
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mol-mulk va yer solig‘i imtiyozlari
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Ustunlar ustida ketma-ketlikda mashina, tangalar piramidasi va uy tasvirlangan. Mashinani yuqoridan bir qo‘l ushlab turibdi. Orqa fonda oq katak chiziqli varaqqa qora, sariq va ko‘k ruchka bilan grafik tasvir chizilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bir qator soliq imtiyozlari belgilangan bo‘lib, ulardan biri mol-mulk solig‘ini to‘lashda beriladigan imtiyozlardir.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 419-moddasiga ko‘ra quyidagilarga mol-mulk solig‘i solinadi:
- uy-joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlari;
- tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlari;
- qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan obyektlar.
- ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari, shuningdek boshqa imoratlar, binolar va inshootlar.
Mol-mulk solig‘idan imtiyozlar kimlarga beriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 421-moddasidaga ko‘ra quyidagi shaxslar uchun soliq imtiyozlari belgilangan:
- “O‘zbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni , Mehnat Qahramoni unvonlariga sazavor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolarga;
- urush nogironlari va qatnashchilari shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslarga.
Bunda ushbu imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning yoxud boshqa vakolatli organning ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar deganda kimlarni tushunish mumkin?
Urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13 oktyabr 2022 yilda qabul qilingan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 592-sonli qaroriga binoan tasdiqlangan bo‘lib, quyidagilar urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladilar:
a) sobiq SSSR va O‘zbekiston Respublikasi chegaralarini qo‘riqlash paytida yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar;
b) 1941 yilning 22 iyunidan 1954 yilning 31 dekabrigacha sobiq SSSR hududida harakat qilgan hamda qiruvchi batalonlar, vzvodlar va xalqni himoya qiluvchi otryadlarda xizmat qilgan davrda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan shaxslar;
v) temir yo‘llarning front yaqinidagi uchastkalarida ishlagan, mudofaa inshootlari, harbiy-dengiz bazalari, aerodromlar va boshqa harbiy ob’ektlar qurilishi ishlarida qatnashgan hamda 1941 — 1945 yillardagi urush davrida urush bo‘layotgan joylarda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan xodimlar;
g) 1941 — 1945 yillardagi urush davrida partizan otryadlari va qo‘shilmalari tarkibida yoki yashirin ishlarda bo‘lgan davrda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan shaxslar;
d) harakatdagi armiya tarkibidagi ishlarda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish va kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan yollangan tarkibdagi shaxslar;
e) 1941 — 1945 yillardagi urush davrida fashist konslagerlarida (getto va zo‘rlik bilan tutib turiladigan boshqa joylarda) bo‘lgan davrda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish va kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan shaxslar (tutqunlar, shu jumladan, bolalar);
j) tinchlik o‘rnatuvchi kuchlar tarkibida qatnashish, shuningdek, harbiy harakatlar ketayotgan mamlakatlarda baynalmilal burchlarini ado etish tufayli yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish tufayli nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari va Davlat xavfsizlik xizmatining boshliqlar va oddiy xodimlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar;
z) harbiy xizmatdagi vazifalarini (xizmat vazifalarini) bajarish paytida yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish va kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari va Davlat xavfsizlik xizmatining boshliqlar va oddiy xodimlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar;
i) o‘quv mashg‘ulotlari yoki tekshirish uchun yig‘inlarga chaqirilgan va shu yig‘inlarda o‘z xizmat burchlarini bajarayotib yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish va kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan harbiy majburiyatli shaxslar.
Bundan tashqari I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mulki hisoblangan mol-mulk 60 kvadrat metrdan oshmasa u holda ushbu mol-mulkdan soliq olinmaydi, ushbu maydon hajmi oshgan taqdirda oshgan kvadrat metr uchun soliq solinadi.
Misol uchun nogironligi bo‘lgan shaxsning 70 kvadrat metr mol-mulki bo‘lgan taqdirda 60 kvadrat metr uchun soliq imtiyozi qo‘llaniladi. 10 kvadrat metr uchun esa soliq solinadi.
Yuqoridagi shaxslarga mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Ushbu soliq imtiyozlaridan foydalanish uchun shaxslar ushbu imtiyozni olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini mol-mulki joylashgan yerdagi soliq organlariga taqdim etishi lozim. Bunda imtiyozlar ushbu hujjatlar tasdiqlangan sanadan boshlab hisoblanadi. Agarda soliq organi ushbu talabni rad etgan hollarda sudga shikoyat bilan murojaat qilish mumkin.
