
Temiryo‘l transportida nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun imtiyozlar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Temiryo‘l vagonlaridagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan xona. Xonaning o‘rtasida stol, to‘g‘rida deraza va oq parda mavjud.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga poyezdlarda harakatlanish uchun chipta kassalarida qanday imtiyozlar mavjud?
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorining 16-bandiga asosan yo‘lovchi oqimi hajmi va xususiyatiga ko‘ra vokzallarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan chipta kassalari ajratiladi. Bunday kassalar faqatgina alohida vaqtlarda (chipta oluvchilar ko‘p bo‘lganda ) nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatadi.
Maxsus alohida davrlardan boshqa vaqtda urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek Chernobil AESda avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashgan shaxslar chipta kassalarida navbatsiz chipta olish huquqiga ega.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga poyezd vagonlarida joylar taqsimoti bo‘yicha qanday imtiyozlar bor?
Joylari raqamlangan vagonlar (platskart, kupe)ga chiptalar sotishda ikki va undan ortiq chipta sotib oladigan yo‘lovchilarga, teng miqdorda pastki va yuqori joylar taqdim etiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar, kasal yoki katta yoshdagilar bundan mustasno bo‘lishi mumkin.
Masalan, siz chipta sotib olayotganingizda poyezd kupesining yuqori o‘rniga taqsimlangan bo‘sh joy mavjud. Ushbu holatda siz kassa xodimlariga nogironlik haqidagi guvohnomangizni ko‘rsatgan holda pastki o‘ringa joylashishingiz mumkin.
Yo‘lovchi tashish poyezdlarida xizmat ko‘rsatish yuzasidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday imtiyozlar mavjud?
Umumiy asoslarida poyezd kuzatuvchilari va nazoratchilari yotarjoy buyumlari komplektini (ikkita choyshab, bitta yostiq jild, bitta sochiq) yo‘lovchilar joylariga yetkazishlari zarur. Ayrim toifadagi shaxslarga, masalan, nogironligi bo‘lgan, kasal, katta yoshdagi shaxslar, yosh bolali yo‘lovchilar uchun yotoqlar to‘shab berishlari shart.
Masalan, siz nogironligingiz tufayli vagondagi yotoq joyingizni mustaqil tarzda to‘shay olmasligingiz mumkin yoki buni amalga oshirishda turli xil qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin. Bunday hollarda temir yo‘l xodimlari yotoq joyingizni to‘shab berishlari shart.
Texnik nosozlik tufayli poyezdda yurish shartlari o‘zgarganda nogironligi bo‘lgan shaxslar muhofazasi qanday amalga oshiriladi?
Texnik nosozligi (poyezd buzilganda) tufayli yo‘lda yoki shakllantirish va aylanish punktida vagonni uzish hollarida, stansiya boshlig‘i uzilgan vagon o‘rniga boshqa vagonni ulash va unga yo‘lovchilarni o‘tkazish choralarini ko‘rishi, agar ulash imkoniyati mavjud bo‘lmasa – yo‘lovchilarni shu yo‘lovchi tashish poyezdining bo‘sh joylariga, yuqoriroq toifada bo‘lsa ham, joylashtirishi kerak.
Yuqori toifadagi vagonlarga o‘tkazishda afzalliklar bolali yo‘lovchilarga, kasal, katta yoshdagi shaxslar, urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladi. Ya’ni agar sizning poyezddagi joyingiz safar davomida o‘zgartirilishi kerak bo‘lib qolganda, yuqori toifadagi vagonlar(biznes klass) eng birinchilardan bo‘lib o‘tishingiz mumkin.
Ahamiyat bering. Siz bunday imtiyozdan faqatgina chiptangizga mos bo‘sh joy qolmaganda foydalanishingiz mumkin.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun poyezd chiptalarini sotib olishda imtiyozlar mavjudmi?
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorining 152-bandiga asosan temir yo‘llarda yiliga bir marta bepul yurish huquqi (borish va kelishga) quyidagilarga taqdim qilingan:
- yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar va xizmatchilardan I va II guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
- Chernobil AES dagi avariyani bartaraf etuvchilari-nogironligi bo‘lgan shaxslarga (O‘zbekiston Respublikasi hududida)
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek ularni kuzatuvchi shaxslarga.
E’tibor qiling. Demak, nogironligi bo‘lgan shaxslar yiliga bir marta temiryo‘llarda bepul yurishi (borish va kelishga) mumkin.
Temir yo‘llarda chiptaning to‘liq qiymatidan 50% chegirmalar bilan yiliga bir marta yurish huquqi (borish va kelishga) talonlarga almashtirish va guvohnoma taqdim etish bo‘yicha quyidagilarga berilgan:
- III guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga,
- urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga.
