
Bola puli va kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar to‘lash tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muallif: Imomali Tuyev
Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: 5000 so‘mlik qog‘ozli pulni ustida ona va uning o‘g‘li choy ishishyapti. Yashil rangdagi yorug‘ xonada stolni ustida paxta gulli choynak va likopchani ustida ikki bo‘lak non ustida saryog‘ surilgan. Tepada 100 so‘mlik tanga ham tasvirlangan.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholining yordamga muhtoj bo’lgan qatlamini qo’llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda. Ushbu maqsadda ularga turli xil moddiy ko’maklar berilib, ularning turmush tarzini yaxshilash uchun harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ijtimoiy munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-avgustdagi PF-6277-son farmoni bilan tartibga solingan.
Bolani parvarish qilish nafaqasi – oilalarga bola 2 yoshga to’lgunicha ularni parvarish qilish uchun beriladi.
Bolalar nafaqasi (xalq tilida «bola puli») – bola parvarishi nafaqasi o’rniga kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun beriladigan nafaqa.
Kam ta’minlangan oila – oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmagan oila.
Moddiy yordam – bolalari yo’q yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta bo‘lgan oilalarga va yolg‘iz fuqarolarga to‘lanadi. U 6 oy muddatga tayinlanadi.
Bolalar nafaqasini tayinlashda nimalarga e’tibor beriladi?
- Oiladagi 14 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan bolalar;
- Bolalar soni;
- Oilaning kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi.
Nafaqa 6 oydan 12 oygacha tayinlanishi mumkin. Lekin, agarda oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi 18 yoshga to‘lgan bo‘lsa, nafaqa oyning oxirigacha to‘lanadi.
Masalan, sizning eng kichik farzandingiz noyabr oyida 18 yoshga to’ladi. Siz esa ushbu farzand uchun bola nafaqasini olayapsiz. Uning to’lanishi noyabr oyida bolangizning 18 ga kirishi bilan to’xtatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-son qaroriga muvofiq, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan jami 1 oylik o‘rtacha daromad miqdori minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmasa, oila kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi. Ya’ni, oilangizning rasmiy daromadi oila a’zolaringiz soniga bo‘linganida kishi boshiga 715 ming so‘mdan oshmasa, demak oilangiz kam ta’minlangan oila hisoblanadi.
2026-yildan boshlab hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘mni tashkil etdi.
Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadni hisoblab chiqishning misoli:
Masalan: 4 kishidan iborat oilaning a’zosi moddiy yordam olish uchun 2023-yil dekabr oyida murojaat etgan. Uning daromadlari avgust — oktyabr oylari uchun hisoblanadi. Oila a’zolarining barcha daromadlari yig‘indisi (normativ daromadlarni hisobga olgan holda) 7 650 000 so‘mni tashkil etadi. Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadi quyidagini tashkil etadi: 7 650 000 so‘m / 4 kishi / 3 oy — 637 500 so‘m. Bu oilaning har bir a’zosiga 637 500 so‘mdan to‘g‘ri kelyapti. Bu esa belgilangan minimal iste’mol xarajati miqdori 715 000 so‘mdan kam degani.
Eslatma! Bir oylik o‘rtacha jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda oila a’zolarining quyidagi nogironlik nafaqasi va pensiyalari rasmiy daromad sifatida hisoblanadi:
- 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa;
- nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar va OIV infeksiyasiga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nafaqa;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning qonuniy vakiliga to‘lanadigan parvarishlash nafaqasi;
- nogironlik bo‘yicha nafaqa;
- nogironlik bo‘yicha nafaqa summasi doirasidagi nogironlik pensiyasi (nogironlik pensiya miqdoridan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori chegirib tashlanadi);
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 23-moddasida ko‘rsatilgan boshqa turdagi nafaqa va pensiyalar.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish, ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qarorlar “Yagona reyestr” ATda shakllantiriladi va qabul qilinadi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi — idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda kam ta’minlangan oilalarni aniqlash, ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash hamda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamni olish uchun murojaat qiluvchilar va oluvchilar to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish amalga oshiriladigan avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
Bolalar nafaqasining miqdori qancha?
Bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 360 000 so‘m — yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar kichik farzand uchun;
- 275 000 so‘m — 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun;
- 165 000 so‘m — oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;
- 110 000 so‘mdan — oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun.
Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 420 000 so‘m.
Arizani qanday topshirsa bo‘ladi?
