
ʻʻEl-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali nogironligi boʻlgan shaxslarning xorij mamlakatlarida taʻlim olishi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muallif: Umida Bekmirzayeva
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: bitiruv qalpoqchasi va tangalar toʻplamining tasviridir. Bitiruv qalpoqchasi qora rangda va uning yonida qizil rangdagi diplom turibdi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi qanday normativ huquqiy hujjat asosida nima maqsadda tashkil etilgan?
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda-Jamgʻarma deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-sentyabridagi PF-5545-son Farmoni bilan tashkil etilgan. Jamgʻarmaning asosiy vazifasi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot oʻrnatish hisoblanadi.[1]
Jamgʻarma ochiq stipendiya tanlovlari qanday tartib va bosqichlarda oʻtkaziladi?
Hozirgi vaqtda Jamgaʻrma har yili kamida ikki marotaba shaffoflik, oshkoralik adolat va tenglik tamoyillari asosida Respublika boʻylab ochiq stipendiya tanlovlarini eʻlon qilib kelmoqda.
Har bir ochiq stipendiya tanlovi hujjat topshirish, test sinovlari (bakalavr bosqichi nomzodlari uchun tahliliy fikrlash va IQ, magistratura va doktorantura nomzodlari uchun tahliliy fikrlash va ilmiy tadqiqot olib borish boʻyicha 15 tadan savoldan iborat). Test sinovlari kompyuter orqali oʻtkazilib, nomzodlar oʻz natijalarini darhol bilishlari mumkin. Testdan oʻtish ballini toʻplagan nomzodlar suhbat bosqichida ishtirok etadilar. Suhbat oʻtkazish davomida nomzodlardan ularning dunyoqarashi, yurtimizning tarixi va hozirgi siyosati va ijtimoiy hayotidan qay darajada xabardorligini baholash imkonini beruvchi umumiy savollar va ularning xorijda oʻqishni tamomlab qaytib kelganlaridan keyingi rejalari haqida soʻraladi. Suhbatlar istisnosiz davlat tilida oʻtkaziladi.
Jamgʻarmaning ochiq stipendiya tanlovlarida ishtirok etmoqchi boʻlgan nogironligi bor nomzodlarga nisbatan qanday talablar mavjud?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 fevraldagi PF-6168-son Farmonining 4-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq xorijiy taʻlim muassasasiga, xususan, dunyoning eng yuqori (faqatgina QS, Thе Timеs Нighеr, Thе U. S. Nеws аnd Wоrld Rеpоrt reytinglarida 300 talik ва ARWU reytingi boʻyicha 100 talik taʻlim maskanlari inobatga olinadi) oʻqishga qabul qilinganligi yoki shartli qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi taklifnoma-xati mavjud boʻlgan nomzodlarga xorijdagi nufuzli taʻlim muassasasi tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarga kerak boʻladigan barcha shart-sharoitlari yaratilgan boʻlishi kerak. Shuningdek Jamgʻarma tanlovlarida ishtirok etishda nomzodlarning:
- Oʻzbekiston fuqarolari boʻlishlari,
- tanlangan yoʻnalishda oldin xorijda taʻlim olmagan boʻlishlari,
- bakalavr uchun 25 yoshdan katta, magistratura uchun 20 yoshdan kichik doktorantura uchun 22 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta boʻlmasliklari talab etiladi.
Shu bilan birga, magistratura va doktorantura bosqichlari uchun 2 yildan kam boʻlmagan mehnat staji talab etiladi. (Taʻlim va ijtimoiy sohalar yoʻnalishi talabgorlari bundan mustasno.)
Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 20 ta oʻrin ajratilishi qaysi hujjatda belgilangan? Bu kvota taʻlim bosqichlari yoki yoʻnalishlar kesimida boʻlinganmi?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-57-son qarorining 6-bandida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda ushbu Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 2022-yildan boshlab har yili tanlov asosida tanlab olingan 20 nafargacha nogironligi boʻlgan iqtidorli yoshlarning yetakchi xorijiy oliy taʻlim muassasalarida, shu jumladan onlayn kurslarda taʻlim olishini tashkil etish topshirigʻi koʻrsatib oʻtilgan. [2]
Jamgʻarma Vasiylik kengashining 28-yanvardagi qarorida Jamgʻarma taʻlim dasturlari boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun kamida 20 oʻrin ajratish topshirigʻi berilgan. Jamgʻarma dasturlarida 4 ta taʻlim yoʻnalishi va 21 ta taʻlim sohalari mavjud boʻlib, Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ajratilgan 20 ta oʻrin Jamgʻarmaning ochiq stipendiya tanlovlarining jami kvotalarini ichiga kiritilib barcha ishtirokchilar uchun ochiq hisoblanadi.
Hozirgacha Jamgʻarma tomonidan yuborilgan stipendiantlar orasida nogironligi bor shaxslar nechta?
Jamgʻarmaning 2021-2023 yilgi ochiq stipendiya tanlovlarida jami 6 nafar nogironligi bor shaxslar “Jamgʻarma stipendiati” deb eʻtirof etilgan boʻlib, 3 nafari bakalavriat dasturi, 2 nafari magistratura dasturi va 1 nafari doktorantura dasturini oʻz ichiga oladi.
Hujjat topshirishda nogironligi bor ekanligi toʻgʻrisida tibbiy xulosani qaysi hujjat bilan qoʻshib yuklash kerak?
Jamgʻarma onlayn hujjatlarni qabul qilish platformasiga Jamgʻarma ijrochi direktori nomiga yoziladigan arizada koʻrsatib oʻtilishi va unga ilova qilinishi kerak boʻladi.
Hujjat topshirish tartibi qanday amalga oshiriladi?
Tanlovga hujjat topshirish muddati va tartiblari Jamgʻarma rasmiy veb-sayti (https://eyuf.uz/) va uning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida jumladan (https://t.me/elyurtumidifoundation) va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʻlon qilinadi. Respublika miqyosida viloyatlar kesimida Jamgʻarma xodimlari tomonidan davra suhbatlari olib boriladi.
Stipendiya tanlovlariga hujjat topshirish bir oy davom etadi va hujjat topshirish faqat Jamgʻarmaning maxsus platformasi https://admission.eyuf.uz/ orqali amalga oshiriladi.
Barcha nomzodlardan quyidagi hujjatlarni maxus platformaga elektron tarzda yuklashlari talab etiladi:
- Jamgʻarma ijrochi direktori nomiga ariza;
- Shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
- xorijiy OTMga oʻqishga qabul qilinganligi yoki shartli qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi taklifnoma-xat;
- Til bilish sertifikati (Milliy sertifikat, IELTS, TOEFL va boshqalar) B2 darajasidan past boʻlmagan;
- xorijda taʻlim olishdan koʻzlangan maqsad va taʻlim olish tugagach olingan bilimlarni Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqida esse;
- maktabni, kollejni yoki litseyni tugatganlik haqida hujjat nusxasi (bakalavr bosqichiga nomzodlar uchun) ;
- magistratura bosqichiga nomzodlar (bakalavr diploma va ilovasi) doktorantura bosqichiga nomzodlar (magistr diplomi va ilovasini) shuningdek 2 yillik stajini tasqdiqlovchi mehnat daftarchasi nusxasi(koʻchirmasi);
- Doktorantura bosqichiga nomzodlar qoʻshimcha ravishda Oʻzbekistonda va xorijdagi ilmiy jurnallarda eʻlon qilingan ilmiy maqolalar roʻyxati hamda ularning elektron variantlari hamda ilmiy tadqiqotning maqsadlari, uslublari va natijalari, ularni Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqidagi esse;
- Nomzodlar tomonidan nufuzli universitetlardan oʻqish xarajatlari boʻyicha grantlar (chegirmalar) mavjud boʻlgan taqdirda mazkur maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni yuklashlari shart.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi Ta‘lim dasturlari bo‘yicha stipendiya tanlovini tashkil etish bo‘limi yetakchisi mutaxassisi — Mohinur Rahimova bilan o‘tkazilgan Sharoit+ podkastni ushbu havola orqali tinglang.
