
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
llyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Yorug‘ sport zalida nogironlar aravachasidan foydalanuvchi erkak kishi qo‘llarini ko‘targan holda basketbol topini uloqtiryapti.
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash darajasi oshmoqda. Ushbu maqolada siz nogironligi bo‘lgan shaxslarning reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash tartibi haqida batafsil bilib olasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-apreldagi 253-sonli qarori bilan muhtoj shaxslarni protez-ortopediya qurilmalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi tasdiqlandi (Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari ro‘yxati 1-ilovada). Ushbu ro‘yxatda davlat tomonidan taqdim qilinadigan reabilitatsiya vositalari soni – 30 ta.
Reabilitatsiya qilishning tibbiy vositalariga muhtojlik darajasi qanday aniqlanadi?
Mazkur tartibga ko‘ra yuqorida ko‘rsatilgan vositalarga nogironligi bo‘lgan shaxslarga va bolalarning muhtojligi nogironlikni belgilash bilan birga amalga oshiriladi. Nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensionerlarga tibbiy xulosa asosida berilishi belgilandi (Tibbiy xulosa nusxasi 2-ilovada).
Bunda siz tibbiy xulosani olish uchun o‘zingizning yashash joyingizdagi poliklinikaning vrachlik-maslahat komissiyasiga ariza yozishingiz kerak. Shunda u sizning arizangiz va davolovchi shifokorning tibbiy hujjatlariga asosan sizga tibbiy xulosa berishi mumkin. Komissiyalar tomonidan xulosalarni rasmiylashtirishda qurilmalar berish ko‘rsatmalarga asoslanilishi kerak. Xulosalarning asoslanganligi va to‘g‘ri rasmiylashtirilishi uchun uni rasmiylashtirgan va imzolagan shaxslar javobgar hisoblanadi.
Muhtojlik darajasini aniqlash bo‘yicha tibbiy ko‘rsatmalar tasdiqlangan bo‘lib, ushbu ko‘rsatmalarni 2024-yil 30-apreldagi Vazirlar Mahkamasining 253-sonli qaroridan batafsil ko‘rishingiz mumkin. Bunda masalan, xonaga mo‘ljallangan o‘rindiqli aravachani berish uchun tibbiy ko‘rsatmalar tasdiqlangan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
- surunkali yurak yetishmovchiligi NYHA bo‘yicha IV funksional sinf;
- III daraja nafas olish yetishmovchiligi bilan asoratlangan nafas olish organlari kasalliklari, har qanday darajadagi qon aylanishi yetishmovchiligi bilan uyg‘unlikda;
- portal gipertenziya va assit bilan birgalikda kechuvchi jigar kasalliklari oqibatida yuzaga kelgan yurish va turishning kuchli ifodalangan buzilishlari;
- IV daraja (terminal bosqichi)dagi surunkali buyrak yetishmovchiligiga olib keladigan kasalliklar hamda surunkali buyrak kasalliklari V darajasi tufayli yuzaga kelgan yurish turishning kuchli ifodalangan buzilishlari;
- surunkali arteriya va vena kasalliklari tufayli yuzaga kelgan yurish turishning kuchli ifodalangan buzilishlari;
- ikkala tomonlama “fil oyoqlik” bosqichida limfedema tufayli yuzaga kelgan yurish turishning kuchli ifodalangan buzilishlari;
- Kuchli ifodalangan pastki paraparez;
- ikkala chanoq-son va (yoki) tizza bo‘g‘imlarini endoprotezlash asoratlaridan keyin yuzaga kelgan yurish-turishning kuchli ifodalangan buzilishlari;
- bir oyoq funksiyasi ifodalangan darajada buzilgan holdagi ikkinchi oyoqning amputatsiya cho‘ltoqligi (oyoq panjasi kaft suyaklari va barmoqlar sohasidagi amputatsion cho‘ltoqliklar bundan mustasno);
- ikkala chanoq-son va (yoki) tizza bo‘g‘imlarining III-IV darajali artrozi;
- pastki paraplegiya, triplegiya (oyoqning bittasi plegiya bo‘lganda), tetraplegiya;
- ifodalangan akinetik-rigid sindromi va kuchli ifodalangan ataksiya, vestibulyar-miyacha buzilishlari, giperkinetik buzilishlar;
- ikkala tizza va undan yuqoridagi amputatsion cho‘ltoqligi;
- ikkala oyoq va tos suyaklari kuchli ifodalangan nuqsoni, deformatsiyasi va tug‘ma anomaliyasi (rivojlanish nuqsonlari);
- aqliy zaiflik va ruhiy kasalliklarning og‘ir darajasi va demensiya.
