
Bola puli va kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar to‘lash tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muallif: Imomali Tuyev
Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: 5000 so‘mlik qog‘ozli pulni ustida ona va uning o‘g‘li choy ishishyapti. Yashil rangdagi yorug‘ xonada stolni ustida paxta gulli choynak va likopchani ustida ikki bo‘lak non ustida saryog‘ surilgan. Tepada 100 so‘mlik tanga ham tasvirlangan.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholining yordamga muhtoj bo’lgan qatlamini qo’llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda. Ushbu maqsadda ularga turli xil moddiy ko’maklar berilib, ularning turmush tarzini yaxshilash uchun harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ijtimoiy munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-avgustdagi PF-6277-son farmoni bilan tartibga solingan.
Bolani parvarish qilish nafaqasi – oilalarga bola 2 yoshga to’lgunicha ularni parvarish qilish uchun beriladi.
Bolalar nafaqasi (xalq tilida «bola puli») – bola parvarishi nafaqasi o’rniga kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun beriladigan nafaqa.
Kam ta’minlangan oila – oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmagan oila.
Moddiy yordam – bolalari yo’q yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta bo‘lgan oilalarga va yolg‘iz fuqarolarga to‘lanadi. U 6 oy muddatga tayinlanadi.
Bolalar nafaqasini tayinlashda nimalarga e’tibor beriladi?
- Oiladagi 14 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan bolalar;
- Bolalar soni;
- Oilaning kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi.
Nafaqa 6 oydan 12 oygacha tayinlanishi mumkin. Lekin, agarda oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi 18 yoshga to‘lgan bo‘lsa, nafaqa oyning oxirigacha to‘lanadi.
Masalan, sizning eng kichik farzandingiz noyabr oyida 18 yoshga to’ladi. Siz esa ushbu farzand uchun bola nafaqasini olayapsiz. Uning to’lanishi noyabr oyida bolangizning 18 ga kirishi bilan to’xtatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-son qaroriga muvofiq, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan jami 1 oylik o‘rtacha daromad miqdori minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmasa, oila kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi. Ya’ni, oilangizning rasmiy daromadi oila a’zolaringiz soniga bo‘linganida kishi boshiga 715 ming so‘mdan oshmasa, demak oilangiz kam ta’minlangan oila hisoblanadi.
2026-yildan boshlab hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘mni tashkil etdi.
Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadni hisoblab chiqishning misoli:
Masalan: 4 kishidan iborat oilaning a’zosi moddiy yordam olish uchun 2023-yil dekabr oyida murojaat etgan. Uning daromadlari avgust — oktyabr oylari uchun hisoblanadi. Oila a’zolarining barcha daromadlari yig‘indisi (normativ daromadlarni hisobga olgan holda) 7 650 000 so‘mni tashkil etadi. Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadi quyidagini tashkil etadi: 7 650 000 so‘m / 4 kishi / 3 oy — 637 500 so‘m. Bu oilaning har bir a’zosiga 637 500 so‘mdan to‘g‘ri kelyapti. Bu esa belgilangan minimal iste’mol xarajati miqdori 715 000 so‘mdan kam degani.
Eslatma! Bir oylik o‘rtacha jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda oila a’zolarining quyidagi nogironlik nafaqasi va pensiyalari rasmiy daromad sifatida hisoblanadi:
- 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa;
- nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar va OIV infeksiyasiga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nafaqa;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning qonuniy vakiliga to‘lanadigan parvarishlash nafaqasi;
- nogironlik bo‘yicha nafaqa;
- nogironlik bo‘yicha nafaqa summasi doirasidagi nogironlik pensiyasi (nogironlik pensiya miqdoridan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori chegirib tashlanadi);
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 23-moddasida ko‘rsatilgan boshqa turdagi nafaqa va pensiyalar.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish, ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qarorlar “Yagona reyestr” ATda shakllantiriladi va qabul qilinadi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi — idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda kam ta’minlangan oilalarni aniqlash, ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash hamda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamni olish uchun murojaat qiluvchilar va oluvchilar to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish amalga oshiriladigan avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
Bolalar nafaqasining miqdori qancha?
Bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 360 000 so‘m — yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar kichik farzand uchun;
- 275 000 so‘m — 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun;
- 165 000 so‘m — oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;
- 110 000 so‘mdan — oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun.
Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 420 000 so‘m.
Arizani qanday topshirsa bo‘ladi?
Yuqoridagi yordamni olish uchun shaxslar o’zining doimiy yoki vaqtincha yashash hududidagi mahalla fuqarolar yig’iniga murojaat qilshi kerak. Siz ularga arizani yozma shaklda olib borishingiz kerak.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- Ariza beruvchi va oila a’zolarining pasporti yoki ID-kartalari;
- Vasiylik va homiylik organi qarorining nusxasi. (Agarda bola vasiylik ostida bo’lsa);
- Oilaning mavjud uy hayvonlari, transportlari haqida ma’lumot. Agarda ushbu vositalar uning nomiga rasmiylashtirilmagan bo’lsa, unda belgilangan tartibdagi ma’lumotnoma to’ldiriladi.
- Ariza beruvchi yoki oila a’zolari nomiga so’nggi 3 oy ichida o’tkazilgan pul mablag’lari, hisobvaraq qoldiqlari haqida ma’lumotnoma.
2024-yil may oyidan boshlab Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga onlayn ariza berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Onlayn arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali berish mumkin va bu xizmatdan foydalanish bepul.
Talabgorlar ushbu onlayn xizmatdan foydalanish uchun:
- my.gov.uz da ro‘yxatdan o‘tishi;
- tegishli xizmatni tanlashi;
- undagi so‘rovnomani to‘ldirishi va yuborishi kerak.
Quyidagi video orqali onlayn ariza topshirish haqida batafsil ma’lumot olsangiz bo‘ladi.
Ariza “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan o‘rganib chiqiladi. Bunda ariza beruvchi oilasining har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori aniqlanadi va belgilangan mezonlarga mosligi solishtiriladi.
Shundan so‘ng, ijtimoiy nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Ariza javobi my.gov.uz orqali yuboriladi. Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan koʻrsatiladi.
Qanday holatlarda bola puli va moddiy yordam rad etilishi mumkin?
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlashni rad etish holatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 4-bob “Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi”, 20-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan.
Bunda, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oila a’zolari quyidagi holatlarga e’tibor berishlari kerak.
Oila a’zosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo‘lsa:
- 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa,
- ariza beruvchi yoki uning oila a’zolari foydalanuvida bo‘lgan,
- yoxud ishonchnomaga asosan quyidagilar mavjud bo‘lganda rad etilishi mumkin.
Agar oilada:
- bola uch yoshga to‘lguniga qadar parvarish qilayotgan ona bo’lsa (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar);
- ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlar bo’lsa (ta’limning kechki va sirtqi shakllari bundan mustasno);
- ishlamaydigan pensionerlar, davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga va mehnatga layoqatsizlik yuzasidan nafaqa oluvchi fuqarolar bo‘lsa;
- OIV infeksiyasiga chalingan shaxslar bo‘lsa;
- I yoki II guruh va bolalikdan nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha shaxslar bo‘lsa;
- to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan farzandi mavjud bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli har bir a’zosiga nisbatan. (Bunda 2024-yil 16-maydan boshlab taqdim etilgan arizalar bo‘yicha arizachi yoki oila a’zosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron oila a’zosi bo‘lganda ushbu qoida qo‘llaniladi);
- ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turgan oila a’zolariga nisbatan.
Ulardan rasmiy daromad manbasiga ega bo‘lish, oxirgi 6 oy mobaynida ish izlab kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish organlariga murojaat qilish hamda bu organlar hisobida turish talabi qo‘yilmaydi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilishi yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lsa ham tepada ko‘rsatilgan toifalarga qo‘llanilmaydi.
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.08.2021-yildagi PF-6277-sonli «Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori, https://lex.uz/docs/-5572509
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, https://lex.uz/docs/-5688101
- Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga ariza berish, https://my.gov.uz/oz/service/1017
Assalom alekum oilamiz kam taminlangan oilalar roʻyxatida bizga moddiy yordam beriladimi?
«Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 380 000 so‘m» buning uchun qayerga murojaat qilishim kerak?
Vaalaykum assalom. Bu turdagi moddiy yordamni olish uchun hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishni tavsiya qilamiz. 1140 va 1146 ishonch raqamlari orqali murojaat qilsangiz ham boʻladi.