Demak, III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar yilda bir marta yo‘l haqining borish-kelish uchun xarajatning 50 %ini to‘lagan holda harakatlanishi mumkin. III nogironligi bo‘lgan shaxslar ushbu 50 % li chegirmaning foydalanilmay qolgan qismlarini jamlagan holda bir marotaba bepul yurish (borishga va kelishga) huquqini qo‘lga kiritishlari mumkin. Bunda imtiyozdan foydalanayotgan III guruh nogironligi bo‘lgan shaxs istagiga ko‘ra faqatgina oldingi foydalanilmagan yil uchun va kelasi yil uchun beriladigan 50 % li chegirmalarni umumlashtirilgan holda bir marotaba tekin yurish huquqidan foydalana oladi.
Misol uchun, siz III guruh nogironisiz va o‘tgan yilgi temiryo‘l chiptasiga bo‘lgan 50%li chegirmangizdan foydalanmagansiz yoki keyingi yilgi 50% li chegirmangizdan hozir foydalanmoqchisiz. Siz talon olayotganingizda shunday xohishingiz borligini bildirsangiz sizga bir martalik borish kelish uchun 100% lik chegirma bilan (mutlaqo bepul) chiptalar taqdim qilinadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxsga hamrohlik qiluvchi shaxslarga ham poyezd chiptalari uchun chegirmalar mavjudmi?
I guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarni kuzatib kelayotgan shaxslarga (bittadan ko‘p bo‘lmagan kuzatuvchiga), talonlar o‘rniga yiliga bir marta (borish va kelishga) chiptaning to‘liq qiymatidan 50 % chegirma beriladi. Kuzatuvchi shaxsga chipta rasmiylashtirilayotganda faqatgina joriy yil talonlari hisobga qabul qilinadi.
Eslatma! Hamroh shaxs faqatgina I guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxsga hamrohlik qilsagina ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin hamda ular 50%li chegirmadan yilda bir marta foydalana olishadi va o‘tgan yil yoki keyingi yil uchun qolib ketgan chegirmalardan foydalana olishmaydi!
Imtiyozli chipta olish uchun chipta kassasiga chegirma olish huquqini beruvchi qanday tegishli hujjatlar taqdim qilinishi kerak?
Imtiyozli chipta olish uchun chipta kassasiga chegirma olish huquqini beruvchi quyidagi tegishli hujjatlardan birini taqdim qilinishi kerak:
- Urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxs guvohnomasi;
- Urush qatnashchisi guvohnomasi;
- Nogironlikni tasdiqlovchi guvohnoma;
- Imtiyozga huquqi to‘g‘risida boshqa hujjatlar yoki Inson markazining o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestriga kiritish to‘g‘risidagi qarori.
Aravacha yordamida harakatlanuvchi nogiron shaxsning aravachasini poyezd vagonlarida tashiladimi va qanday amalga oshiriladi?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan bittadan ortiq bo‘lmagan uch, to‘rt g‘ildirakli aravachalarni yo‘lovchi tashish poyezdida tashishga yo‘l qo‘yiladi va aravachani joylashtirishda nazoratchi va temiryo‘l xodimlari tomonidan ko‘mak beriladi.
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun temir yo‘l transportida qulayliklar yaratilmoqda. 2019-yilda Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi nogironlar uchun maxsus mo‘ljallangan 61-931 rusumidagi kupeli shtab vagonlarini ishlab chiqarishni boshladi.

Ushbu vagonlarda kirish qismi va yo‘laklar kengaytirilgan, shuningdek, nogironlik aravachasi uchun maxsus ko‘taruvchi moslama o‘rnatilgan.
Foydalanilgan manbalar:
3. O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus vagonlar ishlab chiqarildi, Gazeta.uz, 2019-yil, 18-mart, https://www.gazeta.uz/oz/2019/03/18/maxsus-vagon/
Bu maqolada poyezddan foydalanishda sen uchun qanday imtiyozlar borligi haqida bilib olasan.
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qaroriga ko‘ra, vokzallarda sen uchun maxsus chipta kassalari ajratiladi.
Sen uchun ajratilgan maxsus chipta kassalari faqat chipta oluvchilar ko‘p bo‘lganda ishlaydi.
Sen:
- urushda nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsang
- urushda qatnashgan bo‘lsang
- Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan bo‘lsang navbatsiz chipta olishing mumkin.
Poyezdlarda joylar:
- o‘rindiqli
- kupeli
- platskartli bo‘ladi.
