
Temiryo‘l transportida nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun imtiyozlar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Temiryo‘l vagonlaridagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan xona. Xonaning o‘rtasida stol, to‘g‘rida deraza va oq parda mavjud.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga poyezdlarda harakatlanish uchun chipta kassalarida qanday imtiyozlar mavjud?
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorining 16-bandiga asosan yo‘lovchi oqimi hajmi va xususiyatiga ko‘ra vokzallarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan chipta kassalari ajratiladi. Bunday kassalar faqatgina alohida vaqtlarda (chipta oluvchilar ko‘p bo‘lganda ) nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatadi.
Maxsus alohida davrlardan boshqa vaqtda urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek Chernobil AESda avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashgan shaxslar chipta kassalarida navbatsiz chipta olish huquqiga ega.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga poyezd vagonlarida joylar taqsimoti bo‘yicha qanday imtiyozlar bor?
Joylari raqamlangan vagonlar (platskart, kupe)ga chiptalar sotishda ikki va undan ortiq chipta sotib oladigan yo‘lovchilarga, teng miqdorda pastki va yuqori joylar taqdim etiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar, kasal yoki katta yoshdagilar bundan mustasno bo‘lishi mumkin.
Masalan, siz chipta sotib olayotganingizda poyezd kupesining yuqori o‘rniga taqsimlangan bo‘sh joy mavjud. Ushbu holatda siz kassa xodimlariga nogironlik haqidagi guvohnomangizni ko‘rsatgan holda pastki o‘ringa joylashishingiz mumkin.
Yo‘lovchi tashish poyezdlarida xizmat ko‘rsatish yuzasidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday imtiyozlar mavjud?
Umumiy asoslarida poyezd kuzatuvchilari va nazoratchilari yotarjoy buyumlari komplektini (ikkita choyshab, bitta yostiq jild, bitta sochiq) yo‘lovchilar joylariga yetkazishlari zarur. Ayrim toifadagi shaxslarga, masalan, nogironligi bo‘lgan, kasal, katta yoshdagi shaxslar, yosh bolali yo‘lovchilar uchun yotoqlar to‘shab berishlari shart.
Masalan, siz nogironligingiz tufayli vagondagi yotoq joyingizni mustaqil tarzda to‘shay olmasligingiz mumkin yoki buni amalga oshirishda turli xil qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin. Bunday hollarda temir yo‘l xodimlari yotoq joyingizni to‘shab berishlari shart.
Texnik nosozlik tufayli poyezdda yurish shartlari o‘zgarganda nogironligi bo‘lgan shaxslar muhofazasi qanday amalga oshiriladi?
Texnik nosozligi (poyezd buzilganda) tufayli yo‘lda yoki shakllantirish va aylanish punktida vagonni uzish hollarida, stansiya boshlig‘i uzilgan vagon o‘rniga boshqa vagonni ulash va unga yo‘lovchilarni o‘tkazish choralarini ko‘rishi, agar ulash imkoniyati mavjud bo‘lmasa – yo‘lovchilarni shu yo‘lovchi tashish poyezdining bo‘sh joylariga, yuqoriroq toifada bo‘lsa ham, joylashtirishi kerak.
Yuqori toifadagi vagonlarga o‘tkazishda afzalliklar bolali yo‘lovchilarga, kasal, katta yoshdagi shaxslar, urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladi. Ya’ni agar sizning poyezddagi joyingiz safar davomida o‘zgartirilishi kerak bo‘lib qolganda, yuqori toifadagi vagonlar(biznes klass) eng birinchilardan bo‘lib o‘tishingiz mumkin.
Ahamiyat bering. Siz bunday imtiyozdan faqatgina chiptangizga mos bo‘sh joy qolmaganda foydalanishingiz mumkin.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun poyezd chiptalarini sotib olishda imtiyozlar mavjudmi?
