
Nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar oliy ta’lim muassasalarida o‘qishlari uchun imtiyozlar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muallif: Aziza Narbayeva
Muharrir: Dilmurod Yusupov
llyustratsiya: Nafisa Xusnitdinova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Rasmda chap tarafda oq kiyimda, eshitish moslamasi taqqan ayol “English” nomli ingliz tili darsligini ushlab turibdi. Uning qarshisida daftar va ruchkali stol hamda ekranda “Xotin-qizlar portaliga xush kelibsiz!” degan yozuv aks etgan.
O‘zbekistonda ta‘limda tenglik va imkoniyatlar muhim yo‘nalishlardan biridir. Shu jumladan, nogironligi bo‘lgan oila a’zosi bor xotin-qizlar uchun ham oliy ta‘limda o‘qish imkoniyatini kengaytirishga alohida e‘tibor qaratilmoqda. Ular uchun qo‘shimcha davlat granti, tavsiyanomalar va imtiyozli ta‘lim kreditlari taqdim etiladi.
Quyida ushbu imtiyozlarning qanday turlari borligi, kimlarga berilishi, rad etish sabablari va rad etilgan taqdirda qayerga murojjat qilish mumkinligi haqida ma‘lumot beriladi.
Nogironligi bor shaxslar uchun umumiy davlat granti
Bu imtiyozni nogironligi bo‘lgan shaxslar (umumiy erkak va ayollarga) nisbatan qo‘llaniladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida oliy ta’lim muassasasiga (OTMga) qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-iyundagi 417-son qaroriga ilova qilingan nizom asosida amalga oshirilishi mumkin.
Bu turdagi imtiyoz nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha 2% davlat granti kvotalaridan iboratdir. Bunda, nogironlik I va II guruhi bo‘lgan shaxslar (erkak ham, ayol ham) nazarda tutilgalgan bo‘lib, ular OTMga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan qo‘shimcha ikki foizli kvotadan foydalanishadi.
Misol uchun: O‘zbekiston bo‘yicha jami 100 000 (yuz ming) ta talaba oliy ta‘limga qabul qilinadi. Shunda nogironligi bo‘lgan abituriyentlar (erkak va ayollar) uchun qo‘shimcha 2%, ya‘ni 2 000 ta davlat granti o‘rni ajratiladi. Keyinchalik esa bu 2 000 ta o‘rin OTM kesimida taqsimot qilinadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar OTMlarga o‘qishga kirishda 2% miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi haqida batafsil o‘qing.
Xotin-qizlar uchun o‘qishga kirishda qo‘shimcha davlat granti
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyun qabul qilingan 402-sonli qaroriga ko‘ra, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga OTMlarga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun tavsiyanoma berish va ularni qabul qilish tartibi belgilangan.
Unga ko‘ra, davlat OTMlari tomonidan qo‘shimcha bepul (grant) o‘rinlar ajratiladi. Bu o‘rinlar orqali ma‘lum bir toifa oilalardagi xotin-qizlar OTMga kirishlari mumkin.
Yuqorida birinchi bo‘lib keltirilgan 2% davlat granti asosida imtiyoz berishda: ayolning nogironligi (I va II guruh); umumiy o‘rta ta‘lim, o‘rta maxsus ta‘lim tashkiloti yoki boshlang‘ich professional ta‘lim kasb-hunar maktabini tugatganligi haqidagi hujjatga ega bo‘lishi – bu turdagi imtiyozdan foydalanish uchun me‘zonlar bo‘lib hisoblanadi.
Ikkinchi turdagi (tavsiyanoma bilan tanlovda ishtirok etish) imtiyozdan foydalanishda quyidagi me‘zonlar hisobga olinadi:
- Oilasi kam ta‘minlangan ayollar (oilaning har bir a‘zosi uchun tushadigan mablag‘ davlat belgilagan eng kam oylik ish haqining yarimidan ham kam bo‘lsa);
- Ota-onasini, yoki ulardan birini yo‘qotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- Turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- Nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand ayollar;
- Ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
- Ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I (birinchi) yoki II (ikkinchi) guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma yuqoridagi me‘zonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.
Bu turdagi tavsiyanomani olish va u bilan OTMga topshirish tartibi qanday?
