
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uy-joyini ta’mirlashi va moslashtirishi uchun qanday imkoniyatlar bor?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muallif: Jaxongir Tillayev
Muharrir: Dilmurod Yusupov
llyustratsiya: Nafisa Xusnitdinova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Suratda nogironlar aravachasida harakatlanayotgan qiz tasvirlangan. U yo‘lak bo‘ylab ketmoqda. Orqa fonda oq devorli, tomi jigarrang uy tasvirlangan. Uyning devorlarida katta-kichik yoriqlar bor, oynalar ham sinib ketgan. Daraxtlar yashil bo‘lib, uy ortida ko‘rinib turibdi. Pastki burchakda “huquqplus” deb yozilgan.
So‘nggi yillarda davlatimiz e’tibori nogironligi bo‘lgan shaxslarga faqat yangi uy-joy sotib olishda emas, balki ularning yashab turgan uyini ta’mirlash va o‘zlariga qulay qilib moslashtirishga ham qaratilmoqda. Bu maqolada nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilalari o‘z uyini ta’mirlashi va moslashtirishi bo‘yicha eng so‘nggi imkoniyatlar haqida bilib olasiz.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning uy-joyga bo‘lgan huquqlari va ular uchun qulay sharoitlar yaratish davlatning majburiyati hisoblanadi. Bu huquqlar O‘zbekiston Respublikasining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonunining 22- va 23-moddalarida mustahkamlangan.
Uy-joyni ta’mirlash va moslashtirish uchun imtiyozli kredit
Agar sizning maqsadingiz hozir yashab turgan uyingizni ta’mirlash, kengaytirish yoki o‘z ehtiyojlaringizga moslashtirish (masalan, pandus qurish, maxsus hojatxona o‘rnatish) bo‘lsa, davlat tomonidan aynan shu maqsadlar uchun yangi imkoniyat yaratilgan. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-sonli Farmoni asosida joriy etilgan imtiyozli kredit dasturidir.
Bunday imtiyozli kredit «Kambag‘allikdan chiqarish dasturi»ga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ajratiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilalari ko‘pincha ushbu dastur mezonlariga mos keladi.
Kambagʻallikdan chiqarish dasturi — “mahalla yettiligi” tomonidan kambagʻal oila daromadini oshirish va muammolarini hal etish uchun “Onlayn mahalla” platformasida tuzilgan individual dastur.
- Kredit miqdori: 120 million so‘mgacha.
- Muddati: 20 yilgacha.
- Foiz stavkasi: Markaziy bank asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori. (davlat asosiy stavkasi + 4%)
Bu oddiy bank beradigan kredit emas. Davlat sizga qo‘shimcha yordam beradi:
- Boshlang‘ich badal uchun subsidiya: Kredit summasining 15 foizi miqdoridagi dastlabki to‘lovni davlat qoplab beradi.
- Foiz uchun subsidiya: Kreditning dastlabki besh yili davomida yillik foiz to‘lovining 12 foizdan oshgan qismini ham davlat to‘lab beradi.
Hayotiy misol: Aytaylik, I guruh nogironligi bor Aziza opa uyini tomidan suv o‘tayotgani va eshik-romlari eskirgani uchun ta’mirlash ishlariga 100 million so‘m imtiyozli kredit olmoqchi. Bank talab qiladigan 15 million so‘m boshlang‘ich to‘lovni Aziza opa o‘rniga davlat to‘lab beradi. U o‘z yonidan pul chiqarmaydi. Kreditning dastlabki 5 yilida foizning faqat 12 foizini to‘laydi. Foizning 12 foizdan oshgan qismini (masalan, 6 foizini) davlat qoplab beradi. Shunday qilib Aziza opa uyini ta’mirlash uchun kreditni ancha yengil shartlar bilan oladi va oylik to‘lovlari sezilarli darajada kamroq bo‘ladi.
