
Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarni boshqarishda nimalarga e’tibor berishlari lozim?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Oq rangdagi yengil mashina orqasida nogironlik belgisi tushirilgan maxsus sariq belgi yopishtirilgan. Mashina avtotransport turar joyida turibdi va ushbu joy maxsus nogironligi bo‘lgan haydovchilar uchun ajratilganligini bildiruvchi belgi o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Respublikasida avtotransport vositalarini boshqarish qoidalari Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Mazkur qarorda boshqa shaxslar bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham avtotransport vositalarini boshqarishdagi vazifalari, majburiyatlari qayd etilgan. Shu bilan birga, ularga berilgan imtiyozlar ham qayd etilgan.
Ushbu qarorda quyidagilar piyodalarga tenglashtirilgan:
- Dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- Velosiped, moped, mototsikl, chana bilan harakatlanganlar;
- Aravacha va bolalar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar aravachasini yetaklagan shaxslar.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zi bilan olib yurishi kerak hujjatlar
Ular avtotransport vositalarini boshqarish vaqtida transport vositasiga “Nogironligi bo‘lgan shaxs” taniqli belgisi o‘rnatishi kerak. Agarda avtomobil I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs tomonidan boshqarilsa nogironligini tasdiqlovchi hujjatni olib yurishlari kerak.
To‘xtash va to‘xtab turish taqiqlangan joydagi imtiyozlar
Nogironligi bo‘lgan shaxslar transport vositalarini quyidagi belgilar bo‘lgan joylarda yo‘l chizig‘ining birgalikdagi ta’siri oralig‘ida to‘xtatishi va to‘xtab turishi mumkin:
- 5.15 – Ular uchun maxsus ajratilgan to‘xtab turish joyi;
- 7.17 – Nogironligi bo‘lgan shaxs boshqarayotgan avtomobil;
- 1.24 – Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joyi.



To‘xtab turish joylari qayerlarda tashkil etiladi?
Bozorlar, savdo majmualari va boshqa obyektlar hududlaridagi avtotransport vositalari to‘xtab turish joylarining kirish va chiqish qulay bo‘lgan qismida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus to‘xtab turish joylari tashkil etiladi. Agarda, avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylari infratuzilma obyektlaridan uzoq va noqulay joyda joylashsa, infratuzilma obyektlari atrofida vaqtinchalik to‘xtab turish joylari tashkil etiladi.
Maxsus to‘xtab turish joylaridan kimlar foydalanishi mumkin?
Ushbu turdagi to‘xtab turish joylaridan “Nogironligi bo‘lgan haydovchi boshqarayotgan avtomobil” taniqlik belgisi o‘rnatilgan avtotransport vositasi haydovchilari foydalanishi mumkin. Ular quyidagi hujjatlar asosida ushbu joylardan foydalanishi mumkin:
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar – nogironlikni tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma asosida;
- 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan farzandi bor ota-onalar – bola uchun tayinlangan tegishli pensiya guvohnomasi bo‘lganda foydalanishi mumkin.
Eslatma!! Ushbu turdagi to‘xtab turish joylaridan foydalanish bepul.
To‘xtab turish joyining o‘lchamlari qanday bo‘lishi kerak?
Maxsus ajratiladigan joylarga chiziladigan yotiq chiziq, o‘rnatiladigan yo‘l belgilarining o‘lchamlari normativ-huquqiy hujjatlar talablariga mos bo‘lishi lozim. Masalan, 5.15 belgisi bor to‘xtab turish joyining o‘lchamlari quyidagicha bo‘lishi kerak:
- avtomobil harakat yo‘nalishiga burchak ostida qo‘yilganda eni 3,5 metr, uzunligi 5 metr;
- harakat yo‘nalishiga parallel qo‘yilganda esa eni 2,5 metr, uzunligi 7,5 metr.
Shuningdek, ushbu joylarga ko‘k fonda 2×2 o‘lchamli sariq rangda yotiq chiziq chiziladi. Ushbu chiziq 1.24, ya’ni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turish joyi” ekanligini anglatuvchi maxsus belgidir.
