahar kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari yil boshlanishidan kamida 5 oy oldin o‘z hududidagi Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) ga nogironligi bo‘lgan shaxslarning yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturlari to‘g‘risida ma’lumotlarni oladi. Ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlari zaxiralanishida ularning mehnat qobiliyatlari hisobga olinishi ko‘zda tutilgan. Agar tashkilotda zaxiraga qo‘yilgan ish o‘rinlari qisqarsa tashkilot bu haqda bandlik organlariga axborot taqdim etadi.
Tashkilotlarda texnologiya va ishlab chiqarish qisqargan taqdirda zaxiralangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan shaxslarning ish o‘rinlari saqlab qolinadi agar ushbu tashkilot zaxiraga qo‘yishi belgilangan ish o‘rinlaridan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan bo‘lsa mazkur ortiqcha ish o‘rinlari soni qisqarishi mumkin. Agar zaxiraga qo‘yilgan ish o‘rniga nogironligi bo‘lgan shaxs ishga qabul qilinsa va keyinchalik ushbu shaxs bilan mehnat shartnomasi tugatilsa, tashkilot 10 kun muddatda zaxira ish o‘rni bo‘shaganligi to‘g‘risida bandlik organlariga xabar berishi shart.
Diqqat!!! Zaxiralangan ish o‘rinlariga qabul qilingan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tashkilotlarda sinov muddati belgilanmaydi. Tashkilotlar zaxiraga qo‘yilgan ish o‘rniga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qabul qilishi shart. Agar ish o‘rniga qabul qilishni rad etsa tashkilot qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
Qo‘shimcha ma’lumot: Xodimlar soni 20 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlar tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 3 foizdan kam bo‘lmagan ish o‘rinlarini zaxiralashdan tashqari aholining boshqa ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamlari uchun ham ish o‘rinlarini zaxiralaydi.
Ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yishi belgilangan tashkilotlar yil boshlanishidan kamida 10 kun oldin aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami xususan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarining kamida 25 foizini zaxiralashi shart. Ish o‘rinlarining qolgan qismi tashkilotlar tomonidan yilning 1-choragi yakuniga qadar zaxiralanishi shart. Ish o‘rinlarini zaxiralagan tashkilotlar har oyning yakunlari bo‘yicha har oyning beshinchi kunigacha ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni xususan nogironligi bo‘lgan shaxslarni zaxiralangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish bo‘yicha mehnat organlariga hisobotlar taqdim etadi.
Diqqat!!! Mavsumiy ishlarni zaxiraga qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zaxiralangan ish o‘rinlariga qanday qilib ishga joylashsa bo‘ladi?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zaxiralangan ish o‘rinlariga ishga kirish uchun nogironligi bo‘lgan shaxs o‘zi istiqomat qilayotgan hududdagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limiga murojaat qiladi. Bandlik bo‘limi nogironligi bo‘lgan shaxs uchun zaxiralangan ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi va tashkilotlardagi zaxiralangan ish o‘rinlariga ushbu shaxsni yo‘llanma orqali yuboradi.
Hozirgi kunda mazkur tizim elektronlashtirilgan bo‘lib tashkilotlarga yo‘llanmalar elektron shaklda my.mehnat.uz tizimi orqali yuboriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga bormasdan ham zaxira ish o‘rinlariga ishga kirishi mumkinmi?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandlik bo‘limlariga bormasdan ham zaxira ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumot olishlari mumkin. Buning uchun, fuqaro Google qidiruv tizimiga ish2.mehnat.uz deb so‘rov yuboradi.
Saytda quyidagi oyna aks etishi kerak.

O‘zbekiston xaritasining pastroq qismida «ISH TOPISH» tugmasini bosish kerak.
Ochilgan sahifaning pastroq qismida «Zaxiralangan ish o‘rinlari»ni belgilasangiz «Nogironligi bo‘lgan shaxslar» toifasini tanlash kerak bo‘ladi.

Mazkur bo‘limga kirganingizdan so‘ng saytda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud vakansiyalarning umumiy soni ko‘rinadi va siz vakansiyalarni hudud, soha, kasb bo‘yicha qidirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
So‘ngra siz mavjud vakansiyaga qiziqish bildirish so‘rovini yuborishingiz mumkin.
Buning uchun sizdan saytda o‘z rezyumeyingizni yaratish so‘raladi.