Imtiyozli kredit olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
2024-yil 21-oktyabr Vazirlar Mahkamasi qarori bilan kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom qabul qilingan. Bu tartibga ko‘ra, birinchi navbatda o‘zingiz yashab turgan hududdagi «mahalla yettiligi»ga (mahalla raisi, hokim yordamchisi va boshqalarga) murojaat qilishingiz kerak.
«Mahalla yettiligi» sizning uy-joy sharoitingizni o‘rganib chiqib arizangizni ikki ish kunida ko‘rib chiqishi kerak. Shundan so‘ng ular sizga uyingiz ta’mirga muhtoj deb topsa, maxsus tavsiya beradi. Agar arizangiz rad etilsa, yozma ravishda tushuntirib berishi kerak. Quyidagi hollarda sizga tavsiya berish rad etilishi mumkin:
- Agar ta’mirlanadigan uy-joy yoki yer bo‘yicha mulk bilan bog‘liq biror nizo (sudlashuv, tortishuv) bo‘lsa;
- Agar oilangiz «Kambag‘allikdan chiqarish dasturi»ga kiritilmagan bo‘lsa;
- Agar siz haqiqatan ham uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj deb topilmasangiz;
- Agar siz yoki turmush o‘rtog‘ingiz bu imtiyozdan avval foydalangan bo‘lsangiz;
- Agar siz ilgari davlatdan olingan ijtimoiy yordamni maqsadsiz ishlatganingiz haqida ma’lumot bo‘lsa.
Bankka qanday hujjatlarni topshirish kerak?
«Mahalla yettiligi»dan ijobiy tavsiya olsangiz, ushbu hujjat bilan dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklaridan biriga kredit olish uchun ariza topshirasiz. “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ resurslari asosida quyidagi banklar orqali kredit olishingiz mumkin: Ipoteka-bank, Xalq banki, Agrobank, Hamkorbank, Turonbank, Asaka bank, Qishloq qurilish banki, Sanoat qurilish banki.
Arizangizga qurilish materiallari va ishlari uchun hisob-kitobni (smetani) ilova qilishingiz kerak. Bank xodimi sizga kreditning shartlarini, qanday hujjatlar kerakligini va taxminiy xarajatlarni tushuntirib beradi. Bank bir kun ichida siz haqingizdagi quyidagi ma’lumotlarni onlayn tekshiradi:
- Dasturga kiritilganingizni;
- Daromadingiz bor-yo‘qligini;
- Kredit tarixingizni;
- Ta’mirlanadigan uy sizga yoki yaqin qarindoshingizga tegishli ekanligini va u yerda kamida 6 oy ro‘yxatda turganingizni.
Hamma hujjatlarni topshirganingizdan so‘ng, bank uch ish kuni ichida kredit berish yoki bermaslik haqida qaror qabul qiladi. Agar kredit rad etilsa, bank bir ish kunida sabablarini aniq ko‘rsatib, sizga yozma javob yuboradi. Bank quyidagi 3 ta asosiy sababga ko‘ra sizga kredit berishni rad etishi mumkin:
- Agar bankka o‘zingiz haqingizda noto‘g‘ri ma’lumot bergan bo‘lsangiz;
- Agar oylik daromadingiz kredit to‘lovini qoplashga yetmasa;
- Agar boshqa kreditlaringizdan qarzingiz bo‘lsa va to‘lovlar kechikkan bo‘lsa. tree
Agar bank kredit berishni rad etsa, «mahalla yettiligi» sizga kamchiliklarni tuzatishga yordam beradi. Muammolar hal qilingandan so‘ng, bankka qayta ariza topshirishga haqlisiz.
Imtiyozli kredit tasdiqlandi. Endi nima bo‘ladi?
