
Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan umumta’lim maktablarning o‘qituvchilariga kotiba ajratish tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Umumta’lim maktabi sinfxonasida qora ko‘zoynak taqib olgan ayol o‘qituvchi dars berish jarayonida. Sinfxonadagi partada o‘tirgan o‘quvchi qiz qo‘lini ko‘taryapti darsda javob berish uchun.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyada nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotida qulaylik va qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida ular uchun yordamchi assistentlar xizmatidan foydalanish imkoniyati belgilangan. Xuddi shunday yordamchi assistent xizmati bugungi kunda ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchi pedagoglarga berilayotgan tarjimon kotiba xizmatidan foydalanish hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risidagi»gi qonuniga muvofiq:
“Magistraturani tamomlagan shaxslar va diplomli mutaxassislar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega”.
Tarjimon kotiba ajratish tartibi qanday?
Umum taʼlim maktablarida mehnat qilayotgan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor shaxslar uchun kotiba xizmatlari yordamida maktabda ishlash huquqi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va 2019-yil 28-dekabrda Xalq taʼlimi vazirining 406-sonli buyrug‘i 19-bandida kafolatlangan. Unga ko‘ra,
“Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ko‘zi ojiz o‘qituvchilar uchun tarjimon kotibalarni (rus tilida «секретарь переводчик») ajratadi. Ko‘zi ojiz o‘qituvchilar dars beradigan maktablarda har ikkita ko‘zi ojiz o‘qituvchiga bitta tarjimon kotiba ajratiladi. Agarda maktabda bitta ko‘zi ojiz o‘qituvchi ishlasa, u uchun bitta tarjimon kotiba belgilanadi.”
Yuqoridagi qonunchilik normasiga asosan rasman umumtaʼlim maktabiga ishga kirgan ko‘zi ojiz shaxs maktab direktoriga Xalq taʼlimi vazirining 2019-yil 28-dekabrda 406-sonli buyrug‘iga muvofiq kotiba bilan taʼminlashi bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi. (Ariza namunasi 1-ilovada)
Tarjimon kotiba vazifalariga nimalar kiradi?
Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchiga ajratilgan tarjimon kotibaning vazifalari quyidagilardan iborat:
- maktabda unga biriktirilgan ko‘zi ojiz o‘qituvchilarning yillik ish rejasi va dars jadvali asosida ish yuritilishini taʼminlaydi;
- o‘qituvchi bilan birga dars jarayonini tashkil etishda vakolati doirasida ishtirok etadi;
- dars jarayonida o‘quvchilarning davomatini aniqlab, sinf jurnaliga o‘qituvchining ko‘rsatmasiga asosan rejadagi mavzularni yozadi va o‘qituvchi tomonidan qo‘yilgan kundalik va nazorat baholarini belgilangan tartibda qo‘yadi. Bunda bevosita husnixat bilan bog‘liq bo‘lgan orfografik va imlo qoidalariga rioya qiladi;
- biriktirilgan ko‘zi ojiz o‘qituvchining darsdan tashqari mashg‘ulotlar va to‘garak ishlarini olib borilishida ko‘maklashadi;
- joriy, oraliq va yakuniy nazorat ishlari, bosqichli va davlat attestatsiyasidagi imtihonlar o‘tkazishda yordam beradi;
- dars jarayonida o‘quvchilarga tarqatiladigan tarqatma materiallarning o‘quvchilarga tarqatilishida o‘qituvchining so‘rovi asosida yordamlashadi.
Umumtaʼlim maktablarida darslar turli sinf xonalarida tashkil etiladi va o‘quvchilarning sinf almashinish holatlari ko‘p kuzatiladi. Shunday vaziyatlarda ko‘zi ojiz o‘qituvchi uchun noqulay holatlar yuzaga kelishi mumkin. Shu sababli tarjimon kotibaning vazifalari qatoriga ko‘zi ojiz o‘qituvchini bir sinfdan ikkinchi sinfgacha kuzatib olib borish majburiyatini ham kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ko‘zi ojiz o‘qituvchilar uchun ajratilgan kotibalarga ayrim holatlarda maktab direktorlari tomonidan qo‘shimcha boshqa vazifalarni topshirilishi kuzatiladi. Bu mehnat qonunchiligini qo‘pol buzilishi sanaladi. Mabodo shunday holatlar kuzatilsa, quyida keltirilgan ariza namunalari shaklida tuman xalq taʼlimi bo‘limi rahbari nomiga bu masala bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.