Reabilitatsiya vositalarini taqdim etish tartibi qanday?
Protez moslamalarini berish to‘g‘risidagi tibbiy xulosa nogironligi bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxs uchun kasallikning xususiyati va kechishiga qarab belgilanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga esa nogironlik muddatidan kelib chiqib, TIEK ko‘rigidan o‘tish muddatigacha belgilanishi mumkin. Bunda nogironligi muddatsiz belgilangan shaxslarga protez vositalariga muhtojlik ham muddatsiz tarzda belgilanadi.
TIEK tomonidan nogironlikni belgilash va tibbiy xulosa “Ijtimoiy himoya” tizimiga kiritilganda, avtomatik tarzda shaxs protez moslamalari yoki reabilitatsiya vositalariga muhtojligi belgilangan muhtoj shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi. Agarda vaucher shakllanadigan bo‘lsa, sizning telefoningizga bu to‘g‘risida SMS-xabari yoki ushbu tizimdagi shaxsiy kabinetingizga xabar kelib tushadi.
Vaucher – bu nogironligi bo‘lgan yoki protez-ortopediya moslamalariga ehtiyoji bor shaxslarga davlat tomonidan beriladigan maxsus sertifikat (yo‘llanma). Ushbu vaucher orqali fuqaro davlat tomonidan belgilangan summaga teng miqdorda protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya texnik vositalarini bepul olish yoki xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Oddiy qilib aytganda, vaucher – bu davlat tomonidan beriladigan «chegirma kuponi» bo‘lib, uning yordamida nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlariga kerakli moslamalarni bepul yoki chegirma asosida olishlari mumkin. Vaucher tizimi orqali reabilitatsiya vositasini xarid qilganda yuzaga kelgan salbiy farq nogironligi bor shaxs tomonidan qoplanadi.
Masalan: Siz 34 million so‘mlik protezga buyurtma berdingiz. Qo‘lingizdagi vaucher esa 31 million so‘mga berilgan. Shu yerda vujudga keladigan salbiy farq, ya’ni 3 million so‘mni o‘zingiz to‘laysiz.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Uzum Market” milliy marketpleysi bilan muhtoj shaxslarga protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta‘minlash maqsadida hamkorlikda yangi tizim ishga tushirilgan. Ushbu tizim orqali bepul tarzda reabilitatsiya vositalari yetkazib berilishi mumkin.
Taqdim etiladigan reabilitatsiya vositalari va mahsulotlari ro’yxati:
- Son, boldir, qo‘l va ko‘krak bezi protezlari;
- Apparatlar, tutorlar, korsetlar va bandajlar;
- Murakkab ortoped poyabzal va protezga poyabzal;
- Raqamli eshitish moslamalari;
- Elektr yuritmali kreslo-aravachalar va yurish moslamalari;
- Mexanik kreslo-aravachalar, hassalar va qoʻltiq tayoqlar;
- Ovozli tonometr, termometr va boshqa turdagi moslamalar.
Agarda siz ushbu huquq yuzaga kelganidan keyin 1 oy ichida protez vositalariga buyurtma bermasangiz, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ushbu holatni o‘rganib, dalolatnoma tuzadi. Agarda siz ushbu tizimni tushunmasdan buyurtma qila olmasangiz, ular sizning nomingizdan buyurtmani amalga oshirishi mumkin.
Reabilitatsiya vositalarini almashtirish mumkinmi?
Muhtoj shaxslarga berilgan protez moslamalari yoki reabilitatsiya vositalari kafolat muddati davomida nosoz bo‘lib qolsa, ularni yetkazib bergan sotuvchilar tomonidan bepul ta’mirlab beriladi yoki boshqasiga almashtiriladi. Agarda bunday holat yuz berganda muhtoj shaxslar “Ijtimoiy himoya” AT orqali yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishi mumkin.Bunda murojaatlar 10 kun ichida o‘rganilib, “Ijtimoiy himoya” ATda elektron dalolatnoma tuziladi (Dalolatnoma nusxasi 3-ilovada).