Bank kredit berishga rozi bo‘lsa, sizni yozma yoki SMS orqali xabardor qiladi. Keyin ikki ish kuni ichida bankka borib, kredit shartnomasini imzolaysiz. Shartnoma imzolangach, bank siz uchun davlatdan subsidiya (boshlang‘ich to‘lov va foiz yengilligi) so‘raydi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kunida boshlang‘ich to‘lov uchun subsidiyani bankka o‘tkazib beradi.
Kredit puli sizga qismlarga bo‘lib beriladi. Umumiy summaning 30% gacha qismi plastik kartangizga (agar o‘zingiz ta’mirlasangiz) yoki quruvchi tashkilot hisobiga o‘tkaziladi. Keyingi to‘lovlar bank xodimi va hokim yordamchisi kelib, qilingan ishlarni tekshirib, ijobiy xulosa bergandan so‘ng o‘tkaziladi. Siz kreditni belgilangan jadval asosida oylik to‘lab borasiz.
Eslatma! Bank pulni to‘g‘ri maqsadda ishlatayotganingizni tekshiradi. Agar pul boshqa narsaga sarflansa, kredit to‘xtatiladi va sizga ajratilgan subsidiya ham, kredit ham muddatidan oldin to‘liq undirib olinadi.
Uy-joyni ta’mirlash uchun yana qanday imkoniyatlar bor?
Imtiyozli kredit dasturidan tashqari, Kambag‘al oilalardagi xotin-qizlar uchun uy-joyini ta’mirlashga yordam beruvchi alohida dastur ham mavjud. Bu yordam «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. Oylik daromadi oilaning har bir a’zosiga minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravarigacha to‘g‘ri keladigan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga beriladi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan nogironligi bor xotin-qizlar uchun uy-joyini ta’mirlashga imkoniyatlar haqida bilib oling.
2025-yil 26-iyuldan boshlab Vazirlar Mahkamasining 462-son qarori bilan uy-joyni ta’mirlash uchun zarur qurilish materiallarini sotib olishga 20,6 million so‘mgacha (2025-yil 1-avgust BHMning 50 baravarigacha miqdorida) pul ajratiladi.
Mahalladagi maxsus ishchi guruh uyingizning holatini o‘rganib chiqadi. Ular ta’mirtalab joylar bo‘yicha dalolatnoma va kerakli materiallar uchun smeta (hisob-kitob) tuzishadi. Shartnoma asosida pul «Ayollar daftari» jamg‘armasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri material sotuvchiga o‘tkaziladi. Sektor rahbarlari va qurilish bo‘limlari ta’mirlash ishlarining sifatli bajarilishini nazorat qiladi.
Eslatma! Bu pul naqd holda qo‘lingizga berilmaydi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilish materiallarini yetkazib beruvchi tashkilotning hisobiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan kambag‘al oila a’zosi bo‘lgan xotin-qizlarga turar joy ijarasi uchun ham yordam ko‘rsatiladi. Ijara to‘lovining 50 foizi, lekin ko‘pi bilan BHMning 2 baravarigacha belgilangan miqdordan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi. Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida BHMning 3 baravarigacha miqdorda qoplab beriladi.
Prezidentining 2025-yil 30-yanvar PF-17-son yildagi Farmoniga muvofiq 2025-yil 1-apreldan boshlab “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari orqali beriladigan bu kabi ijtimoiy yordamlar asosan «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan oilalarga taqdim etiladi.
Shuningdek, uy-joy va sog‘liqni saqlash yordamlari oylik daromadi har bir oila a’zosiga minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalarga ham taqdim etiladi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan BHMning 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik uy-joy ta’mirlash xarajatlarini qoplash imkoniyati haqida bilib oling.