Hujjatlarni topshirish jarayonida agar sayt orqali boʻlsa koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun saytdan foydalanish boʻyicha qulayliklar yaratilganmi?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-162-sonli Qarorida “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga Jamgʻarma stipendiatlar toʻgʻrisida maʻlumot va hujjatlar uchun yangi elektron axborot tizimi yaratish va barcha maʻlumotlarni unda aks etgan zamonaviy elektron axborot tizimini yaratish” topshirigʻi yuklatilgan.[3]
Bugungi kunda mazkur platforma boʻyicha Jamgʻarma va Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tegishli ishlar olib borilmoqda.
Hozirgi kunda nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan hujjatlarni yuklash davomida kelib chiqqan qiyinchiliklarni Jamgʻarma xodimlari tomonidan yordam berilmoqda (Hujjatlarni platformaga yuklash bilan bogʻliq yuzaga kelgan qiyinchiliklarni onlayn yoki oflayn bartaraf etish imkoni mavjud).
Oʻtkaziladigan test sinovlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun aynan qanday sharoitlar yaratilgan xususan koʻrish va eshitish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun?
Jamgʻarma ochiq stipendiya tanlovlarining saralash test bosqichi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, test jarayoniga tavsiya etilgan nomzodlar orasida Jamgʻarma tomonidan hujjatlarni saralash bosqichida nogironligi boʻlgan shaxslar aniqlangan xolda ularga Agentlik tomonidan kerakli boʻlgan shart sharoitlar yaratib berish choralari koʻriladi.
Eshitish boʻyicha nogironligi bor shaxslar uchun suhbat davomida qanday qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilishi mumkin?
Jamgʻarma ochiq stipendiya tanlovlarining saralash va test bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nogironligi boʻlgan nomzodlar uchun ularning ehtiyojlaridan kelib chiqib, suhbat jarayonlarida zaruratga qarab imo ishora tili tarjimasini qiluvchi mutaxassislarni jalb qilish ishlari olib boriladi.
Jamgʻarma tomonidan stipendiat deb topilgan nomzodlarning qaysi xarajatlari qoplab beriladi?
Moliyalashtiriladigan xarajatlar sirasiga oʻqishi uchun kontrakt toʻlovi, viza olish, tibbiy sugʻurta, yashash xarajatlari, darsliklar, ilmiy maqola chop etish va Oʻzbekistonga yiliga bir marta kelib ketish bogʻliq xarajatlar kiradi. Yodda tutish lozimki, faqatgina stipendiatning yuqoridagi xarajatlari toʻlab beriladi ularning hamrohlari va qaramogʻidagi oila aʻzolari uchun Jamgʻarma moliyaviy yordam ajratmaydi.
Nogironligi bor shaxslar uchun tibbiy sugʻurtadan tashqari tibbiy xarajatlar uchun qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi mumkinmi?
Nogironligi bor shaxslar uchun tibbiy sugʻurtadan tashqari tibbiy xarajatlar qoʻshimcha mablagʻlar xorijiy nufuzli universitetlar tomonidan moliyalashtirilmagan taqdirda, Jamgʻarma Vasiylik kengashi majlisining kun tartibiga kiritilib, moliyalashtirish masalalari boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Stipendiat boʻlgan nogironligi bor shaxslar uchun moliyaviy kafolat xati va toʻrt tomonlama shartnoma olib kelishda Jamgʻarma tomonidan biron imtiyozlar bormi?
Nogironligi bor shaxslar uchun, Jamgʻarma respublikamizning vazirlik, idora va tashkilotlariga kafolat xatlarini olishlarida va toʻrt tomonlama shartnomada ish bilan taʻminlash majburiyatini olishlarida yaqindan amaliy yordam koʻrsatadi.