Qiziqish bildirganingizdan so‘ng ish beruvchi sizning rezyumengizni ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Agar ish beruvchi siz bilan bog‘lanmasa siz qiziqish bildirgan vakansiyangiz bo‘yicha bandlik bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
- O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 20-oktyabrdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida” gi 642-sonli qonuni;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-dekabrdagi 965-sonli qarori, 05.12.2017 yildagi 965-son “ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori;
- O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 15-oktabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi 641-sonli qonuni;
Bu maqolada sen bandligingni ta’minlashing uchun nimalar qilishing mumkinligi haqida bilib olasan.
Sen boshqa insonlardek yashashing uchun ish bilan ta’minlanishing juda muhim.
Seni ishga joylashtirish haqidagi qonunlar:
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi 27-modda
- O‘zbekiston Konstitutsiyasi 57-modda
- 2020-yil 15-oktyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi 641-sonli qonun
- 2020-yil 20-oktyabrdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi 642-sonli qonun
- 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qaror
Birlashgan Millatlar Tashkiloti – bu butun dunyodagi insonlarning huquqlarini himoya qiladigan tashkilot.
“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 642-sonli 39-moddasiga ko‘ra tashkilotlarda senga 3 foizli zaxira ish o‘rinlari ajratilishi kerak.
Zaxira ish o‘rni — bu yordamga muhtoj, kam daromadli insonlar uchun ajratiladigan ish o‘rinlari.
Masalan:
Tashkilotda 20 ta ishchi bor bo‘lsa, 3 ta ish o‘rni nogironligi bor insonlar uchun ajratilishi kerak.
Nogironligi bor insonlar uchun tashkilotlarda ish o‘rni ajratish tartibi Vazirlar Mahkamasining 965-sonli qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
- Ish o‘rni ajratishning bosqichlari:
Eng kamida 20 ta ishchisi bor tashkilotlar har yili 1-avgustgacha nogironligi bor insonlarga ajratilgan ish o‘rni sonini belgilaydi.
2. Ajratilgan ish o‘rni soni haqida ma’lumotlar 15-avgustgacha bandlik bo‘limiga yetkazilishi kerak.
3. Bandlik bo‘limi 1-sentyabrgacha nogironligi bor insonlarga ajratilgan ish o‘rinlari uchun inson ijtimoiy xizmatlar markazi bilan majburiy kelishadi.
4. Barcha takliflar hokimiyatga tasdiqlash uchun yuboriladi.
5. Har yili 1- oktyabrgacha hokimiyat nogironligi bor insonlar uchun ajratilgan ish o‘rinlarini
6. Bandlik bo‘limi ajratilgan ish o‘rinlari tasdiqlanganidan keyin 5-oktyabrgacha ish beruvchi tashkilotlarga yetkazadi.
7. 20 tadan ko‘p ishchisi bor tashkilotlar yil davomida nogironligi bor insonlar uchun ish o‘rini ajratishadi.
8. Bandlik bo‘limi tashkilotlar nogironligi bor insonlar uchun ish o‘rni ajratishini yil davomida nazorat qilishi kerak.
Tashkilotlar ish o‘rni ajratishda ish senga mos kelishini hisobga olishi kerak.
Bandlik bo‘limi yangi yildan 5 oy oldin shifokorlardan sening barcha ma’lumotlaringni oladi.
Tashkilotda sen uchun ajratilgan ish o‘rinlari kamaytirilsa, bandlik markaziga xabar berishi kerak.
Tashkilotlarda ishlab chiqarish kamaytirilsa, sen uchun ajratilgan ish o‘rnida ishlayotgan insonlar ishdan bo‘shatilmaydi.
Agar tashkilotda ajratilgan ish o‘rnidan ko‘p nogironligi bor inson ishga olingan bo‘lsa, ortiqcha ish o‘rinlari qisqarishi mumkin.
Agar sening mehnat shartnomang muddati tugasa senga ajratilgan ish o‘rni bo‘shaydi.
Mehnat shartnomasi – bu ishlash uchun rahbar va ishchi kelishuvi.
Shartnoma – bu kelishuv.
Tashkilot ajratilgan ish o‘rni bo‘shagani haqida 10 kun ichida bandlik bo‘limiga xabar berishi shart.
Sen ishga kirganingda sen uchun tashkilotda sinov vaqti bo‘lmaydi.
Tashkilotlar ajratilgan ish o‘rniga nogironligi bor insonarni olishi shart.