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorining 152-bandiga asosan temir yo‘llarda yiliga bir marta bepul yurish huquqi (borish va kelishga) quyidagilarga taqdim qilingan:
- yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar va xizmatchilardan I va II guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
- Chernobil AES dagi avariyani bartaraf etuvchilari-nogironligi bo‘lgan shaxslarga (O‘zbekiston Respublikasi hududida)
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek ularni kuzatuvchi shaxslarga.
E’tibor qiling. Demak, nogironligi bo‘lgan shaxslar yiliga bir marta temiryo‘llarda bepul yurishi (borish va kelishga) mumkin.
Temir yo‘llarda chiptaning to‘liq qiymatidan 50% chegirmalar bilan yiliga bir marta yurish huquqi (borish va kelishga) talonlarga almashtirish va guvohnoma taqdim etish bo‘yicha quyidagilarga berilgan:
- III guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga,
- urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga.
Demak, III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar yilda bir marta yo‘l haqining borish-kelish uchun xarajatning 50 %ini to‘lagan holda harakatlanishi mumkin. III nogironligi bo‘lgan shaxslar ushbu 50 % li chegirmaning foydalanilmay qolgan qismlarini jamlagan holda bir marotaba bepul yurish (borishga va kelishga) huquqini qo‘lga kiritishlari mumkin. Bunda imtiyozdan foydalanayotgan III guruh nogironligi bo‘lgan shaxs istagiga ko‘ra faqatgina oldingi foydalanilmagan yil uchun va kelasi yil uchun beriladigan 50 % li chegirmalarni umumlashtirilgan holda bir marotaba tekin yurish huquqidan foydalana oladi.
Misol uchun, siz III guruh nogironisiz va o‘tgan yilgi temiryo‘l chiptasiga bo‘lgan 50%li chegirmangizdan foydalanmagansiz yoki keyingi yilgi 50% li chegirmangizdan hozir foydalanmoqchisiz. Siz talon olayotganingizda shunday xohishingiz borligini bildirsangiz sizga bir martalik borish kelish uchun 100% lik chegirma bilan (mutlaqo bepul) chiptalar taqdim qilinadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxsga hamrohlik qiluvchi shaxslarga ham poyezd chiptalari uchun chegirmalar mavjudmi?
I guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarni kuzatib kelayotgan shaxslarga (bittadan ko‘p bo‘lmagan kuzatuvchiga), talonlar o‘rniga yiliga bir marta (borish va kelishga) chiptaning to‘liq qiymatidan 50 % chegirma beriladi. Kuzatuvchi shaxsga chipta rasmiylashtirilayotganda faqatgina joriy yil talonlari hisobga qabul qilinadi.
Eslatma! Hamroh shaxs faqatgina I guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxsga hamrohlik qilsagina ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin hamda ular 50%li chegirmadan yilda bir marta foydalana olishadi va o‘tgan yil yoki keyingi yil uchun qolib ketgan chegirmalardan foydalana olishmaydi!
Imtiyozli chipta olish uchun chipta kassasiga chegirma olish huquqini beruvchi qanday tegishli hujjatlar taqdim qilinishi kerak?
Imtiyozli chipta olish uchun chipta kassasiga chegirma olish huquqini beruvchi quyidagi tegishli hujjatlardan birini taqdim qilinishi kerak:
- Urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxs guvohnomasi;
- Urush qatnashchisi guvohnomasi;
- Nogironlikni tasdiqlovchi guvohnoma;
- Imtiyozga huquqi to‘g‘risida boshqa hujjatlar yoki Inson markazining o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestriga kiritish to‘g‘risidagi qarori.
Aravacha yordamida harakatlanuvchi nogiron shaxsning aravachasini poyezd vagonlarida tashiladimi va qanday amalga oshiriladi?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan bittadan ortiq bo‘lmagan uch, to‘rt g‘ildirakli aravachalarni yo‘lovchi tashish poyezdida tashishga yo‘l qo‘yiladi va aravachani joylashtirishda nazoratchi va temiryo‘l xodimlari tomonidan ko‘mak beriladi.
