
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun avtomototransport vositalarini avtoturargohlarga joylashtirish bo‘yicha imtiyozlar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
llyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan maxsus avtoturargohda qizil mashina to‘xtab turibdi. Chap tarafda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus yo‘l belgisi o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘grisida”gi Qonunining 9-moddasiga asosan, obyektlar va xizmatlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay bo‘lishi kerakligi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga binolardan, inshootlardan, transportdan va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlardan o‘zga fuqarolar bilan teng ravishda foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi belgilangan.
Masalan, siz Toshkent metropolitenidan foydalansangiz, poyezd eshiklari ochilib yopilishi, keyingi bekat to‘g‘risidagi axborot metropoliten suxandoni va vagon ichidagi monitorlar orqali uzluksiz tarzda yetkazib turiladi. Buning zamirida ko‘zi ojiz bo‘lgan yoki eshitishda nuqsoni bor shaxslarga qulaylik yaratish ko‘zlangan. Bundan tashqari poyezd vagonlarining bosh qismida nogironligi bo‘lgan shaxs uchun alohida o‘rindiqlar tashkil etilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z avtotransportini avtoturargohlarga joylashtirishda qanday imtiyozlar belgilangan?
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-martdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalaridan foydalanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 183-sonli qarorining 5-bandiga muvofiq, bozorlar, savdo majmualari va boshqa obyektlar hududlaridagi avtotransport vositalari to‘xtab turish joylarining kirish va chiqish qulay bo‘lgan qismidan belgilangan tartibda to‘xtab turish joyi umumiy maydonining kamida 5 foizi (kamida 2 ta joy) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari to‘xtab turishi uchun ajratilishini lozim.
Ya’ni, avtoturargohlarning kirish va chiqish yo‘li qulay bo‘lgan qismlarida kamida ikkita nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun avtoturargoh tashkil etilishi lozim. Bu avtoturargohlarning hajmi umumiy avtoturargoh hajmining 5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Masalan, avtoturargohning umumiy maydoni 100 sotixni tashkil etsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratiladigan maydon kamida 5 sotixni tashkil etishi kerak.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylariga Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 1-ilovasiga muvofiq «5.15. To‘xtab turish joyi» va «7.17. Nogironlar» yo‘l belgilari o‘rnatiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtoturargohlardan foydalanganda qancha miqdorda to‘lovlarni amalga oshiradi?
Qarorning 7-bandiga ko‘ra, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslardan avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun haq olinmaydi, ya’ni undan bepul foydalanish huquqi mavjud. Bunda ushbu huquqdan foydalanish uchun siz:
- Birinchidan, avtomobilingizga “Nogironligi bo’lgan haydovchi boshqarayotgan avtomobil” belgisini (1-ilovada ko‘rsatilgan) o‘rnatgan holda avtotransport vositasini boshqarishingiz,
- Ikkinchidan, I va II guruh nogironlikni tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnomangizni taqdim etishingiz lozim.

Bundan tashqari, 16 yoshgacha nogiron bolasi bo‘lgan ota-onalar (yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxslar) nogironligi bo’lgan bola uchun tayinlangan tegishli pensiya guvohnomasini taqdim etgan holatda avtoturargohdan bepul foydalanishlari mumkin.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida avtoturargohlar ajratilmagan bo‘lsa qayerga murojaat qilish kerak?
Agar siz istiqomat qiluvchi tuman yokida shaharda joylashgan avtoturargohlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida turargohlar tashkil etilmagan bo‘lsa, avtoturargoh ma’muriyati ustidan tuman (shahar) hokimliklariga shikoyat (shikoyat namunasi 2-ilovada) bilan murojaat qilishingiz mumkin.
Agar avtoturargoh ma’muriyati nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratib bermagan bo‘lsa, biror bir javobgarlik bormi?
Agar avtorurargoh ma’muriyati nogironligi bo‘lgan shaxslarga yetarli shart-sharoitlar yaratib bermasa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51 prim 1-moddasiga (nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) muvofiq, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Yuqoridagi normaga muvofiq, avtoturargoh ma’muriyati rahbariga nisbatan jarima tarzida ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.
Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalaridan foydalanishi uchun qulay shart-sharoit yaratilgan bo‘lsada, biroq ular ushbu imtiyozdan to‘liq foydalana olmayapti.
Masalan, avtoturargohlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida to‘xtab turish joylari tashkil etilgan bo‘lsada, nogironligi bo‘lmagan shaxslar ham ushbu turar joydan foydalanish holatlari kuzatilmoqda. Bunday holatlarning tez-tez takrorlanishi esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning umumiy ajratilgan to‘xtab turish joylaridan foydalanishiga majbur qilmoqda.
Shu sababli ham, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan maxsus to‘xtab turish joylaridan nogironligi bo‘lmagan shaxslarning foydalanishi uchun tegishli tartibda javobgarlik choralarini belgilash lozim. Chunki maxsus ajratilgan joydan nogironligi bo‘lmagan shaxslarning foydalanishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga putur yetkazadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasiga ko‘ra, haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima jazosi qo‘llanishi belgilab qo‘yilgan.
Aynan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan maxsus to‘xtab turish joylardan nogironligi bo‘lmagan shaxslarning foydalanganligi uchun ham ushbu moddaning javobgarlik ko‘lami qamroviga kiritish lozim.
