
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniy hayotda ishtirok etishga va dam olishga bo‘lgan huquqi va imtiyozlari
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Oyog‘i amputatsiya bo‘lgan hassadan foydalanuvchi yosh yigit orqasiga sariq ryukzak taqib olgan va ko‘rgazmada turli rangli suratlarni tomosha qilyapti.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – nogironligi bo‘lgan shaxslarning Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilgan huquq va erkinliklarini xalqaro huquqning normalari hamda O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro shartnomalarga muvofiq holda, boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ta’minlash hisoblanadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning qanday madaniy huquqlari mavjud?
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning 30-moddasiga ko‘ra, mazkur Konvensiyaga a’zo davlatlar nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda madaniy hayotda ishtirok etish huquqini e’tirof etadi va nogironlarning quyidagi bir qator madaniy huquqlarini ta’minlashi shart:
Birinchidan, madaniyat asarlaridan foydalanish imkoniyati bo‘lgan shakllarda ularning foydalanishlariga imkoniyat yaratishdir.
Masalan: Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga madaniy huquqlarini amalga oshirishlari uchun bir qator chora tadbirlar orqali (masalan, muzeylarga kirishda bepul chiptalar taqdim etish, asarlarni Brayl alifbosidagi versiyada chop ettirish va boshqalar) ko‘maklashadi.
Ikkinchidan, televideniye dasturlari, filmlar, teatr va boshqa madaniy tadbirlardan foydalanish imkoniyati bo‘lgan shakllarda foydalanish imkoniyatini yaratishdir.
Misol uchun: ko‘zi ojiz bo‘lgan shaxs tovushlar orqali namoyishlarni his etadi, eshitishda nuqsoni bo‘lgan shaxslar esa ko‘zi orqali imo ishoralardan foydalangan holda tovushlarni idrok etadi. Bularni hisobga olgan holda davlat tomonidan uzatilayotgan har bir televideniye dasturlari imo ishora tili orqali ham yoritib borishi zarur.
Uchinchidan, davlatlar nogironlar boshqalar bilan teng ravishda bo‘sh vaqtlarini o‘tkazish, dam olish va sport tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun nogironlarning barcha darajadagi umumiy yo‘nalishdagi sport tadbirlarida iloji boricha to‘liq ishtirok etishlarini rag‘batlantirish va targ‘ib etishning zarur choralarini ko‘radi.
Shu maqsadda olimpiya o‘yinlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida paralimpiya sport o‘yinlari sektori tashkil etilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar sport bilan shug‘ullanishdagi qanday ustuvor huquqlari mavjud?
O‘zbekiston Respublikasi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunining 27-moddasiga asosan nogironligi bo‘lgan shaxslar xususiy sport inshootlaridan foydalanish chog‘ida bepul tarzda sport bilan band bo‘ladilar. Xususiy sport inshootlari mulkdorlari yoki ish boshqaruvchilari pul talab qilishga haqli emaslar.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘ngilochar markazlarda dam olishlari uchun qanday imtiyozlar belgilangan ?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 123-sonli qarorining 3-bandiga asosan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat sport tadbirlariga, teatrlariga va muzeylariga kirish bepul etib belgilangan.
Sport to‘garaklariga qatnashish uchun bepul yo‘llanmalar qaysi organ tomonidan beriladi?
O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida tashkil etilgan sport to‘garaklarida bepul shug‘ullanishi belgilangan bo‘lib, mazkur to‘garaklarda qatnashish uchun yo‘llanmalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan beriladi.
Muzey va teatrlarga borishda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga hamroh bo‘lgan shaxslar uchun ham bepul xizmatlar amalga oshiriladimi ?
O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ularni kuzatuvchi shaxslarga davlat sport tadbirlariga, teatrlarga va muzeylarga kirish bepul etib belgilangan. Bunda faqatgina birgina o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxsga faqatgina bitta hamroh sherik bo‘lib bepul kirishi mumkin.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun muzeylarda, teatrlarda va boshqa ko‘ngilochar joylarda qanday sharoitlar yaratilgan?
