
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday xizmatlar taqdim qilyapti?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironlik aravachasida o‘tirgan qiz «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga kirib bormoqda. Markaz oq yashil rangdagi binoda joylashgan.
Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Shunday islohotlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi bo‘ldi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining vazifalari qanday?
Ijtimoiy himoya milliy agentligining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- Ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish;
- Ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish;
- Aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish;
- Ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish;
- Aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash.
Shuningdek, agentlikning hududiy bo‘limlari tashkil etildi. Hududiy bo‘limlar – «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari deb nomlandi.
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari nima?
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining maqsadi – ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga mahalla darajasida kompleks ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishdir. Ular quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
1. Og‘ir ahvolga tushib qolgan yoki tushib qolish xavfi bo‘lgan shaxslar va oilalarga mahalla darajasida kompleks ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish. Bunda har bir shaxsga individual yondashiladi.
2. O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashaydigan shaxslar yoki yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish:
- Uyda parvarish qilish;
- Ularni qo‘llab-quvvatlash va reabilitatsiya qilish;
- Sanator sog‘lomlashtirish.
3. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash;
4. Ularga sifatli reabilitatsiya hamda ruhiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash.
Albatta, bunda shaxslarning ushbu vositalarga muhtojlilik darajasi tekshiriladi. Ularga shunga asoslanib ma’lumotnomalar beriladi.
Markazlar qanday xizmatlarni taklif etadi?
Ushbu markazlar quyidagi xizmatlarni taklif etadi:
- Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun sertifikatni rasmiylashtirish;
- Talabgorlarni o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxs deb e’tirof etish;
- O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy yordam tayinlash va to‘lash;
- Protez moslamalari yoki reabilitatsiya vositalarini olib berish uchun homiylik qilish istagini bildirgan shaxslarga tegishli hududdagi muhtoj shaxslarning ro‘yxatini taqdim etish;
- Muhtoj shaxs nomidan protez moslamalari yoki reabilitatsiya vositalari uchun buyurtmani shakllantirishda ko‘maklashish.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ro‘yxati bilan 3-ilovada batafsil tanishib chiqsangiz bo‘ladi.
Ijtimoiy xodim kim?
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy xodim shtati ham joriy etilgan. Bu shtatda ishlaydigan ijtimoiy xodimlar nogironligi bo‘lgan shaxslar doirasida quyidagi xizmatlarni amalga oshiradi:
- Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash uchun sertifikat rasmiylashtirish;
- Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga tayyorlash bo‘yicha kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limiga yo‘naltirish;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida davolanish uchun yo‘llanma berish;
- Sport obyektlariga yo‘naltirish;
- “Muruvvat” internat uylariga joylashtirish uchun murojaatlarni qabul qilish;
- Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazish;
- Sport majmualarida basseyn-davolash va jismoniy tarbiya (LFK) zallaridan foydalanishni tashkil etish;
- Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalarning xulosasini olish uchun arizalarni qabul qilish;
- Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasini tayinlash va to‘lash;
- Nogironlik nafaqasini tayinlash va to‘lash;
- Psixologik xizmat ko‘rsatish;
- Huquqiy xizmat ko‘rsatish.
Ushbu markazlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy reabilitatsion ortopedik vositalar va boshqa protez buyumlarini olishda amaliy yordam beriladi. Ushbu xizmat turi juda ahamiyatlidir. Bunda shaxs protez buyumlarini olish uchun o‘z yashash joyidagi markazga ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi. (ariza namunasi 1-ilovada)
Ta’kidlab o‘tish kerakki, ortopedik protez buyumlari bilan ta’minlanish jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 apreldagi 253-son qarori bilan tartibga solinadi. Ushbu hujjat quyidagi shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibini belgilaydi:
- Nogironligi bo‘lgan bolalarni;
- Nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxslarni.
Albatta, bunda shaxslarning ushbu vositalarga muhtojlilik darajasi tekshiriladi. Ularga shunga asoslanib ma’lumotnomalar beriladi.
Ma’lumotnomani olish tartibi qanday?
“Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimidan foydalanib ushbu hujjatni olish mumkin. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (keyingi o‘rinlarda — TIEK) tomonidan shaxsning nogironlik holati va yuqoridagi vositalarga muhtojligi belgilanib nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi. Shaxsga ushbu huquq vujudga kelganligi to‘g‘risida SMS-xabar yuborish orqali xabardor qilinadi.
Shaxsning yashash joyi bo‘yicha «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining «Ijtimoiy himoya» bazasidagi shaxsiy kabinetiga bu to‘g‘risida xabar kelib tushadi. Agarda shaxs tomonidan bir oy ichida vositalarni xarid qilish uchun buyurtma berilmaganda, ijtimoiy xizmatlar markazi buyurtma berilmaganligi sabablarini o‘rganadi. Ushbu holat bo‘yicha dalolatnomani shakllantiradi.