Diqqat qiling:
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun belgilangan soliq imtiyozlari nogironligi bo‘lgan shaxsning tanloviga ko‘ra faqat bitta yashash uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk obyektiga tatbiq etiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yer solig‘idan ham imtiyozlar mavjudmi?
Soliq kodeksiga ko‘ra quyidagi obeyktlar uchun yer solig‘i solinishi belgilangan:
1) jismoniy shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun, shuningdek dehqon xo‘jaligini yuritish uchun belgilangan tartibda berilgan yer uchastkalari;
2) yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun belgilangan tartibda berilgan yer uchastkalari;
3) jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun berilgan, shuningdek yakka tartibdagi va jamoa garajlari egallagan yer uchastkalari;
4) xizmat yuzasidan berilgan chek yerlar;
5) meros bo‘yicha, hadya qilinishi yoki sotib olinishi natijasida uy-joy va imoratlar bilan birgalikda mulk huquqi, egalik qilish va foydalanish huquqi ham o‘tgan yer uchastkalari;
6) qonunchilikda belgilangan tartibda mulk qilib sotib olingan yer uchastkalari;
7) tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkalari.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ushbu soliq turini to‘lashdan ozod qilingan bo‘lib, bunda o‘z egaligida qancha yer bo‘lsa bularning hammasiga ushbu soliqni to‘lamaydi.
Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Ahamiyat bering!
Ushbu soliq imtiyozlari soliq to‘lovchining tanlovi bo‘yicha faqat bitta yer uchastkasiga berilishi mumkin.
Soliq imtiyozi tegishli hujjatlar soliq idorasiga taqdim qilingan kundan boshlab qo‘llaniladi.
Soliq qarzdorligini ko‘rish, soliqlarni hisoblash va soliq to‘lashning onlayn imkoniyati mavjudmi?
Bunday imkoniyat mavjud bo‘lib, bunda internet brauzeridan www.my.soliq.uz domeni qidirilib, ushbu elektron tizimning bosh sahifasidagi soliqlarni hisoblash oynasidan foydalanuvchining xohishiga ko‘ra daromad solig`i, mol-mulk solig`i, yer solig`i va suv soliqlaridan birini tanlab, ushbu soliq miqdorini onlayn hisblash mumkin. (Qo‘llanma 1,2-rasmlar)
1-rasm
2-rasm
Ixtiyoriy tanlangan hisoblash turidan keyin STIR (ИНН) va JSHSHIR (ПИНФЛ) ni kiritib, o‘z hududingizni tanlashingiz lozim bo‘ladi. Shundan so‘ng ekraningizda hisoblangan soliq miqdori va mavjud imtiyozlar ko‘rsatiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi https://lex.uz/docs/-4674902#-4688260
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13 oktyabr 2022 yilda qabul qilingan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi 592-sonli qarori https://lex.uz/docs/-6236060
Bu maqolada sen mol-mulk va yer solig‘i imtiyozlari haqida bilib olasan.
Soliq – bu sen davlatga biror mulking uchun pul toʻlashing.
Soliq kodeksining 419-moddasiga ko‘ra sen soliq to‘laydigan joylar:
● Uy-joylar, kvartiralar, dala hovli binolari
● Ishxona va tadbirkorlik binolari
● Qurilishi tugamagan binolar
● Ko‘p qavatli uylarning mashina qo‘yish joylari
● Boshqa binolar
Soliq kodeksining 421-moddasiga ko‘ra soliq to‘lashda imtiyozi bor insonlar:
- Urushda qatnashib, O‘zbekiston Qahramoni, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni ordenlarini olganlar
- urushda nogiron bo‘lganlar
- yoki qatnashgan deb hujjat berilgan insonlar.
Urushda nogiron bo‘lgan insonlar ro‘yxatiga:
● SSSR va O‘zbekistonni qo‘riqlashda
● xalqni himoya qiishda
● harbiy binolar qurilishida
● urushga yaqin temiryo‘llarda ishlaganda
● yashirin topshiriqlarni bajarishda
● urushga qatnashishda
● dushman tomonidan qamoqda saqlab turishda
● Ozodlik uchun urushga qatnashgan xizmatchi, militsiya xodimi va Davlat xavfsizlik xizmati rahbari va oddiy ishchi bo‘lib qatnashishda
● harbiy xizmatda xizmatchi, militsiya xodimi va Davlat xavfsizlik xizmati rahbari va oddiy ishchi bo‘lib qatnashishda
● Harbiy tayyorgarlikda nogiron boʻlgan insonlar kiradi.