Menga bolalar pul buyicha yordam berishingizni suraymam
Iltimos, bola puli boʻyicha hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qiling. Shuningdek, 1140 yoki 1146 qisqa ishonch raqamlari orqali ham telefon orqali murojaat qilish imkoniyatiga egasiz.
Assalomu alaykum men bolalar nafaqasiga onlayn ariza topwirsam rad etilyapti ikki nafar farzandim bor biri aprelda 3 yosh boladi ikkinchisi esa bir yoshdan otgan erim talaba men esa uy bekasiman erim nomilarida coblt mawinasi bor wu sabab arizam rad etilyaptimi
Vaalaykum assalom! Agarda sizda yoki sizning oila a’zolaringizning birida 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi bo‘lsa, unda ariza rad etilishi mumkin. Shuningdek bola pulini olish uchun oila kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi lozim. Bu degani oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari (669 000 so‘m) miqdoridan oshmagan oila hisoblanadi. Agar rad javob kelayotgan bo‘lsa, uni aniqlashtirish uchun hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga borib murojaat qilishni yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligining “1140” raqami orqali batafsil ma’lumot olishni tavsiya qilamiz.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlashni rad etish holatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 4-bob “Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi”, 20-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan: https://lex.uz/docs/-5688101
Salom meni 18 yoshga toʻlmagan 2 guruh nogiron farzandim bor dekabrda bola puli oldim yanvar oyida koʻrinmayapti bola puli. 2024 da erimni band qilib topshirgandim chiquvda 2025da band qilmasdan topshirgandim bola puli chiqdi 2026 yilda bola puli toʻxtamaslik uchun erimni band qilish kerakmi yoki shart masmi yangi qoida qanaqa boladi javob uchun rahmat
Vaalaykum assalom, Robiya! 26.12.2025-yildagi PF-258-son Farmoniga muvofiq davlat ta’minotidagi oila toifasiga kiritilgan bo‘lsa, band qilishingiz shart emas, lekin buni tartibi endi qabul qilinadi. Hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqilgan, shu oy qabul qilinsa kerak. Keyin shu reglament asosida nafaqalar tayinlanadi. Manba: https://www.lex.uz/uz/docs/-7952180#-7957307
Agar hozirgi kunda bola puli sizga tushmayotgan bo‘lsa, uni aniqlashtirish uchun hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga borib murojaat qilishni yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligining “1140” raqami orqali batafsil ma’lumot olishni tavsiya qilamiz.
Assalom alaykum. Men ishsizman homiladorman. Erim ham ishsiz. Farzandim bor bitta 18 yoshgacha nogironlik belgilangan. Ozim ham parvarish nafaqasini olaman.. Agar Men ikkinchi farzandimni dunyoga keltrsam va erimni band qildrsam bola puli chiqadimi.
Vaalaykum assalom! Bola pulini olish uchun oilangiz birinchi navbatda kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi kerak. Bu degani oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari (669 000 so‘m) miqdoridan oshmagan oila hisoblanadi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning qonuniy vakiliga to‘lanadigan parvarishlash nafaqasini olayotgan bo’lsangiz, bu nafaqa miqdori ham bir oylik o‘rtacha jami oila daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisoblanadi.
Bola pulini taynlatish masalasi bo‘yicha batafsil ma’lumot olish maqsadida, o‘zingiz yashayotgan hududdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlariga borib murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi. Yoki onlayn arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali berish mumkin va bu xizmatdan foydalanish bepul. Video qo’llanma: https://youtu.be/V4HIzDAWmKY?si=j11jfZWfbbdqZA-X
Assalomu alaykum mani ismim Sakina va men va erim hali hech qayerda ishlatmaymiz men oʻqishni tamomlaganim yo’q farzandim bor 6 oylik sunʼiy sut bilan oziqlanadi hozirda moddiy yordamga ehtiyojimiz bor biz yordam ololamizmi
Vaalaykum assalom! Bola pulini olish uchun oilangiz birinchi navbatda kam ta’minlangan oila deb e’tirof etilishi kerak. Bu degani oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari (669 000 so‘m) miqdoridan oshmagan oila hisoblanadi. Yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar kichik farzand uchun 325 000 so‘m miqdorida bola nafaqasini olishingiz mumkin, agar kam ta’minlangan oila mezonlariga to‘g‘ri kelsangiz.