Tavsiyanoma olish uchun talabgor xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha yashab turgan hududdagi tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limlariga https://xotin-qizlar.uz/ portali orqali elektron shaklda murojaat qiladilar.

Yordamga muhtoj oilalardagi qizlar va ayollarga o‘qishga kirish uchun tavsiyanoma berish masalasi bilan tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi shug‘ullanadi. Buning uchun maxsus ishchi guruh tuzilib, hujjatlar har yili 30-maydan 8-iyungacha qabul qilinadi.
Ishchi guruh arizalarni ko‘rib chiqqach, tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limi buyruq chiqaradi. Shu buyruq asosida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi har yili 10-iyunga qadar tavsiyanomani elektron shaklda beradi. Talabgorlarning mobil telefon raqamiga yoki elektron manziliga tavsiyanoma berishga tavsiya etilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida xabar yuboriladi. Tavsiyanoma bir yil davomida amal qiladi.
Muhim: Tavsiyanoma faqat birinchi tanlangan oliy ta’lim yo‘nalishida 4% qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun huquq beradi. Ikkinchi yoki undan keyingi yo‘nalishlar uchun amal qilmaydi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar qo‘shimcha qabul uchun o‘qishga kirish imtihonlaridan o‘tishadi. Bu imtihonlar test, ijodiy yoki yozma bo‘lishi mumkin. Ular imtihon natijalari asosida qabul qilinadilar. Kirish imtihonlarida eng yuqori ballning kamida 30% to‘plagan, tavsiyanomaga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar, ballari tartibiga ko‘ra, qo‘shimcha 4% davlat granti asosida o‘qishga tavsiya qilinadilar.
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga 4% kvota asosida qancha o‘rin ajratiladi?
Ilgari respublika bo‘yicha shunday xotin-qizlar uchun 2000 ta qo‘shimcha o‘rin ajratilgan edi. 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab bu o‘rinlar soni ikki baravar ko‘payib, 4000 taga yetkazildi.
Ushbu 4% qo‘shimcha kvota siz tanlagan universitet yoki yo‘nalish bo‘yicha emas, balki siz yashaydigan hudud (viloyat) bo‘yicha ajratilgan.
Masalan: Andijon viloyatida yashovchi barcha tavsiyanomali qizlar uchun jami 312 ta o‘rin ajratilgan. Bu o‘rinlarning bir qismi aniq sohalarga (tibbiyot, texnika, aniq fanlar) bo‘lingan, qolgan qismi esa boshqa barcha yo‘nalishlar uchun umumiy hisoblanadi.
Eng katta va noto‘g‘ri tushuncha shuki, go‘yo bu tavsiyanoma sizga «qo‘shimcha ball» beradi. Ammo, tavsiyanoma sizga ball qo‘shmaydi. U sizga alohida, maxsus tanlovda qatnashish imkoniyatini beradi. Ya’ni, siz faqat o‘zingizga o‘xshab tavsiyanomasi bor boshqa qizlar bilan o‘z hududingizga ajratilgan grantli o‘rinlar uchun kurashasiz.
Agar balingiz umumiy tanlovda grantga yetsa, o‘sha yerdan o‘qishga kirasiz. Yetmasa, sizning hujjatingiz avtomatik ravishda mana shu maxsus tanlovga o‘tadi va siz boshqa tavsiyanomali qizlar orasida balingiz bo‘yicha o‘rin uchun kurashasiz.
Eslatma!
- Bu tavsiyanoma faqat birinchi yo‘nalishga o‘tadi. Siz beshta yo‘nalish tanlashingiz mumkin, lekin bu imtiyoz faqat siz birinchi o‘ringa yozgan yo‘nalish uchun ishlaydi.
- Faqat kunduzgi ta’lim uchun. Imtiyoz kechki, sirtqi yoki masofaviy ta’lim uchun ishlamaydi. Faqat kunduzgi («ochniy») ta’lim uchun amal qiladi.
Hujjat topshirayotganda, albatta, birinchi yo‘nalishga kunduzgi ta’lim shaklini tanlashingiz shart. Aks holda, tavsiyanomangizdan foydalana olmaysiz.
Bir vaqtning o‘zida 2% va 4% kvotadan foydalansa bo‘ladimi?
