
Nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilalari “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan qanday yordam olishlari mumkin?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Dilmurod Yusupov
llyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Rasmda bir kishi boshqa kishiga oq sumkani uzatayotgani tasvirlangan. Sumkada qizil tibbiy belgi (qizil xoch) bor, bu esa tibbiy yordam yoki insonparvarlik yordamini anglatishi mumkin. Fon qorong‘i, odamlar esa oq va to‘q rangli kiyimlarda. Past burchakda «huquqplus» yozuvi mavjud.
«Temir daftar»ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilalariga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilangan. Ushbu maqolamiz orqali siz ushbu yordamni qanday olish mumkinligi haqida batafsil bilib olasiz.
”Saxovat va ko’mak” jamg’armasi qanday tashkilot?
«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi 2020-yil 20-aprelda hukumat tomonidan tashkil etilgan. Uning pullari COVID-19 karantini davrida yordamga muhtoj shaxslar, ishsiz qolganlar uchun ishlatildi. Bu mablag‘lar dori-darmonlar sotib olish va kundalik oziq-ovqat hamda zarur mahsulotlarni sotib olish uchun ajratilgan edi. Ushbu jamg‘armaning faoliyati hukumat tomonidan 2024-yil 31-may qabul qilingan 313-son qarori asosida davom ettirilmoqda.
«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi – bu davlat tomonidan tashkil etilgan maxsus jamg‘arma bo‘lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam berish uchun ishlaydi. Bu jamg‘arma orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar va boshqa Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga turli xil yordam ko’rsatiladi.
«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi pullari og‘ir ahvolga tushib qolgan odamlarga yordam berish uchun ishlatiladi. Maqsad – ularga moddiy yordam ko’rsatib, muammolarini yengillashtirish va og‘ir vaziyatdan chiqishga ko‘maklashish.
«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi har bir tuman yoki shaharda tashkil etilgan. U alohida tashkilot emas, balki hokimiyat tarkibida ishlaydi. Jamg‘armaning pullari maxsus hisobda saqlanadi va muhtoj odamlarga yordam berish uchun ishlatiladi.
”Saxovat va ko’mak” jamg’armasi qanday yordamlarni ko’rsatadi?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilalari «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan quyidagi yordam turlarini olishlari mumkin:
- Tibbiy yordam: Og‘ir va uzoq vaqt davolanish talab etiladigan kasallikka chalingan oilalarga davolanish, dori-darmonlar xaridi va reabilitatsiya xizmatlari uchun moliyaviy ko‘mak.
- Moddiy yordam: Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oilalarga birinchi darajali ehtiyojlarni qoplash uchun bir martalik moddiy yordam.
- Uy-joy sharoitlarini yaxshilash: Uy-joy sharoitiga ega bo‘lmagan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun uy-joylarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish yoki qurish uchun mablag‘ ajratish.
- Kommunal to‘lovlarda yordam: isitish ta’minotidan uzilgan oilalarga yordam ko‘rsatish.
Og‘ir va uzoq vaqt davolanish talab etiladigan kasallikka chalingan oilalarga yordam ko‘rsatish dasturi doirasida quyidagi yordamlar ko‘rsatiladi:
- bazaviy hisoblash miqdorining (BHMning) 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda dori-darmon bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash;
- BHMning 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda davolanish xarajatlarini (yashash va yo‘l xarajati bilan birga) qoplash.
- Bunda dori-darmon bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun bitta oilaga bir yilda ikki marta, davolanish xarajatlarini qoplash uchun esa bir yilda bir marta yordam ko‘rsatilishi mumkin. BHMning 5 baravarigacha bo‘lgan mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning bank plastik kartasiga o‘tkazib beriladi, qolgan holatlarda esa tegishli mablag‘lar shartnoma asosida o‘tkaziladi;
2025-yil 1-avgustdan boshlab bazaviy hisoblash miqdori (BMH) — 412 000 so‘m etib belgilangan.