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun temir yo‘l transportida qulayliklar yaratilmoqda. 2019-yilda Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi nogironlar uchun maxsus mo‘ljallangan 61-931 rusumidagi kupeli shtab vagonlarini ishlab chiqarishni boshladi.

Ushbu vagonlarda kirish qismi va yo‘laklar kengaytirilgan, shuningdek, nogironlik aravachasi uchun maxsus ko‘taruvchi moslama o‘rnatilgan.
Foydalanilgan manbalar:
3. O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus vagonlar ishlab chiqarildi, Gazeta.uz, 2019-yil, 18-mart, https://www.gazeta.uz/oz/2019/03/18/maxsus-vagon/
Bu maqolada poyezddan foydalanishda sen uchun qanday imtiyozlar borligi haqida bilib olasan.
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qaroriga ko‘ra, vokzallarda sen uchun maxsus chipta kassalari ajratiladi.
Sen uchun ajratilgan maxsus chipta kassalari faqat chipta oluvchilar ko‘p bo‘lganda ishlaydi.
Sen:
- urushda nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsang
- urushda qatnashgan bo‘lsang
- Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan bo‘lsang navbatsiz chipta olishing mumkin.
Poyezdlarda joylar:
- o‘rindiqli
- kupeli
- platskartli bo‘ladi.
Agar sen kupe yoki platskartda ketadigan bo‘lsang:
- chipta olayotganingda nogironlik hujjatingni kassa ishchisiga ko‘rsatib pastki o‘rindan joy olishing mumkin.
Sen yotoq joyingni mustaqil to‘shay olmasang poyezd ishchilari joyingni to‘shab berishlari shart.
Poyezd buzilib qolsa yoki vagonlar ajratilsa, seni boshqa poyezddagi bo‘sh joyga o‘tkazishlari shart.
Agar bo‘sh joy faqat yuqori toifadagi vagonlarda bo‘lsa ham seni bo‘sh joyga o‘tkazishlari shart.
Yuqori toifadagi joy – bu poyezddagi biznes klass joylar. Ya’ni narxi qimmat, sharoiti yaxshi bo‘lgan vagonlar.
Sen bu imtiyozdan faqatgina chiptangga mos bo‘sh joy qolmaganda foydalanishing mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorining 152-bandiga ko‘ra ba’zi insonlar 1 yilda 1 marta poyezddan borib va kelish uchun bepul foydalanishi mumkin.
1 yilda 1 marta poyezdlardan bepul foydalanuvchilar:
- yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar
- urush sababli birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor xizmatchilar
- Chernobil AESdagi avariyani bartaraf etishda nogiron bo‘lganlar (O‘zbekiston hududida)
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bor insonlar, ularga yordam beruvchi insonlar.
- urush sababli uchinchi guruh nogironi bo‘lgan insonlar
- urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan insonlar 1 yilda 1 marta poyezd chipta narxining yarmini to‘lash imkonini beruvchi talonlardan foydalanishi mumkin.
Agar senda uchinchi guruh nogironligi bor bo‘lsa:
- O‘tgan yilgi yoki keyingi yilgi poyezd chiptasini yarmini to‘lash imkoniyatingdan foydalanmagan bo‘lsang.
- Sen talon olayotganingda o‘tgan yilgi yoki keyingi yilgi chipta narxini yarmini to‘lash imkoniyatingdan hozir foydalanishni xohlasang senga bir martalik bepul borib kelish chiptasi berishadi.
Urush sababli birinchi guruh nogironi bo‘lgan insonlarga qaraydigan bitta yordamchiga 1 yilda bir marta poyezdda borib kelishga 50 foizlik chegirma beriladi.
Sen imtiyozli chipta olish uchun chipta kassasiga chegirma olish huquqini beradigan hujjatlarni berishing kerak.