Tarjimon kotiba oliy ta’lim diplomiga ega bo‘lishi shartmi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son farmoniga muvofiq, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 16-avgustdagi 247-sonli buyrug‘i qabul qilindi. Ushbu buyruq umumiy o‘rta maktab va internat maktab xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflarini belgilashga mo‘ljallangan. Unga ko‘ra ko‘zi ojiz o‘qituvchiga biriktiriladigan tarjimon kotiba (referent) oliy, bakalavr diplomiga ega bo‘lishi (magistratura, ilmiy darajaga egalik afzallik beradi) kerakligi qayd etilgan edi. Bundan tashqari, tarjimon kotiba lavozimi uchun chet tili mutaxassisligi talab etilgandi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining buyrug‘ida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchi pedagoglar uchun ajratiladigan kotiba shtatiga keluvchi xodim oliy maʼlumotli mutaxassis bo‘lishi kerak mazmunidagi talab belgilangan edi. Mana shu talab ham ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchi pedagoglarning kotiba bilan taʼminlanishida juda katta muammolarni keltirib chiqarayotgan edi.
2024-yil 22-fevral Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning xalqataliminfo.uz loyihasiga aytishicha, ko‘zi ojiz o‘qituvchiga biriktiriladigan tarjimon kotiba (referent) lavozimining malaka tavsiflari belgilanishida texnik xatolik sabab muammo yuzaga kelgan. Keyinchalik bu muammo tezkorlik bilan bartaraf etilib, hududlarga vazirlikning 2023-yil 16-avgustdagi 247-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) rahbar va xodimlarining malaka tavsiflari»ning qayta tahrirlangan varianti yetkazilgan.
Natijada, tarjimon-kotiba lavozimining malaka tavsiflarida unga talab qilinayotgan ma’lumot darajasi «kamida o‘rta maxsus ma’lumot yoki bakalavr diplomiga ega bo‘lishi (magistratura, ilmiy darajaga egalik afzallik beradi)» deb to‘g‘rilangan.

Ma’lumot: Kamida o‘rta maxsus ma’lumot yoki oliy bakalavr diplomiga ega bo‘lishi (magistratura, ilmiy darajaga egalik afzallik beradi)
Mutaxassislik: Mutaxassislik talab etilmaydi
Mehnat staji: Mehnat staji talab etilmaydi
Kompyuter savodxonligi: Microsoft Office dasturi (Word, Excel, Power Point va hokazo), zamonaviy axborot texnologiyalarida va internet tarmog‘ida mustaqil foydalanuvchi sifatida turli ish dasturlari bilan ishlash bo‘yicha yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lishi
Qo‘shimcha talablar: O‘zbekiston Respublikasining «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunlardan to‘liq xabardor bo‘lishi; Davlat tilini bilish (rus, ingliz va boshqa chet tillarini bilish afzallik hisoblanadi); Soha bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni bilishi, normativ-huquqiy hujjat hamda standartlardan xabardor bo‘lishi, doimiy ravishda malakasini oshirganligi.
Oliy maʼlumotli mutaxassis aksariyat holatlarda, kotiba vazifasida ishlash istagini bildirmaydi. Bu kotiba shtatiga belgilangan ish haqi miqdori bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, hozircha bu masalaga huquqiy bir yechim mavjud emas.
Taklif sifatida bu masalani ijobiy hal qilish uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi nomiga umumtaʼlim maktablarida ishlovchi ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchi pedagoglar birgalikda umumiy ariza bilan murojaat qilishlari kerak. Umumiy ariza shaklidagi murojaat orqali natijaga erishish mumkin bo‘ladi.
«Ko‘zi ojiz o‘qituvchilar» toifasiga kim kiradi?
Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchilarning ish jarayonida tarjimon kotiba bilan taʼminlanishi qaysi meʼzonlarga ko‘ra amalga oshirilishi huquqiy jihatdan aniq belgilanmagan. Misol uchun, quyidagi savolga aniq javob yo‘q:
Tarjimon kotiba xizmati, ko‘rish bo‘yicha I va II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga taqdim etiladimi? Yoki ko‘rish bo‘yicha III – guruh nogironligi bor shaxsga ham bu imtiyoz tegishlimi?
Bu masalada aniq yechim bo‘lishi talab etiladi. Sababi, ko‘rish bo‘yicha II va III-guruh nogironi hisoblangan o‘qituvchi pedagoglar kotiba olish masalasida maktab direktorlariga murojaat qilishganda, tuman xalq taʼlimi bo‘limlari orqali yuborilgan so‘rovnomalar tuman moliya bo‘limlari tomonidan ko‘rish bo‘yicha II va III-guruh nogironligi bor o‘qituvchi pedagogning o‘zini mustaqil eplay olishi darajasiga egaligi asos qilingan holda rad etilmoqda.
Ko‘rish bo‘yicha II va III-guruh nogironligi bor o‘qituvchilar o‘zlari mustaqil harakatlana olishganlari bilan daftarga mustaqil yozish, kitoblarni birovning yordamisiz mustaqil o‘qiy olish imkoniyatiga ega bo‘lmasliklari mumkin.
Tarjimon kotiba ajratilishi rad etilganda nima qilish kerak?
Keyingi paytlarda Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo kabi bir qator viloyatlarimizda istiqomat qiluvchi ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchi pedagoglar tarjimon kotiba bilan ta’minlanishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.
1-ilovadagi ariza namunasiga ko‘ra, maktab direktori ko‘zi ojiz o‘qituvchini kotiba bilan taʼminlash bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rmasa, tuman xalq taʼlimi bo‘limi mudiriga yoki shahar xalq taʼlimi boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilish zarur. (Ariza namunasi 2-ilovada)
Tuman (shahar) xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan bu masala ijobiy hal etilmagan taqdirda, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga va doimiy yashayotgan hududdagi tuman (shahar) maʼmuriy yoki fuqarolik sudlariga murojaat qilish kerak. (Ariza namunasi 3-ilovada)
Ko‘rishi bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchilarning kotiba xizmatidan foydalanishlari bo‘yicha murojaatlari tuman xalq ta’limi moliya bo‘limi tomonidan lozim darajada o‘rganilmagan yoki ochiqdan ochiq rad etilganda:
- Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK) tomonidan olingan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan, pedagogik mutaxassislikka ega shaxsning umumta’lim maktablarida o‘qituvchi sifatida ishlashi mumkinligi haqidagi xulosa;
- 28.12.2019 yildagi Xalq ta’limi vazirining 406-sonli buyrug‘ini ilova qilgan holatda
- shahar moliya bo‘limi yoki O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi nomiga yozma ravishdagi ariza bilan murojaat qilish kerak. (Ariza namunasi 4-Ilovada)
Ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga berilgan ariza asosida ham ijobiy hal bo’lmagan taqdirda, Adliya vazirligiga yoki Prezident huzuridagi virtual xalq qabulxonasi pm.gov.uz va murojaatlar bilan ishlash bo‘limiga murojaat qilish lozim.
Xalq tilida bugungi kunda bu bo‘lim “xatlar bo‘limi” deb yuritiladi. Kotiba olish masalasi bo‘yicha murojaatlar shu tartibda amalga oshirilsa, ijobiy natijaga erishish mumkin bo‘ladi.
Tarjimon kotiba OTMlardagi ko‘zi ojiz o‘qituvchilarga ham ajratilishi mumkinmi?
Oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yurituvchi ilmiy daraja va unvonlarga ega ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchi pedagoglar mamlakatimizdagi turli institut va universitetlarda mehnat faoliyatini olib borishmoqda. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish ko‘plab kitob o‘qishni, ko‘plab ilmiy izlanishlarni talab etadi.
Biroq, oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yurituvchi ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan pedagoglar uchun kotiba bilan taʼminlanish xizmati ko‘zda tutilmagan. Bu nogironligi bor pedagoglar uchun bir qator muammolarni keltirib chiqaryapti.