Agar stipendiat boʻlgan nogironligi bor shaxsga unga qarovchi hamrohligini talab qilsa (bu tibbiy maʻlumotnoma\xulosada ham aks yetgan boʻlsa) hamroh qiluvchining yashash va transport xarajatlari qoplab berilishi mumkinmi?
Jamgʻarma stipendiatlari xarajatlari toʻliq byudjet mablagʻlaridan qoplanganligi sababli, Nogironligi bor shaxslar uchun qoʻshimcha hamroh shaxslarga yashash va transport xarajatlariga mablagʻ ajratish amaldagi qonun hujjatlarda koʻzda tutilmagan.
Bunday holatlarda xorijiy hamkor universitet nomzodni oʻzini mustaqil borib oʻqishini nazarda tutuvchi oʻqishga qabul qilinganlik toʻgʻrisida taklifnoma xatlarini Jamgʻarmaga taqdim qiladi. Jamgʻarma tomonidan xorijdagi hamkor universitetlardan mazkur masalada amaliy yordam soʻrab ularni oʻzlarini oʻqishlari uchun universitet tomonidan qoʻshimcha sharoitlar yaratib beriladi.
Hujjat topshirish qachongacha davom etadi?
Eslatib oʻtamiz, Jamgʻarma tomonidan joriy yilning 10-oktyabridan 10-noyabriga qadar 2023 yilgi 2-ochiq stipendiya tanlovi oʻtkazildi.[4]
Jamgʻarma bilan qanday bogʻlanish mumkin?
Tanlovga oid barcha maʼlumotlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasining www.eyuf.uz rasmiy vebsayti orqali batafsil eʼlon qilib boriladi.
Nomzodlar uchun barcha zarur maʼlumotlar Jamgʻarmaning onlayn hujjat topshirish platformasida batafsil yoritib berilgan: http://admission.eyuf.uz.
Qoʻshimcha savollarga javoblarni: (71) 203-14-41, (71) 203-00-47, (71) 203-00-48, (71) 203-00-53 telefon raqamlari yoki Jamgʻarmaning https://t.me/EYUF_Admission_2023bot Telegramdagi boti orqali shuningdek, info@eyuf.uz elektron pochta manzili orqali olish mumkin.
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati:
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25-sentabrdagi PF-5545-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “el-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Farmoni”
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-162-sonli Qarori
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmoniga 2-ILOVA Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi NIZOM
- https://eyuf.uz/
- https://sharoitplus.uz/podkast-el-yurt-umidi-jamgarmasi-hisobidan-chet-mamlakatlarida-oqitish-tizimi-qanday-yolga-qoyilgan/
Bu maqolada sen El-yurt umidi jamgʻarmasi orqali xorijda o‘qish haqida ma’lumot olasan.
El-yurt umidi jamgʻarmasini matn davomida qisqa qilib jamg‘arma deb yozamiz.
El-yurt umidi jamgʻarmasi Prezidentning 2018-yil 25-sentyabridagi 5545-sonli Farmoni bilan tashkil etilgan.
Jamgʻarmaning asosiy vazifasi
- bilimli insonlarni boshqa davlatlarda o‘qitish
o‘qib kelgan insonlarning bilim va tajribalari orqali O‘zbekistonni rivojlantirish.[1]
O‘zbekistonda Jamg‘arma 1 yilda 2 marta stipendiya tanlovini e’lon qiladi.
Stipendiya – bu boshqa davlatda o‘qish uchun jamg‘arma tomonidan to‘lab beriladigan to‘lov.
Har bir stipendiya tanlovlari hujjat topshirish va test sinovlari bosqichlaridan iborat.
Test sinovlari bakalavr bosqichi nomzodlari uchun:
- tahliliy fikrlash
- mantiqiy fikrlash bo‘yicha 15 ta savoldan iborat.
Bakalavr – bu universitetdagi 1, 2, 3, 4-kurs talabalarining darajasi.