Yuqoridagi yordamni olish uchun shaxslar o’zining doimiy yoki vaqtincha yashash hududidagi mahalla fuqarolar yig’iniga murojaat qilshi kerak. Siz ularga arizani yozma shaklda olib borishingiz kerak.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- Ariza beruvchi va oila a’zolarining pasporti yoki ID-kartalari;
- Vasiylik va homiylik organi qarorining nusxasi. (Agarda bola vasiylik ostida bo’lsa);
- Oilaning mavjud uy hayvonlari, transportlari haqida ma’lumot. Agarda ushbu vositalar uning nomiga rasmiylashtirilmagan bo’lsa, unda belgilangan tartibdagi ma’lumotnoma to’ldiriladi.
- Ariza beruvchi yoki oila a’zolari nomiga so’nggi 3 oy ichida o’tkazilgan pul mablag’lari, hisobvaraq qoldiqlari haqida ma’lumotnoma.
2024-yil may oyidan boshlab Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga onlayn ariza berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Onlayn arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali berish mumkin va bu xizmatdan foydalanish bepul.
Talabgorlar ushbu onlayn xizmatdan foydalanish uchun:
- my.gov.uz da ro‘yxatdan o‘tishi;
- tegishli xizmatni tanlashi;
- undagi so‘rovnomani to‘ldirishi va yuborishi kerak.
Quyidagi video orqali onlayn ariza topshirish haqida batafsil ma’lumot olsangiz bo‘ladi.
Ariza “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan o‘rganib chiqiladi. Bunda ariza beruvchi oilasining har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori aniqlanadi va belgilangan mezonlarga mosligi solishtiriladi.
Shundan so‘ng, ijtimoiy nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Ariza javobi my.gov.uz orqali yuboriladi. Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan koʻrsatiladi.
Qanday holatlarda bola puli va moddiy yordam rad etilishi mumkin?
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlashni rad etish holatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 4-bob “Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi”, 20-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan.
Bunda, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oila a’zolari quyidagi holatlarga e’tibor berishlari kerak.
Oila a’zosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo‘lsa:
- 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa,
- ariza beruvchi yoki uning oila a’zolari foydalanuvida bo‘lgan,
- yoxud ishonchnomaga asosan quyidagilar mavjud bo‘lganda rad etilishi mumkin.
Agar oilada:
- bola uch yoshga to‘lguniga qadar parvarish qilayotgan ona bo’lsa (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar);
- ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlar bo’lsa (ta’limning kechki va sirtqi shakllari bundan mustasno);
- ishlamaydigan pensionerlar, davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga va mehnatga layoqatsizlik yuzasidan nafaqa oluvchi fuqarolar bo‘lsa;
- OIV infeksiyasiga chalingan shaxslar bo‘lsa;
- I yoki II guruh va bolalikdan nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha shaxslar bo‘lsa;
- to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan farzandi mavjud bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli har bir a’zosiga nisbatan. (Bunda 2024-yil 16-maydan boshlab taqdim etilgan arizalar bo‘yicha arizachi yoki oila a’zosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron oila a’zosi bo‘lganda ushbu qoida qo‘llaniladi);
- ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turgan oila a’zolariga nisbatan.
Ulardan rasmiy daromad manbasiga ega bo‘lish, oxirgi 6 oy mobaynida ish izlab kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish organlariga murojaat qilish hamda bu organlar hisobida turish talabi qo‘yilmaydi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilishi yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lsa ham tepada ko‘rsatilgan toifalarga qo‘llanilmaydi.
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.08.2021-yildagi PF-6277-sonli «Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori, https://lex.uz/docs/-5572509
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, https://lex.uz/docs/-5688101
- Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga ariza berish, https://my.gov.uz/oz/service/1017
Oilamda jami 5 kishi bor: o‘zim, turmush o‘rtog‘im va 3 nafar voyaga yetmagan farzandim. Turmush o‘rtog‘im Bandlik markazida ishsiz sifatida ro‘yxatda turadi.
Bolalar nafaqasiga ariza topshirgan edim, biroq rad javobi berildi. Rad sabablari sifatida “kadastr bor”, “daromad yetarli”, “ishsiz a’zo bor” deb aytilmoqda. Biroq mahalla tomonidan rad etilish sabablari bo‘yicha aniq hisob-kitob va yozma tushuntirish berilmadi.
Shu sababli mening arizamni qayta ko‘rib chiqishingizni, rad etilish sabablarini qonuniy asoslari va hisob-kitobi bilan yozma ravishda tushuntirib berishingizni hamda agar xatolik bo‘lsa tuzatib, bolalar nafaqasini tayinlash masalasini ko‘rib chiqishingizni so‘rayman.Bolalar nafaqasiga ariza topshirgan edim, ammo tizimda yashash manzilimiz xato ko‘rsatilgani sababli nafaqa rad etildi. Ya’ni 1 xonali va 2 xonali uy qo‘shilib ketilgan uyda yashaganim uchun, yashash manzilimiz ikkita bo‘lib chiqib qolgan. Aslida esa biz bitta joyda yashaymiz va uy bizning nomimizda emas.