Foydalanilgan manbalar:
- «Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasining 15.10.2020 yildagi O‘RQ-641-son Qonuni, https://lex.uz/docs/-5049511#-5053926
- «2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 30.04.2024 yildagi PF-70-son Farmoni, https://www.lex.uz/uz/docs/-6906830
- «“Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2024 yildagi 691-son qarori, https://lex.uz/uz/docs/-7170688
- «“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 23.07.2025 yildagi 462-son qarori, https://lex.uz/uz/docs/-7645251
- «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 30.01.2025 yildagi PF-17-son Farmoni, https://www.lex.uz/docs/-7374261
Mening farzandim bosh miya saratoni kasaliga chalingan hozirda nogironlik nafaqasi oladi men kam taminlangan oila resursida turaman menga uyimni tamirlagani moddiy yordam kerak
Assalomu alaykum, Ibrohim. Savolingiz uchun rahmat! Agar shu maqolamizni yaxshilab o‘qib chiqsangiz, uy-joyni ta’mirlash va moslashtirish uchun imtiyozli kredit haqida bilib olasiz. Bu kreditni olish uchun siz «Kambag‘allikdan chiqarish dasturi»ga kiritilgan bo‘lishingiz kerak. Bu imtiyozdan foydalanish uchun siz birinchi navbatda o‘zingiz yashab turgan hududdagi «mahalla yettiligi»ga (mahalla raisi, hokim yordamchisi va boshqalarga) murojaat qilishingiz kerak.
Imtiyozli kredit dasturidan tashqari, Kambag‘al oilalardagi xotin-qizlar uchun uy-joyini ta’mirlashga yordam beruvchi alohida dastur ham mavjud. Bu yordam «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. Oylik daromadi oilaning har bir a’zosiga minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravarigacha to‘g‘ri keladigan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga beriladi. Bu haqida ham ushbu maqolamizda ma’lumot berganmiz.
Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan BHMning 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik uy-joy ta’mirlash xarajatlarini qoplash imkoniyati haqida quyidagi maqolamzidan bilib olsangiz bo‘ladi: https://huquqplus.uz/materials/uy-joy/8076
Ассалому алейкум, бизга уй олишимизда давлат томонидан кандай ёрдам берилиши мумкин, 4 нафар фарзандим бор, 1 нафар фарзандим 2гр ногирон, уз онамни хам 1гр ногиронлиги сабаб 10 йилдан бери парвариш килиб карайман, номимизда уймиз йук, уйга мухтожман, каерга кандай килиб мурожаат килсам болади, уй олишимга ёрдам беришингизни сорайман.
Vaalaykum assalom, Dilafruz! Biz sizga faqat uy-joy sotib olishda subsidiyadan foydalanishni maslahat beramiz. Bunda siz uy-joyni sotib olasiz, sotib olayotganingizda uy qiymatining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan fuqarolarga uy-joy sotib olishlari uchun subsidiya ajratilishi belgilangan. Batafsil shu havola orqali o’qing: https://huquqplus.uz/materials/uy-joy/864
Наврузова.оежамол.мен.2гуркх.ногирониман.фарзандим.йук..бир.узим.яшаеман.махаалада.темир.дафтарда.турмаеман..давлат.ишда.ишламаеман.уем.бор.ремонт.килгани..шароитим.йук.менга.кандае.йордам.килса.булади.киридит..олсам.тулае.олмаеман.1020минг.пенсия.оламан
Уй-жойингизни таъмирлаш учун имтиёзли кредит дастуридан ташқари, Камбағал оилалардаги хотин-қизлар учун уй-жойини таъмирлашга ёрдам берувчи алоҳида дастур ҳам мавжуд. Бу ёрдам «Аёллар дафтари» жамғармаси ҳисобидан молиялаштирилади. Ойлик даромади оиланинг ҳар бир аъзосига минимал истеъмол харажатларининг икки бараваригача тўғри келадиган Камбағал оилалар реестрига киритилган оилаларга берилади.
2025 йил 26 июлдан бошлаб Вазирлар Маҳкамасининг 462-сон қарори билан уй-жойни таъмирлаш учун зарур қурилиш материалларини сотиб олишга 20,6 миллион сўмгача (2025 йил 1 август БҲМнинг 50 бараваригача миқдорида) пул ажратилади.