Agarda protez moslamalari yoki reabilitatsiya vositalari kafolat muddati davomida nosoz bo‘lib qolganligi o‘z tasdig‘ini topsa, ijtimoiy xodimlar dalolatnomani sotuvchilarga yuboradi. Bunda dalolatnoma mazmuni reabilitatsiya vositalarini almashtirib berish haqida bo‘ladi.
Murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari “Ijtimoiy himoya” ATda qayd etib boriladi.
Protez ortopediyaga berilgan ariza rad etilsa, nima qilsa bo‘ladi?
Agarda siz protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash natijasidan norozi bo‘lsangiz, yuqori turuvchi organ yoki sudga murojaat qilishingiz mumkin.
1140 va 1146 ishonch raqamlari orqali oʻz savol va takliflaringizni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bersangiz boʻladi. Shuningdek, ariza, shikoyat va iltimoslaringizni «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonun talablariga asosan qoldirsangiz, alohida ko‘rib chiqiladi.
Ariza yoki shikoyat xatlarida quyidagilar bo‘lishi lozim:
- F.I.Sh.;
- manzil;
- qisqacha va tushunarli masala;
- telefon raqamingiz (bog‘lanish uchun).
Murojaatlaringizni quyidagi manbaalar orqali ham bizga yollashingiz mumkin: O‘zbekiston, Toshkent sh, Mirobod tumani, Yangizamon ko‘chasi, 1-uy.
Telefonlar: (0371) – 239-59-22; (0371) – 202-06-00; (0371) – 239-59-23
E-mail: info@ihma.uz; ihma@exat.uz
Ilovalar:
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi PQ-88-sonli “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-apreldagi “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi 253-son qarori
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlarni reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash tartibi haqida bilib olasan.
Reabilitatsiya vositalari – bu senga kerak bo‘ladigan barcha tibbiy jihozlar.
Reabilitatsiya vositalari bular:
● hassa
● ko‘zoynak
● quloqchin
● protez apparatlari
● korset va boshqalar.
- Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-apreldagi 253-sonli qaroriga ko‘ra, senga:
- protez-ortopediya qurilmalari
- reabilitatsiya vositalarini berish tartibi belgilandi.
Senga 30 xil ko‘rinishdagi reabilitatsiya vositalari berilishi mumkin.
Senga reabilitatsiya vositalarini berish uchun sening nogironligingni belgilash kerak.
Agar sen:
- pensioner bo‘lsang
- va nogironlik guruhing bo‘lmasa senga reabilitatsiya vositalari tibbiy xulosaga qarab beriladi.
Sen tibbiy xulosani olishing uchun o‘zing yashaydigan joydagi poliklinikaning vrachlik-maslahat guruhiga ariza yozishing kerak.
Vrachlik-maslahat guruhi:
- sening arizang
- va davolovchi shifokorning tibbiy hujjatlariga qarab senga tibbiy xulosa beradi.
Vrachlik-maslahat guruhi beradigan xulosa qurilmalar berish ko‘rsatmasiga to‘g‘ri kelishi kerak.
Masalan, senga xonaga mo‘ljallangan o‘rindiqli aravachani berish uchun tibbiy ko‘rsatma tasdiqlangan.