Bundan tashqari, ushbu markazlarining vazifalaridan biri shaxslarni turli ko‘rinishdagi moddiy yordamlar, bolalar nafaqalari bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatishidir. Agarda shaxslar moddiy yordam yoki bolalar nafaqasini olishmoqchi bo‘lishsa, bevosita «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga ariza bilan murojaat qilishlari talab etiladi (ariza namunasi 2-ilovada).
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilish shakllari qanday?
Shaxslar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga bevosita o‘zlari borib murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, 1140 yoki 1146 qisqa ishonch raqamlari orqali ham onlayn shaklda murojaat qilish imkoniyatiga egalar. Ijtimoiy himoya milliy agentligi taqdim qilgan «Inson» markazlariga murojaat qilish bo‘yicha video qo‘llanma bilan quyida tanishib chiqing.
Mamlakatimiznig turli hududlarida joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari manzillari, Yandex lokatsiyalari, operator ma’lumotlari va aloqa uchun telefon nomerlari bilan 4-ilovada batafsil tanishib chiqsangiz bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu markazlarning mahalliy hududlarda ham tashkil etilishi shaxslarning muammolarini o‘z vaqtida, samarali hal etishda ijobiy yechim bo‘ldi.
Ilovalar:
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentyabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 319-sonli qarori https://lex.uz/docs/-6624639
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30-apreldagi “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi 253-son qarori https://lex.uz/uz/docs/-6905497
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlarning inson ijtimoiy xizmatlari markazlaridan foydalanishdagi imkoniyatlari haqida bilib olasan.
Nogironligi bor insonlarni qo‘llab quvvatlash uchun O‘zbekiston Prezidenti huzurida:
- “Ijtimoiy himoya milliy agentligi”
- “Ijtimoiy himoya agentligining hududiy bo‘limlari” tashkil etildi.
Ijtimoiy himoya agentligining hududiy bo‘limlari inson ijtimoiy himoya markazlari deyiladi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari:
- og‘ir ahvoldagi oilalarga yordam berish
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashaydigan yoki yolg‘iz keksalar
- nogironligi bor insonlarga uyda parvarish qilish, tibbiy sog‘lomlashtirish xizmatlarini ko‘rsatish
- nogironligi bor insonlar uchun protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash
- sifatli reabilitatsiya va ruhiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini tashkil etadi.
Inson ijtimoiy xizmatlari markazlarining nogironligi bor insonlarga ko‘rsatadigan xizmatlarining eng muhimi bu – jismoniy nogironligi bor insonlarga tibbiy reabilitatsion ortopedik vositalar va boshqa protez buyumlarini olishda amaliy yordam berish.
Senda jismoniy nogironlik bo‘lsa protez buyumlarini olish uchun o‘zing yashaydigan joydagi inson ijtimoiy xizmatlari markazlariga ariza bilan murojaat qilishing kerak.
Jismoniy nogironligi bor insonlarga ortopedik protez buyumlarini berish Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-apreldagi 253-son qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Qarorga ko‘ra:
- nogironligi bor insonlarni
- nogironligi bor bolalarni
- nogironlik guruhiga ega boʼlmagan pensiya yoshidagi insonlarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash tartibi belgilangan.
Nogironligi bor insonlar va nogironligi bor bolalarning protez buyumlari yoki reabilitatsiya vositalariga muhtojligi nogironlik haqidagi maʼlumotnomaga qarab belgilanadi.
Shifokorlar guruhi seni nogironligi bor inson deb belgilasa, protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasiga muhtojliging belgilanib, nogironlik haqidagi maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi.
Ijtimoiy himoya bilan bog‘liq hujjatlar shakllanishi bilan sen protez buyumlari yoki reabilitatsiya vositasini sotib olishing mumkinligi haqida SMS-xabar yuboriladi.
Protez buyumlari yoki reabilitatsiya vositasini sotib olishing mumkinligi haqida sening yashash joyingdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining “Ijtimoiy himoya” tizimiga bu haqida xabar keladi.
Sen bir oy ichida protez buyumlari yoki reabilitatsiya vositasini sotib olish uchun buyurtma bermasang, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi buyurtma berilmaganligi sabablarini o‘rganadi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari nogironligi bor insonlarni turli moddiy yordamlar, bolalar nafaqalari bilan ham taʼminlaydi.
Nogironligi bor inson kam taʼminlangan oila ro‘yxatida bo‘lib, moddiy yordam yoki bolalar nafaqasini olishmoqchi bo‘lsa, inson ijtimoiy xizmatlari markazlariga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Seni qiziqtirgan savollarga inson markazlariga borib yoki 1140 raqamiga telefon qilib ma’lumot olishing mumkin.
Хеч канака имтиезлардан. Хабаримйук. 2 грух ногирони. . МИРОБОД ТУМАН… ИЖТИМОИ КАРТАНИ СИЗЛАОДАН БИЛДИМ..ХАЛИ ХАМ .САРСОНЛИК…СИЗЛАРГА ХАКИКАТ. 946209975..