Ilovalar:
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati:
- “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari tog‘risida”gi qonun, https://lex.uz/docs/-5049511
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks.
- Vazirlar Mahkamasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalaridan foydalanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 183-sonli qarori, https://lex.uz/ru/docs/-3588626
Bu maqolada sen mashinangni avtoturargohga joylashtirishdagi imtiyozlaring haqida bilib olasan.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to’g’risida”gi Qonunining 9-moddasida sen:
- binolar
- inshootlar
- transportlar
- va boshqa xizmatlardan foydalanishing uchun sharoit yaratish kerakligi belgilangan.
Sen uchun qulay sharoit yaratish maqsadida:
- Toshkentdagi metrolarda eshiklar ochilib-yopilishi
- bekatlar haqida ovozli aytib turilishi
- ekranlarda bekatlar ko‘rsatilishi kabi sharoitlar yaratilgan.
Poyezd vagonlarining bosh qismida sen uchun maxsus o‘rindiqlar bor.
Vazirlar mahkamasining qaroriga ko‘ra:
- mashina qo‘yish joylarining kirish va chiqish qismida sen mashinangni qo‘yishing uchun kamida 2 ta joy ajratilishi
Masalan, mashinalar qo‘yish joyining kattaligi 100 sotix bo‘lsa, sen mashinangni qo‘yishing uchun 5 sotix joy ajratilishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli qaroriga ko‘ra sen mashinangni qo‘yishing mumkin bo‘lgan joylarga:
- “5.15. To‘xtab turish joyi”
- “7.17. Nogironlar” yo‘l belgilari qo‘yilishi kerak.
- «5.15. To‘xtab turish joyi”
- “7.17. Nogironlar” yo‘l belgilarining chiziqlari boshqa haydovchilarga yaxshi ko‘rinadigan bo‘lishi kerak.
Vazirlar mahkamasi qaroriga ko‘ra sen:
- mashinangni to‘xtab turish joyiga qo‘yganing uchun pul to‘lamaysan.
Sen mashinalar qo‘yish joyidan bepul foydalanishing uchun:
- Mashinangga “Nogironligi bor haydovchi avtomobili”belgisini o‘rnatishing kerak
- Birinchi va ikkinchi guruh nogironi ekanligingni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishing kerak.
16 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolasi bor ota-onalar (yoki uning o‘rnini bosuvchi insonlar) bolasining nogironlik hujjatini ko‘rsatib mashinalar qo‘yish joyidan bepul foydalanishi mumkin.
Sen yashaydigan joydagi mashinalar qo‘yish joyida nogironligi bor insonning mashinasi uchun joy ajratilmagan bo‘lsa hokimiyatga murojaat qilishing mumkin.
Ma’muriy javobgarlik kodeksining 1-moddasiga ko‘ra:
- mashinalar qo‘yish joyi rahbari nogironligi bor insonlar mashinasini qo‘yishi uchun sharoit yaratmasa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima to‘laydi.
Ma’muriy javobgarlik – bu qonunda yozilgan tartib qoidalarni buzganlik uchun beriladigan yengil jazo.
Jarima – bu qoidani buzganlik uchun to‘lanadigan pul.
Jarima to‘laganidan keyin ham rahbar mashinalar qo‘yish joyida sen mashinangni qo‘yishing uchun joy ajratmasa boshqa jazo turlari ham qo‘llaniladi.
Sen uchun ajratilgan mashinalar to‘xtash joylaridan sog‘lom insonlar ham foydalanganligi sababli, nogironligi bor insonlarda qiyinchilik paydo bo‘lmoqda.
Ma’muriy javobgarlik kodeksining 128-moddasiga ko‘ra:
- haydovchilar piyodalar yo‘lidan yurganda
- yo‘l belgilariga rioya qilmaganda
- yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmagandabazaviy hisoblashning ikkidan bir qismi miqdorida jarima to‘laydi.
1 guruh nogironlariga avto maktab toʻlovlarida qandey imtiyozlar mavjud
Xususiy avto maktabda 1 guruh nogironi oʻqisa unga toʻlovlarida qandey imtiyozlar mavjud
Javob un oldindan raxmat 😊
Assalomu alaykum
Afsuski, bu masalada imtiyoz mavjud emas.
Assalomu alaykum, Charosxon!
Afsuski bu borada qonunchiligimizda imtiyozlar ko‘zda tutilmagan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga transport vositalarini boshqarishi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish va haydovchilik guvohnomasini olishda bir qancha imkoniyatlar yaratilgan. Batafsil huquqiy maqolamizda tanishib chiqing: https://huquqplus.uz/materials/transport/1549
1,2 guruh nogironlariga bozor hududida avtoturargohga avtomashinalarini quyganlari uchun pul tulanadimi?
Assalomu alaykum,
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslardan avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun haq olinmaydi, ya’ni undan bepul foydalanish huquqi mavjud. Bunda ushbu huquqdan foydalanish uchun siz:
Birinchidan, avtomobilingizga “Nogironligi bo’lgan haydovchi boshqarayotgan avtomobil” belgisini (1-ilovada ko‘rsatilgan) o‘rnatgan holda avtotransport vositasini boshqarishingiz,
Ikkinchidan, I va II guruh nogironlikni tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnomangizni taqdim etishingiz lozim.