
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning “Temir daftar” bilan bog‘liq imtiyozlari
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Katta daftar tagida kul rang ko‘ylakda ayol kishi g‘amgin o‘tiribdi.
“Temir daftar” ro‘yxatiga kimlar kiritiladi?
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-martdagi 122-son qarori talablari asosida kam ta’minlangan oila, deb e’tirof etilgan, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan a’zolari mavjud oilalar “Temir daftar” elektron bazasi ro‘yxatiga kiritiladigan bo‘ldi. Jumladan, I – II guruh nogironligi mavjud insonlarning mazkur daftarlar ro‘yxatlariga kiritilishlari ularni ijtimoiy muhtojlik holatidan olib chiqishga xizmat qiladi.
“Temir daftar” ro‘yxatiga qanday mezonlar asosida kiritiladi?
Temir daftar ro‘yxatiga kiritish mezonlari sifatida shaxsning ishsizligi, mutlaqo daromadga ega emasligi kabi holatlarni aytib o‘tishimiz mumkin.
“Temir daftar” ro‘yxatiga kiritish uchun aholining qanday toifalari inobatga olinadi?
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- boquvchisi nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lgan oilalarga;
- og‘ir kasallikka chalingan (butunlay yoki qisman o‘zini-o‘zi boqish imkoniga ega bo‘lmagan, faoliyat ko‘rsata olmaydigan) shaxslarga;
- boquvchisini yo‘qotgan oilalarga;
- moddiy kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar;
- yolg‘iz keksalar;
- doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan shaxslar.
Ma’lumot: jon boshiga hisoblaganda, oilaning oylik daromadi 669 000 so‘mdan oshmagan oilalar kam ta’minlangan oilalar deb baholanadi. Masalan: bir oilada er-xotin va ularning 3 nafar farzandi bor. Er-xotin oyiga 2 million so‘m daromad qilishadi. Mana shu ikki million so‘mni 5 ga bo‘lganimizda, 400 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Bu ularning mezon bo‘yicha kam ta’minlangan oila ekanligini bildiradi.
“Temir daftar” ro‘yxatiga kirish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar qayerga murojaat qilishi lozim?
“Temir daftar” ro‘yxatiga kirish uchun nogironligi bo‘lgan shaxs o‘zi yashaydigan hududdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazi rahbari nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi. (Ariza namunasi 1-ilovada)
Oilalar voyaga yetgan a’zolarini “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritish uchun qayerga murojaat qilishi lozim?
Oilalar voyaga yetgan a’zolarini “Temir daftar”ga kiritish uchun “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yoki bevosita “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga borish orqali taqdim etgan murojaati yoxud markazning ijtimoiy xodimlari tomonidan xonadonma-xonadon yurish jarayonida aniqlangan holatlar bo‘yicha kiritiladi.
Oilaning “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritish haqidagi murojaati ijtimoiy xodim tomonidan aniqlansa, necha kun mobaynida o‘rganiladi?
Oilaning “Temir daftar”ga kiritish haqidagi murojaati yoki ijtimoiy xodim tomonidan aniqlangan holatlar bo‘yicha 2 ish kunida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlari tomonidan ushbu oilalar (shaxslar)ning belgilangan toifaga to‘g‘ri kelishi keys-menejment usuli orqali o‘rganish natijasida aniqlanadi.
Ma’lumot: Keys menejment usuli – “Temir daftar” ro‘yxatiga kirish maqsadida, nogironligi bo‘lgan shaxs o‘zi yashaydigan hududdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlari markaziga borib murojaat qilganidan keyin, murojaat bo‘yicha uning oilaviy holati, ijtimoiy xodim tomonidan o‘rganiladi va baholanadi.
Qanday holatda “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha murojaat rad etiladi?
Nogironligi bo‘lgan shaxs moddiy jihatdan yaxshi ta’minlangan bo‘lsa, qo‘shimcha parvarishga muhtoj bo‘lmasa, uning murojaati «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazi tomonidan yuboriladigan maxsus javob xati asosida rad etiladi.