Taqiqlovchi belgilardagi imtiyozlar
Taniqlik belgilari orasiga “Nogironligi bo‘lgan shaxs” axborot belgisi qo‘shildi. Uning barcha tomonlari 150 mm ga teng va ichiga 7.17 yo‘l belgisining qora rangli timsoli tushirilgan sariq rangli kvadrat shaklidadir. Ushbu belgi quyidagi hollarda transportning old yoki orqa tomoniga o‘rnatilishi mumkin:
- Haydovchi I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lganda;
- Avtomobilda nogironligi bo‘lgan shaxslarni yoki bolalarni tashiyotganda.
Yuqoridagi tanish belgisi bilan harakatlangan avtomobillar va kajavali mototsikllar boshqaruvchisiga quyidagi imtiyozlar berilgan:
- 3.2 – harakatlanish taqiqlangan;
- 3.3 – mexanik transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan;
- 3.27- to‘xtash taqiqlangan belgisining ta’sir doirasida to‘xtashga ruxsat etiladi;
- 3.28 – to‘xtab turish taqiqlangan belgilari talablaridan chetga chiqishlari mumkin;
- 7.18 – nogironligi bo‘lgan shaxslar mustasno belgisi bo‘lganda.



Nogironligi bo‘lgan piyodalarning majburiyatlari
Dvigatelsiz aravachada harakatlanayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqalarning trotuarlar yoki piyodalar yo‘lkalaridan harakatlanishiga xalaqit bersa, qatnov qismining chetidan harakatlanishi lozim. Bunday hollarda qatnov qismi chetida harakatlanayotgan mototsikl, moped, velosiped yetaklab ketayotgan shaxslar transport vositalarining harakatlanish yo‘nalishi bo‘ylab yurishlari kerak.
Ko‘zi ojiz shaxsning harakatlanishidagi imtiyozlar
Haydovchilar barcha hollarda, hatto, piyodalar o‘tish joylaridan tashqarida ham oq hassa bilan ishora berayotgan ko‘zi ojiz piyodani o‘tkazib yuborishi kerak. Ko‘zi ojiz piyodalarga qatnov qismini kesib o‘tishlari mumkinligi haqida axborot berish uchun svetoforning yorug‘lik ishoralariga tovushli ishora ham qo‘shilishi mumkin.
7.15 – “Ko‘zi ojiz piyodalar”, 1.20, 5.16.1, 5.16.2 – piyodalar o‘tish joyi belgilari hamda svetofor bilan birga qo‘llaniladi, piyodalar o‘tish joyidan ko‘zi ojiz piyodalar foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.



Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalari” https://lex.uz/docs/-5953883
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-martdagi 183-sonli “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalaridan foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori https://lex.uz/ru/docs/-3588626
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi va O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2018-yil 17-iyuldagi 40, 40, 253, 1/210, k-14-son qarori bilan tasdiqlangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida”gi Nizom https://lex.uz/docs/-3854805
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlar mashina haydashda nimalarga e’tibor berishlari kerakligi haqida bilib olasan.
Sen mashina haydashda qonunda belgilangan vazifalar va majburiyatlarga amal qilishing kerak.
Vazirlar Mahkamasining 172-sonli qarorda piyoda deb belgilangan insonlar ro‘yxati ko‘rsatilgan.
- Aravachada harakatlanadigan nogironligi bor insonlar
- Velosiped, mototsikl, chanada yuradigan insonlar
- Bolalar aravachasini yetaklagan insonlar
- Nogironligi bor insonlar aravachasini yetaklagan insonlar piyoda hisoblanadi.
Sen mashina haydaganingda mashinangda “Nogironligi bo‘lgan shaxs” belgisi bo‘lishi kerak.
Senda birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lsa, sen mashina haydaganingda nogironlikni tasdiqlovchi hujjatni o‘zing bilan olib yurishing kerak.
Sen mashinangni maxsus belgilar bo‘lgan joylarda to‘xtatishing mumkin.
