
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning O‘zbekiston havo yo‘llarida sayohat qilishga oid huquq va imtiyozlari
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironlik aravachasida o‘tirgan odamning samolyotga chiqishiga havo yo‘llari xodimi ko‘mak bermoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga havo yo‘llarida harakatlanish uchun chipta kassalarida qanday imtiyozlar mavjud?
2022-yil 31-avgustdagi 213-sonli Prezident farmoniga ko‘ra 2022-yil 15-sentyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida istiqomat qilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar aviachiptalarni olishda 50 foizlik chegirmali tarifdan foydalanishi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, har bir havo transporti kompaniyalari o‘zining imkoniyatidan kelib chiqib qo‘shimcha imtiyozlar joriy etishi mumkin.
”O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan chipta olishda nogironligi bor shaxslarga qanday chegirmalar joriy etilgan?
“O‘zbekiston havo yo‘llari” kompaniyasi nogironligi bor shaxslarga har yilgi kelishuvga ko‘ra 100 foizlik chegirmani quyidagi shaxslarga joriy etgan;
- II jahon urushi nogironlariga, nogironlik guvohnomasi va havo transporti uchun berilgan ikkita talon (joriy yil va oldingi yil uchun yoki joriy va keyingi yil uchun) asosida.
- II jahon urushi 3-guruh nogironlariga, II jahon urushi 3-guruh nogironi guvohnomasi va havo transporti uchun berilgan ikkita talon (joriy yil va oldingi yil uchun yoki joriy va keyingi yil uchun) asosida.
- II jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga, tegishli guvohnoma va havo transporti uchun berilgan ikkita talon (joriy yil va oldingi yil uchun yoki joriy va keyingi yil uchun) asosida.
- II jahon urushi 1-guruh nogironini kuzatib borish uchun kuzatuvchiga, II jahon urushi 1-guruh nogironlariga ularning kuzatib boruvchilari uchun berilgan tegishli guvohnoma va havo transporti uchun berilgan ikkita talon (joriy yil va oldingi yil uchun yoki joriy va keyingi yil uchun) asosida.
Kompaniya 50% – chegirmani kelishuvga ko‘ra yil davomida quyidagi shaxslarga beradi:
- II jahon urushi nogironlariga,nogironlik guvohnomasi va havo transporti uchun berilgan talon (joriy yil uchun) asosida.
- II jahon urushi 3-guruh nogironlariga, II jahon urushi 3-guruh nogironi guvohnomasi va havo transporti uchun berilgan talon (joriy yil uchun) asosida.
- II jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, tegishli guvohnoma va havo transporti uchun berilgan talon (joriy yil uchun) asosida.
- II jahon urushi 1-guruh nogironini kuzatib borish uchun kuzatuvchiga, II jahon urushi 1-guruh nogironlariga ularning kuzatib boruvchilari uchun berilgan tegishli guvohnoma va havo transporti uchun berilgan talon (joriy yil uchun) asosida.
Havo yo‘llaridagi imtiyozdan foydalanish uchun qayerga murojaat qilish lozim?
Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun havo yo‘llari kompaniyalarining rasmiy chiptaxonalariga tashrif buyurishingiz lozim. Ushbu chiptaxonaga siz yuqorida so‘ralgan hujjatlarni taqdim etganingizdan so‘ng, ushbu imtiyoz amalda siz uchun qo‘llaniladi.
Aviakompaniyalar tomonidan nogironligi bor shaxslarga qanday turdagi xizmatlar va imtiyozlar taqdim qilinadi?
2020-yil 15-oktyabrdagi 641-sonli qonuniga ko‘ra nogironligi bor shaxslarni aeroportlarda va aerovokzallarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni transport vositalarigacha kuzatib borish shuningdek, nogironlik aravachasi va boshqa tibbiy jihozlarni tekinga olib yurish huquqiga ega.
Bugungi kunda aviakompaniya nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilarga quyidagi xizmatlarni taklif etmoqda:
- uchish/yetib borish aeroportida kuzatib borish va yordam ko‘rsatish;
- mustaqil harakatlana olmaydigan yo‘lovchilarni nogironlar aravachasida/avtoliftda havo kemasiga/kemasidan tashish;
- havo kemasi o‘rindiqlariga birinchi navbatda joylashtirish;
- yostiq va pled taqdim etish;
- barcha yo‘lovchilar havo kemasidan chiqib bo‘lgach, bort kuzatuvchilar kuzatuvi ostida chiqish;
- yetib borish aeroportida kutib olish.
E’tibor bering! Yuqorida ko‘rsatilgan maxsus xizmatlar aviaqatnovdan 48 soat oldin berilgan so‘rov bo‘yicha taqdim etiladi. Demak, siz uchib ketishdan kamida ikki kun oldin havo yo‘llari kompaniyasini ogohlantirishingiz lozim. Siz kompaniyani ogohlantirish uchun uning rasmiy chipta sotish punktlariga murojaat qilishingiz lozim. Shuningdek, siz havo yo‘llari Kompaniyasining rasmiy sayti orqali ham ogohlantirishingiz mumkin.