Dars jarayonida talabalarni nazorat qilish, maʼruza yoki seminar mashg‘ulotlarida umumiy tartibni taʼminlash, joriy, oraliq va yakuniy nazorat ishlarida shaffoflikni kafolatlash kabi jarayonlarda tarjimon kotibaning o‘rni nihoyatda katta bo‘ladi. Bu o‘rinda Fan, taʼlim va innovatsiyalar vazirligiga O‘zbekistonda oliy taʼlim muassasalarida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchi pedagoglarning umumiy murojaat xati asosida murojaat qilish taklif etiladi.
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risidagi»gi 23.09.2020 yildagi O‘RQ-637-son qonuni, https://lex.uz/docs/-5013007;
- O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, https://lex.uz/ru/docs/-6257288;
- Xalq taʼlimi vazirligining 2019-yil 28-dekabrdagi 406-sonli buyrug‘i;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli farmoni.
Ilovalar:
Bu maqolada sen ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor ustozlarga umumta’lim maktablarda kotiba ajratish tartibi haqida bilib olasan.
Umumta’lim maktablar – bu o‘quvchilar 11 yil o‘qitiladigan maktablar.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasiga ko‘ra, ko‘zi ojiz ustozlarga yordamchi ajratiladi.
| Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) – dunyodagi hamma insonlar:
● tinch ● xavfsiz ● huquqlari himoyalangan holda yashashiga yordam beradigan tashkilot. |
Konvensiya – bu nogironligi bor insonlarning huquqlarini ta’minlaydigan hujjat.
“Ta’lim to‘g‘risidagi”gi qonunga ko‘ra:
sen institut yoki universitetning magistratura bosqichini tugatsang, o‘qigan yo‘nalishing bo‘yicha o‘qituvchi bo‘lib ishlashing mumkin.
Universitet – bu sen maktabni tugatganingdan keyin biror kasbni egallash uchun o‘qiydigan joy.
Magistratura – bu sen universitetda 4 yil o‘qiganingdan keyin yana 2 yil qo‘shimcha o‘qib yuqori darajali diplom olishing.
Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchilarga yordamchi kotibalarni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ajratadi.
Bitta maktabda 2 ta ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchilarga 1 ta yordamchi kotiba beriladi.
Maktabda 1 ta ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchi ishlasa ham 1 ta yordamchi kotiba beriladi.
Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchi maktabga ishga kirayotgan vaqtida maktab direktoriga kotiba berishni so‘rab ariza yozishi kerak.
Yordamchi kotibaning vazifasi – ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchiga dars o‘tishda qonunga ko‘ra yordam berish.
| Yordamchi kotibaning vazifasi:
● senga yillik ish rejasi, dars jadvali bo‘yicha ishlashingga yordam beradi ● sen bilan birga darsda qatnashadi ● dars jarayonida o‘quvchilar kelgan, kelmaganini belgilaydi ● sinf jurnaliga sen aytgan mavzularni yozadi ● sen o‘quvchiga qo‘ygan baholaringni jurnalga qo‘yadi ● senga darsdan tashqari mashg‘ulotlar o‘tishiga yordam beradi ● senga imtihonlar o‘tkazishda yordam beradi. |
Maktabda darslar har xil xonalarda bo‘lsa yordamchi kotiba ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchini bir xonadan boshqa xonaga olib borishi zarur.
Yordamchi kotibalarga maktab rahbarlari qo‘shimcha ish topshirsa kotibaning ishlash huquqi buziladi.
Kotibaning ishlash huquqini maktab rahbari buzsa, tuman xalq taʼlimi rahbariga ariza bilan murojaat qilish kerak.
Yordamchi kotiba:
- kamida o‘rta maxsus diplomli (11 yillik maktab, kollej, litseyni tugatgan)
yoki oliy diplomli (universitetni tugatgan) bo‘lishi kerak.
Maktab direktori zaif ko‘ruvchi o‘qituvchiga “o‘zingni-o‘zing eplay olasan” deb yordamchi kotiba bermasligi mumkin.
Zaif ko‘ruvchi o‘qituvchi daftar, jurnallardagi yozuvlarni o‘qiy olmasligi, bahoni jurnalga qo‘ya olmasligi mumkin.
Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchiga yordamchi kotiba berishni maktab direktori rad qilsa:
- tuman yoki shahar xalq taʼlimi bo‘limiga ariza bilan murojaat qilishing zarur.
