
Nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilishni rasmiylashtirish tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Koʻk koʻylak kiygan tikuvchi ayol nogironlar aravachasida oʻtirgan holda tikuv mashinasida kiyim tikmoqda.
Hozirgi kunda nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilishda ish beruvchilar tomonidan ushbu shaxsga berilgan imtiyozlarni hisobga olmasdan mehnat shartnomasi tuzish orqali xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻyish hollari uchrab turibdi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar bilan mehnat shartnomasini rasmiylashtirishda eʻtibor qaratilishi kerak boʻlgan jihatlar bu:
Mehnat shartnomasini rasmiylashtirish
Mehnat qonunchiligida nogironligi boʻlgan xodimni rasman ishga qabul qilish tartibi, boshqa fuqarolarni ishga qabul qilish tartibidan farq qilmaydi. Faqat bunda alohida jihat shuki, ushbu shaxslar uchun qonunchilikda alohida imtiyozlar belgilangan. Ushbu imtiyozlardan foydalanish uchun, xodim ish beruvchiga barcha hujjatlar bilan bir qatorda nogironlik ma’lumotnomasini ham taqdim etishi lozim. Ayni usha hujjat asosida ish beruvchilar ushbu shaxsning mehnat qonunchiligida belgilangan imtiyozlardan foydalanishlarini ta’minlaydi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar va boshqa fuqarolar bilan tuziladigan mehnat shartnomasi muayyan muddatga (3 yilgacha bo’lgan davr uchun) va nomuayyan muddatga tuzilishi mumkin. Muayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi tuzish tartibi qonunchilikda belgilangan boʻlib, alohida hollarda tuziladi. Shuningdek ish beruvchi va xodimning oʻzaro kelishuvi asosida muayyan muddatga tuzilishi mumkin. Muddat tugagach qonunchilikka asosan mehnat shartnomasi bekor boʻladi. Boshqa hollarda mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuziladi va mazkur shartnomani qonunda belgilangan tartiblardan tashqari ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu oʻz navbatida nogironligi bo’lgan xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.
Sinov muddati
Mehnat shartnomasida sinov muddati belgilanishi mumkin. Ushbu muddatni belgilashdan asosiy maqsad – bu ishga kirayotgan xodimning ishga muvofiqligini tekshirish va xodimga ham mazkur ish oʻrnida ishlashni davom ettirish bo’yicha qaror qabul qilishi uchun vaqt berishdir. Mehnat kodeksi 130-moddasiga asosan sinov muddati 3 oygacha, tashkilot rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari va bosh buxgalterlar uchun 6 oygacha belgilanishi mumkin. Quyidagi hollarda sinov muddati belgilanmaydi:
- Agar aholining ijtimoiy ehtiyojmant toifalaridan boʻlgan shaxslar bandlik organlari tomonidan zaxira ish oʻrinlariga yoʻnaltirilgan boʻlsa;
- Homilador ayol, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayol yoki uch yoshga toʻlmagan bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan ota (vasiy);
- Davlat grantlari asosida oʻqigan va oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch oy ichida yoʻllanma boʻyicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari;
- Tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran bir yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi boʻyicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari;
- Oʻzi bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;
- Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar;
- Ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar bo‘yicha bekor qilgan boʻlsa, oʻsha shaxslar;
- Ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi boʻyicha ushbu ish beruvchida oʻqishni oʻtagan oʻquvchilar;
- Ichki lokal hujjatlarda belgilangan xodimlar.
Yuqorida keltirib oʻtilgan holatlar mavjud boʻlmagan taqdirda nogironligi bo’lgan xodim uchun ham sinov muddati belgilanishi mumkin. Sinov davrida xodimga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik toʻliq tadbiq etiladi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim haqiqatda ishda boʻlmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qoʻshilmaydi.
