

“Temir daftar” ro‘yxatiga olingan nogironligi bo‘lgan shaxs uyni ta’mirlash, tadbirkorlik qilish uchun kredit olish, subsidiya olish kabi imtiyozlar va imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Tadbirkorlik faoliyati uchun kredit olishda nogironligi bo‘lgan shaxsdan sertifikat talab etiladi.
Bugungi kunda, “Temir daftar” ro‘yxatida turgan nogironligi bo‘lgan shaxs kredit olmoqchi bo‘lsa, 33 million so‘mgacha olishi mumkin. Etikdo‘zlik uchun kerak bo‘ladigan xomashyo uchun 5 milliongacha miqdorda subsidiya olishi mumkin.
Sizdan kredit olishda kerak bo‘ladigan hujjatlar va tadbirkorlik faoliyatingizni amalga oshirish uchun kerak bo‘ladigan malakani tasdiqlovchi hujjat talab etiladi. Masalan, yurishida jismoniy nogironligi bor kishi tadbirkorlik qilish bo‘yicha bir nechta etikdo‘zlik uskunalari va mashinalarini sotib olmoqchi bo‘lsa, “Temir daftar” ro‘yxatidagi imtiyozlarga asoslanib kredit yoki subsidiya orqali bu ishni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, undan etikdo‘zlik bo‘yicha aniq bir malakaga ega ekanligini asoslovchi sertifikat so‘raladi.
“Temir daftar” ro‘yxatida turuvchi nogironligi bo‘lgan shaxs subsidiya yoki hunarmandchilik, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida kredit olmoqchi bo‘lsa, hokim yordamchisi nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi.
“Ayollar daftari”da turuvchi nogironligi bo‘lgan ayollar tadbirkorlik qilish maqsadida kredit olish uchun mahalladagi xotin-qizlar qo‘mitasining rais o‘rinbosari nomiga ariza bilan murojaat qilishlari kerak.
Xotin-qizlar qo‘mitasi rais o‘rinbosari hokim yordamchisi bilan masalani o‘rganib, 10 kun ichida ariza javobini aytishi shart. Nogironligi bo‘lgan ayollar kasblariga oid sertifikatlar asosida 33 million so‘mgacha kredit olishlari mumkin.
“Yoshlar daftari” ning beradigan yana bitta imtiyozi shundaki, yoshlarning tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qish xarajatlarining qoplab berilishidir. Bunda, yoshlarning tadbirkorlik va kasb-hunarga sarflangan o‘qish xarajatlarining 75 foizigacha qismi hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida to‘lab beriladi.
Ushbu yordamdan foydalanish uchun, tadbirkorlik yoki kasb-hunarga o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar Vasiylik kengashiga ariza hamda o‘quv kursi shartnomasi nusxasini beradi.
Shartnomada ta’lim tashkiloti nomi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR), o‘quv kursi yoki kasb-hunar nomi, bir oylik to‘lov miqdori va o‘qishning umumiy muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan shaxs yashaydigan hududdagi hokim yordamchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi va hokim yordamchisi 5 ish kunida o‘qish xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma yoki rad etish haqida xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda ushbu moddiy yordamni ko‘rsatish rad etilsa, uning rad etish sabablari asoslantirilgan bo‘lishi shart.
Hokim yordamchisi arizani 5 ish kunida ko‘rib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi o‘z tashabbusi bilan kontrakt pulini o‘tkazib berishi mumkin. O‘qish xarajatlarining 75 foizgacha qismi, biroq quyidagi miqdorlardan ko‘p bo‘lmagan holatda to‘lab beriladi:
-
Bir oygacha bo‘lgan kurslar uchun – BHM ning 4 baravarigacha;
-
Bir oydan ikki oygacha bo‘lgan kurslar uchun – BHM ning 8 baravarigacha;
-
Ikki oydan ko‘p muddatli kurslar uchun – BHM ning 12 baravarigacha.
Ushbu subsidiya 14 yoshga kirgan va 30 yoshdan oshmagan nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar yoki mehnat qurollarini xarid qilish uchun kasbga tayyorlov kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, maxsus sertifikat olgan hamda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hamda tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan nogironligi bo‘lgan yoshlarga faoliyati uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni olish uchun ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi 57-sonli qarori qabul qilingan.
Qarorda har yili 500 nafargacha nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini hamda nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishlari uchun subsidiyalar ajratilishi belgilangan.
Asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya 1 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs uchun ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 50 baravari (20 600 000 so‘m) dan oshmasligi kerak. Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori – 412 000 so‘mni tashkil etadi.
Subsidiya ajratishni so‘rab, nogironligi bo‘lgan yoshlar 2 usulda ariza topshirishlari mumkin:
1-usul. Davlat xizmatlari markazlari orqali bunda fuqaroga subsidiyani olish uchun arizani davlat xizmatlari markazidagi xodimlar yordamida to‘ldirish va yuborish imkoni mavjud;
2-usul. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda topshirish imkoniyati mavjud;
5. Ushbu subsidiyani olish uchun kasbga tayyorgarlik kurslarini o‘qigan bo‘lishi shartmi?
Ha, subsidiya uchun talabgor kasbga tayyorgarlik kurslarini o‘qigan va kursni tugatganligi haqida sertifikati bo‘lishi lozim
Arizalar quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
-
Subsidiya olish uchun 500 nafar talabgorning arizasi qabul qilingan bo‘lsa;
-
Subsidiya ajratishni so‘rab taqdim etgan arizada ma’lumotlar noto‘g‘ri ko‘rsatilganda yoki to‘liq bo‘lmaganda;
-
ariza beruvchi ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlar ro‘yxatida, shuningdek, narkologiya dispanseri hisobida tursa;
-
ariza beruvchida nogironlik mavjud bo‘lmasa;
-
ariza beruvchi kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, maxsus sertifikat olmagan bo‘lsa;
-
ariza beruvchi tadbirkorlik subyekti yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganiga bir yuz sakson kundan oshgan bo‘lsa
Agar subsidiya ajratilishi haqida qaror chiqadigan bo‘lsa, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi kelib tushgan subsidiyani besh ish kunida ariza beruvchining murojaatida ko‘rsatilgan asbob-uskunalar yoki mehnat qurolini xarid qilish uchun savdo tashkilotning hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.