Ma’muriy binolarga qoʻyiladigan talablarni хalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalasi hukumatning 945-sonli qarorida aks etgan bo‘lib, unga ko‘ra barcha idoralar, muassasalar 2020-yilning II choragigacha idoraviy nomrativ huquqiy hujjat ishlab chiqishi va unda:
- taktil yoʻlaklar,
- muzeylarda ona va bola хonalarini tashkil etish,
- bekatlar va jamoat transportida audiovizual хabar berish tizimlarini joriy etish,
- ovozli хabar berish svetoforlari,
- metro bekatlarida nogironligi bo’lgan shaхslar uchun koʻtarilish vositalarini oʻrnatish,
- tegishli uchastkalarda maхsus sirgʻalmaydigan qoplamali, jarohat yetkazmaydigan ushlagich va panduslar oʻrnatish nazarda tutilgan.
Bunday tadbirlar bosqichma bosqich Respublikaning barcha hududida amalga oshirib boriladi.
Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teatrlarda qanday sharoitlar yaratilgan?
2020-yildan boshlab Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi doirasida Toshkent shahrida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun spektakllar tiflosharhlash orqali namoyish qilinishi boshlandi.
Tiflosharhlash – ko‘rish qobiliyati zaif shaxs uchun maxsus tavsiflarsiz tushunarsiz bo‘lgan obyekt, joy, yoki harakatning lakonik tavsifi. Misol uchun, teatradagi sahnada yoki kinoteatr ekranida sodir bo’layotgan voqealarni maxsus o’qitilgan odam sharhlab berishi hisoblanadi.
Hozirgi kunda, tiflosharhlash orqali moslashtirilgan sahna asarlari Yoshlar davlat teatri, O‘zbek Milliy Qo‘g‘irchoq teatri, Mark Vayl nomidagi «Ilhom» teatri, Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatrida namoyish qilinib kelinmoqda. Repertuardagi quyidagi spektakllar tiflosharhlash orqali namoyish qilingan:
- «Oltin ajdar» – «Ilhom» teatri.
- Timur Zulfiqorov dostoniga asoslangan “Xo‘ja Nasriddinning ilk muhabbati” (Pervaya lyubov Xodji Nasreddina) shousi, Nabi Abdurahmonovning “Ixtiyorsiz tabib” (Lekar ponevole), «Bu menman, Edit Piaf», “Piter Pen” – O‘zbekiston yoshlar teatri.
- «Как баба Маша Колобка пекла» – O‘zbekiston Respublika qo‘g‘irchoq teatri.
- «Oqqush ko‘l» – Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri.
- Respublika qo‘g‘irchoq teatrida Sergey Mixalkovning “Uch quvnoq cho‘chqacha”
Tiflosharhlash orqali spektakllarni namoyish etish ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi tomoshabinlar iltimosiga muvofiq Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi. Tiflosharhlashni ta’minlash uchun uskunalar biron-bir teatrga o‘rnatilmagan bo‘lib, jamg‘arma tomonidan kerakli spektakllar uchun taqdim etiladi.
Tiflosharhlangan spektakllarga tashrif buyurish istagida bo‘lganlar +998 (71) 207-40-10 yoki +998 (71) 207-40-80 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Kelgusida O‘zbekiston teatrlaridagi qaysi spektakllarni tiflo-sharhlov bilan namoyish qilish bo‘yicha takliflaringizni info@acdf.uz elektron pochta manziliga yozib qoldiring.
Mark Vayl nomidagi «Ilhom» teatrida nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilgan sharoitlar qanday?
2022-yildan boshlab Toshkent shahrida joylashgan «Ilhom» teatri nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit-sharoitlar yaratish maqsadida «Sharoiti bor teatr» (rus tilida «Доступный театр») dasturini amalga oshirishni boshladi. Ushbu dasturda ishtirok etish uchun siz bir necha kun oldin teatr ma’muriyatni xabardor qilishingiz kerak. Teatr administratori bilan oldindan Telegram orqali aloqaga chiqib yozilishingiz mumkin.
Spektaklga beshta nogironligi bo‘lgan shaxsni (jumladan hamrohni ham) taklif qilish imkoniyati bor. Agar spektaklga birinchi marta kirish imkoni bo‘lmasa, tushunishingizni so‘raymiz. Bunday vaziyatda 5 kishi uchun ajratilgan kvota joylarimiz tugallanganini va keyingi safar ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkinligini anglatadi.