Ish vaqti
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi (MK) 427-moddasiga binoan I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlari uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga 36 soatdan oshmasligi belgilangan boʻlib, bunda olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soatu oʻttiz daqiqadan ortib ketmasligi kerak va bunda nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻlanadigan ish haqi shu lavozimda mehnat qilayotgan boshqa xodimlar bilan bir xil miqdorda toʻlab beriladi. Lekin amalda tuziladigan mehnat shartnomalarida shaxsning nogironligi inobatga olinsa ham haftasiga 40 soat va undan koʻp boʻlgan ish vaqti bilan belgilangan mehnat shartnomalari koʻp uchrayapti.
Xodimlarni xizmat safariga yuborishning, ish vaqtidan tashqari ishlarga, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishning oʻziga xos xususiyatlari mavjud boʻlib, nogironligi boʻlgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, faqat xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan boʻlsa yoʻl qoʻyiladi. Ya’ni nogironligi boʻlgan shaxslar ham ish vaqtidan tashqari ishlashlari mumkin. Ishdan tashqari bo’lgan davr uchun ish haqqini toʻlash mehnat qonunchiligi bilan belgilanadi.
Masalan: Nogironligi boʻlgan shaxs ishga qabul qilindi ammo uning mehnat shartnomasi odatiy haftasiga 40 soatlik ish vaqti bilan rasmiylashtirildi. Bunda nogironligi boʻlgan xodim ish beruvchiga (yoki kadrlar boʻlimi orqali) belgilangan tartibda yozma ariza bilan murojaat qilishi kerak. (ariza namunasi 1-ilovada)
Agar shunda ham ish beruvchi xodimning talabini qanoatlantirmasa belgilangan tartibda vakolatli organlarga yoki nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bilan shugʻullanuvchi NNTlarga (quyidagi havolada NNTlar roʻyxati https://advice.uz/uz/document/2428 ) va fuqarolik sudiga murojaat qilishi lozim. (Sudga daʻvo arizasi namunasi 2-ilovada)
Mehnat taʻtili
MK ning 218 va 429-moddalarida belgilangan tartibga koʻra ish beruvchi I yoki II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga har yili 30 kalendar kundan iborat taʻtil berishga majbur va ushbu taʻtildan xodim yilning oʻziga qulay boʻlgan davrida foydalanish huquqiga ega. Bunda MK ning 227-moddasiga koʻra I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar ishga kirgandan keyin olti oy oʻtmasdan yillik mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin. Bundan tashqari agar nogironligi boʻlgan shaxslar noqulay yoki ogʻirroq mehnat sharoitida faoliyat olib borayotgan boʻlsa ish beruvchi boshqa qoʻshimcha taʻtillarni berishga ham majbur (MK 481, 483-moddalar)
Masalan: Agar nogironligi boʻlgan xodim avgust oyida taʻtil (isteʻmolda отпуск) olmoqchi boʻldi lekin ish beruvchi (u ishlayotgan tashkilot) taʻtillar jadvalida xodimning navbati kelmagani uchun taʻtil berilishini rad etsa yoki nogironligi boʻlgan xodimning ishga qabul qilinganiga hali olti oy toʻlmagani uchun rad etgan taqdirda ham nogironligi boʻlgan xodim yuqorida koʻrsatilgan moddalarga tayanib avval ish beruvchiga (ariza namunasi 3-ilovada), agar yetarli chora koʻrilmasa sudga murojaat qilishi lozim.
Mehnat sharoitlari va tibbiy koʻrikdan oʻtish
Avvalo ish beruvchi nogironligi boʻlgan shaxsni ishga olishda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalari asosida tegishli mehnat sharoitlarini yaratib berishi kerak.
Ish beruvchi I yoki II guruh nogironligi boʻlgan xodimni ishga qabul qilishda daslabki tarzda va har yili majburiy tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi tashkil qilishi lozim. Bundan tashqari MK 360-moddasiga koʻra mehnat faoliyati davomida nogironligi boʻlgan shaxslarni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.
Agarda ushbu holatlar inobatga olinmagan holda mehnat shartnomasi tuzilgan boʻlsa qoʻshimcha kelishuv asosida mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritilishi lozim.