Tahliliy fikrlash – bu mustaqil fikrlash, ya’ni sening o‘z fikrlash qobiliyating.
Mantiqiy fikrlash – bu aniq ma’lumotlar asosida fikrlash qobiliyati.
| Test sinovlari magistratura va doktorantura bosqichidagi nomzodlar uchun:
● tahliliy fikrlash ● ilmiy tadqiqot olib borish bo‘yicha 15 ta savoldan iborat bo‘ladi. |
Test sinovlari kompyuterda o‘tkaziladi. Sen natijalarni testni tugatishing bilan bilishing mumkin.
Sen testdan oʻtish ballini toʻplasang suhbatda ishtirok etasan.
| Suhbatda sendan:
● sening fikrlashing ● O‘zbekistonning tarixi ● hozirgi davlat boshqaruvi ● O‘zbekistonda yashovchi insonlar hayotini qanchalik bilishing ● chet davlatda oʻqib kelganingdan keyin nimalar qilishing haqida soʻraladi. |
Suhbat har doim o‘zbek tilida o‘tkaziladi.
Prezidentning 2021-yil 11-fevraldagi 6168-sonli farmoniga ko‘ra, yoshlar chet davlatda o‘qishi uchun stipendiyalar ajratiladi.
Jamg‘arma senga stipendiya ajratishi uchun:
- Chet davlatda o‘qishga qabul qilinganliging haqida taklifnoma-xati
- Shartli qabul qilinganing haqida taklifnoma-xati
Seni oʻqishga qabul qilgan joyda sen uchun barcha sharoitlar boʻlishi kerak.
| Jamgʻarma tanlovlarida ishtirok etish uchun sen:
● Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishing ● tanlagan yoʻnalishingda avval chet davlatda o‘qimagan bo‘lishing ● bakalavrda o‘qish uchun 25 yoshdan katta bo‘lmasliging ● magistraturada o‘qish uchun 20 yoshdan kichik bo‘lmasliging ● doktoranturada o‘qish uchun 22 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta boʻlmasliging kerak. |
Magistratura va doktoranturada o‘qish uchun 2 yil va undan ko‘p ishlagan bo‘lishing kerak.
Ta’lim va ijtimoiy sohalarda o‘qish uchun ishlagan bo‘lishing shart emas.
Prezident qaroriga koʻra, sen jamg‘arma hisobidan chet davlatidagi universitetlarda, masofaviy kurslarda ham o‘qishing mumkin
Sen Jamgʻarmaga masofaviy hujjat topshirishda:
- Jamgʻarma rahbari nomiga ariza
- nogironlik hujjatingni qo‘shib topshirishing kerak.
| Tanlovga hujjat topshirish vaqti va tartiblari haqida
● Jamgʻarmaning internet manzili (https://eyuf.uz/) ● telegram orqali bilishing mumkin (https://t.me/elyurtumidifoundation) |
Stipendiya tanlovi uchun hujjatlar 1 oy davomida topshiriladi.
Sen hujjatlaringni https://admission.eyuf.uz/ internet sayti orqali topshirishing mumkin.
Sen internet saytga joylashing kerak bo‘lgan hujjatlar:
- Jamgʻarma direktori nomiga ariza
- pasport
- chet davlatdagi universitetga oʻqishga qabul qilinganliging
- yoki shartli qabul qilinganliging toʻgʻrisidagi taklifnoma-xat
- B2 darajasidan past bo‘lmagan til bilish sertifikati (Milliy sertifikat, IELTS, TOEFL va boshqalar)
| Sen bakalavrga hujjat topshirsang:
● maktab ● kollej ● litsey shulardan birini tugatganlik haqidagi hujjat nusxasini joylashing kerak. |
Sen magistraturaga hujjat topshirsang:
- bakalavr diplomi
- diplom ilovasini joylashing kerak.
Sen doktoranturaga hujjat topshirsang:
- magistratura diplomi
- diplom ilovasi
- 2 yil ishlaganligingni tasdiqlovchi hujjat nusxasini joylashing kerak.