Qanday holatlar “Temir daftar” ro‘yxatidan chiqarib yuborish uchun asos bo‘ladi?
- har bir toifa bo‘yicha belgilangan yordamlar to‘liq ko‘rsatilganda;
- to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;
- o‘z arizasiga ko‘ra;
- temir daftarga kirishda noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganligi aniqlanganda;
- boshqa davlatlarga doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
- sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
- shaxs vafot etgan taqdirda yoki sud qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilganda.
Misol uchun, nogironligi bo‘lgan shaxsning oilasi temir daftar ro‘yxatiga kiritildi. Bu oilaga ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy himoya dasturiga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxsni tibbiy muolaja qilish vazifasi belgilandi. Shu dasturga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxs imtiyozli ravishda davlat hisobidan tibbiy muolaja bilan ta’minlangandan keyin bu shaxs va uning oilasi “Temir daftar” ro‘yxatidan chiqarib yuboriladi.
Yana bir misol: Nogironligi bo‘lgan shaxsni tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, o‘zini o‘zi ta’minlash darajasiga olib chiqish maqsadida, temir daftarda belgilangan imtiyozlar doirasida “poliz ekinlarini yetishtirish uchun issiqxona” qurib berildi. Mana shu holatda ham nogironligi bo‘lgan shaxs avtomatik ravishda “Temir daftar” ro‘yxatidan chiqartirib yuboriladi.
“Temir daftar” ro‘yxatiga qayta kirish uchun ariza berish mumkinmi?
“Temir daftar” ro‘yxatiga qayta kirish uchun «Inson» ijtimoiy xizmatlari markaziga keyingi yilda takroran murojaat qilishi kerak bo‘ladi.
“Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar qanday imtiyoz va imkoniyatlarga ega?
“Temir daftar” ro‘yxatiga olingan nogironligi bo‘lgan shaxs moddiy yordam olish, uyni ta’mirlash, tadbirkorlik qilish uchun kredit olish, subsidiya olish kabi imtiyozlar va imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
“Temir daftar” ro‘yxatiga kirgan nogironligi bo‘lgan shaxslar yilda necha marta moddiy yordam oladi?
“Temir daftar” ro‘yxatida turuvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar yilida bir marotaba moddiy yordam olish huquqiga ega. Moddiy yordam olish uchun biror bir tashkilotga ariza bilan murojaat qilish shart emas. Ularga jadval asosida moddiy yordam belgilanadi.
Ma’lumot: moddiy yordamning miqdori «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazi tomonidan mavjud mezonlardan kelib chiqqan holatda belgilab beriladi.
“Temir daftar” ro‘yxatida turuvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar tadbirkorlik qilish maqsadida kredit olishi mumkinmi?
“Temir daftar” ro‘yxatida turuvchi nogironligi bo‘lgan shaxs tadbirkorlik qilish maqsadida, imtiyozli kredit yoki subsidiya olishi mumkin bo‘ladi. Tadbirkorlik faoliyati uchun kredit olishda nogironligi bo‘lgan shaxsdan sertifikat talab etiladi.
Misol uchun, yurishida jismoniy nuqsoni bor kishi tadbirkorlik qilish bo‘yicha bir nechta etikdo‘zlik uskunalari va mashinalarini sotib olmoqchi. Temir daftardagi imtiyozlarga asoslanib, kredit yoki subsidiya orqali bu ishni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, undan etikdo‘zlik bo‘yicha aniq bir malakaga ega ekanligini asoslovchi sertifikat so‘raladi.
Ma’lumot: Bugungi kunda “Temir daftar” ro‘yxatida turgan nogironligi bo‘lgan shaxs 33 million so‘mgacha kredit olishi mumkin. Etikdo‘zlik uchun kerak bo‘ladigan xomashyo uchun 5 milliongacha miqdorda subsidiya olishi mumkin.
