
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oylik oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun qo‘shimcha pul to‘lovlari
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Stolni ustida 1 kilogramm un, olma va sellofan paketni ichida bir korobka sut, kungaboqar yog‘i, makaron va tuxum tasvirlangan.
Oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun pul kimlarga beriladi?
2024-yil 1-maydan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etilgan.
Yodda tuting! Mazkur turdagi moddiy yordamni olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxs Ijtimoiy himoya milliy agentligi “Inson” markazlari tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan bo‘lishi lozim.
Hozirgi kunda ushbu moddiy yordamning miqdori qanchani tashkil etadi?
O‘zbekiston Respublikasi hududida 2026-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdori kishi boshiga 1 oyga 715 ming so‘m etib belgilandi.
Mazkur moddiy yordamni olish uchun kimga murojaat qilish lozim?
Nogironligi bo‘lgan shaxs mazkur moddiy yordamni olish maqsadida biror bir ma’sul xodimga murojaat etishi talab etilmaydi, chunki Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga mazkur to‘lovlar har oyda to‘lab borilishi majburiy hisoblanadi.
Minimal iste’mol xarajatlari miqdoridagi moddiy yordam nogironlik pensiyasiga ta’sir qiladimi?
Nogironligi bo‘lgan shaxsning mazkur ijtimoiy yordamni olishi nogironlik pensiya to‘lovlariga ta’sir qilmaydi va bir vaqtning o‘zida ikkisidan ham foydalanishi mumkin.
O‘zbekiston bo‘ylab harakatlanish uchun chiptalar sotib olishda imtiyozlar bormi?
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir yilda bir marta temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.
Masalan: siz Andijondan Toshkentga temir yo‘l poyezdida bormoqchisiz, bunday holatda sizga faqatgina Toshkentga borish uchun emas balki Toshkentdan Andijonga qaytish uchun ham bepul chipta taqdim etilishi lozim.
Nogironligi bo‘lgan shaxs mazkur bepul biletlardan foydalanmoqchi bo‘lgan taqdimda hududlardagi “Inson” markazlari tomonidan mahallalarga biriktirilgan ijtimoiy xodimlarga murojaat qilishlari lozim bo‘ladi.
Reyestrga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxsga safarda hamrohlik qilgan shaxslar o‘z hisoblaridan bilet sotib oladilarmi?
“Ijtimoiy himoya” yagona reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bevosita hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bir yilda bir marta temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.
E’tibor bering, mazkur imtiyozli chipta bir nafar hamrohgagina bepul taqdim etiladi. Ikki va undan ortiq shaxslar hamrohlik qilgan taqdirda ularning faqatgina bir nafariga taqdim etiladi.
Davlat xizmatlari va personallashtirish bilan bog‘liq xarajatlarda moddiy yordam turlari mavjudmi?
Nogironligi bo‘lgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan shaxslar yo‘qotilgan passport yoki ID karta bepul almashtirib beriladi.
Agar mas’ul xodimlar tomonidan imtiyozlarni qo‘llashda ijtimoiy adolat va insonparvarlik prinsiplariga zid ravishda xatolarga yo‘l qo‘yilganda nima qilish lozim?
Agar siz nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblansangiz va Reyestrga kiritilgan bo‘lsangiz, yuqoridagi xizmatlar ko‘rsatilmagan taqdirda yoki mahallabay xizmat ko‘rsatuvchi xodimning harakatlari sizni qoniqtirmasa, ijtimoiy xizmat sifatini har yarim yillikda monitoring qiluvchi mahalla raisiga murojaat qilishingiz mumkin.
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar:
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlar uchun har oylik oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena vositalariga ajratiladigan qo‘shimcha pul to‘lovi haqida bilib olasan.
2024-yil 1-maydan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan:
- yolg‘iz keksalar
- nogironligi bor insonlarga har oyda eng kam iste’mol xarajatlari miqdorida yordam puli berish joriy qilindi.
Sen iste’mol xarajatlari yordam pulini olishing uchun “Inson” markazlari seni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritgan bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda 2024-yil uchun eng kam iste’mol xarajatlari miqdori 1 ta inson uchun 1 oyga 621 ming so‘m deb belgilangan.
Sen iste’mol xarajatlari yordam pulini olish uchun hech qayerga murojaat qilishing shart emas.
Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan nogironligi bor insonga iste’mol xarajatlari yordam puli har oyda to‘lab borilishi majburiy.
Sen iste’mol xarajatlari yordam pulini olishing nogironlik pensiyangga ta’sir qilmaydi.
Sen bir vaqtning o‘zida:
- ham iste’mol xarajatlari yordam pulini
- ham nogironlik pensiyasini olishing mumkin.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan:
- yolg‘iz keksalar
- nogironligi bor insonlar
- ularga hamrohlik qiladigan bitta insongabir yilda bir marta viloyatlarga borib-kelish uchun temir yo‘l va avtobuslarga bepul chiptalar
Masalan:
- Sen Andijondan Toshkentga poyezdda bormoqchisan.
- Senga Toshkentga borish va Andijonga qaytish uchun bepul chipta berilishi kerak.