Agar tashkilot ajratilgan ish o‘rniga nogironligi bor insonni olmasa, tashkilot qonunda belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
Ishchilari 20 tadan ko‘p tashkilotlar nogironligi bor insonlardan tashqari yordamga muhtoj insonlarga ham ish o‘rni ajratadi.
Tashkilotlar yil boshida va yil o‘rtasida nogironligi bor insonlar uchun ish o‘rinlari ajratishi shart.
Faslga qarab ishlaydigan ishlar nogironligi bor insonlar uchun ajratilgan ishlar ro‘yxatiga kiritilmaydi.
Sen ajratilgan ishga kirishing uchun bandlik bo‘limiga murojaat qilishing kerak.
Bandlik bo‘limi senga ajratilgan ishlar ro‘yxatni ko‘rsatadi va yo‘llanma beradi.
Hozirda tashkilotlarga yo‘llanmalar internet orqali my.mehnat.uz dan yuborilmoqda.
Sen bandlik bo‘limiga bormasdan ish2.mehnat.uz dan ajratilgan ish o‘rinlarini ko‘rishing mumkin.
Sen ajratilgan ish o‘rinlarini ko‘rish uchun ish2.mehnat.uz ga kirib, «ISH TOPISH» tugmasini bosishing kerak.
Sahifa ochilganidan keyin pastdagi:
- “Zaxiralangan ish o‘rinlari”ni belgilaysan
- keyin “Nogironligi bo‘lgan shaxslar” bo‘limini tanlaysan.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslar” bo‘limiga kirganidan keyin nogironligi bor insonlarga ajratilgan ish o‘rinlari soni ko‘rinadi.
Sen ish o‘rinlarini:
- joy
- kasb
- soha bo‘yicha qidirishing mumkin.
Sen saytda o‘z rezyumeyingni yaratasan va o‘zingga yoqqan ishga rezyumeni yuborasan.
Rezyume – bu sen haqingdagi ma’lumotlar yozilgan hujjat.
Masalan sen rezyumeda:
- Isming, familiyang, yoshing
- Yashash manziling
- O‘qigan universiteting, maktabing yoki kollejing
- Qanday yo‘nalishda ishlashing
- Qanday qobiliyating, bilimlaring borligini yozishing mumkin.
Keyin rahbar sen yuborgan rezyumeni ko‘rib chiqadi.
Agar rahbar sen yuborgan rezyume bo‘yicha sen bilan bog‘lanmasa bu ish bo‘yicha bandlik bo‘limiga murojaat qilishing mumkin.
Assalomu alaykum men 2-guruh nogironiman shu yili oliy taʼlim bitirib chiqdim oliy maʼlumotli man lekin ishlash uchun ish izladim menga ish yoʻq deb ham tashkilot qaytarib yubordi yani tumdagi ishtimoyiy himoya markazga murojat qilsam menga qilsang faroshlik bor q deb ayti men qayerga murojaat qilishim kerak .Enfi oliy maʼlumotli bilib faroshlik qilmaymanku.
Assalomu alaykum
Toshkent shahrida bo‘lsangiz,
https://t.me/ishplus_uz shu kanalga obuna bo‘ling ish masalasi bo‘yicha.
http://www.ishplus.uz ma’lumot xizmati telefon raqami +998 (90) 818-07-08 faqat ish kunlari soat 9:00 dan 17:00 gacha ishlaydi.
Agar Toshkent shahrida bo‘lmasangiz, hududingizdagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.
Asalom alaykum men Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilgan edim lekin men uchun ish topib berishmadi malumotim oliy
Vaalaykum assalom, hududingizdagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga qayta yozma murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Yozma arizada nogironligi bo’lgan shaxslar uchun 3% kvota asosida ajratilgan vakansiyalar ro’yxatini ham so’rashni tavsiya qilamiz.
Bandlikka ko’maklashish markazida o’sha 3% kvota bo’yicha ishlar ro’yxati bor. Hududiy Bandlikka ko’maklashish markazidan «Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun 2025-yilda ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxona va tashkilotlar ro‘yxati»ni berishlari kerak sizga. Mana shu 3% kvota asosida ish talab qilsangiz bo’ladi.