Chegirma olish huquqini beradigan hujjatlar:
- Urush sababli nogironligi bo‘lgan inson guvohnomasi
- Urush qatnashchisi guvohnomasi
- Nogironlikni tasdiqlovchi guvohnoma
- Imtiyoz huquqini beruvchi boshqa hujjatlar
- Inson markazining o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bor insonlarni reyestrga kiritish haqidagi qarori.
Sen nogironlik aravachasidan foydalansang poyezd ishchisi aravachangni joylashtirishga yordam beradi.
Assalom alaykum hurmatli insonlar mani 2 farzandim 2 gurux nogironi 1,5 yosh, 5 yosh bizga qanday imtiyoz bo’lishi mumkin? Andijondan Gulistonga turmushga chiqqanman 9 oy bo’ldi borolmadik mashinada noqulay ekan.javob uchun Raxmat.
Sizning farzandlaringizda bilet sotib olishda imtiyoz mavjud. Ammo sizda emas. Demak, siz farzandingiz uchun biletni imtiyozli ravishda olsangiz, o‘zingiz uchun umumiy tartibda bilet olasiz.
Assalomu aleykum mening ham 2 guruh nogironligim bor buning uchun Toshkentdan Andijon bepul bilet olishim mumkinmi?
Assalomu alaykum
Ha, albatta. Sizda bunday huquq mavjud.
Faqat urush qatnashchilari bepul bilet olishdimi? Urush qatnashchisi emas lekin 2guruh nogironi boʻlsa bepul bilet olishi mumkinmi
Yo‘q, nogironligi bo‘lgan shaxslar ham guruhidan qat’iy nazar bunday huquqqa ega.
Nogironligi bòlgan shaxslarga poezdga chiqib tushish biroz qiyinchilik tuĝdiradiku bu borada xam biror qulaylik bormi
Assalomu alaykum, Zarina! O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun temir yo‘l transportida qulayliklar yaratilmoqda. 2019-yilda Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi nogironlar uchun maxsus mo‘ljallangan 61-931 rusumidagi kupeli shtab vagonlarini ishlab chiqarishni boshlagan edi. Ushbu vagonlarda kirish qismi va yo‘laklar kengaytirilgan, shuningdek, nogironlik aravachasi uchun maxsus ko‘taruvchi moslama o‘rnatilgan. Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2019/03/18/maxsus-vagon/
Ammo bunday sharoitlar barcha poyezdlarda bo‘lmasligi mumkin. Masalan, «Afrosiyob» tez-yurar poyezd vagonida pandus bor edi, lekin temir yo‘l xodimlari uni chiqarib qo‘yib berishmagan edi. Maslahatimiz, poyezdga chiqishdan oldin 1005 qisqa ishonch raqamiga telefon qilib, poyezdlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot oling.
ASSALOMU ALAYKUM MEN, 17 YOSHLI OʻGʻLIM VA 1-GURUH NOGIRONI BOʻLGAN QIZIM BOR QIZIM 14YOSH LEKIN GAVDASI 4YOSHDAY QOTIB QOLGAN BIZ ANDIJONDAN TERMIZGA BILET OLMOQCHI EDIK 6-APRELGA FAQAT TEPA QISMGA QOLGAN EKAN PASTGA ALMASHTIRISH IMKONI BORMI,QIZIM MEN BILAN BITTA OʻRINDA YOTADI.BIZ IKKI KISHIGA OʻGʻLIM VA OʻZIMGA BILET OLDIM qanday imtiyozlardan foydalanishim mumkin yaʼni sotib olingan biletni chegirma qilib beradimi va tepa qismdan pastga tushirish imkoni bormi, javob uchun oldindan raxmat
Assalomu alaykum. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni temiryo‘l xizmatlaridan foydalanishda imtiyozlari mavjud. Sizni holatingizda qoida bo‘yicha pastki joydan joy tayyorlab berishi shart edi. Lekin masalani ikkinchi tomoni borki, pastki joydan bilet sotib olgan shaxsni joyini sizga tortib olib bera olmaydi. Temiryo‘l xizmatchilarini bunaqa qilishga huquqlari mavjud emas. Shu sababli, keyingi safar biletlarni oldindan sotib olishga harakat qiling va qizingizga nogironlik holati borligi haqida temiryo‘l kassasi xodimiga oldindan xabar berishni tavsiya qilamiz. Salomat bo‘ling!