Senga:
- surunkali yurak yetishmovchiligi NYHA bo‘yicha to‘rtinchi funksional sinf
- uchinchi daraja nafas olish yetishmovchiligi bilan asoratlangan nafas olish organlari kasalliklari
- har qanday darajadagi qon aylanishi yetishmovchiligi bilan uyg‘unlikda
- portal gipertenziya va assit bilan birgalikda kechuvchi jigar kasalliklari oqibatida yuzaga kelgan yurish va turishning kuchli ifodalangan buzilishi
- to‘rtinchi darajadagi surunkali buyrak yetishmovchiligiga olib keladigan kasalliklar
- surunkali buyrak kasalliklari beshinchi darajasi sababli yuzaga kelgan yurish turishning kuchli buzilishi
- surunkali arteriya va vena kasalliklari tufayli yuzaga kelgan yurish turishning kuchli ifodalangan buzilishi
- ikkala tomonlama “fil oyoqlik” bosqichida limfedema tufayli yuzaga kelgan yurish turishning kuchli ifodalangan buzilishi
- kuchli pastki paraparez
- ikkala chanoq-son va (yoki) tizza bo‘g‘imlarini endoprotezlash asoratlaridan keyin yuzaga kelgan yurish-turishning kuchli ifodalangan buzilishi
- bir oyoq funksiyasi ifodalangan darajada buzilgan holdagi ikkinchi oyoqning amputatsiya cho‘ltoqligi
- ikkala chanoq-son va (yoki) tizza bo‘g‘imlarining uchinchi va to‘rtinchi darajali artrozi
- pastki paraplegiya, triplegiya (oyoqning bittasi plegiya bo‘lganda), tetraplegiya
- ifodalangan akinetik-rigid sindromi va kuchli ifodalangan ataksiya, vestibulyar-miyacha buzilishlari, giperkinetik buzilishlar
- ikkala tizza va undan yuqoridagi amputatsion cho‘ltoqligi
- ikkala oyoq va tos suyaklari kuchli ifodalangan nuqsoni, deformatsiyasi va tug‘ma anomaliyasi (rivojlanish nuqsonlari)
- aqliy zaiflik va ruhiy kasalliklarning og‘ir darajasi va demensiya uchun o‘rindiqli aravacha beriladi.
Senda nogironlik bo‘lsa:
- nogironlik vaqtiga qarab
- shifokorlar tekshiruvidan o‘tish vaqtigacha belgilanadi.
Shifokorlar sening nogironligingni belgilaganda va tibbiy xulosa “Ijtimoiy himoya” tizimiga kiritilganda, sen protez moslama yoki reabilitatsiya vositalariga muhtoj insonlar ro‘yxatiga kiritilasan.
Agar senda vaucher bo‘lsa, sening telefoningga bu haqida SMS yoki shaxsiy kabinetingga xabar keladi.
Vaucher – bu ma’lum bir reabilitatsiya vositasini sotib olish uchun berilgan pul qiymati o‘rnini bosuvchi qog‘oz.
Masalan:
- sen 34 million so‘mlik protezga buyurtma berding
- sendagi vaucher esa 31 million so‘mga berilgan
- bunda qolgan 3 million so‘mni sen o‘zing to‘laysan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Uzum Market” bilan muhtoj insonlarga protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari berish uchun hamkorlikda yangi tizim ishga tushirilgan.
Bu tizim orqali bepul tarzda reabilitatsiya vositalari yetkazib beriladi.
Senga beriladigan reabilitatsiya vositalari ro‘yxati:
- Son, boldir, qo‘l va ko‘krak bezi protezlari
- Apparatlar, tutorlar, korsetlar va bandajlar
- Murakkab ortoped poyabzal va protez poyabzal
- Raqamli eshitish moslamalari
- Elektr yuritmali kreslo-aravachalar va yurish moslamalari
- Mexanik kreslo-aravachalar, hassalar va qoʻltiq tayoqlar
- Ovozli tonometr, termometr va boshqa moslamalar.
2guruh nogironliman boquvchim yuq endoprotis uchun mablaĝ kerak yordam beringizlar
Assalomu alaykum
Siz o‘zingiz yashab turgan joydagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishingiz lozim.
Chori Safarov Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Qaraqum MFY sokin hayot kuchasi 158 uy 2-guruh nogironiman Men ikki tomonlama koksaortiroz kasalligi bilan ogʻrigan man Men soligʻimni tiklashim uchun Men Toshkentda apirassa qildirishim kerak Men yaniy indapiratiz quydirishim kerak Menga huquqiy tomondan amaliy yordam berishingizni soʻrayman
Assalomu alaykum, afsuski endoprotez protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari ro‘yxatiga kiritilmagan ekan. Biz sizga faqat Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilishni tavsiya berishimiz mumkin va oilaviy shifokoringizga. Menimcha siz tibbiyot muassasasida endoprotez qo‘ydirishingiz uchun yo‘llanma (order) olishingiz kerak bo‘ladi. Tartibini sog‘liqni saqlash vrachlari yaxshi bilishadi aka. Batafsil ma’lumotni usbhu huquqiy maqolamizdan topsangiz bo‘ladi: https://huquqplus.uz/materials/tibbiy-xizmatlar-va-reabilitasiya/704 Salomat bo‘ling!