Sen mashinangni to‘xtatishing mumkin bo‘lgan joylardagi belgilar:
- 15 – Sen uchun maxsus ajratilgan to‘xtab turish joyi
- 17 – Sen haydayotgan mashina belgisi
- 1.24 – Sening mashinang uchun to‘xtab turish joyi.
Bozorlar va boshqa binolardagi mashina to‘xtash joylarning kirish va chiqish qulay bo‘lgan qismida sen uchun maxsus to‘xtash joylari tashkil qilinadi.
Agar mashina to‘xtash joylari binolardan uzoq va noqulay joyda bo‘lsa, bino atrofida vaqtinchalik to‘xtash joylari tashkil qilinadi.
Maxsus to‘xtash joylaridan “Nogironligi bor haydovchi mashinasi” degan belgi o‘rnatilgan mashina haydovchilari foydalanishi mumkin.
Senda:
- Birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘sa, nogironlikni tasdiqlovchi ma’lumotnoma bilan maxsus to‘xtash joylaridan foydalanishing mumkin.
- 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan farzandi bor ota-onalar bolaning pensiya guvohnomasi bilan maxsus to‘xtash joylaridan foydalanishi mumkin.
Maxsus to‘xtash joylaridan foydalanish bepul.
Maxsus to‘xtash joylaridagi:
- yo‘l chiziqlari
- yo‘l belgilarining o‘lchamlari talablarga mos bo‘lishi kerak.
Sen aravachada mashina yo‘ldan o‘tayotganingda boshqalarga piyodalar yo‘lagidan o‘tishga xalaqit bersang, yo‘lning chetidan o‘tishing kerak.
Haydovchi har doim oq hassa bilan ishora berayotgan ko‘zi ojiz piyodani o‘tkazib yuborishi kerak.
Piyodalar o‘tish joyidan ko‘zi ojiz piyodalar foydalanishi mumkinligini bildiruvchi belgilar:
- 15
- 20
- 16.1
- 5.16.2
Assalomu Alaykum ! Sizlardan iltimos nogironligi bor insonlar uchun òzimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni sotib olishda imtiyozlar berilishi borasida masalasini kòtarishga yordam bersalaringiz.
Astmam bor davolanib turaman ikkinchi guruh nogironligim bor,lekin mashina boshqarishni yaxshi kuraman ammo prava yuq. Prava olish uchun legotalar bormi..
Agar sizning yoshingiz 30 yoshdan oshmagan bo‘lsa, siz «Yoshlar daftari»ga kirish orqali, avtomaktabingiz to‘lovining bir qismini davlat tomonidan qoplatishingiz mumkin. Yoshlar daftariga kirish uchun mahalla yoshlar yetakchisiga murojaat qiling.
Bundan tashqari, haydovchilik guvohnomasini berish bu davlat xizmati hisoblanadi va davlat xizmatidan foydalanishda nogironligi bor shaxslarda 50 foizlik imtiyoz mavjud.
Demak, siz imtihon summasining yarmini to‘laysiz.
Batafsil ma’lumot uchun huquqiy maqolamiz bilan tanishing: https://huquqplus.uz/materials/transport/1549
nogironman 1 grux avtomabil sotib olmoqchiman avtomashinaga raqam olishda imtiyoz bormi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustda qabul qilingan 683-sonli “Avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilarini berish tartibi joriy etilgan. Ushbu qarorning 3-bob 26-bandida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi “Davlat raqam belgilari” modulida avtomatik tarzda tasodifiy tanlash yo‘li bilan berilishi nazarda tutilgan. Avtotransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilarini berishda undiriladigan to‘lov stavkalari Ichki ishlar vazirining 2011-yil 21-dekabrda 2303-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan buyrug‘ida ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra avtotransport vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravari miqdorida to‘lov undirilishi belgilangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilarini olishda imtiyozlar keltirib o‘tilmagan. Faqatgina O‘zbekiston Respublikasi mehnat organlari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyozli shartlarda berilgan transport vositasiga RO‘DRBlarini berish uchun to‘lov undirilmasligi nazarda tutilgan.