Bola pulini taynlatish masalasi bo‘yicha batafsil ma’lumot olish maqsadida, o‘zingiz yashayotgan hududdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlariga borib murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi. Yoki onlayn arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali berish mumkin va bu xizmatdan foydalanish bepul. Video qo’llanma: https://youtu.be/V4HIzDAWmKY?si=j11jfZWfbbdqZA-X
Men yaqinda yani 2025 / 12 oyida onlayn tarzda ariza topshirdim bola puliga mening oilam kam taʼminlangan oila deb eʼtirof etilgan lekin oilada ishsiz fuqaro mavjud ekanligi uchun rad etildi. Agar men soliq toʻlab oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida yani bir yillik stajga toʻlov qilsam bola puli chiqadimi
Assalomu alaykum, Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlashni rad etish holatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 4-bob “Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi”, 20-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan: https://lex.uz/docs/-5688101
Agar oilangizda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lsa, bola pulini olish uchuh rad etishga qonuniy sabab hisoblanadi. Shu sababli o‘zingizni-o‘zingiz band qilgan shaxs sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tsangiz, vaziyatingizga ijobiy yechim topilishi mumkin.
Agar yana rad javob kelayotgan bo‘lsa, uni aniqlashtirish uchun hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga borib murojaat qilishni yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligining “1140” raqami orqali batafsil ma’lumot olishni tavsiya qilamiz.
Men yaqinda yani 2025 / 12 oyida onlayn tarzda ariza topshirdim bola puliga ikkita farzandim bor mening oilam kam taʼminlangan oila deb eʼtirof etilgan lekin oilada ishsiz fuqaro mavjud ekanligi uchun rad etildi. Agar men soliq toʻlab oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida yani bir yillik stajga toʻlov qilsam bola puli chiqadimi. Olti yoshli qizim bor sogʻligidagi muammo sabab xozir nafaqa olamiz javob uchun raxmat
Agar oilangizda olti yoshli qiz farzandingiz bo‘lsa, sog‘ligida davomiy muammo bo‘lsa, hozir yashayotgan hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi qoshida faoliyat yuritayotgan Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga murojaat qilib nogironlik holatini rasmiylashtirishingiz ham mumkin. Bu haqida batafsil ma’lumotni
«Bolalarga nogironlikni rasmiylashtirish tartibi qanday?» mavzusidagi huquqiy maqolamizda berganmiz. Havolaga bosib tanishib chiqishingiz mumkin: https://huquqplus.uz/materials/nogironligi-bolgan-bolalar-va-ularning-vasiylari/1105
Bola puli chiqishini soʻrayman
Bola pulini taynlatish masalasi bo‘yicha, o‘zingiz yashayotgan hududdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlariga borib murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi. Yoki onlayn arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali berish mumkin va bu xizmatdan foydalanish bepul. Video qo’llanma: https://youtu.be/V4HIzDAWmKY?si=j11jfZWfbbdqZA-X
3 yosh farzandim bor may oyida xudo xohlasa yana kopayishamiz
ozim ozini band qilish ochib taksi qilaman mashina meni nomimda emas , nomimda uy ham mashina ham yoq
Ayolib bogchada ishlaydi 1 mln 200 ming som oylikka
Shunda men bola puli hamda yana qandaydur imtiyozlardan foydalana olamanmi
Bola puli beriladimi bizga
Bola pulini olish uchun oilangiz birinchi navbatda kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi kerak. Bu degani oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari (669 000 so‘m) miqdoridan oshmagan oila hisoblanadi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning qonuniy vakiliga to‘lanadigan parvarishlash nafaqasini olayotgan bo’lsangiz, bu nafaqa miqdori ham bir oylik o‘rtacha jami oila daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisoblanadi.
Bola pulini taynlatish masalasi bo‘yicha batafsil ma’lumot olish maqsadida, o‘zingiz yashayotgan hududdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlariga borib murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi. Yoki onlayn arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali berish mumkin va bu xizmatdan foydalanish bepul. Video qo’llanma: https://youtu.be/V4HIzDAWmKY?si=j11jfZWfbbdqZA-X