Bir vaqtning o‘zida ham I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2% kvota, ham ehtiyojmand xotin-qizlar uchun beriladigan tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyent murakkab tanlov oldida turadi. Hozirgi kunda O‘zbekiston qonunchiligida bir vaqtning o‘zida ikki xil imtiyozga da’vogarlik qilishni taqiqlovchi aniq norma yo‘q.
Agar abituriyent har ikki imtiyoz mezoniga mos kelsa – ya’ni, u I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan (Vazirlar Mahkamasining 417-sonli qarori), va shu bilan birga ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar mezonlariga to‘g‘ri kelsa (Vazirlar Mahkamasining 402-sonli qarori), u holda ikkala imtiyoz bo‘yicha ham hujjat topshirishi mumkin.
Misol uchun: I guruh nogironligi bo‘lgan abituriyent ayol kam ta’minlangan oilada yashasa yoki nogiron farzandga ega bo‘lsa, u 402-sonli qaror asosida tavsiyanoma olish uchun doimiy yashash yoki vaqtincha yashab turgan hududdagi tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limlariga murojaat qilishi mumkin. Shu bilan birga, I guruh nogironligi sababli 417-sonli qarordagi 2% kvotaga ham avtomatik ravishda kiritilishi mumkin.
Ushbu o‘ta muhim masalaga yakuniy aniqlik kiritish uchun abituriyent hujjat topshirish jarayoni boshlanishidan oldin yagona vakolatli organ – Bilim va malakalarni baholash agentligiga (sobiq Davlat test markazi) rasmiy (yozma yoki my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn) so‘rov bilan murojaat qilishi shart. Faqatgina Agentlikning rasmiy javobigina ishonchli huquqiy asos bo‘la oladi va kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklar hamda huquqiy muammolarning oldini oladi.
Qaror qabul qilish jarayonini yengillashtirish uchun har ikkala imtiyozning asosiy jihatlari quyidagi taqqoslov jadvalda umumlashtirilgan. Ushbu jadval har bir imtiyozning kuchli va zaif tomonlarini aniq ko‘rsatib, abituriyentga o‘zining shaxsiy ustuvorliklariga mos tanlovni qilishda yordam beradi.
| Imtiyoz turi | 2% nogironlik kvotasi | Xotin-qizlar uchun 4% kvota |
| Huquqiy asos | Vazirlar Mahkamasining 417-son qarori | Vazirlar Mahkamasining 402-son qarori |
| Imtiyoz kimlarga beriladi | I va II guruh nogironligi bo’lgan barcha shaxslar (erkak va ayollar) | Maxsus tavsiyanomaga ega ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar |
| Ta’lim shakli | Barcha shakllar (kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy) | Faqat kunduzgi ta’lim shakli |
| Yo‘nalish tanlovi | Tanlangan barcha (5 tagacha) yo’nalish uchun amal qiladi | Faqat birinchi tanlangan yo’nalish uchun amal qiladi |
| Tanlov doirasi | Har bir OTM doirasida respublika bo‘yicha barcha da’vogarlar o‘rtasida | Abituriyentning doimiy yashash joyi (propiska) bo‘yicha hududiy kvota doirasida |
| Umumiy tanlovda ishtirok | Mavjud. Imtiyozdan o‘ta olmasa, umumiy tanlovda to‘liq ishtirok etadi. | Mavjud emas. Birinchi yo‘nalishdan o‘ta olmasa, imtiyoz butunlay yo‘qoladi (lekin umumiy tanlovda qatnashish huquqi saqlanadi). |
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun OTMga kirishda qanday ta‘lim kreditlari mavjud?
Xotin-qizlar uchun 4% qo‘shimcha kvotadan tashqari, ular imtiyozli shartlarda ta‘lim krediti olish huquqiga ham ega. Ya‘ni ta‘lim olish uchun olingan kreditni yengil shartlarda, uzoq muddatga to‘lash imkoniyati mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-mart qabul qilingan 87-son farmoniga asosan bakalavr bosqichida kunduzgi bo‘limda o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun:
Texnikum, kollej yoki OTMda xotin-qizlarga kontrakt to‘lovini qoplash uchun 7 yil muddatga foizsiz kreditlar beriladi.