- BHMning 1 baravari miqdorida oziq-ovqat,
- BHMning 5 baravarigacha miqdorida kiyim-kechak va boshqa eng zarur tovarlar bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash.
Birinchi darajali ehtiyojlarni qoplashga ko‘maklashish dasturi doirasida quyidagi yordamlar ko‘rsatiladi:
Eslatma! Oziq-ovqat yordami – har 3 oyda (chorakda) bir marta beriladi. Kiyim-kechak yordami esa yiliga ikki marta ajratilishi mumkin. Pul muhtoj odamning bank kartasiga o‘tkaziladi yoki yordam oziq-ovqat va kiyim-kechak shaklida (natura ko‘rinishida) beriladi.
Uy-joy sharoitiga ega bo‘lmagan oilalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida quyidagi yordamlar ko‘rsatiladi:
- olti oy davomida har oyda ijara shartnomasining 50 foizi, lekin BHMning 4 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda vaqtincha boshpana uchun xarajatlar (ijara to‘lovining to‘liq yoki qismini) qoplash.
- BHMning 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik uy-joy ta’mirlash xarajatlari, shu jumladan, yolg‘iz keksalar va nogironligi bor shaxslarning yashash sharoitlarini yaxshilash xarajatlarini qoplash. Ushbu mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning bank kartasiga to’g’ridan-to’g’ri yoki shartnoma asosida o‘tkaziladi.
Isitish ta’minotidan uzilgan oilalarga yordam ko‘rsatish dasturi doirasida quyidagi turdagi yordamlar beriladi:
- bir yilda ko‘pi bilan ikki marotaba kuz-qish mavsumida (1-oktabrdan 15-martga qadar) BHMning 1 baravarigacha (412 000) bo‘lgan miqdorda kommunal xarajatlarni qoplash;
- kuz-qish mavsumida BHMning 2 baravarigacha (824 000) bo‘lgan miqdorda ko‘mir bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash.
Eslatma! Mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning bank plastik kartasiga yoki ta’minot korxonalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi.
Ijtimoiy yordam ko’rsatiladigan shaxslar va oilalar qanday aniqlanadi?
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘laridan ijtimoiy yordam oladigan shaxslar va oilalar ularning murojaati asosida aniqlanadi. Jamg‘arma mablag‘lari asosida yordam olish uchun siz, avvalo, mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilib, «Temir daftar»ga kiritilishingiz lozim.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar “Temir daftar”ga kirish tartibi haqida batafsil…
siz «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning “Temir daftar” bilan bog‘liq imtiyozlari» mavzusidagi huquqiy maqolamiz orqali bilib olishingiz mumkin.
Shundan so‘ng, «Mahalla yettiligi» komissiyasi tomonidan arizangiz ko‘rib chiqilib, tegishli yordam turlari belgilanadi. “Mahalla yettiligi” tomonidan yordam ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishda qanday shaxslar yoki oilalarga ustuvorlik beriladi?
- boquvchisini yo‘qotgan oilalarga;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksa va I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- boquvchisi nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lgan oilalarga;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yoki og‘ir kasallikka chalingan (butunlay yoki qisman o‘zini-o‘zi boqish imkoniga ega bo‘lmagan, faoliyat ko‘rsata olmaydigan) shaxslarga.
Shuningdek, yordam olishingiz uchun siz hududingizdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi. Yoki sizning ehtiyojlaringiz “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ijtimoiy xodimlari tomonidan keys-menejment usulidan foydalanib o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijasida aniqlanishi mumkin. Ijtimoiy xodim tomonidan ijtimoiy yordamlarni ko’rsatish to’g’risida tavsiyanoma beriladi.
🆕 Yangi tartiblar joriy etildi
2025-yil 23-iyul kuni Vazirlar Mahkamasining 462-sonli qarori qabul qilinib, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi tubdan takomillashtirildi.