Sen birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boʻlsang:
- mol-mulkingning 60 kvadrat metrigacha soliq to‘lamaysan
60 kvadratdan ko‘p qismiga soliq to‘laysan.
Masalan: sening 70 kvadrat mulking bor bo‘lsa, 60 kvadratiga soliq to‘lamaysan. Qolgan 10 kvadratiga soliq to‘laysan.
Sen birinchi va ikkinchi guruh nogironi bo‘lsang mol mulk solig‘i imtiyozidan foydalanishing uchun:
- pensiya guvohnomang
- yoki nogironlik hujjatingni soliq bo‘limiga ko‘rsatasan.
Senga mol-mulk solig‘i imtiyozi berilsa, imtiyoz sening hujjatlaring tasdiqlangan kundan boshlab hisoblanadi.
Soliq bo‘limi senga mol-mulk solig‘i imtiyozi bermasa sen sudga murojaat qilishing mumkin.
Sen birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lsang:
faqat bitta yashash joying uchun soliq imtiyozidan foydalanishing mumkin.
Sen yer solig‘i to‘laydigan joylar:
● dehqonchilik qilishing ya’ni ekin ekishing uchun berilgan yerlar
● uy qurishing uchun berilgan yerlar
● bog‘dorchilik, uzumchilik va polizchilik qilishing uchun berilgan yerlar
● sen mashina qo‘yadigan joylar
● ishing bo‘yicha berilgan yerlar
● meros bo‘lgan, sovg‘a qilingan yoki sotib olgan yerlaring
● qonuniy tartibda sotib olgan joylaring
● tadbirkorlik qilishing uchun ijaraga berilgan yerlar.
Yer solig‘i imtiyozini olishing uchun senda:
- pensiya guvohnomang
yoki nogironlik hujjating bo‘lishi kerak.
Sen hujjatlaringni soliq tashkilotiga bergan kundan boshlab senga soliq imtiyozi beriladi.
Sen soliq.uz internet sahifasi orqali:
● daromad solig‘i
● mol-mulk solig‘i
● yer solig‘i
● suv soliqlaridan birini tanlab, soliqdan qancha qarzing borligini masofaviy hisoblashing mumkin.
Sen soliq.uz internet sahifasida:
● Xohlagan hisoblash turini tanlaysan
● INN (soliq to‘lov raqami)
● pasportingning 14 talik raqami
● yashash joyingni kiritasan
● keyin qancha soliq to‘lashing kerakligi
● senda bor imtiyozlar ekranda ko‘rinadi.
men 2- gurux nogironiman mol mulk va yir otamni nomida men buu xolatda imtiyozdan foydalansam bulami yo mol mulk va yir uchaskani meni nomimga utkazish kerakmi
Assalomu alaykum. Mazkur holat bo‘yicha Soliq kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxsning nogironligi to‘g‘risida tegishli guvohnomasi asosida mol-mulk solig‘iga imtiyoz qo‘llanilishi belgilangan. Bundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki agar mol-mulk sizning nomingizda bo‘lsa soliq imtiyozi qo‘llanilishi mumkin. Aks holda solqi imtiyozi qo‘llanilmaydi.
Man 1-gurux nogironman yoshim 82 da kadastr mani nomimda nega menga imtiyoz qõllanilmayapti Soliq inspektori nogironlik guvoxnomamni hisobga olinmaydi deb otvordi 4stuk yerimga 367 ming Soliq chiqqan shu tõgrimi nima qilay maslaxat bering
Turmish òrtoĝim Avĝonistonda xarbiy xizmat qilgan xovlida turamiz er-mulkga intiyozi bormi Soliqdan qarzdorluk varaĝi kelgan
Assalomu alaykum.
Afsuski, siz bergan holatda sizlarda soliq imtiyozi mavjud emas.