Salom alaykum men kuz buyicha 2 gurux nogironiman toshkentda yashayman Surxondaryo GA bormoq hi edi m poezdga, lekin borib suraganimda imtiyozli yuq deyishdi, uni ijtimoiy Dan tulab berishsa inobatga olinadimi deyishdi bu tugrimi
Assalomu alaykum. Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorining 152-bandiga asosan temir yo‘llarda yiliga bir marta bepul yurish huquqi (borish va kelishga) quyidagilarga taqdim qilingan:
• yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar va xizmatchilardan I va II guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
• Chernobil AES dagi avariyani bartaraf etuvchilari-nogironligi bo‘lgan shaxslarga (O‘zbekiston Respublikasi hududida)
• o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek ularni kuzatuvchi shaxslarga.
E’tibor qiling. Demak, nogironligi bo‘lgan shaxslar yiliga bir marta temiryo‘llarda bepul yurishi (borish va kelishga) mumkin. shuningdek, huquq plyus saytida ham bu borada maxsus maqola chop etilgan. quyidagi havola orqali shu maqola bilan tanishib chiqishingizni tavsiya qilamiz: https://huquqplus.uz/materials/transport/1618
Assalomu alaykum men Qoraqalpogʻiston Respublikasida yashayman 2-guruh nogironiman poyezdga chipta xarid qilishda imtiyozlar bormi menga?
Assalomu alaykum
Ha sizda temiryo‘l transportidan foydalanishda imtiyozingiz mavjud. Batafsil ma’lumot uchun maqolamizni o‘qing.
Ассалому алейкум мен иккинчи гурух ногрониман Иш вактида ортирилган тошкентдан жиззахга чипта олсам имтиёз борми
Assalomu alaykum
Ha, albatta sizda imtiyoz mavjud.
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorining 152-bandiga asosan temir yo‘llarda yiliga bir marta bepul yurish huquqi (borish va kelishga) quyidagilarga taqdim qilingan:
yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar va xizmatchilardan I va II guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
Chernobil AES dagi avariyani bartaraf etuvchilari-nogironligi bo‘lgan shaxslarga (O‘zbekiston Respublikasi hududida)
o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek ularni kuzatuvchi shaxslarga.
E’tibor qiling. Demak, nogironligi bo‘lgan shaxslar yiliga bir marta temiryo‘llarda bepul yurishi (borish va kelishga) mumkin.
Assalomu allaykum, mening farzandim 2 yosh davun sindromli uni Toshkentga davolmoqchiman Xorazimda toshkenga imtiyoz bormi poyezda chiptaga.
Vaalaykum assalom, hurmatli fuqaro!
Agar pensiya jamg‘armasi tomonidan beriladigan pensiya guvohnomasida sizni ona sifatida Familiya Ism Sharifingiz ko‘rsatilsa, poyezdda chipta sotib olishda sizga 50% chegirma imtiyoz sifatida beriladi ekan. Agar pensiya guvohnomasida onasini ism familiyasi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bunday imtiyozdan foydalanolmaysiz.
Hozirgi kunda pensiya guvohnomasi elektroni tarzda chiqarilyapti – u yerda bolaning ism/familiyasi chiqadi surati bilan. Siz pensiya jamg‘armasiga borishingiz kerak o‘sha elektron shaklida chiqarilgan pensiya guvohnomasida qo‘lda ota-onasini ism/familiyasini ko‘rsatib yozdirish kerak. O‘shanda 50% imtiyoz olsangiz bo‘ladi. Chipta olishga borganda bolaning metrikasi va VKK qog‘oziniyam so‘rashadi.
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston temir yo‘llari call-markaziga murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Qisqa raqam: 1005 (kecha-kunduz ishlaydi).