Endilikda ushbu jamg‘armalar orqali ko‘rsatiladigan yordamlar nafaqat daftarlarga kiritilganlarga, balki kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan hamda daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravaridan oshmaydigan oilalarga ham taqdim etilishi mumkin.
Yordamlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali avtomatik aniqlanadi va raqamlashtirilgan tizim orqali adolatli taqsimlanadi. Bu esa ilgari ehtiyojmand bo‘lsa-da, daftarlarda bo‘lmaganlarning yordamdan chetda qolish holatlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
🔜 2025-yil 15-avgustdan boshlab “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari asosida vaucher tizimi orqali yordamlar ko‘rsatila boshlaydi. Yangi tartib ijtimoiy yordamni yanada aniq va samarali qilishga xizmat qiladi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilish haqida batafsil…
siz ««Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday xizmatlar taqdim qilyapti?» mavzusidagi huquqiy maqolamiz orqali bilib olishingiz mumkin.
Qanday holatlarda ijtimoiy yordamlar rad etiladi?
Quyidagi holatlarda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘laridan yordamlar ko‘rsatilishi rad etilishi mumkin:
- soliq organlarining ma’lumotiga ko‘ra oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadi minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2,5 baravaridan ortiqligi (Eslatma: O‘zbekistonda 2026-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdori 715 ming so‘m etib belgilangan);
- ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestrida bittadan ortiq ko‘chmas mulk va yer uchastkasi yoki bir va undan ortiq noturar joylar mavjudligi;
- oila a’zolarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z nomiga rasmiylashtirilgan yoxud ishonchnomaga asosan quyidagilar mavjudligi (ishlab chiqarilgan muddati 12 yildan (oila a’zosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo‘lsa, 7 yildan) oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi; ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran hamda boshqa qurilish texnikasi; ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan yengil hamda yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi);
- oila a’zolarining tijorat banklaridagi depozit hisobvaraqlarida murojaat qilingan oyda amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 20 baravari va undan ortiq miqdorda mablag‘lar mavjudligi;
- oila a’zolarida murojaat qilingan oyda bozor qiymati mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 baravari va undan ortiq summani tashkil etuvchi qimmatli qog‘ozlar mavjudligi;
- oila a’zolari “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”ga ro‘yxatda turmasligi yoki joriy yilda ushbu daftarlar orqali moddiy yordam ko‘rsatilmaganligi.
Agar siz rad etilishi sababidan qoniqmasangiz va sizning ehtiyojlaringiz hududingizdagi ijtimoiy xodim tomonidan noto‘g‘ri baholangan deb hisoblasangiz, 1140 va 1146 ishonch raqamlari orqali oʻz e’tiroz va takliflaringizni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bersangiz boʻladi.
Shuningdek, ariza, shikoyat va iltimoslaringizni «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonun talablariga asosan qoldirsangiz bo‘ladi.
Ariza yoki shikoyat xatlarida quyidagilar bo‘lishi lozim:
- F.I.Sh.;
- manzil;
- qisqacha va tushunarli masala;
- telefon raqamingiz (bog‘lanish uchun).
Murojaatlaringizni quyidagi manbaalar orqali ham bizga yo’llashingiz mumkin: O‘zbekiston, Toshkent sh, Mirobod tumani, Yangizamon ko‘chasi, 1-uy.
Telefonlar: (0371) – 239-59-22, (0371) – 202-06-00, (0371) – 239-59-23
E-mail: info@ihma.uz; ihma@exat.uz
Foydalanilgan manbalar:
- “Temir daftar” orqali ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 31.05.2024 yildagi 313-son qarori, https://lex.uz/docs/-6973951
- Bekjon Ismailov, Nogironligi bo‘lgan shaxslarning “Temir daftar” bilan bog‘liq imtiyozlari, HuquqPlus.uz, 2024-yil 11-mart, https://huquqplus.uz/materials/social-protection/1083
- Bekjon Ismailov, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday xizmatlar taqdim qilyapti?, 2024-yil 27-sentyabr, https://huquqplus.uz/materials/social-protection/3583
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 23.07.2025 yildagi 462-sonli “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidgi qarori
Менга модий ёрдам керак 2 гурух илванидман
Assalomu alaykum, Umid! Hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz. Murojaatingiz uchun rahmat!