Assalomu alykum Men maktab menejeri bo’lib ishlayman meni oylik ish haqimdan yer va mol mulk solig’i uchun Qaynotam Eshboyev Abdurxim XXX nomidagi yer va mol mulk solig’i uchun ma’lum miqdorda ushlab qolmoqda.Lekin Qaynotam Avĝoniston urushi qatnashchisi hamda II-gurux nogironi ligotalari kadastir ma’lumotlari bor shunga qaramasdan qarzdorlik kelmoqda hamda mening oylik ish haqimdan ushlanmoqda.Menga qonun doirasidan kelib chiqib javob berishingizni so’rayman.Javob uchun oldindan raxmat
Assalomu alaykum.
Nogironligini tasdiqlaydigan hujjatlarni mahalliy soliq idorasiga taqdim qiling. Ushbu imtiyoz hujjatlarni soliq idorasiga taqdim qilinganidan so’ng kuchga kiradi.
Assalomu alaykum men Ibragimov sanjar
Namangan Viloyati kosonsoy tumanida yashayman men 2guruh-nogironiman oshangan menga uy joy kerak qolimdan hichnima ish kemaydi meni uy joy bilan taminlashinglarni sorayman menga uy zarur turmish ortogim bor uylanganman menga uy kerak uy berishinglarni sorayman
Assalomu alaykum Quyidagi maqola bilan tanishib chiqishingizni maslahat beraman. Agar undan keyin ham savollaringiz bo‘lsa, bemalol sayt orqali qoldirishingiz mumkin. https://huquqplus.uz/materials/uy-joy/864
Ассалому Алайкум!
Менинг хам 2 гурух ногиронлигим бор, лекин ер солиги ту́лашга мажбурлашяпти сабаби кадастр хужжатингиз йу́клиги сабабли сизнинг имтиёзингиз ку́лланилмайди дейишди. Шу ту́грими.
Агарда ноту́гри бу́лса кимга мурожаат килишим мумкин.
Жавоб учун олдидан Рахмат.
Assalomu alaykum. Agarki kadastr hujjatingiz bo‘lmasa, imtiyoz qo‘llanilmaydi.
Assalomu Alaykum!Men doirasi qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyilgan Urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan 2-guruh nogironiman.Men Soliq inspeksiyasiga yashab turgan uyimning Kadastr hujjatini va egalik huquqini beruvchi Davlat Orderini,Mudofaa ishlari boʻlimidan tasdiqlangan haqiqatdan ham Urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan 2-guruh nogironligi toʻgʻrisidagi Maʼlumotnomani taqdim etganimdan soʻng ham menga Mol mulkimning 60.kv.m.ga Mol-mulk soligʻi hisoblashayapdi shu toʻgʻrimi.
Assalomu alaykum
Bu holatda Soliq organi xodimi tomonidan qonuniy ish tutilmoqda. Chunki nogironligi bo‘lgan shaxslarga mol-mulk bo‘yicha imtiyoz ularning yashash joylarining 60 metr kvadrat qismiga amal qiladi. Bu hajmdan ortiq maydon uchun esa soliq to‘laniladi.
Shu aytish lozimki, bunday imtiyoz tegishli hujjatni Soliq organiga taqdim qilgandan keyin hisoblanadi. Demak, siz hujjatingizni Soliq organiga topshirganingizdan so‘ng sizga soliq imtiyozi qo‘llanishi boshlangan. Undan oldingi muddat bo‘yicha esa siz soliq to‘laysiz.
Urush nogironlari va qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar Mol-mulk soligʻidan toʻliq shaklda ozodmi yoki ular ham mol mulkning 60.kv.m gacha imtiyoz belgilanganmi
Hurmatli Zafarbek Ergashov Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 421-moddasining 2-qismida Urush nogironlari va qatnashchilari doirasi Qonunchilik bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar mulkida boʻlgan mol mulk toʻliq shaklda Mol-mulk soligʻidan ozod etiladi deyilgan siz aytayotgan 60.kv.m umumiy kasallikdagi 1 va 2-guruh nogironlariga tegishli qonunni buzib talqin qilmang.Qonunni tafakkur bilan oʻqib chiqing
Katta rahmat, Qulmamat aka.
Keltirilgan noqulaylik uchun uzr.
Hurmatli Zafarbek Ergashov Xalqning hammasi ham avom emas.Xalqning ichida ziyoli,tafakkuri kuchli insonlari ham bor shuni unutmang ijodingizga rivoj
Assalomu alaykum
Katta rahmat.