Masalan: Mehnat shartnomasi nogironligi boʻlgan shaxs bilan tuzilayotganda yuqoridagi jihatlar inobatga olinmadi yoki xodim ishga kirgandan soʻng nogironlik toʻgʻrisida maʻlumotnomaga ega boʻldi. Bunda eski mehnat shartnomasini bekor qilib, yana yangi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish shart emas. Eski mehnat shartnomasidagi mavjud bandlarni qoʻshimcha kelishuv orqali oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish kifoya. (Kelishuv 4-ilovada)
Nogironligi boʻlgan shaxs bilan mehnat shartnomasini (shartnoma namunasi 5-ilovada) rasmiylashtirilishida yuqoridagi va qonunchilikda belgilangan boshqa jihatlarga eʻtibor berilishi nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlari himoya qilinishi bilan bir qatorda, ish samaradorligiga ham sezilarli taʻsir etmay qolmaydi.
Shu va boshqa holatlar yuzasidan www.huquqplus.uz portal orqali mutaxasislar bilan bogʻlanishingiz mumkin.
Ilovalar:
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
- Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi https://lex.uz/ru/docs/-6257288#-6266707
- Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi https://lex.uz/docs/-3517337
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlarni ishga qabul qilish tartibi haqida bilib olasan.
Senda nogironlik bor va sen ishga kirmoqchisan.
Rahbar sening imtiyozlaringni bilishi va senga kerakli sharoitni yaratib berishi kerak.
Imtiyoz – bu nogironligi bor inson uchun yaratilgan barcha qulayliklar.
Masalan: sen kamroq soat ishlashing, ko‘proq ta’til olishing va dam olishing mumkin.
Mehnat shartnomasi – bu ishlash uchun rahbar va ishchi kelishuvi.
Shartnoma – bu kelishuv.
Sen ishlashing uchun rahbarga nogironlik hujjatini berishing kerak.
Sinov muddati – bu seni ishda qanday ishlashingni bilish uchun rahbar senga biroz vaqt ishlab ko‘rishingga imkon berishi.
Mehnat haqidagi qonunning 130-moddasiga ko‘ra sinov muddati:
- oddiy ishchilarga 3 oy;
- rahbar va ularning yordamchilariga 6 oy;
- hisobchiga 6 oy belgilanadi.
Sen sinov vaqtida har doim ishlaydigan ishchilar bilan bir xil imkoniyat va majburiyatga egasan.
Sen biroz vaqt ishlay olmagan yoki ishga kelmagan kuning sinov vaqtiga qo‘shilmaydi.
Sen 1 haftada 36 (o‘ttiz olti) soatgacha ishlashing kerak.
1 kunda 7 soat ishlasang, 5 kun (dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma) ishlashing mumkin.
1 kunda 6 soat ishlasang, 6 kun (dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma, shanba) ishlashing mumkin.
Sening ish vaqting 36 soatdan ko‘p bo‘lsa,
birinchi rahbarga, keyin sudga ish soatim ko‘p deb ariza yozishing kerak.
Sud – bu sening huquqingni himoya qiluvchi tashkilot.
Ariza – bu huquqingni himoya qilish uchun yozishing kerak bo‘lgan hujjat.
Senda imtiyozlar bo‘lsa ham oylik hamma ishchilar kabi to‘lanadi.
Sen o‘z roziliging bilan:
- kechasi ishlasang;
- dam olish kuni ishlasang;
biror joyga ish bilan yuborilsang, senga qo‘shimcha oylik beriladi.
Mehnat ta’tili bu – ishdan bo‘shamasdan biroz vaqt dam olish.
Mehnat qilish haqidagi qonunning 218 va 429-moddalaridan foydalanib:
Sen 1 yilda 1 marta 30 kun xohlagan vaqtda (qish, bahor, yoz, kuz) dam olishing mumkin.
Mehnat qilish haqidagi qonunning 227-moddasiga ko‘ra:
senda birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lsa, 6 oy ishlamay turib 30 kun dam olishing mumkin.
Sen qiyin ishda ishlasang qo‘shimcha dam olishing uchun ruxsat beriladi.