ЗУЛФИЯ 2грух.ногирони.Саховат кумакдан.. ердам бериладими..елгиз кекса…
Assalomu alaykum, «Temir daftar»ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilalariga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi mumkin. Yordam olishingiz uchun siz hududingizdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi. Yoki sizning ehtiyojlaringiz “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ijtimoiy xodimlari tomonidan keys-menejment usulidan foydalanib o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijasida aniqlanishi mumkin. Ijtimoiy xodim tomonidan ijtimoiy yordamlarni ko’rsatish to’g’risida tavsiyanomani qilinadi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksa va I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga “Mahalla yettiligi” tomonidan yordam ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishda qanday shaxslar yoki oilalarga ustuvorlik beriladi.
Menga uwbu yordamdan foydalana olamanmi
Agar «Temir daftar»ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lsangiz, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi mumkin. Ushbu maqolamizda batafsil yozilgan kimlar foydalanishi mumkinligi, iltimos o‘qib chiqing. Yana maslahatimiz, hududingizdagi ijtimoiy xodimga murojaat qiling.
Menxam xo’jainimxam 2guruh nogironimiz ishlamaymiz 3nafar farzandimiz bor nomimizda xechnarsa yo’q lekin bizni tem8r daftargaxam ayyollar daftarigaxam kirg’izishmadi bollar pulixam radetilyapti qayerga murojat qilsam bo’ladi davolanishimga yordam so’rab murojat qilgandim xozir bazada pul yo’qdeb radetildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxs moddiy jihatdan yaxshi ta’minlangan bo‘lsa, qo‘shimcha parvarishga muhtoj bo‘lmasa, uning murojaati «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazi tomonidan yuboriladigan maxsus javob xati asosida «Temir daftar» va «Ayollar daftariga» kiritish rad etilishi mumkin. Bu haqida quyidagi huquqiy maqolalarimizda batafsil yozib chiqqan edik:
– Nogironligi bo‘lgan shaxslarning “Temir daftar” bilan bog‘liq imtiyozlari: https://huquqplus.uz/materials/social-protection/1083
Murojaatchining ijtimoiy moddiy ahvoli o‘rganilganda, uning oylik daromadi eng kam ish haqidan oz bo‘lmasa, yashash sharoitlarining darajasi o‘rtacha holatda bo‘lsa, uning arizasi rad etiladi. Arizasining rad etilganligi bo‘yicha xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari tomonidan murojaatchiga tushuntirish beriladi.
– Nogironligi bo‘lgan ayollar uchun ayollar daftaridagi imtiyozlar: https://huquqplus.uz/materials/nogironligi-bolgan-ayollar/1065
Yordam olishingiz uchun siz hududingizdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi. Yoki sizning ehtiyojlaringiz “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ijtimoiy xodimlari tomonidan keys-menejment usulidan foydalanib o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijasida aniqlanishi mumkin. Ijtimoiy xodim tomonidan ijtimoiy yordamlarni ko’rsatish to’g’risida tavsiyanoma beriladi.
Murojaatingiz uchun rahmat!
Men 2gruh nogironiman uy tamiiri uchun yordam puli beriladimi
Sizning 2-guruh nogironligi bor shaxs sifatida uy-joy tamiri uchun yordam puli olish imkoniyatingiz mavjud, ammo bu bir necha omillarga bogʻliq bo’ladi. «Temir daftar»ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilalariga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam berilishi mumkin. BHMning 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik uy-joy ta’mirlash xarajatlari, shu jumladan, yolg‘iz keksalar va nogironligi bor shaxslarning yashash sharoitlarini yaxshilash xarajatlarini qoplash. Ushbu mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning bank kartasiga to’g’ridan-to’g’ri yoki shartnoma asosida o‘tkaziladi.