Assalomu alaykum
Sizga yuristlarimiz telefon orqali bog‘lanib kerakli huquqiy yordam ko‘rsatishadi. Yuristlarimiz qo‘ng‘irog‘ini kuting.
halikulovazulfiya54@gmail.com
Assalomu alaykum
Iltimos, murojaatingiz yoki savolingizni to‘liq yozib qoldiring. Sizga qanday yordam bera olamiz?
Assalomu alaykum yaxshimisiz men ijtimoyiy himoyadan yordam chiqishi kerak edi mahaladan hamma hujatlarni kampiyuterga joylashtirilgan va yordam kursatilishi tasdiqlangan edi ammo 1 oy buldi holigacha yordam kursatilmadi
Assalomu alaykum
Iltimos, yana qayta uchrashing. Balki sizga yilning 4-choragida yordam puli chiqarish rejalashtirilgandir. Agarda qonun buzilishi kuzatilsa, so‘ngra bizga murojaat qiling.
На махалладан на свадан хабар олиш йук дори дармондан куйрас сураса озгина келади дебди дорини хам
Assalomu alaykum
Telefon raqamingizni qoldiring, siz bilan telefon orqali bog‘lanamiz.
Assalomu alaykum birinchi guruh nogironman ko’z boʻyicha yordamchiga ehtiyojim bor murojaatlarim javobsiz qolmoqda
Assalomu alaykum
Siz telefon raqamingizni qoldiring yuristlarimiz siz bilan bog‘lanishadi.
Savolingizga javob berdik.
Assalomu alaykum ko’z boʻyicha birinchi guruh nogironman yordamchi asistentka ehtiyojim bor murojaatlarim javobsiz qolmoqda
Assalomu alaykum, savolingiz uchun rahmat!
Hozirgi kunda faqat ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan umumta’lim maktablari o‘qituvchilarga kotiba ajratish tartibi mavjud. Batafsil huquqiy maqolamizda tanishing: https://huquqplus.uz/materials/mehnat/951
Yordamchi assistent xizmatini olish uchun siz yashayotgan hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz. Shaxslar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga bevosita o‘zlari borib murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, 1140 yoki 1146 qisqa ishonch raqamlari orqali ham onlayn shaklda murojaat qilish imkoniyatiga egalar.
Mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari manzillari, Yandex lokatsiyalari, operator ma’lumotlari va aloqa uchun telefon nomerlari bilan 4-ilovada batafsil tanishib chiqsangiz bo‘ladi: https://huquqplus.uz/wp-content/uploads/2024/09/INSON-markazlari-manzili.xlsx
Jaloldin
Iltimos murojaatingizni bitta matn shaklida to‘liq yo‘llang.
Assalomu alaykum ishtimoiy yordam nimalar qilib bera oladi men ham 2guruh nogironiman.
Assalomu alaykum.
Inson ijtimoiy xizmatlari markazi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moddiy yordam ajratish, protez buyumlarini olishda bevosita yordam berish kabi bir qator ishlarni amalga oshiradi. Inson ijtimoiy xizmatlari markazlarining nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatadigan xizmatlari bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, HuquqPlus.uz saytimizda maxsus maqola chop etilgan. Shu maqolani o‘qish orqali savollaringizga batafsil javob topishingiz mumkin. Quyidagi havola orqali maqolani o‘qib chiqishni tavsiya qilamiz. https://huquqplus.uz/materials/social-protection/3583
Assalomu alayko’m, qanchalik xaqqoniy ishlayabdi bu markazlar, men 2 guruh nogironiman ishga qisqartirish debishdan bo’shatishdi, meni qanday xuquqlarim bor iltimos…
Assalomu alaykum
Siz telefon raqamingizni qoldiring siz bilan yuristlarimiz bog‘lanishadi.
Assalomu alaykum men 2guruh nogironiman .ijtimoiy himoya restiriga meni kiritish adibi yoki yo‘qmi
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi — idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda kam ta’minlangan oilalarni aniqlash, ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash hamda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamni olish uchun murojaat qiluvchilar va oluvchilar to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish amalga oshiriladigan avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-son qaroriga muvofiq, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan jami 1 oylik o‘rtacha daromad miqdori minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmasa, oila kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi. Ya’ni, oilangizning rasmiy daromadi oila a’zolaringiz soniga bo‘linganida kishi boshiga 648 ming so‘mdan oshmasa, demak oilangiz kam ta’minlangan oila hisoblanadi.
2024-yilning may oyidan hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 648 ming so‘mni tashkil etdi.
Ushbu reyestrga kirishingiz uchun siz ijtimoiy mezonlarga to‘g‘ri kelishingiz kerak bo‘ladi. Batafsil ushbu maqoladan ma‘lumot oling: https://huquqplus.uz/materials/social-protection/4073