Tuman yoki shahar xalq taʼlimi ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchiga yordamchi kotiba berishni rad qilsa, Bandlik vazirligiga yoki sudga murojaat qilish kerak.
| Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor o‘qituvchiga yordamchi kotiba berilmasa:
● ishlash uchun shifokor ya’ni tibbiy ijtimoiy ekspertizaning ruxsatnomasi ● Xalq ta’limi vazirligining 2019-yil 28-dekabrdagi 406-sonli buyrug‘i ● shahar moliya bo‘limi yoki Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yozma ariza bilan murojaat qilish mumkin. |
Yordamchi kotiba berishni Iqtisodiyot va Moliya vazirligi rad qilsa, Adliya vazirligiga yoki Prezidentning internet qabulxonasi (portalga) my.gov.uzga murojaat qilish kerak.
Zaif ko‘ruvchi o‘qituvchi universitetda ishlasa unga kotiba berish qonunda belgilanmagan.
Universitetlarda yordamchi kotiba Zaif ko‘ruvchi o‘qituvchiga dars vaqtida:
- talabalarni nazorat qilishda
- dars o‘tishga yordamlashishda
yoki imtihonlarni tashkil qilishda kerak bo‘ladi.
Zaif ko‘ruvchi o‘qituvchi universitetda yordamchi kotiba berishlarini so‘rab:
Fan, taʼlim va innovatsiyalar vazirligiga murojaat xati bilan chiqishi mumkin.
yuqoridagi fikrlarga mutloq qo‘shilgan xamda minnatdorlik bildirgan xolda yana shuni ma‘lum qilamanki, bu masalada maktabdan tashqari ta‘lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ko‘z bo‘yicha nogironligi bo‘lgan pedagoglar xam (bolalar musiqa va san‘at maktablari ko‘zi ojiz o‘qituvchilari kabilar) kotiba olish juda ko‘p to‘siqlarga uchrashmoqda. masalan, men xam birinchi guruh ko‘z bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchiman. men ishlayotgan BMSM da o‘n nafar men kabi pedagoglar ishlaydilar. biz ilgari kotiba xizmatidan foydalanar edik. BMSM lar xalq ta‘limi vazirligidan madaniyat vazirligiga o‘thanidan keyin bizga kotiba berilmayapti.
sharoit plyus tashkiloti nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaati yo‘lida juda ko‘p loyixalar amalga oshirayotganliklarini e‘tirof etgan xolda, yvqoridagi masalada xam ijobiy amaliy yordam beradilar degan umiddamiz.
sizlarga ulkan savobli ishlaringizda sabr_toqat, bardavomlik va ALLOHning roziligini tilaymiz.
X. Xoshimov. Andijon viloyati KOJ BMSM O‘qituvchilari nomidan.
Taklifingiz uchun katta rahmat Xursan aka. Biz albatta bu muammoni yoritishga harakat qilamiz.
Men koʻz boʻyicha II-guruh bolalikdan nogironman menga tarjimon kotiba berilgan edi boshqa maktabga ishga oʻtgandim tarjimon kotiba sizga kerak emas deb shu toʻgʻrimi
Assalomu alaykum! Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2019-yildagi 206-sonli buyrug‘iga ko‘ra, ko‘rish bo‘yicha,1-2 guruh nogironligi bo‘lgan o‘qituvchi pedagoglarga tarjimon kotiba biriktirilishi belgilab qo‘yilgan. Bugungi kunda, Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (Maktab internat) kabi ta’lim muassasalarida ishlayotgan ko‘zi ojiz pedagoglar uchun tarjimon kotiba MMT vazirligining malaka tavsiflarini tasdiqlash to‘g‘risidagi 16.08.2023-yil 247-sonli buyrug‘ining 4-ilovasiga asoslanib tayinlanadi.
4-ilova quyidagicha nomlangan:
“UMUMIY O‘RTA TA’LIM MAKTABI (MAKTAB-INTERNAT)
RAHBAR VA XODIMLARINING MALAKA TAVSIFLARI. Bu yerda, maktab direktorining xatti harakatlari qonunga zid. Shu sababli, direktorning qonunchilik talablariga qasddan rioya qilmayotganligi ustidan birinchi navbatda, Xalq ta’limi bo‘limi mudirini nomiga ariza bilan murojaat qilish kerak bo‘ladi. Agarki, Xalq ta’limi bo‘limi bu holatga o‘z munosabatini bildirib, chora ko‘rmaydigan bo‘lsa, fuqarolik sudiga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.