Agar sen kupe yoki platskartda ketadigan bo‘lsang:
- chipta olayotganingda nogironlik hujjatingni kassa ishchisiga ko‘rsatib pastki o‘rindan joy olishing mumkin.
Sen yotoq joyingni mustaqil to‘shay olmasang poyezd ishchilari joyingni to‘shab berishlari shart.
Poyezd buzilib qolsa yoki vagonlar ajratilsa, seni boshqa poyezddagi bo‘sh joyga o‘tkazishlari shart.
Agar bo‘sh joy faqat yuqori toifadagi vagonlarda bo‘lsa ham seni bo‘sh joyga o‘tkazishlari shart.
Yuqori toifadagi joy – bu poyezddagi biznes klass joylar. Ya’ni narxi qimmat, sharoiti yaxshi bo‘lgan vagonlar.
Sen bu imtiyozdan faqatgina chiptangga mos bo‘sh joy qolmaganda foydalanishing mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorining 152-bandiga ko‘ra ba’zi insonlar 1 yilda 1 marta poyezddan borib va kelish uchun bepul foydalanishi mumkin.
1 yilda 1 marta poyezdlardan bepul foydalanuvchilar:
- yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar
- urush sababli birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor xizmatchilar
- Chernobil AESdagi avariyani bartaraf etishda nogiron bo‘lganlar (O‘zbekiston hududida)
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bor insonlar, ularga yordam beruvchi insonlar.
- urush sababli uchinchi guruh nogironi bo‘lgan insonlar
- urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan insonlar 1 yilda 1 marta poyezd chipta narxining yarmini to‘lash imkonini beruvchi talonlardan foydalanishi mumkin.
Agar senda uchinchi guruh nogironligi bor bo‘lsa:
- O‘tgan yilgi yoki keyingi yilgi poyezd chiptasini yarmini to‘lash imkoniyatingdan foydalanmagan bo‘lsang.
- Sen talon olayotganingda o‘tgan yilgi yoki keyingi yilgi chipta narxini yarmini to‘lash imkoniyatingdan hozir foydalanishni xohlasang senga bir martalik bepul borib kelish chiptasi berishadi.
Urush sababli birinchi guruh nogironi bo‘lgan insonlarga qaraydigan bitta yordamchiga 1 yilda bir marta poyezdda borib kelishga 50 foizlik chegirma beriladi.
Sen imtiyozli chipta olish uchun chipta kassasiga chegirma olish huquqini beradigan hujjatlarni berishing kerak.
Chegirma olish huquqini beradigan hujjatlar:
- Urush sababli nogironligi bo‘lgan inson guvohnomasi
- Urush qatnashchisi guvohnomasi
- Nogironlikni tasdiqlovchi guvohnoma
- Imtiyoz huquqini beruvchi boshqa hujjatlar
- Inson markazining o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bor insonlarni reyestrga kiritish haqidagi qarori.
Sen nogironlik aravachasidan foydalansang poyezd ishchisi aravachangni joylashtirishga yordam beradi.
Денов вагзалига бир хафта катнашдим узим 2 гурух ногирониман 4 йошли угилчамхам ногирон бу имтийоздан фойдаланишимга сураганимга бунака гап йук оролга бу имтийозлар берилган дейишди пулимга йеланиб бакавойдан тепакисмидан билет беришди болам билан онасига биз конунни билишимиз билан амалда бажарилмайдку…!
Assalomu alaykum! Bunday imtiyoz yo‘q deb javob berish mutlaqo noto‘g‘ri hisoblanadi. Imtiyoz mavjudligini asoslovchi Vazirlar Mahkamasining 109 – sonli qarori mavjud. Ushbu qarorda belgilangan mezonlarga sizning holatingiz mos bo‘lsa, albatta beriladi. Umuman bunaqa gap yo‘q deyishi asossizdir. Agar shunday holatlar takrorlansa, Transport prokuraturasiga yoki Transport vazirligining ishonch raqamlariga aloqaga chiqishingiz lozim bo‘ladi.
Assalomu alaykum
Qonunlar ishlashi uchun uni talab qila olishimiz lozim. Siz ushbu holat yuzasidan Transport Prokuraturasiga yoki Transport vazirligiga murojaat qiling.
O‘zbekiston Respublikasi Transport Prokuraturasining telefon raqami : +998 712339119. Transport vazirligining ishonch telefon raqami: 1167
Рахмат каттакон транспорт пракратураси,ва транспорт вазирлигини ишонч номерларини берсаиз олдиндан рахмат … хар 2 ойда тошкент катнайди угилчам тузалмас касал / DSP / бу гал ас котар
Assalomu alaykum.
