
Nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar uchun ichki turizmdagi imtiyozlar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Hassa ushlab olgan va oq ro‘mol o‘ragan yoshi katta ayol O‘zbekistonning tarixiy obidalari oldida turib turistlar uchun avtobus kelishini kutyapti. Avtobus oq rangda bo‘lib, uning ustida O‘zbekiston bayrog‘iga o‘xshash ranglarda bayroq chizilgan.
Hozirgi kunda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalarga katta e’tibor qaratilib, ularga birqancha imtiyozlar yaratib berilgan. O‘zbekiston bo‘ylab sayohat (ichki turizm) qilishda ularga qanday imtiyozlar bor? Ushbu maqolada batafsil bilib olasiz.
“Sayohat barcha uchun”
Ushbu loyiha nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, loyiha ijrosini Madaniyat vazirligi amalga oshiradi. Har yili “Sayohat barcha uchun!” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ming nafardan nogironligi bo‘lgan shaxslar O‘zbekistonning turistik shaharlariga bepul sayohat qilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, turizm, madaniy meros, konsert-tomosha obyektlari hamda aeroport, avto va temir yo‘l vokzallarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun zarur infratuzilma yaratish ham ushbu loyihaning bir qismi hisoblanadi.
“Keksalar uchun turizm” loyihasi nima?
Bu – keksalarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan I guruh nogironligi bo‘lgan keksalarga yiliga bir marotaba mamlakat ichida bepul turistik sayohatlarni tashkil etishdir.
Ushbu loyiha qanday amalga oshiriladi, loyihada ishtirok etish uchun nima qilish lozim?
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 340-sonli qaroriga asosan, loyihada faqatgina tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining xulosasi asosida, I guruh nogironi deb topilgan va pensiya yoshiga yetgan mamlakatda istiqomat qiluvchi keksalar qatnasha oladi. Loyihaning maqsadi – yoshi katta bo‘lgan va nogironligi tufayli mamlakatning turistik manzillariga tashrif buyurish imkoniyati yo‘q bo‘lgan aholi qatlamiga ushbu imkoniyatni taqdim etish va ularning ijtimoiylashuvini rivojlantirish hisoblanadi.
Sayohat davomidagi turar-joy, ovqatlantirish va transport xarajatlari bepul hisoblanadi. Bunda xarajatlarning ellik foizi “Vaqf” xayriya loyihasi tomonidan, qolgani esa “Nuroniy” jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Shuningdek, sayohat davomida loyihada qatnashayotganlarga shifokorlar tomonidan kerakli tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Bunda siz sayohatdan oldin https://uzbekistan.travel/uz/ portalidan yoki 71-200-00-88 raqami orqali sayohat manzili to‘g‘risida kerakli ma’lumotlarni olishingiz mumkin.
Loyihada ishtirok etishni xohlaganlar doimiy yashaydigan joydagi tuman (shahar) hokimliklariga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga ham sayohat qilishni xohlashi haqida aytishi mumkin.
“Keksalar uchun turizm” yilning qaysi vaqtida amalga oshiriladi?
Ushbu loyiha har yili 1-noyabrdan 30-noyabrgacha amalga oshiriladi. Bunda siz 1-oktyabrga qadar tuman (shahar) hokimliklarining oila va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga murojaat qilishingiz kerak. Sababi yuqoridagi qarorga asosan ular 1-oktyabrga qadar sayohat qiluvchilar ro‘yxatini shakllantirishi belgilab qo‘yilgan. Noyabr oyi davomida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rasmiy veb-saytlarida turistik manzillar, muzeylar va boshqalar tomonidan ixtiyoriy taqdim qilinadigan chegirmalar va aksiyalar e’lon qilinadi.
Sayohat davomida kimlar keksalarga hamrohlik qiladi?
Sayohat davomida har bir turistik obyektlar va muqaddas qadamjolar tarixi haqida tushuntirish uchun ko‘ngillilar (volontyorlar) hamrohlik qiladi. Bunda ular turizm sohasidan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak.
Turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar qanday sharoitlarni yaratishi kerak?