“Ilhom” teatri davlat tomonidan dotatsiya olib faoliyat ko‘rsatadigan teatr emas. «Sharoiti bor teatr» dasturini mavsum davomida teatr o‘z mablag‘lari hisobidan o‘tkazadi. Bu sog‘lig‘i tufayli madaniyat maskanlariga borishda qiynalayotgan fuqarolarimizga tuhfa!
Eslatma! Shuni ta’kidlash kerakki, «Ilhom» teatrida jismoniy nogironligi bo‘lgan va harakatlanishida qiyinchiliklarga duch keladigan odamlar uchun maxsus kirish joyi mavjud.

Foydalanilgan manbalar:
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida” Konvensiya.
- O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari” to‘g‘risida”gi qonuni.
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 123-sonli “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori.
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlarning madaniy hayotda ishtirok etish va dam olishdagi imtiyozlari haqida bilib olasan.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning 30-moddasiga ko‘ra:
- sen ham boshqalar bilan bir xil madaniy hayotda qatnashishing mumkin.
Madaniy hayot – bu sen har xil bayramlar, majlislar, tomoshalar va dam olish joylarida dam olishing.
Masalan, davlat senga qulaylik yaratish uchun:
- nogironligi bor insonlarga muzeylarga kirishda bepul chiptalar berishi
- asarlarni ko‘zi ojiz insonlar alifbosida chiqarishi mumkin.
Ko‘zi ojiz yoki eshitishda nogironligi bor insonlar uchun televizorda ko‘rsatiladigan dasturlar imo ishora tili orqali ham ko‘rsatilishi kerak.
Sen boshqalardek sport musobaqasida qatnashishing uchun kerakli sharoitlar yaratiladi.
Olimpiya o‘yinlarida nogironligi bor insonlar uchun alohida paralimpiya sport o‘yinlari sektori ham tashkil etilgan.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunining 27-moddasiga ko‘ra:
- nogironligi bor insonlar xususiy sport binolaridan bepul foydalanishlari mumkin.
Xususiy sport bino egalari yoki ishchilari sendan pul talab qilishi mumkin emas.
Vazirlar Mahkamasining 123-sonli qarorining 3-bandiga ko‘ra:
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bor insonlar davlat sport tadbirlariga, teatrlariga va muzeylariga kirish bepul etib belgilangan.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi nogironligi bor insonlar sport to‘garaklarida bepul qatnashishi uchun yo‘llanmani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi beradi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi keksalar, nogironligi bor insonlar va ularni kuzatuvchi insonlarga davlat sport tadbirlariga, teatr va muzeylarga kirish bepul etib belgilangan.
Bunda faqatgina bitta o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor insonga faqat bitta hamroh sherik bo‘lib bepul kirishi mumkin.
Nogironligi bor insonlar uchun muzey, teatr va boshqa ko‘ngilochar joylarda yaratilishi kerak bo‘lgan sharoitlar:
- taktil yoʻlaklar,
- muzeylarda ona va bola хonalarini tashkil etish,
- bekatlar va jamoat transportida ovozli хabar berish tizimlarini joriy etish
- ovozli хabar berish svetoforlari
- metro bekatlarida nogironligi bor insonlar uchun koʻtarilish vositalarini oʻrnatish
- jarohat yetkazmaydigan ushlagich va panduslar oʻrnatish.
Хеч канака театр.саил..саилгохларга.боришйук.
ИЖТИМОИ ходимимиз.СОЦИАЛНОЕ ОБЕСПЕЧЕНИЯ РУЙХАТГА розилик.берсангиз. НОГИРОНЛИК РЕЙСТРИГА КРИТАМАН.ДЕДИ. МАН РОЗИЛИК.БЕРМАДИМ..КАМ ТАМИНЛАНГАН.ОИЛАСИГА.КРИТИБДИ..МАН 2 ГРУХ.ИМТИЕЗЛАРДАН ФОЙДАЛАНАОЛМАЙЯПМАН. .ДОРИЛАРИМНИ УЗИМ ОЛЯПМАН .
Assalomu alaykum
Telefon raqamingizni qoldiring, siz bilan telefon orqali bog‘lanamiz.