Sen viloyatlarga borib kelishga bepul chipta olish uchun “Inson” markazlarining mahallalardagi ijtimoiy ishchisiga murojaat qilishing kerak.
- Nogironligi bor insonlar
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan insonlarning yo‘qotilgan pasport yoki ID kartasi bepul almashtirib beriladi.
- Nogironligi bor insonlar
- Reyestrga kiritilgan insonlarga yuqoridagi xizmatlar ko‘rsatilmaganda yoki har yarim yilda tekshiruvchi mahalla raisiga murojaat qilishing
Men 2guruh nogironiman meni nomimda avtomashina bulsa men inson ijtimoiy yagona resteriga kiritmaydimi
Assalomu alaykum! Oila a’zosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo‘lsa: 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi sizning nomingizga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, «Ijtimoiy himoya yagona reyestriga» kiritilishda rad etilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 4-bob “Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi”, 20-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan. Batafsil: https://huquqplus.uz/materials/social-protection/4073
Meni qizim 2024 yil 18 avgustda yurak operatsiyasi bo’lgan. Shundan keyin 2024 yil oktyabr oyida nogironlikka chiqarildi.
Lekin bizga oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari uchun oylik qo’shimcha moddiy yordam puli berilmadi. Shu masalada yordam bering
Vaalaykum assalom! Oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun moddiy yordamni olish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxs Ijtimoiy himoya milliy agentligi “Inson” markazlari tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan bo‘lishi lozim.
Iltimos, bu masalada mahallangizdagi ijtimoiy xodim yoki hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga borib bevosita murojaat qiling. Shuningdek, 1140 yoki 1146 qisqa ishonch raqamlari orqali ham telefon orqali murojaat qilish imkoniyatiga egasiz.
Qizingiz salomat bo’lsinlar!
Ассалому алайкум менинг у́ґлимга учинчи грух ногиронлигини беришди бу холатда у́ґлимга хам ёрдам пули ажратиладими жавоб учун олдиндан рахмат ва бу ёрдам ку́рсатилиши учун кимга мурожат килишимиз керак
Vaalaykum assalom! Vazirlar Mahkamasining 252-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq (ushbu qaror hozirgi kunda amalda emas, 20.09.2023 yil o‘z kuchini yoqotgan), 2011-yil 1-yanvardan boshlab nogironlikning III guruhi belgilangan shaxslarga nogironlik pensiyasi tayinlanmaydi va to‘lanmaydi.
Uchinchi guruh nogironligi bor shaxslarga berilgan imtiyozlar haqida batafsil havolaga bosib tanishing: https://huquqplus.uz/materials/social-protection/7769
Agar o‘g‘lingizga ijtimoiy yordam olmoqchi bo‘lsangiz, hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlari markaziga murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Qisqa raqam: 1140.
Assalomu alekum men xam 2guruh nogironi Ijtimoiy himoya yagona reestrda turaman menga ham har oyda olish mumkin bolga oziq ovqat va gigena maxsulotlari uchun tolov qilinmayapti aytilishi boyicha olib turgan nogironlik pensiyasiga tasir qilmas ekan men 1012000 min nafaqa olaman yowim 32 da iltimos bu masala boyicha qayerga murojaat qilsam boladi va iltimos manba bilan yani qaysi qonunga asosan wularni xam tushuntrib otsangiz iltimos
Assalomu alaykum, hurmatli fuqaro!
Siz aytayotgan oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena mahsulotlari uchun to‘lanadigan oylik kompensatsiya (qo‘shimcha to‘lov) «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»dagi barcha nogironligi bo‘lgan shaxslarga avtomatik tarzda berilmaydi. Bu to‘lov asosan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslarga tayinlanadi. Agar siz oilangiz bilan (ota-ona, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlar bilan) birga yashasangiz, ushbu ro‘yxatga kiritilmagan bo‘lishingiz mumkin.
Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tartibga soluvchi qarorlari (xususan, 2022-yil va 2023-yillarda sohaga oid qabul qilingan qonun hujjatlari) bilan tartibga solinadi. Qonunchilikka ko‘ra, ilgari mahsulot ko‘rinishida tarqatilgan yordam endilikda yolg‘iz va parvarishga muhtojlarga pul ko‘rinishida (pensiyasiga qo‘shib) berilishi belgilangan.
Hozirgi kunda har bir mahallada Ijtimoiy himoya milliy agentligining xodimlari ishlamoqda. Ularga uchrashib, oilaviy sharoitingiz va sog‘lig‘ingizni o‘rganishlarini hamda sizga qanday qo‘shimcha ijtimoiy yordamlar kafolatlanganini hisoblab berishlarini so‘rang. Yoki tumaningizdagi (yoki shahardagi) «Inson» markaziga pasportingiz va nogironlik ma’lumotnomangiz bilan bevosita murojaat qilib, to‘liq konsultatsiya olishingiz mumkin.
Uydan chiqmasdan turib, O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligining «1140» qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling va JShSHIR (pasportingizdagi 14 talik raqam) orqali o‘z ma’lumotlaringizni tekshirtiring. Operatorlar sizga ushbu kompensatsiyani olish uchun aynan sizning holatingizda qanday qonuniy talablar yetishmayotganini tushuntirib berishadi.