Foydalanilgan manbalar:
- “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi” 641-sonli qonuni; https://lex.uz/uz/docs/-5049511
- “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni; https://lex.uz/docs/-6181114
- UzAirways aviakompaniyasiga tegishli «Imtiyozlar va chegirmalar» veb-sahifasi: https://www.uzairways.com/uz/imtiyozlar-va-chegirmalar
Bu maqolada O‘zbekiston havo yo‘llarida sayohat qilishda sening huquq va imtiyozlaring haqida bilib olasan.
O‘zbekiston havo yo‘llari – bu O‘zbekiston samolyotlari.
Sayohat qilish – sen samolyot yoki poyezdda chet elga borishing, dam olishing va boshqalar.
Sen Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki Xorazm viloyatida yashasang samolyotga 50 foizlik chegirma bilan chipta olish ishing mumkin.
Havo transporti kompaniyalari o‘zining imkoniyatidan kelib chiqib sen uchun qo‘shimcha imtiyozlar berishi mumkin.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” ba’zi insonlarga 100 foizlik chegirma berishi mumkin.
100 foizlik chegirma beriladigan insonlar:
- urushda nogiron bo‘lgan insonlar
- urushda uchinchi guruh nogironi bo‘lgan insonlar
- urushda qatnashgan va ularga tenglashtirilgan insonlar
- urushda birinchi guruh nogironi bo‘lgan insonlar bilan birga ketadigan kuzatuvchi.
Sen 100 foizlik chegirma olishing uchun:
- nogironlik guvohnomang
- samolyot uchun berilgan ikkita talonni berishing kerak.
100 foizlik chegirma uchun beriladigan talon senga:
- hozirgi yil va o‘tgan yil uchun
- hozirgi yil va keyingi yil uchun berilgan bo‘lishi kerak.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” ba’zi insonlarga 50 foizlik chegirma berishi mumkin.
50 foizlik chegirma beriladigan insonlar:
- urushda nogiron bo‘lgan insonlar
- urushda uchinchi guruh nogironi bo‘lgan insonlar
- urushda qatnashgan va ularga tenglashtirilgan insonlar
- urushda birinchi guruh nogironi bo‘lgan inson bilan birga ketadigan kuzatuvchi
50 foizlik chegirma uchun beriladigan talon senga:
- shu yil uchun berilgan bo‘lishi kerak.
Sen samolyotda uchishda imtiyozlardan foydalanmoqchi bo‘lsang havo yo‘llari kompaniyalarining chipta sotadigan kassasiga borishing kerak.
Chipta sotadigan kassaga borib:
- nogironlik hujjating
- taloningni berganingdan keyin imtiyozdan foydalanishing mumkin bo‘ladi.
Seni aeroport ishchilari samolyotgacha kuzatib qo‘yishlari kerak.
Sen aeroportda nogironlik aravachang va boshqa tibbiy narsalaringni bepul olib yurishing mumkin.
Havo yo‘llari kompaniyalari senga boshqa qulayliklarni ham taklif qiladi.
Havo yo‘llari kompaniyalari senga beradigan boshqa qulayliklar:
- sen ketadigan va yetib boradigan aeroportda seni kuzatib borish va yordam berish
- sen o‘zing harakatlana olmasang seni nogironlar aravachasida samolyotga olib chiqish va samolyotdan olib tushish
- samolyot o‘rindiqlariga seni joylashtirish
- senga samolyotda yostiq va pled berish
- barcha yo‘lovchilar samolyotdan tushganidan keyin, kuzatuvchilar seni kuzatib qo‘yishi
- sen yetib borgan aeroportda seni kutib olish.
Bu xizmatlar sen foydalanishing uchun uchish vaqtingdan 2 kun oldin havo yo‘llari kompaniyalarini ogohlantirishing kerak.
Ogohlantirish uchun chipta sotadigan kassaga murojaat qilishing kerak.
Sen havo yo‘llari kompaniyasining internet manzili orqali ham ogohlantirishing mumkin.
уруш кахрамонлари санокли колганлиги сабабли 1-2 гурух ногиронларига хам имтиёз килинса яхши булар эди. Узбекистон карори барча учун баробар 641 сонли конун
Assalomu alaykum. Yaxshi taklif. Biz ham sizdek taklif bera olamiz, xolos. Qonun va qonunosti hujjatlarni tegishli vakolatga ega organlar va mansabdor shaxslar qabul qilishadi.
Onam Nurinso Abdullayeva 2024 yil 9 sentyabir kuni soat 13: 45 da istanbuldan Farg’ona O’zbekiston havo yolaridan safarga chiqadi va Onam Nurinso Abdullayeva uchun maxsus imkoniyati cheklanganlar uchun aravacha berishingizni soarayman Huramat bilan Sorahon Abdullayeva
Assalomu alaykum
Bu masala bo‘yicha siz O‘zbekiston havo yo‘llari kompaniyasi bilan bog‘laning. Ularga murojaatingizni yetkazing.
Telefon: +998781400200
1‐chi guruh nogironligi bor 4 yoshli bola uchun qòshimcha òindiqsiz ham imtiyoz bormi. Sababi u òzi òtira olmidi.
Assalomu alaykum
Uchish vaqtingizdan 72 soat oldin avia kompaniya bilan bog‘laning, ular sizga kerakli qulaylikni taqdim etishadi.