Assalomu alaykum, biz sizga faqat huquqiy maslahat berolamiz. Bola puli boʻyicha arizangizni qayta koʻrib chiqolmaymiz chunki bunga vakolatimiz yoʻq bizni.
1140 va 1146 ishonch raqamlari orqali oʻz savol va takliflaringizni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bersangiz boʻladi. Shuningdek, ariza, shikoyat va iltimoslaringizni «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonun talablariga asosan qoldirsangiz biz alohida ko‘rib chiqamiz.
Ariza yoki shikoyat xatlarida quyidagilar bo‘lishi lozim:
F.I.Sh.;
manzil;
qisqacha va tushunarli masala;
telefon raqamingiz (bog‘lanish uchun).
Murojaatlaringizni quyidagi manbaalar orqali ham bizga yollashingiz mumkin: O‘zbekiston, Toshkent sh, Mirobod tumani, Yangizamon ko‘chasi, 1-uy
(0371) – 239-59-22
(0371) – 202-06-00
(0371) – 239-59-23
E-mail: info@ihma.uz; ihma@exat.uz
Assalomu alaykum men 2026-yil 24-fevralda bolalar nafaqasiga onlayn ariza topshirdim. 10 yoshli, 6yoshli va 4 yoshli farzandlarim bor. Menga 1-aprelda siz «ijtimoiy himoya reystri»da kam taʼminlangan oilalar roʻyxatiga kiritildingiz deb javob keldi. Endi menga qancha pul chiqadi, birinchi pulni qayerdan olaman, yoki avtomatik kartaga tushadimi? Lekin men arizada karta biriktirmaganman, menda xalq banki kartasi mavjud.
Vaalaykum assalom,
Bolalar nafaqasi oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib tayinlanadi. Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha o‘n sakkiz yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi 654-sonli qaroriga muvofiq bolalar nafaqasi quyidagi tartibda to’lanadi:
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam AT “Xalq banki”ning tuman (shahar) bo‘limlari (filiallari) orqali naqd pul shaklida yoki pul mablag‘larini naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan fuqarolarning bank hisobvaraqlari (plastik kartalari) orqali to‘lanadi. Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lovi oyning 4-sanasidan 27-sanasiga qadar amalga oshiriladi.
Huquqiy asos: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi 654-sonli qarorining 36-38-42-bandlari.
Batafsil ma’lumot olish uchun, siz yashaydigan hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qiling. Shuningdek, 1140 yoki 1146 qisqa ishonch raqamlari orqali ham onlayn shaklda murojaat qilish imkoniyatiga egasiz.
Rasmiy ishda ishlayman oyligim 1.272.000 erim ishsiz lekin ozini ozi bandlashdan royxatdan otgan 3 yoshli qizim bor. Ariza yuborsam oila daromafi yuqori deb rad beryapdi. Nima qilsam boladi
Vaalaykum assalom, hurmatli fuqaro!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-son qaroriga muvofiq, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan jami 1 oylik o‘rtacha daromad miqdori minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmasa, oila kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi. Ya’ni, oilangizning rasmiy daromadi oila a’zolaringiz soniga bo‘linganida kishi boshiga 715 ming so‘mdan oshmasa, demak oilangiz kam ta’minlangan oila hisoblanadi.
Bola puli boʻyicha 1140 va 1146 ishonch raqamlari orqali oʻz savol va takliflaringizni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bersangiz boʻladi. Mahallangizdagi ijtimoiy xodim yoki hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga ham bevosita borib murojaat qilsangiz boʻladi.
E’tiboringiz uchun rahmat!
Assalomu alaykum 2 nafar farzandim bor qaynotamni nomida 2015 yilda chiqan moshina bor bizga bollar puli chiqadimi
Vaalaykum assalom, hurmatli fuqaro!
Bola pulini olish uchun sizning oilangiz bir qancha mezonlarga to‘g‘ri kelishi kerak. Siz bergan ma’lumot bilan biz aniq hech nima deyolmaymiz. Asosiy mezonlardan bir bu oilangiz kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi. Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-son qaroriga muvofiq, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan jami 1 oylik o‘rtacha daromad miqdori minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmasa, oila kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi. Ya’ni, oilangizning rasmiy daromadi oila a’zolaringiz soniga bo‘linganida kishi boshiga 715 ming so‘mdan oshmasa, demak oilangiz kam ta’minlangan oila hisoblanadi.