“Temir daftar” ro‘yxatida turuvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar subsidiya yoki kredit olish uchun kimga murojaat qilishi lozim?
“Temir daftar” ro‘yxatida turuvchi nogironligi bo‘lgan shaxs subsidiya yoki hunarmandchilik, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida kredit olmoqchi bo‘lsa, o‘zi yashayotgan mahalladagi hokim yordamchisi nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi. (Ariza namunasi: 2-ilovada)
2024-yil 31-maydagi 313-sonli Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan qanday o‘zgarishlar bor?
Og‘ir va uzoq vaqt davolanish talab etiladigan kasallikka chalingan oilalarga yordam ko‘rsatish dasturi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarga quyidagi yordamlar ko‘rsatilishi belgilandi:
- bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha (4 120 000 so‘m) bo‘lgan miqdorda dori-darmon bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash;
- BHMning 50 baravarigacha (20 600 000 so’m.) Bo‘lgan miqdorda davolanish xarajatlarini (yashash va yo‘l xarajati bilan birga) qoplash.
Dori-darmon va davolanish xarajatlarini qoplash uchun moddiy yordam yilida necha marotaba beriladi?
Dori-darmon bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun bitta oilaga 1 yilda 2 marta, davolanish xarajatlarini qoplash uchun esa 1 yilda 1 marta yordam ko‘rsatilishi mumkin. BHMning 5 baravarigacha
(2 060 000 so‘m) bo‘lgan mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning bank plastik kartasiga o‘tkazib beriladi. Qolgan holatlarda tegishli mablag‘lar shartnoma asosida o‘tkaziladi.
Birinchi darajali ehtiyojlarni qoplashga ko‘maklashish dasturi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga qanday yordam belgilangan?
BHMning 1 baravari (412 000 ya’ni uch yuz qirq ming so‘m) miqdorida oziq-ovqat, 5 baravarigacha
(2 060 000 so‘m ) miqdorida kiyim-kechak va boshqa eng zarur tovarlar bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash belgilangan.
Kiyim-kechak va oziq-ovqat xarajatlarini qoplash uchun yordam yilida necha marta amalga oshiriladi?
Oziq-ovqat bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash bir chorakda bir marta, kiyim-kechak bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash esa bir yilda ikki marta belgilanishi mumkin. Mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning bank plastik kartasiga o‘tkaziladi yoki shartnoma asosida natura ko‘rinishida beriladi.
Uy-joy sharoitiga ega bo‘lmagan oilalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga qanday yordamlar ko‘rsatiladi?
6 oy davomida har oyda ijara shartnomasining 50 foizi, biroq BHMning 4 baravaridan oshmagan miqdorda (1 648 000 so‘m) vaqtincha boshpana uchun xarajatlarni (ijara to‘lovini to‘liq yoki bir qismini) qoplanadi. BHMning 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda faqat bir marotaba uy-joyini ta’mirlash, shu jumladan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning yashash sharoitini moslashtirish xarajatlarini qoplash bilan bog‘liq mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning bank plastik kartasiga yoki shartnoma asosida o‘tkazib beriladi.
Isitish ta’minotidan uzilgan oilalarga yordam ko‘rsatish dasturi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga qanday yordamlar ko‘rsatiladi?
Bir yilda ko‘pi bilan ikki marotaba kuz-qish mavsumida (1-oktyabrdan 15-martga qadar) BHMning 1 baravarigacha bo‘lgan miqdorda kommunal xarajatlarni qoplash, kuz-qish mavsumida BHMning 2 baravarigacha bo‘lgan miqdorda ko‘mir bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash bilan bog‘liq mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning bank plastik kartasiga yoki ta’minot korxonalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi.
Ilovalar:
Foydalanilgan manbalar:
Bu maqolada sen “Temir daftar” bilan bog‘liq imtiyozlar haqida bilib olasan.