O‘zbekiston Respublikasi Transport Prokuraturasining telefon raqami : +998 712339119. Transport vazirligining ishonch telefon raqami: 1167.
Assalomu alaykum
Temir yòl vokzaliga qòng’iroq qilib sòralganda hech qanday imtiyoz mavjud emas, faqat Xorazm va Qoraqalpoq fuqarolariga imtiyoz bor, deyishdi. Vazirlar mahkamasining qarori bòlsa, nega nazorat qilinmaydi? Bechora xalq nega òz imtiyozini ololmay sarson?
Assalomu alaykum.
Siz bu haqida Transport prokuraturasi va Transport vazirligiga xabar bering.
O‘zbekiston Respublikasi Transport Prokuraturasining telefon raqami : +998 712339119. Transport vazirligining ishonch telefon raqami: 1167
Agar shunda ham ushbu imtiyozdan foydalanishingizda muammolar yuzaga kelsa, bizga ism-familiya va telefon raqamingizni qoldiring. Biz sizga yuridik yordam beramiz.
Ассалому алейкум мени углим 14 ёшда 2 гурух ногирони ДСП . Мен Сурхондарё вилояти Сариосиё туманиданман. Углимни даволатиш учун тез-тез Тошкентга олиб бораман. Якинда хайитдан кейин яна бораман. Мен хам узимиздан, Тошкентдан билет олганчаям 50% килиб беинглар десам факат имтиёз 1 гурухлар учун сиз 100% га олсиз деб жавоб беришган. 1 йилда шунака имтиёздан фойдалансак бизгаям харна булардида
Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorining 152-bandiga asosan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularni kuzatib borayotgan shaxs poyezdlarda yilda bir marotaba tekin (borish-kelish) yurishlari mumkin. Agar farzandingiz o‘zini eplay olmaydigan darajada imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa, sizga ham hamroh sifatida tekin bilet taqdim etilishi kerak, aks holda temiryo‘l kassa xodimlarining harakatlari noto‘g‘ri hisoblanadi. Agar siz bilan huquqshunoslarimiz bog‘lanishini va muammongizni hal qilishda yordam berishimizni xohlasangiz sayt orqali ism-familiya va telefon raqam qoldiring.
Assalomu Aleykôm meni 11 yoshli farzandim bor u aravachada ôzini eplay olmaydi men uni Surxandaryoga etmoqchi edim xech bôlmaganda ôğlimga imtiyoz bormi
Bizning fikrimizcha, farzandingiz yilda bir marotaba bepul bilet olish huquqiga ega deb hisoblaymiz, chunki Vazirlar Mahkamasining 109-sonli qarorida «O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar» nazarda tutilgan. Farzandingiz aravacha bilan harakatlanishi o‘zgalar parvarishiga muhtoj ekanligidan dalolat beradi, shuningdek, siz ham farzandingizga hamroh bo‘lib yilda bir marotaba bepul chipta (borish va kelishga) olishingiz mumkin.
Assalomu Aleykôm meni 11 yoshli farzandim bor u aravachada ôzini eplay olmaydi men uni Surxandaryoga etmoqchi edim xech bôlmaganda ôğlimga imtiyoz bormi iltimos javobini yozing
Assalomu aleykum Men 4-guruh nogironiman Chiptalar (borish kelish) menda qanday chegirmalar bot Javob uchun oldindan rahmat
Assalomu alaykum
Afsuski, bunday imtiyozlar mavjud emas.
Men 2 guruh nogironiman chipta sotib olsam qaydaydir imtiyoz bormi
Assalomu alaykum
Afsuski, sizga imtiyoz qonunchilikda nazarda tutilmagan.
Men 2 guruh nogironiman koz boyicha qanday imtiyozlar bor
Afsuski, sizning nogironlik holatingiz bo‘yicha imtiyozlar belgilanmagan.
Assalamu alaykum. 2- gruh nogironligim bor Qoraqalpog’istonda yashayman. Toshkentga kelgandim Samarqandga sanatoriyaga bormoqchi edim chegirma faqat Nukusga qaytganda yo’ki Nukusdan biror joyga borganda temir yo’l chiptalariga 50% chegirma bilan xarid qila olasiz dedi kassadagilar. Toshkent – Samarqand yonalishiga chegirma yo’q sizda dedilar bu tog’rimi?
Yo‘q, bu noqonuniy. Siz Samarqandgacha biletni imtiyozli asosda olishingiz mumkin. Lekin siz yiliga bir marta (borish va kelishga) imtiyozli ravishda chipta ololasiz.