Shuningdek, bo’sh ish o’rinlarini siz Milliy vakansiyalar bazasi orqali olishingiz mumkin:
👉 https://ish.mehnat.uz/vacancies
Toshkent shahrida bo‘lsangiz, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxus rekruting (ish topish) veb-portali http://www.ishplus.uz loyihamizga murojaat qiling. Tel: +998 (90) 818-07-08.
http://www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali Toshkent shahrida turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslarga ochiq mehnat bozorida munosib ish, amaliyotlar va malaka oshirish kurslarini topishda amaliy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, ish beruvchilar uchun nogironligi bo‘lgan malakali xodimlarni topishda ham ko‘mak beradi.
@ishplus_uz Telegram-kanalimizga obuna bo‘lsangiz, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun vakansiyalarni e’lon qilib boramiz.
Murojaatingiz uchun rahmat!
salohiddinoviso363@gmail.com Assalomu alaykum men Salohiddinov Iso geografiya va iqtisodiy bilim asoslari fanidan oʻqishni bitirganman 2-guruh nogiraniman menga hozirda ish kerak
Vaalaykum assalom! Hududingizda joylashgan Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga (ABKM)ga yozma murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Yozma arizada nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 3% kvota asosida ajratilgan vakansiyalar ro‘yxatini ham so‘rashni tavsiya qilamiz.
Bandlikka ko‘maklashish markazida o‘sha 3% kvota bo‘yicha ishlar ro‘yxati bor. Hududiy Bandlikka ko‘maklashish markazidan «Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun 2026-yilda ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxona va tashkilotlar ro‘yxati»ni berishlari kerak sizga.
Shu ro‘yxatning ichida, sizga to‘g‘ri keladigan ishlar bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘rta ta’lim maktablarida o‘qituvchilik vakansiyalari va hokazo. Agar, Toshkentda bo‘lsangiz, bizning ishplus.uz loyihamizga murojaat qilishingiz mumkin. +998 (90) 818-07-08, +998 (90) 875-07-08. Dushanbadan-jumagacha, soat 9:00 dan 17:00 gacha ishlaydi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun munosib vakansiyalar (ishlar) haqida xabardor bo‘lib turish uchun loyihaning Telegram kanaliga (https://t.me/ishplus_uz) obuna bo‘ling.
MEN KOʻZ BOYICHA 2 CHI GURUX NOGIRONIMAN OʻZIMI OʻZIM BOSHQAROLAMAN OʻZIM XARAKATDAMAN OLIY TALIMDA OQIYMAN SIRTQIDA DAVLAT ISHIGA IMKONI BOLMAYAPTI XAR SAFAR XAR XIL TALAB IJTIMOIY XIMOYAGA YOKI NOGIRONLAR JAMIYATIGA SHUNGA YORDAM QILSANGLAR ILTIMOS TOSHKENT SH OLMAZOR YUMANIDA TURAMAN OLDINDAN RAXMAT
Hurmatli fuqaro! huquqplus.uz sizga ish topishda amaliy yordam bermaydi. Bu loyiha sizga bepul huquqiy maslahat va yordam berishi mumkin.
Hududingizda joylashgan Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga (ABKM)ga yozma murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Yozma arizada nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 3% kvota asosida ajratilgan vakansiyalar ro‘yxatini ham so‘rashni tavsiya qilamiz. Bandlikka ko‘maklashish markazida o‘sha 3% kvota bo‘yicha ishlar ro‘yxati bor. Hududiy Bandlikka ko‘maklashish markazidan «Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun 2026-yilda ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxona va tashkilotlar ro‘yxati»ni berishlari kerak sizga.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash uchun berilgan kafolatlar haqida batafsil huquqiy maqolamizdan bilib olishingiz mumkin.
👉 https://huquqplus.uz/materials/mehnat/1487
Davlat ishlarini davlat xizmatchilarining bo‘sh ish o‘rinlarining yagona ochiq portali “vacancy.argos.uz”da topsangiz bo‘ladi.
Agar Toshkent shahrida ish izlayotgan bo‘lsangiz, Toshkent shahar «SHAROIT PLYUS» bosh ofisiga kelib ishplus.uz loyihamiz xodimlariga ham murojaat qilishingiz mumkin. Tel.: +998 (90) 818-07-08 (dushanbadan jumagacha soat 9:00 dan 17:00 gacha faoliyat ko‘rsatadi, tushlik vaqti soat 13:00 dan 14:00 gacha)
Telegram: @ishplus_info
Manzilimiz: Yunusobod tumani, Xiyobon ko‘chasi, 22-uy.
Lokatsiya: https://yandex.com/maps/-/CHAD5P1f