Temir daftar — bu oilaviy sharoiti og‘ir, moddiy yordamga muhtoj oilalarga yordam beruvchi tizim.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra seni oilang:
- kam ta’minlangan oila deb topilgan bo‘lsa
- oilangda yordamga muhtoj birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor yaqinlaring bo‘lsa “Temir daftar”ga kiritiladi.
“Temir daftar”ga kirish uchun sen:
- kam pul topishing
- nogironligi bor bo‘lishi
- oilang yordamga muhtoj bo‘lishi
- yolg‘iz yashaydigan qariya bo‘lishing
- ishsiz bo‘lishing kerak.
Sening oilangdagi har bitta inson oyiga 568 000 (besh yuz oltmish sakkiz ming) so‘mdan ko‘p pul topmasa kam ta’minlangan oila hisoblanadi.
Masalan:
- Seni oilangda ota-ona va 3 ta farzand yashaydi.
- Ota-ona oyiga 2 million so‘m pul topadi.
- Shu 2 million so‘m 5 kishiga bo‘linadi.
- Shunda har bir insonga 400 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.
- Bunda sening oilang kam ta’minlangan oila bo‘ladi.
“Temir daftar” ga kirish uchun sen o‘zing yashaydigan tuman (shahar) hokimiga ariza bilan murojaat qilishing kerak.
Sen ariza bilan murojaat qilinganingdan keyin hokim va hokim tuzgan guruh 5 kunda sening yashash sharoitingni o‘rganadi.
Sen “Temir daftar”ga kirishga loyiq bo‘lsang “Temir daftar”ga kiritilasan.
Sen “Temir daftar”ga kiritilsang 1 yilda 1 marta pul yordami olishing mumkin.
Pul yordamini olishing uchun ariza bilan murojaat qilishing shart emas.
1 yilda 1 marta beriladigan yordam puli – 1 100 000 (bir million bir yuz ming) so‘m.
“Temir daftar”ga kiritilsang senga imtiyozlar beriladi. Masalan, sen:
- uyingni ta’mirlashing
- tadbirkorlik qilish uchun kredit olishing
- subsidiya olishing mumkin.
Kredit – bu ma’lum vaqt davomida biroz qo‘shimcha bilan bo‘lib qaytarishga olingan pul.
Tadbirkorlik qilish uchun kredit olish – sen o‘zingni-o‘zing band qilishing va yangi ish o‘rinlari yaratishing uchun bankdan bo‘lib qaytarishga oladigan pul.
Subsidiya – bu yordamga muhtoj insonlarga beriladigan va qaytarib olinmaydigan pul.
Tadbirkorlik uchun kredit olishda sendan sertifikat so‘raladi.
Sertifikat – bu sen kasb yoki hunarni o‘qib-o‘rganganligingni tasdiqlovchi hujjat.
Masalan: sen tikuv sexi ochishda tikuv mashinalari sotib olishing uchun “Temir daftar” orqali bankdan kredit yoki subsidiya olmoqchi bo‘lsang, sendan tikuvchilikni bilishingni tasdiqlovchi sertifikat so‘raladi.
Sen “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lsang 33 million so‘mgacha kredit olishing mumkin.
Sen etikdo‘zlikka kerakli narsalar uchun 5 million so‘mgacha subsidiya olishing mumkin.
Sen “Temir daftar”da ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsang subsidiya yoki kredit olish uchun hokim yordamchisiga ariza bilan murojaat qilishing kerak.
Oilada sening onang yordamga muhtojligi uchun “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, sen nogironliging borligi uchun “Temir daftar”ga kirishing mumkin.
Aslida bitta oila ham “Temir daftar”da ham “Ayollar daftari”da turishi mumkin emas.
Faqat oilangdagi nogironligi bor yaqinlaringning nogironlik holatiga qarab seni oilang ham “Temir daftar”ga ham “Ayollar daftari”ga kiritilishi mumkin.
Seni oilangda nogironligi bor insonlar bo‘lmasa, ham “Temir daftar”da ham “Ayollar daftari”da turishing mumkin emas.