Bu yordamni olish uchun siz hududingizdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi. Yoki sizning ehtiyojlaringiz “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ijtimoiy xodimlari tomonidan keys-menejment usulidan foydalanib o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijasida aniqlanishi mumkin. Ijtimoiy xodim tomonidan ijtimoiy yordamlarni ko’rsatish to’g’risida tavsiyanoma beriladi.
Men 2-guruh nogironiman ayollar daftarida turaman. Menga bazaviy hisoblashnining 30 baravarigacha yordam puli beriladimi. Uyimiz tamirsiz. Iltimos yordam beriladimi.
Assalomu alaykum. Agarki siz «Ayollar daftari»da tursangiz, uyingizni haqiqatdan ham tamirlashga muhtoj qismini davlat hisobidan amalga oshirishingiz mumkin. Buning uchun siz mahallangizdagi xotin-qizlar ishlari bo‘yicha mahalla raisi o‘rinbosariga ariza asosida murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi. Keyin ular hokimiyat va mahalladan shakllantirilgan komissiya asosida sizni uyingizni ko‘zdan kechirib tamirlashga muhtoj yoki muhtoj emasligi bo‘yicha xulosa berishadi.
«Temir daftar»gar kiritilgan kam taminlangan oilalarga ham «Sahovat va ko‘mak» jamg’armasi hisobidan BHMning 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik uy-joy ta’mirlash xarajatlari, shu jumladan, yolg‘iz keksalar va nogironligi bor shaxslarning yashash sharoitlarini yaxshilash xarajatlarini qoplash. Ushbu mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsning bank kartasiga to’g’ridan-to’g’ri yoki shartnoma asosida o‘tkaziladi. Bu yordamni olish uchun siz hududingizdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.
Men yolgiz ona bolib 10 oylik bolamni boqishga qiynalayabman ijarada turaman
Qandey yordamlar ololaman
Assalomu alaykum
Iltimos, +998 (90) 358-50-60 raqamiga telefon qiling. Yuristimiz sizdagi masalani yechishda yordam beradi.
Assalomu alaykum men ayollar daftari 4 toifasiga ruyhatga turaman. Ya‘ni 2 guruh nogironligim bor haqiqatdan kam ta‘minlangan oila reystiriga ham turaman. 1 nafar voyaga yetmagan farzandim bor. Uy-joy ta‘miri uchun murajat qilgan edim mahalla hotin-qizlar raisiga yangi yildan keyin kuchga kiradi bu qaror hali hech kim olmayapti deb qaytarib yubordi. Ho‘jayinim yuk mashinasi haydaydilar dovernost bilan u 2009 yilda ishlab chiqarilgan.Bolalar nafaqasi olayotgan edim bir bolaga ijtimoiy hodim tomonidan yuqorida aytgan mashinani yolg‘ondan 2015 yil deb kiritib rad etishdi. Inson ijtimoiy hizmatlar markaziga murojat qilgandim 15 avgustdan olasiz bola puli deb aytgandi. 18 avgust bolnitdaga tushib qoldim 29 avgustgacha keyin dam olish kuniga to‘g‘ri kelib qoldi uchrasha olmadim. Qisqasi otanga bor onangga bor mahalladan foyda yo‘q. Kimga murajat qilsam bo‘ladi? Oldindan rahmat.
Assalomu alaykum, +998 (90) 358-50-60 raqamiga telefon qiling, yuristimiz sizga muammongizni yechishda yordam beradi.
Assalomalekom inson ijtimoiy hizmat markaziga onlayn ariza bersa boladimi.
Assalomu alaykum
Ha, bo‘ladi. Lekin murojaatning mazmuniga qarab my.gov.uz orqali ariza berilsa ishingiz tezroq bitishi mumkin.