Senga rahbar ishlayotganingga 6 oy bo‘lmagani uchun dam olishga ruxsat bermasa, sudga ariza yozishing mumkin.
Senga rahbar dam olish navbati boshqa ishchiniki bo‘lgani uchun dam olishga ruxsat bermasa ham sudga ariza berishing mumkin.
Mehnat haqidagi qonunning 360-moddasiga ko‘ra:
rahbar o‘z hisobidan seni ishga olganda har yili majburiy shifokor ko‘rigidan o‘tkazishi kerak.
Rahbar seni nogironliging borligi mehnatga layoqatsiz ekanligingni bilmasdan ishga olgan bo‘lsa yangi shartnoma tuzmaydi.
Eski shartnomani sen bilan kelishib o‘zgartiradi.
Aytib o‘tilgan ma’lumotlarni bilishing:
- ishga joylashishingda
- ish vaqtida muammolar bo‘lganda senga yordam beradi.
Buni hammasi qog‘ozda. Amalda nogironligingizni aytsangiz ishga qabul qilishmaydi. Hali nogiron ekan sog‘lom kishilarni ham 40 oshgan bo‘lsa ishga olmaymiz deb olx va shunga o‘xshash platformalarda chiqishayapti. Maqsadlari yoshlarni jismoniy kuchidan maksimal foydalanish. Deylik navbatchi elektrik kerak yoshi 40 gacha deyilayapti. Tushinamiz elektrik avariyaviy vaziyatni tuzatadi va o‘zini elektrika bo‘yicha ishi bo‘lsa qiladi yoki damda bo‘ladi tegishli ish chiqquncha. Ish beruvchilar esa elektrikga tegishli bo‘lmagan ish qildirishga harakat qilishadi. Mana yosh ishchilarni olishidan asosiy maqsadi. Bunaqa aldovlar talaygina. Har doim sinov muddatida olish ham o‘zini oqlamaydi. Sinov muddatiga oldik deb kam haq to‘lashadida sinov muddati tugaganidan keyin xayrlashadi yoki jismoniy zo‘riqishga uchratishib ishdan xodimni o‘zini sovutishadi. Ishdan ketqazsa ish beruvchi hech narsa yutqazmaydi sababi ishsizlar ko‘p biri ketsa ikkinchisi o‘sha qo‘pol bo‘lsa ham tuzoqqa tushaveradi. Bunaqa holatlarga chek qo‘yilishi kerak. E‘lon platformalarida ham taqiqlash kerak bunaqa eplonlarni.
Bizda oʻz huquqini bilmaydigan odamlar koʻp
Ish topish soham bilsn ishlash
Assalomu alaykum
https://t.me/ishplus_uz shu kanalga obuna bo’ling ish masalasi bo’yicha.
http://www.ishplus.uz ma’lumot xizmati telefon raqami +998 (90) 818-07-08 faqat ish kunlari soat 9:00 dan 17:00 gacha ishlaydi.
Ish topish
Kerak
Assalomu alaykum.
Siz ishplus loyihasidan xabardormisiz? Bu loyiha sizga ish topishda yordam beradi. “Sharoit Plyus” nogironlar jamoat birlashmasi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash uchun ishplus.uz maxsus rekruting veb-portalini ishga tushirdi.
Ushbu loyiha orqali siz Toshkent shahrida ish topishingiz mumkin.
Assalomu alaykum. Men 1-guruh nogironiman . Insititutni bitirganman. Meni eshitishim bo’yicha 1-guruh nogironlari ishlamaydi faqat 2-guruh nogironlari ishlashadi deb eshitdim. Vrachlar ham shunday deyabdi. Biz yani 1-guruh nogironlari qanday hollarda ishlasak bo’ladi va qanday huquqlarimiz bor?
1-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ham ishlasa bo‘ladi. Tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga borib murojaat qilsangiz, ular sizga ishlashingiz mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxatini shakllantirib tasdiqlab berishadi. Eshitishida nogironligi bo‘lgan shaxslar asosan, ishlab chiqarish, tadbirkorlik qilish kabi ishlarda faoliyat yuritishlari mumkin.