Bu turdagi ta‘lim kreditini olish uchun yaqin atrofdagi tirojat bankiga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Misol uchun, Orient Finans Bank; Xalqbanki; Agrobank va boshqalar. Ta‘lim kreditini olish mumkin bo‘lgan banklar bilan batafsil quyidagi link orqali tanishishingiz mumkin. Bunda quyidagi hujjatlar kerak bo‘ladi:
- Passport yoki ID-karta;
- O‘qish kontrakti (to‘lov shartnomasi);
- Ijtimoiy himoya yagona reestriga kiritilganlik haqida ma‘lumot (agar oila shu reestrda bo‘lsa);
- Daromadni tasdiqlovchi hujjatlar (agar bank talab qilsa);
- Kafillik yoki garov hujjatlari (agar siz reestrda bo‘lmasangiz va bank talab qilsa).
Davlat OTMlarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan xotin-qizlarining esa kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz qo‘plab beriladi.
Prezidentning 2022-yil 18-iyuldagi 323-son qaroriga ko‘ra, taqdim etilgan ta‘lim kreditining asosiy qismini (ya‘ni olingan kredit summasini o‘zini) to‘lashni talaba o‘qishni tugatgach, 7 oydan keyin boshlab, 7 yil ichida qaytarishi kerak bo‘ladi.
Eslatma! Bakalavr bosqichida o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar faqat ikki turdagi imtiyozdan — 2% kvotadan yoki Oila va xotin-qizlar uchun qo‘shimcha 4% kvotadan foydalanmagan taqdirdagina o‘qish uchun olingan kreditni qaytarishlari kerak bo‘ladi.
Imtiyozlar qanday hollarda rad etilishi mumkin?
Agarda:
- Hujjatlar to‘liq emas yoki soxta ma‘lumot berilgan bo‘lsa;
- Tavsiyanoma olish uchun noto‘g‘ri yo‘l bilan ariza topshirilgan bo‘lsa;
- Abituriyent test sinovlaridan yetarli ball to‘play olmasa (agar belgilangan mimimumdan past bo‘lsa);
- Imtiyoz olishga asos bo‘lgan holatlar mavjud emasligi aniqlansa.
Agar imtiyoz rad etilsa yoki qonunga zid asosda bekor qilinsa, belgilangan tartib bo’yicha shikoyat qilish mumkin. Bunda avvalo, o’qishga hujjat topshirgan Oliy Ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga yozma murojjat qiling. Agar natija bo’lmasa, davlat test markazi (DTM) yoki Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga murojaat etish mumkin. Oxirgi chora sifatida, shaxs o’z huquqlarini fuqarolik sudi orqali himoya qilishi mumkin.
Shikoyat yozishda rad etish sabablari ko’rsatilgan rasmiy hujjat nusxasi va kerakli ilovalar (nogironlik guvohnomasi, test natijasi va hokazolar) qo’shilishi lozim.

E’tibor qiling! OTMlarning bakalavr bosqichiga ko‘zi ojiz abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish tartibi farq qiladi. Bu haqida alohida huquqiy maqolamiz chop etilgan.
Foydalanilgan manbaalar:
- O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 18.07.2022 yildagi 323-son “Oliy va professional ta‘lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta‘lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 07.03.2022 yildagi 87-son “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni;
- Vazirlar Mahkamasining 02.06.2018 yildagi 417-son qaroriga ilova qilingan nizom;
- Vazirlar Mahkamasining 23.06.2020 yildagi 402-son qaroriga ilova qilingan nizom.
- «Xotin-qizlar uchun qoʻshimcha grant kvotasi: taqsimot qanday bo‘ladi?», Xushnudbek Xudoyberdiyevning YouTubedagi kanali, https://youtu.be/ROwCw-ssuXE?si=FGjnLZq-SNbZ4eT_
Ассалому алайкум. Гулистон давлат унверситети психология ва ижтимоий фанлар кафедраси ижтимоий иш йўналиши масофавий таълим 1курсни битирган 2гуруҳ эшитишимда нуқсоним бор ёлғиз чин етим талаба қизга қандай Имтиёзлар бор
Vaalaykum assalom, hurmatli fuqaro!