O’zingiz onlayn arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali berishingiz mumkin va bu xizmatdan foydalanish bepul.
my.gov.uz da ariza berish uchun havola: https://my.gov.uz/uz/service/1017
Video qo‘llanma: https://youtu.be/V4HIzDAWmKY
Tizim avtomatik tarzda sizni oilaviy holatingizni bir qancha mezonlar bo‘yicha tekshirib, sizga natijani sms orqali xabar beradi.
Assalomu alaykum men 9oydan beri bolalar nafaqasi olib kelyabman aprel oyi tushmadi shunda bola puli tuxtatilganmi sms kelmadi qayta ariza bersam ariza mavjud bulib koʻrinyapti
Vaalaykum assalom, hurmatli fuqaro! Bola puli bo’yicha 1140 va 1146 ishonch raqamlari orqali oʻz savol va takliflaringizni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bersangiz boʻladi. Mahallangizdagi ijtimoiy xodim yoki hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga ham bevosita borib murojaat qilsangiz boʻladi. E’tiboringiz uchun rahmat!
Assalomu aleykum.Meni 2nafar farzandim bor yaqinda kupayishaman qizim 31marta 3yosh buldi bola puli uchadi uzini uzing band qilishing kerak deb aytishti uzimni uzim band qildim hujaynim ishsiz men ishsizman.Bolla puliga ariza qilgandim uttim lekin 1oydan otib tuxtatib quydi.Biz alohida ruzg’ormiz qaynatam nomlarida damas bor 2015 yildagi sugurtaga xujaynimni ham kiritib quyilgandi tel raqamimga sms keldi mashina borligi uchun tuxtatildi deb lekin undan oldinlari olib yurganman keyin azgina vaqtdan keyin yana sms kelyapti oila daromadi oshganligi uchun deb shunga tushunolmay qoldim damas mashinasiga ancha bulgan bulsa ishlab chiqarilganligiga xujaynim nomida emas shu paytgacha olib kelgandim endi bulsa tuxtatib quyildi shuni tushuntirib bersangiz oldindan raxmat
Vaalaykum assalom, hurmatli fuqaro! Bola puli bo’yicha 1140 va 1146 ishonch raqamlari orqali oʻz savol va takliflaringizni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bersangiz boʻladi. Mahallangizdagi ijtimoiy xodim yoki hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga ham bevosita borib murojaat qilsangiz boʻladi. E’tiboringiz uchun rahmat!
meni 3yosh va 7yosh og‘lim bor xujaynm hech qayrda ishlamaydi goxida rassiyaga borb keladi nomimizda uyjoy mashina yuq maxalla bola puli senga chiqmaydi dedi qayrga murojat qilay davlat xizmatlaridan boshqa qayrga borsam buladi maxxalla chiqarmaymz dedi
Assalomu alaykum, hurmatli fuqaro! Hozir bola pulini chiqarish mahalla qo‘mitasi vakolatida emas. 2024-yil may oyidan boshlab Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga onlayn ariza berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Onlayn arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali berish mumkin va bu xizmatdan foydalanish bepul.
my.gov.uz da ariza berish uchun havola: https://my.gov.uz/uz/service/1017
Video qo‘llanma: https://youtu.be/V4HIzDAWmKY
Tizim avtomatik tarzda sizni oilaviy holatingizni bir qancha mezonlar bo‘yicha tekshirib, sizga natijani sms orqali xabar beradi.
Assalom aleykum mandayam xoʻjaynimdayam moshina yoʻq bola puliga ariza taylodim rad etildi nomizda moshina bor deb chiqdi12/15 yil boʻlmagan texnik soz avtotransport vositasi mavjudligi uchun rad etildi deb keldi
Vaalaykum assalom, bola puli haqida 1140 va 1146 ishonch raqamlari orqali oʻz savol va takliflaringizni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bersangiz boʻladi. E’tiboringiz uchun rahmat!
Erim ishsiz .2 nafar farzandim bor . Oʻzim 1 yosh farzandimni parvarish qilyapman. Ishsiz man
Assalomu alaykum, iltimos hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qiling.
Assalomu alaykum bollar puli chiqadimi nomimizda xech nima yoʻq men ishsizman erimxam ishsiz 4 ta farzandim bor kichkinasi 2 yoshdan oshayapti
Vaalaykum assalom, hurmatli fuqaro! Iltimos, siz yashayotgan mahallangizdagi ijtimoiy xodim yoki hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga borib bola pulini olish uchun bevosita murojaat qiling.
Bola pulini olish uchun arizani onlayn (masofadan turib) ham topshirishingiz mumkin mana shu havola orqali: https://my.gov.uz/oz/service/1017