Assalomu alaykum, men Farg’ona davlat universiteti Ingliz tili va adabiyoti fakulteti Xorijiy til va adabiyoti ingliz tili yo’nalishi ni yaqinda Tamomladim, til bilish darajasi sertifikatim yo’qligi sabab ishga kirolmadim, tkt xalqaro sertifikati uchun imtixon topshirdim va birinchi moduldan o’tdim, endi ishga kirsam bo’ladimi, yoki ikki va uch modulni topshirib, o’tsam, va yana yoniga b2 sertifikatini olsamgina kirolamanmi?
Assalomu alaykum
Iltimos, savolni to‘liq yo‘llang. Sizda qanday nogironlik bor? Siz qaysi ish joyiga kirmoqchisiz?
Agar siz maktabga xorijiy til o‘qituvchisi sifatida ishga kirish haqida gapirayotgan bo‘lsangiz, unda siz til sertifikatini olishingiz lozim.
Asalom aleykum men 2 gruh nogironi man hozirda budjet tashkilotida ishlayman birinchi darajali ekanamis boʻlib menga qoʻshimcha pul toʻlanishi kerakmi yoki yoʻqmi
Assalomu alaykum
Agar tashkilotingizning ichki nizomlarida qo‘shimcha pul aks ettirilmagan bo‘lsa, sizga qo‘shimcha pul to‘lanmaydi. Qonunchilikda bunday imtiyoz mavjud emas.
Assalomu alaykum meni 2guruh nogironiman ishga kirsam boʻladim moshimga taʼsir qilmaydim qanaqa dakmetlar olib borishim kerak
Vaalaykum assalom, iltimos ushbu huquqiy maqolamiz bilan batafsil tanishib chiqing. Ish beruvchiga taqdim qilinish kerak bo’lgan hujjatlarni o’zidan so’rashingiz kerak. Odatda mehnat shartnomasini tuzish uchun:
– Pasport;
– Mehnat daftarchangiz;
– Boshqa joyda ishlasa u yerdan ma’lumotnoma;
– Nogironlik haqidagi guvohnomangiz;
– Oliy ta’lim diplomi (agar bitirgan bo’lsangiz);
– INPS;
– Bank kartangiz rekvizitlari va boshqa hujjatlar kerak bo’lishi mumkin.
Sizning mehnat qilishingiz nogironlik pensiyangizga ta’sir qilmaydi. Aksincha mehnat stajingizga qarab nogironlik pensiyangizni qayta hisoblatib olishingiz mumkin bo’ladi. Batafsil shu huquqiy maqolamizda yozilgan: https://huquqplus.uz/materials/social-protection/1178
Hurmat bilan,
HuquqPlus.uz
Assalomu alaykum meni ismim valijonov Azamjon 1gurur nogroniman
Assalomu alaykum
Iltimos, savolingizni bitta xabarda to‘liq qilib yo‘llang.
Assalomu aleykum nogironligi bo’lgan shaxslarni ishga qabul qilishda, soliq imtiyozini qo’llash uchun maxsus kodi bo’lar ekan anashu kodni aytib bera olasizmi
Vaalaykum assalom, Asadbek! Bu kod bor va tashkilot bosh hisobchisi hisobot topshirayotganida soliq imtiyozini qo‘llagan xodimlarni to‘g‘risida o‘sha kodni kiritib qo‘yadilar. Bu kod soliq hisobotida spravochnik chiqib keladi va shuni yonidagi kod kiritiladi. Agar yuridik shaxs sifatida soliq hisobotini topshirayotgan bo‘lsangiz, shu kod qo‘llaniladi. Boshqa payt bu kod qo‘llaniladimi yoki yo‘q, biz xabarimiz yo‘q afsuski. Sizdan ushbu kod haqida kim so‘ragan edi va nima maqsadda bu kod sizga kerak? Biz sizni javobingizga qarab yordam berolamiz keyin.