O‘zbekiston Respublikasi 641-son qonunning 24-moddasiga asosan, transport xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar (xususiy va davlat tashkilotlari ham) nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun quyidagi imkoniyatlarni yaratishi kerak:
- Jamoat transportini maxsus vositalar bilan jihozlashi, shu jumladan alohida joylar jihozlashi;
- Eshitish qobiliyati zaif bo‘lganlar uchun axborot tablolari o‘rnatishi hamda bekatlar ovozli tarzda e’lon qilishi;
- Shahar va qishloq jamoat transporti vositalarining yo‘nalishlari hamda ko‘rsatkichlari keskin farqlanuvchi rangdagi yirik harflar bilan tasvirlanishi,
- Yo‘lovchi poyezdlarining vagonlari maxsus o‘rinlar va perronlar, shuningdek, temir yo‘l vokzallari maxsus mexanik panduslar bilan jihozlanishi lozim.
- Aeroportlarda va aerovokzallarda, yirik temir yo‘l stansiyalarida, shuningdek metroda nogironligi bo‘lgan shaxslarni transport vositalarigacha kuzatib borish choralari ta’minlanishi kerak.
Mehmonxonalarda nogironligi bo’lgan shaxslar uchun qanday sharoitlar yaratilishi kerak?
“Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida” qonunning 25-moddasiga asosan esa, mehmonxona egalari umumiy xonalarning kamida bittasini o‘rindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlashi shart. Shuningdek, eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga e’lonlar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilishini ta’minlashi shartligi belgilangan.
E’tibor bering! Binoning o‘rindiqli aravachadan foydalanuvchi nogironligi bor shaxslar uchun ajratilgan xonalari eshigi eniga 0.9 metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Eshikning xona oldidagi shaxsning yuzini ko‘rish uchun mo‘ljallangan ko‘zchasi pol sathidan 1 metr 2 santimetr balandlikda (4 va 5 yulduzli mehmonxonalar uchun) joylashgan bo‘lishi lozim. Binoning vanna, dush kabinalari va unitazlar tayanch ushlagichlar bilan jihozlangan bo‘lishi shart.
Eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning tegishli ehtiyojlariga muvofiq e’lonlar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar, jumladan:
- ma’muriyat bilan ichki aloqa uchun elektron planshet;
- Brayl shriftli ichki telefon;
- Sanuzel va nomerda chaqiruv tugmasi;
- dinamik, mikrofon;
- yoritqichli xabar beruvchi qurilmalar xonada mavjud bo‘lishi lozim.
Agarda yuqorida belgilangan talablarga rioya qilinmasa, ma’muriyat rahbari (mulkdori) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51 prim 1-moddasiga muvofiq, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin. Ma’lumot o‘rnida hozirgi kunda BHM miqdori 412 ming so‘mni tashkil qiladi.
Yuqoridagi holatlar kuzatilganda, siz quyidagilarga og‘zaki yoxud yozma tarzda shikoyat qilishingiz mumkin (ariza na’munasi 1-ilovada):
- Ma’muriyat joylashgan hududdagi tuman shahar hokimliklariga;
- Ijtimoiy himoya milliy agentligi “Inson” markazlariga;
- “O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi” ga.
Ular muammoni o‘rgangan holda, noqulayliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Ilovalar:
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 15-oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida” gi Qonuni. https://lex.uz/docs/-5049511
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 340-son qarori. https://lex.uz/ru/docs/-4831767
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlar va qariyalar uchun ichki turizmdagi imtiyozlar haqida bilib olasan.
Ichki turizm – bu sen O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish.
Masalan, sen O‘zbekistonning boshqa viloyatlariga yoki tog‘lariga borishing.
O‘zbekistonda “Sayohat barcha uchun” degan loyiha bor.
“Sayohat barcha uchun” loyihasida har yili mingta nogironligi bor insonlar O‘zbekiston bo‘ylab bepul sayohat qilishadi.
“Sayohat barcha uchun” loyihasining sayohatlarida sen uchun barcha sharoitlar yaratiladi.
O‘zbekistonda “Keksalar uchun turizm” loyihasi ham bor.
Bu loyiha yordamida birinchi guruh nogironligi bor qariyalar 1 yilda bir marta O‘zbekiston bo‘ylab bepul sayohat qilishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 340-sonli qaroriga ko‘ra loyihada faqat shifokor xulosasi bilan:
- birinchi guruh nogironligi bor
- pensiya yoshiga yetgan
- O‘zbekistonda yashaydigan qariyalar qatnashishi mumkin.
Sayohat davomida qariyalarning:
- yashaydigan joyi
- ovqatlantirish
- transport xarajatlari bepul hisoblanadi.
Xarajatlarning yarimini “Vaqf” xayriya loyihasi, qolganini “Nuroniy” jamg‘armasi to‘laydi.