Sen “Temir daftar”da tursang, “Ayollar daftari”dan, “Ayollar daftari”da tursang, “Temir daftar”dan chiqarib yuborilasan.
Яхши
Katta rahmat e’tiboringiz uchun!
Menga moddiy yordam kere
Men 1gurpa nogironiman ishsizman
Toshkent shahrida bo‘lsangiz,
https://t.me/ishplus_uz shu kanalga obuna bo‘ling ish masalasi bo‘yicha.
http://www.ishplus.uz ma’lumot xizmati telefon raqami +998 (90) 818-07-08 faqat ish kunlari soat 9:00 dan 17:00 gacha ishlaydi.
Agar Toshkent shahrida bo‘lmasangiz, hududingizdagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.
Men qulogʻim umuman eshitmaydi 3 guruh nogironiman xech qaerda ishlamayman bolam bor voyaga yetmagan meni temir daftarga kirgizasizlarmi yoshim 30 da
“Temir daftar” ro‘yxatiga kirish uchun nogironligi bo‘lgan shaxs o‘zi yashaydigan tuman (shahar) hokimi nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak. (Ariza namunasi 1-ilovada)
Мен 2 gurux nogironligim bor xar 2 oydan shfoxonada davolanayapman kasalliklarim trambasit purpura qon kamaysh ogir darajasi va qandli diabet ya’na ayolmi 2023 yil sentabr oktabr oyida 2 marat zòp aperasa bòldi 2 ta farzandim bor kata 14 yosh kichik 9 yosh xozirda modi yordamga muxtojmiz uyimiz xam tamir talab ayolimni ximya terapiya òtkazishga tashkentga oborish kerak bolalar nafaqasi oladiganlarni temir daftariga kiritishmas ekan ishlash niyatidaman utgan 2023 yil 2 marta bandlika murojat qildim lekin natija yòq
Assalomu alaykum. Bu masalada iltimos tumaningizdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlari markaziga murojaat qiling.
Pensiya qayta xisoblaw
Assalomu alaykum, nogironlik pensiyasini qanday qilib qayta hisoblatish haqida batafsil ma’lumot olish uchun havolaga bosing: https://huquqplus.uz/materials/social-protection/1178
Assalomu alaykum mening 2 yowli qizim bolalikdan oʻtkir yurak yetishmovchiligi bilan kasal buni ustiga sharoitim ogir doʻxtirlar pensaga yozib bergandi bir yil oldim bolam kundan kun yomonlashyapti ishim banitsa boʻlib qoldi yana nafaqa oliwim mumkinmi
Маьлумотларни укиб жуда хурсанд булдим. Шунча имтиезлар бор экан рахмат
E’tiboringiz uchun katta rahmat! Tanishlaringiz va do‘stlaringizga ham albatta bizni tavsiya qiling.
Assalomu aleykum man farzandim davolanishi uchun moddiy yordam olishimga yordam berila iltimos bolami 1-guruh nogironligi bor tòxtatmasdan davolanishimiz kere
Assalomu alaykum
Do‘stim, moddiy yordam olish masalasi bo‘yicha o‘zingiz yashayotgan tumaningizdagi inson ijtimoiy xizmatlari markaziga borib murojaat qilib ko‘rishingiz kerak bo‘ladi. Inson ijtimoiy xizmatlar markazi tarkibida saxovat va ko‘mak fondi tashkil etilgan. Agarki farzandingiz haqiqatdan ham davolanishga muhtoj bo‘lsa, ushbu fond orqali amaliy jihatdan yordam berishadi.
Темир дафтар база руйхати качон очилади
Assalomu alaykum, “Temir daftar” ro‘yxatiga kirish uchun o‘zingiz yashaydigan hududdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlari markaziga murojaat qiling. Ijtimoiy xodimlar sizga batafsil ma’lumot berishadi. Shuningdek, 1140 yoki 1146 qisqa ishonch raqamlari orqali ham ma’lumot olish imkoniyatiga egasiz.