Sizning holatingiz bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-apreldagi PQ-230-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-maydagi 181-son qaroriga asosan:
1. Oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari uchun mablag‘lar
Ijtimoiy ta’minot yordami: Yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalarini xarid qilish uchun maxsus mablag‘lar ajratiladi.
To‘lab berish tartibi: Bu mablag‘lar talabaning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganidan qat’i nazar, Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Masofaviy ta’lim va nodavlat OTM: Ushbu amaliyot nafaqat davlat oliy ta’lim muassasalari, balki nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga ham tatbiq etiladi.
2. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyozlar.
Stipendiya: Siz 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida, agar Respublika kasbiy ta’lim markazlarida inklyuziv ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitilayotgan bo‘lsangiz, nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2 baravari miqdorida har oylik stipendiya olish huquqiga egasiz.
Ma’lumot uchun: 2026-yil 4-iyun holatiga ko‘ra 1 BHM 412 000 so‘mni tashkil etadi. Demak, stipendiya miqdori 824 000 so‘mni tashkil qiladi.
Pensiyani qayta hisoblash: 2023-yil 1-yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi uchun pensiya tayinlangandan keyin ishlagan fuqarolarning ish staji va ish haqi hisobga olingan holda, pensiya miqdori har ikki yilda qayta hisoblab chiqiladi.
Undan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga asosan, sizning vaziyatingiz bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot: Stipendiya miqdori va to‘lov tartibi:13-band: Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda stipendiya tayinlanadi. Ya’ni 569 668 so‘mga 50 foizlik ustama qo‘shib tayinlanadi. Bu degani, nogironligi bo‘lgan talaba xar oy o‘rtacha 854 502 so‘m miqdorida stipendiya oladi.
Batafsil ma’lumot olish uchun ushbu havolalar orqali ko‘rib chiqishingiz mumkin:
https://huquqplus.uz/materials/talim/58292
https://huquqplus.uz/materials/talim/18773
https://huquqplus.uz/lawyers/ravshanbekova-dildoraxon/11784
https://huquqplus.uz/materials/social-protection/3457
Assalomu alaykum, hurmatli fuqaro!
Agarda sizda II guruh nogironligi bo‘lib, Siz Davlat OTM da 2-kurs talabasi bo‘lsangiz, bu holatda, Siz uchun davlat tomonidan belgilangan quyidagi imtiyozlar mavjud:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.08.2023-yildagi 376-son qaroriga qo‘ra, Davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joyiga ustuvorlik asosida qabul qilinish. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza oliy ta’lim muassasasi talabalar turar joylariga joylashtirish komissiyasiga 2023-yil 25-avgustga qadar topshiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 09.08.2021-yildagi PQ-5216 son qaroriga asosan, 2021-yil 15-avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning tartibi o‘rnatildi. Unga ko‘ra, o‘ziga biriktirilgan turar joyi bo‘lmagan hamda uy-joyga muhtoj sifatida ro‘yxatda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga 18 yoshga to‘lgach uy-joy ajratiladi. Ularga ko‘p xonadonli uylardan 25–50 kv.m maydonli xonadon beriladi. Agar ushbu toifadagi ikki nafar shaxs o‘zaro nikoh qurgan bo‘lsa, ularga 50–70 kv.m maydonli xonadon yoki shu qiymatdan qimmat bo‘lmagan yakka tartibdagi turar joy (hovli) ajratiladi.
Bundan tashqari, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (2,060,000 so‘m) miqdorida subsidiyalar ajratiladi. Va yana, yuqoridagi PKning 10 punktiga ko‘ra, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olsa, ularga stipendiya miqdori 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi. Bu to‘lovlar Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Yuqorida keltirilgan Davlat oliy talim muassasasiga tegishli imtiyozlardan foydalanish uchun, Siz OTMning dekanati yoki talabalar bilan ishlash bo‘limiga murojaat qiling, chin yetim maqomini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan xolda. Agarda Siz uy-joyga muhtoj sifatida ro‘yxatda turmagan bo‘lsangiz, tuman (shahar) hokimligi, yeki hududiy Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarmasiga murojaat qilishingiz mumkin. Uy-joy bilan ta’minlash jarayonida ushbu organlar ishtirok etadi.