Sayohat davomida loyihada qatnashayotganlarga shifokorlar tomonidan kerakli yordam ko‘rsatiladi.
Qariyalar sayohatdan oldin:
- https://uzbekistan.travel/uz/ internet manzilidan
- yoki 71-200-00-88 raqami orqali sayohat manzili haqida kerakli ma’lumotlarni olishlari mumkin.
Loyiha bo‘yicha sayohat qilishni xohlaganlar yashash joyidagi:
- tuman (shahar) hokimliklariga
- mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga murojaat qilishi kerak.
“Keksalar uchun turizm” loyihasi har yili 1-noyabrdan 30-noyabrgacha amalga oshiriladi.
Qariyalar 1-oktyabrgacha tuman (shahar) hokimliklarining oila va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga murojaat qilishlari kerak.
Chunki loyiha ishchilari 1-oktyabrgacha sayohat qiluvchilar ro‘yxatini tuzishlari kerak.
Noyabr oyi davomida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining internet manzilida:
- sayohat manzillari
- muzeylar
- chegirmalar e’lon qilinadi.
Sayohat davomida qariyalarga volontyorlar yordam beradi.
Volontyorlar turizm sohasini yaxshi bilishlari kerak.
Volontyor – bu qariyalarga yordam berishni xohlaydigan insonlar.
641-sonli qonunning 24-moddasiga ko‘ra:
- transport xizmatini ko‘rsatadigan tashkilotlar nogironligi bor insonlar uchun kerakli imkoniyatlarni yaratishi kerak.
Transport tashkilotlari:
- Jamoat transportini maxsus vositalar bilan jihozlashi
- Eshitishda nogironligi bor insonlar uchun ekranlar o‘rnatishi
- Bekatlar ovozli e’lon qilinishi
- Shahar va qishloq jamoat transporti yo‘nalishlari va ko‘rsatkichlarini rangli katta harflar bilan yozishi
- Yo‘lovchi poyezdlarining vagonlari maxsus o‘rinlar va perronlar bilan jihozlashi
- Poyezd vokzallarini maxsus mexanik panduslar bilan jihozlashi kerak
- Aeroport, vokzallarda, poyezd bekatlari va metroda nogironligi bor insonlarni transportgacha kuzatib borishda imkoniyat yaratishi kerak.
Jamoat transporti – bu hamma foydalanadigan:
- avtobus
- mashina
- metro
- poyezd
- samolyotlar
“Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida” qonunning 25-moddasiga ko‘ra:
- Mehmonxona egalari xonalarning kamida bittasini aravachadan foydalanadigan nogironligi bor insonlar uchun qulay jihozlashi shart.
2. Nogironlik aravachasidan foydalanuvchi insonlar uchun ajratilgan xonalar eshigi eniga 0.9 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
3. Eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor insonlarga e’lonlar uchun ekranlar va ovozli qurilmalar o‘rnatilishi shart.
4. Xona eshigiga inson yuzini ko‘rish uchun qo‘yilgan ko‘zcha poldan 1 metr 2 santimetrdan baland bo‘lmasligi kerak.
5.
- Vanna
- dush kabinalari
- unitazlar ushlagichlar bilan jihozlangan bo‘lishi shart.
Agar mehmonxonada yuqoridagi sharoitlar bo‘lmasa, mehmonxona rahbari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonuningning 51 prim 1-moddasiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi.
Jarima – bu biror tashkilot yoki rahbar qonunda ko‘rsatilgan qoidalarni buzganda davlatga pul to‘lashi.
Yuqoridagi holatlar kuzatilganda, sen:
- Mehmonxona joylashgan tuman shahar hokimligiga
- Ijtimoiy himoya milliy agentligi “Inson” markazlariga
- “O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi”ga og‘zaki yoki yozma shikoyat qilishing mumkin (ariza namunasi 1-ilovada).
Ular muammoni o‘rganib, chiqishadi va kelajakda bo‘ladigan noqulayliklarni oldini olish choralarini ko‘radi.
Yoshm 22da II- guruh nogironiman. Biz ham borsek boladimi
Assalomu alaykum.
Siz «Sayohat barcha uchun» loyihasida qatnasha olasiz. Ushbu loyiha Madaniyat va turizm vazirligi va ularning joylardagi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu loyihada qatnashish uchun yuqoridagi organlarga murojaat qilishingiz lozim.