Маҳалладаги махсус ишчи гуруҳ уйингизнинг ҳолатини ўрганиб чиқади. Улар таъмирталаб жойлар бўйича далолатнома ва керакли материаллар учун смета (ҳисоб-китоб) тузишади. Шартнома асосида пул «Аёллар дафтари» жамғармасидан тўғридан-тўғри материал сотувчига ўтказилади. Сектор раҳбарлари ва қурилиш бўлимлари таъмирлаш ишларининг сифатли бажарилишини назорат қилади.
Шунингдек, «Аёллар дафтари» жамғармаси ҳисобидан камбағал оила аъзоси бўлган хотин-қизларга турар жой ижараси учун ҳам ёрдам кўрсатилади. Ижара тўловининг 50 фоизи, лекин кўпи билан БҲМнинг 2 бараваригача белгиланган миқдордан кўп бўлмаган қисми қоплаб берилади. Тошкент шаҳри, Нукус шаҳри ва вилоятлар марказларида БҲМнинг 3 бараваригача миқдорда қоплаб берилади.
Бу ёрдамларни олиш учун маҳаллангиздаги ижтимоий ходим ёки хотин-қизлар билан ишловчи маъсулларга мурожаат қилинг.
Assalomu alaykum men 2 chi guruh bolalikdan nogironman mahallaga uy tamirlash uchun mazkur qaror boʻyicha murojaat qilgandim mahalladagilar faqat ijtimoiy restrdagilar oladi uni faqat deb aytishdi rostdan ham menga berilmaydimi
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyulda qabul qilingan 462-sonli “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga koʻra, “Kambagʻal oilalar” reyestrida turuvchi, 30 yoshdan oshgan ayollarga uy-joyini ta’mirlash uchun subsidiya beriladi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari to‘g‘risidagi nizom bilan tasdiqlangan 5-ilovaga muvofiq, bir martalik BHMning 50 baravariga boʻlgan miqdorda ijtimoiy yordam beriladi.
Izoh: BHM 1baravari – 412 ming soʻm, ya’ni 20 million 600 ming soʻmgacha miqdorda.
Ijtimoiy yordam uy-joyni ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallarini xarid qilish uchun tegishli tovarlarni (xizmatlar va ishlar)ni yetkazib beruvchilarga shartnomaga muvofiq to‘lanadi.
Mazkur yordamdan foydalanish uchun unga haqiqatda muhtojlik mavjudligi “mahalla yettiligi” tomonidan yordam oluvchilarga mulk huquqi yoki boshqa huquqlar asosida tegishli bo‘lgan uy-joylarga borgan holda o‘rganish o‘tkazilib, dalolatnoma tuziladi.
Bunda, mazkur dalolatnomada yordam oluvchiga tegishli uy-joyni ta’mirlanishi lozim bo‘lgan qismlari hamda yangisiga almashtirilishi lozim bo‘lgan jihozlar (eshik-rom, shifer va boshqalar) aniq ko‘rsatiladi.
Huquqiy asos: https://lex.uz/uz/docs/-7645251
Murojaatingiz uchun rahmat!
YORTAM BERING UYIMNI TAMIRILSIN QIZIMGA KEYIM QELIB BERILSIN MENGA RUZXORIM YUQ QIZIM OCH ERIM ESHLAMAYTI😭😭😭😭😭👩🦽👩🦽🙏🙏🙏🙏🙏🙏🙏🙏
Assalomu alaykum, hurmatli fuqaro! Bepul huquqiy maslahat olish uchun Telegram botimizga yozing: https://t.me/huquqplus_bot Yoki (90) 358-50-60 raqamiga telefon qiling soat 9:00 dan 18:00 gacha dushanbadan shanbagacha.
Mahallangizdagi ijtimoiy xodimga ham murojaat qilib ko’rdingizmi? Yoki siz yashayotgan hududingizdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga?