
Nogironligi bo‘lgan shaxslar farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘qitishda qanday imtiyozlar bor?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
llyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Maktabgacha ta’lim muassasasida bolalar rangli rasm chizib o‘tirishibdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslarga, balkim ularning farzandlariga ham davlat tomonidan birqancha imtiyozlar berilgan bo‘lib, shunday imtiyozlardan biri ularning maktabgacha ta’lim muassasalari, ya’ni “bog‘chaga” imtiyozli holatda borishlaridir.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi hamda Moliya vazirligining (hozirgi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirliklari) 2016 yil 23-avgustdagi 2821-sonli qaroriga asosan qabul qilingan “Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlaridagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida” gi Nizom qabul qilingan. Unga ko‘ra maktabgacha ta’lim muassasasi uchun to‘lov to‘lashda fuqarolarning ba’zi toifalariga imtiyozlar berilgan.
Qanday oilalar farzandlari bog‘cha to‘lovidan ozod qilingan?
Masalan, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta’minlangan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilingan. Bunda, ota-onalaridan biri yoki ikkalasi ham nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida qayd etilgan bo‘lsa, mavjud qonunchilik talablariga ko‘ra ularning farzandlariga bog‘chaga davlat hisobidan borishlik uchun imtiyoz qo‘llaniladi. Shuningdek, ushbu imtiyozlar nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlari uchun ham qo‘llaniladi. Ya’ni, oiladagi shaxslarning umumiy daromadi bir oyda jon boshiga 568 ming dan past bo‘lsa, bu oila kam ta’minlangan oila hisoblanadi.
Misol uchun, oilada 5 nafar shaxs bor. Er va xotinning umumiy daromadi 4 million so‘mni tashkil etadi. Ularning oilasida 5 nafar shaxs bo‘lganligi uchun ularning daromadini 5 ga bo‘ladi. 4 million so‘mni 5 ga bo‘lganimizda, jon boshiga 800 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Bu holatda garchi ota-onalardan birining nogironligi bo‘lsa ham ularning farzandlariga bog‘chaga davlat hisobidan borish imtiyozi qo‘llanilmaydi. Shuning uchun bu o‘rinda imtiyoz qo‘llanilmaydi.
To‘lovdan ozod qilingan oilalar ro‘yxati qanday tartibda shakllantiriladi?
To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati mahalla tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnomaga va tegishli maktabgacha ta’lim muassasasi ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.
To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati har o‘quv yilining 25-sentyabr kuniga qadar tegishli maktabgacha ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Ro‘yxatiga kirmay qolgan, shuningdek yil davomida aniqlangan kam ta’minlangan oilalar farzandlari hisobidan zaxira shakllantiriladi. To‘lovdan ozod qilingan bolalarning maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnashi (bo‘lishi) to‘xtatilishi natijasida bo‘shab qolgan o‘rinlar zaxiradan to‘ldirib boriladi.
To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati u tasdiqlangandan keyin o‘quv yili davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Nogironligi bo‘lgan ota-onalardan yana qanday to‘lovlar undirilmaydi?
Bundan tashqari, bolalarning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi quyidagi nuqsonlarida maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalardan to‘lov undirilmaydi:
- nutqidagi og‘ir nuqsonlar (rinolaliya, duduqlanish, bolalar afaziyasi, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish);
- eshitishdagi og‘ir nuqsonlar (II — IV darajadagi karlik);
- ko‘rishdagi og‘ir nuqsonlar (ko‘zi ojizlar, bir ko‘zi soqqasi yo‘qligi (anoftalm), ambliopiya va g‘ilay bo‘lgan zaif ko‘radiganlar);
- tayanch-harakatlanishidagi nuqsonlar (bosh miya, bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqa, bo‘g‘imlar va oyoqlar operatsiyalarining barcha turlaridan keyingi holati; bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqaning idiapatik deformasiyalari; kifoz; lordoz; kifoskolioz; oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish a’zosi rivojlanishi anomaliyalari; artrozoartritlar; ostexondropatiya; xondrodistrofiya; bolalar serebral falaji; meningoensefalitga chalingandan keyin hamda tug‘uruq asoratlaridan keyingi tayanch-harakatlanish a’zolarining barcha patologiyalari va hakazo.
Shunday imtiyozlardan yana biri – nogironligi bo‘lgan shaxslar farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish uchun “davlat xizmatlari markazi” (xalq tilida ‘yagona darcha” deb yuritiladi) imtiyozli navbatdan foydalanish hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 20-maydagi «Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 319-son qaroriga muvofiq I, II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandlari maktabgacha ta’lim muassalariga joylashish uchun imtiyozli navbatga turish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bolalarni maktabgacha ta’lim muassasaga imtiyozli joylashtirish uchun ariza topshirish tartibi qanday?
Bunda, nogironligi bo‘lgan ota-ona o‘z farzandini maktabgacha ta’lim muassasiga joylashtirish uchun anketa to‘ldiradi. Anketani quyidagi 2 xil usulda to‘ldirish mumkin:
- Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan Davlat xizmatlari markaziga borib murojaat qilish orqali;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tegishli anketani onlayn to‘ldirish orqali.
Onlayn ariza topshirish tartibi quyidagilardan iborat:
- www.my.gov.uz vebsaytiga kirib, ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tish shaxsiy telefon raqamingiz, shaxsingizni tasdiqlaydigan hujjat (pasport yoki ID karta) ma’lumotlarini ushbu saytga kiritish orqali amalga oshiriladi.
- Keyin o‘zingiz yashaydigan hududingiz nomini va farzandingizni joylashtirmoqchi bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasasi raqamini kiritishingiz talab etiladi.
- Yuqoridagilarni amalga oshirganingizdan keyin farzandingizni tug‘ilganligi haqidagi guvohnomada (metrika) yozilgan ma’lumotlarni yozishingiz kerak. Bu yerda asosan, farzandingiz tug‘ilganligi haqidagi hujjat seriya raqami so‘raladi. Ushbu ishlarni amalga oshirganingizda boshqa kerakli ma’lumotlar elektron shaklda baza orqali aniqlanadi. Farzandingizni navbatga qo‘yish uchun ma’lumotlar bazasi to‘liq ekranda namayon bo‘ladi. Ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib chiqib, tasdiqlashingiz kerak bo‘ladi. Tasdiqlashda sizni telefoningizga elektron kod xabarnomasi keladi. Telefoningizga kelgan kodni saytga kiritish orqali siz arizani onlayn shaklda yuborishingiz mumkin bo‘ladi.
Siz yuborgan arizangizning qay holatda turganligini aniqlashingiz uchun www.my.gov.uz vebsaytiga kirib, mening arizalarim bo‘limiga kirishingiz va ariza raqamingizni kiritishingiz kerak. Anketa asosida ular o‘z farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirishda imtiyozli navbatga qo‘yish huquqiga ega bo‘ladilar.
Eslatma! Mazkur imtiyozlar faqatgina davlat tassarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari uchun qo‘llanilishi belgilangan bo‘lib, xususiy maqomdagi maktabgacha ta’lim muassasalari uchun tegishli emas.
Yo‘llanma olish uchun faqatgina tegishli so‘rovnomani to‘ldirish talab etiladi. Bunda faqatgina yo‘llanma olishda imtiyozlar mavjud bo‘lsa tegishli hujjatlarning asl nusxalari ko‘rsatiladi. To‘ldirilgan anketalarda yolg‘on haqiqiy bo‘lmagan ma’lumotlar aniqlanganda, yo‘llanma bekor qilinishi mumkin.
Foydalanilgan manbalar ro‘yxati:
- 2016-yil 23-avgustdagi Xalq ta’limi vazirligi va Moliya vazirligining 2821-sonli qarori bilan qabul qilingan “Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlaridagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida” gi Nizom https://lex.uz/docs/-3019665
- Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 20-maydagi ” Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 319-son qarori https://lex.uz/docs/-5429899
Bu maqolada sen bolangni bog‘chaga berishdagi imtiyozlar haqida bilib olasan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining 2016-yil 23-avgustdagi 2821-sonli qaroriga ko‘ra bog‘cha uchun pul to‘lashda ba’zi insonlarga imtiyozlar berilgan.
Bog‘cha uchun pul to‘lashda imtiyozi bor insonlar:
- nogironligi bor bor ota-onalar
- kam daromadli oilalar.
Kam daromadli oila – bu daromadi bir oyda bir kishi uchun 568 000 (besh yuz oltmish sakkiz ming) so‘mdan kam bo‘lgan oila.
Masalan:
- sening oilngda 5 kishi yashaydi
- oilangda faqat 2 kishi ishlaydi
- shu ikki kishining oyligi oilangdagi 5 kishiga bo‘linadi
- bo‘linganda har bitta inson uchun 568 000 (besh yuz oltmish sakkiz ming) so‘mdan ko‘p pul to‘g‘ri kelsa
- ota-onadan birida nogironlik bo‘lsa ham farzandlaring uchun bog‘chaga pul to‘laysan.
Bog‘cha pulini to‘lamaydigan bolalar ro‘yxatini tayyorlashda kerak bo‘ladigan hujjatlar:
- mahalla bergan oila mulki haqidagi ma’lumotnoma
- bog‘chadagi ota-onalar bilan ishlaydigan bo‘lim xulosasi
Bog‘cha pulini i to‘lamaydigan bolalarning ro‘yxati har yili 25-sentyabrgacha bog‘cha rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Pul to‘lamaydigan bolalar ro‘yxatiga kirmay qolgan bolalarning alohida ro‘yxati tuziladi.
Pul to‘lamaydigan birorta bola bog‘chaga bormasa o‘rniga alohida ro‘yxatga olingan bolalardan biri qabul qilinadi.
Sening farzandingda jismoniy yoki aqliy nogironlik bo‘lsa, bog‘chada bolangga kerak bo‘ladigan narsalar uchun pul to‘lamaysan.
Seni bolangda:
- gapirishda nuqsoni bo‘lsa
- eshitishda ya’ni ikkinchi va to‘rtinchi darajali karlik bo‘lsa
- ko‘rishda nuqsoni bo‘lsa
- oyoq, qo‘l, bosh, umurtqa va boshqa kasalliklar bo‘lsa, sen bog‘chada bolangga kerak bo‘ladigan narsalar uchun pul to‘lamaysan.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra senda birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lsa, bolangni bog‘chaga joylashtirish uchun imtiyozli navbatga turishing mumkin.
Sen imtiyozli navbat xizmatidan “davlat xizmatlari markazi” orqali foydalanishing mumkin.
Davlat xizmatlari markazini ko‘pchilik odamlar “yagona darcha” deb atashadi.
Sen bolangni bog‘chaga joylashtirishing uchun ariza to‘ldirishing kerak.
Arizani to‘ldirishning 2 xil usuli bor:
- Davlat xizmatlari markaziga borib murojaat qilishing mumkin
- yoki www.my.gov.uz internet manzilida masofaviy ariza to‘ldirishing mumkin.
Masofaviy ariza to‘ldirish uchun sen:
- my.gov.uzga internet orqali kirib
- telefon raqaming
- pasport yoki ID pasporting ma’lumotlarini kiritib ro‘yxatdan o‘tasan
2. Keyin o‘zing yashaydigan joy nomini va bog‘cha raqamini kiritasan.
3. Keyin bolangni tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasining (metrika) seriya raqamini yozasan.
Shundan keyin seni boshqa kerakli ma’lumotlaring internet orqali aniqlanadi.
Internetdan olingan ma’lumotlaringni to‘g‘riligini ko‘rib chiqib, tasdiqlashing kerak.
Ma’lumotlarni tasdiqlashing uchun sening telefoningga kod raqam keladi.
Kelgan kod raqamini www.my.gov.uz ga kiritib, arizani onlayn yuborishing mumkin.
Ariza topshirib bo‘lganingdan keyin ekranda ko‘ringan ariza raqamingni eslatma uchun biror joyga yozib olishing kerak.
Ariza raqami keyinchalik ariza javobini bilishingda kerak bo‘ladi.
Arizangni javobini ko‘rish uchun www.my.gov.uz orqali mening arizalarim bo‘limiga kirishing kerak.
Mening arizalarim bo‘limiga kirgandan keyin ariza raqamini kiritsang ariza holati senga ko‘rinadi.
Bog‘cha to‘lovidagi imtiyoz faqat davlat bog‘chalari uchun amal qiladi.
Insonlar o‘zlari ochgan xususiy bog‘chalar uchun bu imtiyoz amal qilmaydi.
Sen bog‘cha imtiyozidan foydalanishing uchun yo‘llanma olishing kerak bo‘ladi.
Sen yo‘llanma olishing uchun ariza to‘ldirishing kerak.