Sen doktoranturaga qoʻshimcha topshirishing kerak bo‘lgan hujjatlar:● Oʻzbekistonda va chet davlatdagi ilmiy jurnallarda chiqqan ilmiy maqolalaring roʻyxati● maqolalarning elektron ko‘rinishi● ilmiy tadqiqotning maqsadi● ilmiy tadqiqotning uslublari va natijalari ● tadqiqotni Oʻzbekistonda qoʻllash haqidagi insho
|
Senda universitetda oʻqish to‘lovi boʻyicha chegirmalar boʻlsa, buni tasdiqlovchi hujjatni ham joylashing kerak.
Elektron ko‘rinish – bu barcha qog‘oz ko‘rinishidagi
- hujjat
- kitob
- jurnal va boshqalarning kompyuterdagi ko‘rinishi.
Ilmiy tadqiqot – bu aniq bir mavzuda yangi bilimlarni ishlab chiqish jarayoni.
Maqola – bu istagan soha ma’lumotlari va jarayonlari o‘rganilib, qoidalarga amal qilgan holda yozilgan matn.
Senda hujjatlarni internet orqali topshirishda muammolar bo‘lsa, Jamgʻarma xodimlaridan masofaviy yoki tashkilotga borib yordam olishing mumkin.
Masofaviy – bu internet orqali, hech qayerga bormasdan bajariladigan jarayonlar.
Jamgʻarmaning stipendiya tanloviga saralash testi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladi.
Testlarni saralash vaqtida Jamgʻarma nomzodlar orasida nogironligi bor insonlarni aniqlasa, ularga agentlik tomonidan kerakli sharoitlar yaratib beriladi.
Sen saralash va test bosqichida eshitish yoki gapirishda qiynalsang, senga maxsus tarjimon beriladi.
| Jamgʻarma stipendiyasi:
● oʻqish shartnoma toʻlovi ● viza olish ● tibbiy sugʻurta ● yashash xarajatlari ● darsliklar ● ilmiy maqolalar chop etish ● Oʻzbekistonga yiliga 1 marta kelib ketish xarajatlari uchun to‘lab beriladi. |
Stipendiya faqat aytib o‘tilgan xarajatlar uchun toʻlab beriladi.
Sen bilan birga boradigan insonlar yoki oila a’zolaring uchun pul ajratilmaydi.
Senga tibbiy sugʻurtadan boshqa tibbiy xarajatlar uchun pul ajratilmaydi.
Bunday holatda Jamgʻarma Vasiylik kengashi bilan kelishib, tibbiy xarajatlar uchun pul ajratiladi.
Jamgʻarma senga vazirlik va tashkilotlardan
- kafolat xati olishing
- toʻrt tomonlama shartnoma tuzishing
- keyinchalik ishga joylashishing bo‘yicha yordam beradi.
Sening hamrohing sen bilan yashashi va transport xarajatlari uchun pul ajratilmaydi.
Bu vaziyatda universitet sen mustaqil o‘qishing uchun sharoit borligi haqida taklifnoma xatini Jamgʻarmaga yuboradi.
Jamg‘arma chet davlatdagi universitetdan sen mustaqil o‘qishing uchun sharoit yaratib berishni so‘rashi mumkin.
Sen tanlov haqidagi barcha maʼlumotlarni El-yurt umidi jamgʻarmasining www.eyuf.uz rasmiy internet saytidan bilishing mumkin.
Sen uchun kerakli maʼlumotlar Jamgʻarmaning onlayn hujjat topshirish http://admission.eyuf.uz bo‘limida aniq yozilgan.
| Qoʻshimcha savollar uchun telefon raqamlar:
● (71) 203-14-41, ● (71) 203-00-47, ● (71) 203-00-48, ● (71) 203-00-53. ● Jamgʻarma Telegram boti: https://t.me/EYUF_Admission_2023bot ● Elektron pochta manzili: info@eyuf.uz |