Inson ijtimoiy xizmatlariga onlayn ariza berish uchun quyidagi havoladan foydalaning: https://ihma.uz/contact/boglanish
Assalomu alekum Men Navoiy viloyati Karmana tumanida istiqomat qilaman ijtimoiy restrda turaman toifam Davlat taminotidagi oila 2guruh nogironiman 1ta 6sotihki qaynotamni uyida 16 kiwi yawaymiz 3bolam va turmush ortogim bilan 5ga 4 xonada yawaymiz ijtimoiy axvolimiz qoniqarsiz Man mahalladagi ijtimoiy hodimga davolanish va dori darmon xarajatlarini qoplab beriwi un ariza qiliwini soradim xodim esa xozir biwa ogirroq axvoldagi insonga yordam qilyapmiz sizniki keyinroqqa qoladi mahalla fondida yetarli pul yoq dedi shu togrimi keyin mani toifam boyicha uy joy tamiri un subsidya ham olmoqchi edim iltimos huquqiy yordam bering mahallaga qachon murojat qilsam rad beriwga xarakat qiliwyapti ozim qonunlar bilan tashlasam yoqar yoqmas gapirishadi masalan svet va gaz uchun kampensatsiyaga ariza qilib bering deb charchadim xar kuni xar xil boxonalar qiliwadi axir biz ham majburmiz
Assalomu alaykum, hurmatli fuqaro! Murojaatingizda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida quyidagicha huquqiy tushuntirish beriladi:
1. Dori-darmon va tibbiy yordam masalasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoniga asosan (https://lex.uz/docs/-7952180), ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun aniq imtiyozlar belgilangan:
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan ehtiyojmand oila a’zolari bo‘lgan bemorlar (masalan, qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallanganlar) bepul dori vositalari bilan ta’minlanishi belgilangan (40-band). Undan tashqari ijtimoiy reyestrga kiritilgan yoki «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»dan birida turgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga dori-darmonlar, nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va ortopediya buyumlari sotib olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) besh baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam berilishi ko‘zda tutilgan (41-band, «a» kichik bandi).
BHM miqdori: 412 000 so‘m (2025-yil 3-iyundagi Farmonga asosan). Yordam miqdori: 5 * 412 000 = 2 060 000 so‘m.
Mahalla xodimining «mablag‘ yo‘q» deb rad qilishi qonunchilikda belgilangan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini ijro etmaslik deb baholanishi mumkin.
2. Uy-joy sharoitini yaxshilash va subsidiya masalasi
O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga muvofiq: (https://lex.uz/docs/-106136)
Aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam ta’minlangan toifalari, agar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lsa, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (hokimlik) tomonidan hisobga olinadi (5-modda). Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi bir kishi uchun 16 kvadrat metrdan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun esa 23 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak (42-modda). Sizning holatingizda (16 kishi bir hovlida) bu norma buzilgan. Undan tashqari nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy normadan tashqari qo‘shimcha 18 kvadrat metr maydon berilishi mumkin (42-modda, 4-qism).
3. Kommunal xizmatlar uchun kompensatsiya
Uy-joy kodeksining 135-moddasiga binoan, ayrim toifadagi fuqarolarga uy-joyni saqlash va kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun qonunchilikda belgilangan tartibda kompensatsiya beriladi. PF-258-sonli Farmonning 42-bandiga ko‘ra, bunday imtiyozlar «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalarga taqdim etiladi.
4. Mahalla va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining majburiyati
Uy-joy kodeksining 6-moddasiga asosan, mahalla organlari kam ta’minlangan oilalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida tegishli davlat organlariga takliflar kiritishi shart va fuqarolarga uy-joy huquqlarini amalga oshirishda ko‘maklashishi lozim.
Xulosa: Mahalla xodimining xatti-harakatlari ustidan tuman Ijtimoiy himoya milliy agentligi bo‘limiga yoki prokuratura organlariga murojaat qilishingizni maslahat beramiz.
Murojaatingiz uchun rahmat.