Yo‘llanma olishingda imtiyozni tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasini ko‘rsatishing kerak.
Sen to‘ldirilgan arizada yolg‘on ma’lumotlar aniqlansa, senga yo‘llanma berilmaydi.
Farzandi nogironligi boʻlgan farzandlar uchun maktabgacha taʼlim muassasalarida qanday imtiyozlar beriladi
Assalomu alaykum.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘qitishlari uchun, agarki ular ijtimoiy himoya reyestrida ro‘yxatda turishsa, kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan bo‘lishsa, 50 foizlik chegirma asosida farzandlarini bog‘chaga borishini ta’minlashadi. ya’ni, bugungi kunda bog‘cha puli bitta bola uchun 293000 so‘mni tashkil etsa, nogironligi bo‘lgan ota onalar shu summaning yarmini to‘lashadi.
Yolgiz onaman 6yoshli Dsp tashxisli bolamni IMTT ga 4 soatlik rejimga qòyishti bu qanchalik tògri.
Assalomu alaykum. Bu farzandingizning salomatligiga ta’lim jarayoni salbiy ta’sir ko‘rsatishini oldini olish maqsadida, shunday yo‘l tutilgan.
Men 2-guruh nogironiman, 2 farzandim bogʻchaga borishadi. Farzandlarimni ikkalasi ham bogʻcha oylik toʼlovidan ozod boʻladimi yoki faqat bittasimi?
Sizning ikkala farzandingiz ham to‘lovdan ozod bo‘ladi.
Mening qizim. 2 guruh nogironiga kiradi. Bohcha pulidan ozod bolaolamanmi. Va qanday hujjatlar yigiwim kerak
Bu holatda bolangizda qaysi nogironlik holati mavjudligiga bog‘liq. Bolalarning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi quyidagi nuqsonlarida maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalardan to‘lov undirilmaydi:
nutqidagi og‘ir nuqsonlar (rinolaliya, duduqlanish, bolalar afaziyasi, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish);
eshitishdagi og‘ir nuqsonlar (II — IV darajadagi karlik);
ko‘rishdagi og‘ir nuqsonlar (ko‘zi ojizlar, bir ko‘zi soqqasi yo‘qligi (anoftalm), ambliopiya va g‘ilay bo‘lgan zaif ko‘radiganlar);
tayanch-harakatlanishidagi nuqsonlar (bosh miya, bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqa, bo‘g‘imlar va oyoqlar operatsiyalarining barcha turlaridan keyingi holati; bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqaning idiapatik deformasiyalari; kifoz; lordoz; kifoskolioz; oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish a’zosi rivojlanishi anomaliyalari; artrozoartritlar; ostexondropatiya; xondrodistrofiya; bolalar serebral falaji; meningoensefalitga chalingandan keyin hamda tug‘uruq asoratlaridan keyingi tayanch-harakatlanish a’zolarining barcha patologiyalari va hakazo.
Agar bolangizda yuqoridagi nogironlik holatlari mavjud bo‘ladigan bo‘lsa, unda siz Davlat xizmatlari markaziga borib ariza qoldirishingiz va Maktabgacha ta’lim muassasasi uchun navbatda turishingiz lozim bo‘ladi.
Men ikkinchi guruh nogironi man qizim aprelda 3 yoshga toʻladi bogʻchaga bersam toʻlovlari qanday boʻladi imtiyozlar bormi tumandagi bogʻchadan sal uzoqroqmiz transport muomalari qanday hal qilinadi
Assalomu alaykum, Alisher! Nogironligi bo‘lgan shaxslar «Ijtimoiy himoya yagona reyestrida» ro‘yxatida turishsa, farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalarida imtiyozli shaklda o‘qitishlari uchun imkoniyatga ega bo‘ladilar. Ushbu maqolamizni batafsil o‘qib chiqishingizni tavsiya qilamiz. Murojaatingiz uchun tashakkur!
Zarbdor tumanidagi lastochka bogʻchasiga bermoqchiman davlat tomonidan ochilganmi yoki xususiymi men ikkinchi guruh nogironi man bolamni shu bogʻchaga bersam tekin boʻladimi imtiyozlarim bormi
Zarbdor tumanidagi «Lastochka» maktabgacha ta’lim muassasaning davlat yoki xususiy ekanligi haqida aniq ma’lumotga ega emasmiz. Biroq, umumiy tartibga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan ota-onalarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi va to‘lovdan ozod etiladi.
Agar «Lastochka» bog‘chasi davlat muassasasi bo‘lsa, sizning ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida farzandingizni imtiyozli ravishda ushbu bog‘chaga joylashtirish imkoniyati mavjud. Buning uchun mahalla tomonidan beriladigan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va bog‘cha ota-onalar qo‘mitasining xulosasi talab etiladi. Agar bog‘cha xususiy muassasa bo‘lsa, bunday imtiyozlar qo‘llanilmasligi mumkin. Shu sababli, «Lastochka» bog‘chasining maqomini aniqlash va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘cha ma’muriyati yoki tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.
Shuningdek, agar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olingan oila hisoblasangiz, maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan miqdorlarda ota-onalar to‘lovini to‘lashdan ozod bo‘lishingiz mumkin.
Biz yawaydigan mahallada davlat bogʻchasi yoq bunda biz nma qilamiz farzandim bolalikdan nogironlik gruppasida
Assalomu alaykum. Agarki siz yashayotgan hududingizda, nogironligi bo‘lgan bolalarni o‘qitish bo‘yicha, maxsus bog‘cha bo‘lmasa, tuman xalq ta’limi bo‘limiga borib murojaat qilib ko‘rishingizni tavsiya qilamiz. tuman xalq ta’limi xalq tilida rayona deb yuritiladi. Xalq ta’limi bo‘limiga borib murojaat qilsangiz tumaningizda tashkil etilgan maxsus bog‘chalar to‘g‘risida ma’lumot berishadi.
2-guruh nogironiman erim va men. 2ta qizimmiz bor. Kattasi maktabda kichigi bog’chada o’qiydi. Badal pulidan ozod etilishimmizni so’rayman
Assalomu alaykum!
Maktabgacha ta’lim muassasasi to‘lovidan ozod bo‘lish uchun oila kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi lozim.
Agar yurist yordamiga ehtiyoj sezsangiz, Telegramdagi https://t.me/huquqplus_bot botimiz orqali yuristimiz qabuliga yozilishingiz mumkin. Yuristimiz siz bilan bog‘lanadi.
Mahalla raislarimmiz kam ta’minlangan oila reestridan chiqarib yuborgan. Maslahat bering
Assalomu alaykum!
Telegramdagi https://t.me/huquqplus_bot botimiz orqali yuristimiz qabuliga yozilishingiz mumkin. Yuristimiz siz bilan bog‘lanadi.
Shuningdek, Sharoit Plus nogironlar jamoat birlashmasining bosh ofisida (Xiyobon ko‘chasi, 22-uy) har shanba kuni fuqarolarni yuzma-yuz qabul qilib, huquqiy maslahat beramiz.
Sizning masalangizda yurist bilan birgalikda ishlash talab etilgani bois, iltimos, botimiz orqali biz bilan bog‘laning.
Assalomu alaykum, viloyatdanmiz, bu yil 2 guruh nogiron F 71 farzandimni maxsus internat maktabga (Yashnabod tumandagi) joylashtirmoqchimiz. Bolani bu tashxisi bilan kechayu kunduzga olmaymiz qatnaydi, bo’lmasa boshqa tumandagi maktabga bering deyishdi komissiya a’zosi. Boshqa maktab bizga uzoq va yo’l transporti noqulay joylashgan. Bu qanchalik to’g’ri, oilaviy sharoitimiz qatnash uchun to’g’ri kelmaydi, talabaman har kun qatnab o’qiyman, har kuni bolamni oborib obkelolmayman. Iltimos huquqiy maslahat bering, raxmat
Assalomu alaykum!
Telegramdagi https://t.me/huquqplus_bot botimiz orqali yuristimiz qabuliga yozilishingiz mumkin. Yuristimiz siz bilan bog‘lanadi.
Shuningdek, Sharoit Plus nogironlar jamoat birlashmasining bosh ofisida (Xiyobon ko‘chasi, 22-uy) har shanba kuni fuqarolarni yuzma-yuz qabul qilib, huquqiy maslahat beramiz.
Sizning masalangizda yurist bilan birgalikda ishlash talab etilgani bois, iltimos, botimiz orqali biz bilan bog‘laning.