Sizga yuristlarimiz arizani tayyorlashda yordam berishlari mumkin. Huququ+ Telegram botimiz orqali yurist qabuliga yozilsangiz bo‘ladi. Yoki koll-markazimiz orqali bog’laning: +998 (55) 500-50-60 (3 bosing), +998 (90) 358-50-60
Logoped Oʻqituvchi emas dars oʻtmaydi logoped shtat deb kotiba tarjimon berilmaydi qonunda koʻrsatilmagan deyabdi shu mumkinmi. Lekin 1 stafka shtatda 18 soatni tashkil qiladi jurnal ish reja yuritiladi. Brayilcha yozaman koʻrishim oʻta Xira koʻzim tez tez ogʻrib qoladi kitobga borolmayman a II guruhi nogironiman koʻz boʻyicha
Assalomu alaykum! Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2019-yildagi 206-sonli buyrug‘iga ko‘ra, ko‘rish bo‘yicha 1-2 guruh nogironligi bo‘lgan o‘qituvchi-pedagoglarga tarjimon kotiba biriktirilishi belgilab qo‘yilgan. Bugungi kunda, umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) kabi ta’lim muassasalarida ishlayotgan ko‘zi ojiz pedagoglar uchun tarjimon kotiba MMT vazirligining malaka tavsiflarini tasdiqlash to‘g‘risidagi 16.082023-yil 247-sonli buyrug‘ining 4-ilovasiga asoslanib tayinlanadi.
4-ilova quyidagicha nomlangan: “UMUMIY O‘RTA TA’LIM MAKTABI (MAKTAB-INTERNAT) RAHBAR VA XODIMLARINING MALAKA TAVSIFLARI.
Agarki siz, ko‘rish bo‘yicha, 2-guruh nogironi bo‘lsangiz, logoped bo‘lib, ishlaysizmi, o‘qituvchi pedagog bo‘lib ishlaysizmi sizga tarjimon kotiba ajratilishi kerak bo‘ladi. Sababi, logoped faoliyati pedagogika sohasining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Logopedlik faoliyatida ham jurnal to‘ldirilishi, hujjatlar yuritilishi talab etiladi. Shu sababli, sizga direktor tarjimon kotiba berishi shart. Bu yerda, maktab direktorining xatti-harakatlari qonunga zid. Shu sababli, direktorning qonunchilik talablariga qasddan rioya qilmayotganligi ustidan birinchi navbatda, Xalq ta’limi bo‘limi mudirini nomiga ariza bilan murojaat qilish kerak bo‘ladi. Agarki, Xalq ta’limi bo‘limi bu holatga o‘z munosabatini bildirib, chora ko‘rmaydigan bo‘lsa, fuqarolik sudiga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.
MMT vazirligining 2019-yil 206-sonli va 16.08.2023 247-sonli buyrugʻining 4 bandida koʻzida nuqson bor 2 guruh nogironlariga kotiba tarjimon ajratilsin demagan deb Gʻallaorol tumani Metodisti aytayabdi Logoped boʻlib ishlayman 2 guruh nogironiman bolalikdan Gʻallaorol tumani MMTB arizamni Qobul qilishdan bosh tortdi. 933000460 nomerim
Amaliy yordam berishlaringizni soʻrab qolaman
Assalomu alaykum! Izohingizga tepada javob bergan edik. Amaliy huquqiy yordam olish uchun Huquq+ Telegram botimiz orqali «Yurist qabuliga yozilish» xizmatidan foydalaning. Yuristlarimiz siz bilan bog’lanib sizga huquqiy yordam ko’rsatadi.
Адлия вазирлиги сайтига буйруқ қандай жойланади
Ҳурматли фуқаро! Саволингизга яхши тушунмадик. Бепул ҳуқуқий маслаҳат учун илтимос Телеграмдаги ботимизга саволингизни юборинг: 👉 https://t.me/huquqplus_bot