
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bepul yuridik yordam (pro bono) olish tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Ilyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Qora kostyum shim kiygan erkak kishi qo‘lida «Дело №» degan hujjatlar papkasini bir qo‘lida ushlab turibdi. Ikkinchi qo‘lida adolat tarozida turgan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxsni ko‘tarishga harakat qilyapti.
Bepul yuridik yordam nima va u kimlar tomonidan ko‘rsatiladi?
Bepul ixtiyoriy yuridik yordam (pro bono) – professional huquqshunoslar (advokatlar) tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga bepul, beg‘araz va ixtiyoriylik asosida ko‘rsatiladigan malakali yuridik yordam.
Bepul ixtiyoriy yuridik yordam (pro bono) advokatura sohasining vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari va yuridik klinikalar tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. Davlat ham qonunda belgilangan hollarda shaxslarning yuridik yordam olish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasida davlat hisobidan bepul yuridik xizmat ko‘rsatish bu fuqarolarning konsitutsiyaviy huquqi hisoblanib, Konsitutsiyamizning 29-moddasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi va qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi mustahkamlab qo‘yilgan.
Jismoniy shaxslar – O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
Yuridik shaxslar – fuqarolik huquq va majburiyatlarining subyektlari hisoblanuvchi korxona, muassasa va tashkilotlar.
Nodavlat notijorat tashkilotlar – jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni o‘z qatnashchilari o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotidir.
Yuridik klinika – jismoniy va yuridik shaxslarga bepul huquqiy yordam beradigan joy.
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi qaysi normativ hujjatlarda mustahkamlangan?
Bugungi kundа O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tоmоnidаn bеpul yuridik yоrdаm kо‘rsаtish asoslari quyidаgi qоnun hujjаtlаrida aks etgan:
– О‘zbеkistоn Rеspublikаsining Kоnstitutsiyаsi;
– О‘zbеkistоn Rеspublikаsining Jinоyаt-prоtsеssuаl kоdеksi;
– О‘zbеkistоn Rеspublikаsining “Аdvоkаturа tо‘g‘risidа”gi Qоnuni;
– O’zbekiston Rеspublikаsining “Аdvоkаtlik fаоliyаtining kаfоlаtlаri vа аdvоkаtlаrning ijtimоiy himоyаsi tо‘g‘risidа”gi Qоnuni;
– О‘zbеkistоn Rеspublikаsining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida” gi Qonuni;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida PQ-74-son qarori;
– Vаzirlаr Mаhkаmаsining 2008-yil 20-iyundаgi “Аdvоkаtlаr tоmоnidаn kо‘rsаtilgаn yuridik yоrdаm uсhun dаvlаt hisоbidаn hаq tо‘lаsh mехаnizmini tаkоmillаshtirish сhоrа-tаdbirlаri tо‘g‘risidа”gi 137-sоn qаrоri;
– Аdliyа vаzirligi vа Mоliyа vаzirligining 2008-yil 26-nоyаbrdаgi 8,109-sоn qаrоri bilаn tаsdiqlаngаn “Gumоn qilinuvсhi, аyblаnuvсhi yоki sudlаnuvсhigа аdvоkаtlаr tоmоnidаn yuridik yоrdаm kо‘rsаtish bо‘yiсhа хаrаjаtlаrni dаvlаt hisоbigа о‘tkаzish tаrtibi tо‘g‘risidа”gi nizоm.
Nogironligi bor shaxslar qanday asoslarda va tartibda davlat hisobidan bepul yuridik yordam olishlari mumkin?
Agar nogironligi bor shaxs bir vaqtning o‘zida “Ijtimoiy himoya” yagona reyestri axborot tizimida kam ta’minlangan shaxs deb e’tirof etilgan bo‘lsa, o‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyundagi “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida” gi 848-sonli qonunining 9-moddasiga asosan davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu holatda murojaat qilgan shaxs fuqarolik ishlari bo‘yicha daʼvogar yoki javobgar, maʼmuriy ishlar bo‘yicha arizachi, maʼmuriy qamoq tarzidagi maʼmuriy jazo nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs, jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi shuningdek mahkum bo‘lgan sifatida ishtirok etayotgan bo‘lishi va unga davlat hisobidan bepul advokat jalb etiladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam olish istagida bo‘lgan yuqoridagi shaxslar doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar istalgan hududdagi vakolatli davlat organiga (Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘limlariga) og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishlari talab etiladi. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. “Yuridik yordam” aхborot tizimida nogironligi boʻlgan shaхslarga advokatlar tomonidan bepul yordam berish (pro bono) uchun murojaatlarni qabul qiluvchi boʻlim yaratilgan.
Ushbu bo‘limdan foydalanmoqchi bo‘lgan nogironligi bor shaxslar https://e-advokat.uz/ orqali “murojaat yuborish” havolasidan o‘tib, o‘z Yagona identifikatsiya tizimi orqali murojaatlarini yuborishlari mumkin.
Vаzirlаr Mаhkаmаsining 2008-yil 20-iyundаgi “Аdvоkаtlаr tоmоnidаn kо‘rsаtilgаn yuridik yоrdаm uсhun dаvlаt hisоbidаn hаq tо‘lаsh mехаnizmini tаkоmillаshtirish сhоrа-tаdbirlаri tо‘g‘risidа”gi 137-sоn qаrоrida ham kаm tа’minlаngаn fuqаrоlаrni ijtimоiy himоyа qilish mаqsаdidа advokatlar uchun to‘lov davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan buning uchun, har bir oila a’zosining yalpi oylik daromadi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, oilasida har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan oylik daromad mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 52,70 foizi ya’ni 2023 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra 553 ming 350 so‘mdan kam bo‘lgan va jinoyat ishida himoyachining qatnashishi majburiy deb hisoblangan hollarda advokat uchun to‘lov davlat hisobidan amalga oshiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxs “Ijtimoiy himoya” yagona reyestri axborot tizimida kam ta’minlangan shaxs sifatida qayd etilmagan bo‘lsa bepul yuridik yordam beriladimi?
Agar nogironligi bor shaxs “Ijtimoiy himoya” yagona reyestri axborot tizimida kam ta’minlangan shaxs sifatida qayd etilmagan ammo unda ruhiy holati buzilishi bor bo‘lib, unga psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan bo‘lsa ham davlat tomonidan bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi. Shaxs ruhiy holatining O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan xalqaro kasalliklar tasnifiga muvofiq tan olingan o‘zgarishi ruhiy holat buzilishi deb topiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 51-moddasiga muvofiq ko‘rish, eshitish va nutq a’zolari faoliyati bilan bog‘liq jismоniy nuqsоni yоki ruhiy hоlаti buzilgаn nogironligi bor shaxslar sog‘ligidagi muammolari sababli jinoyat ishi yuzasidan о‘zini о‘zi himоyа qilish huquqini аmаlgа оshirishda to‘siqlarga duch kelgan taqdirda bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul yuridik yordam ko‘rsatish (pro bono) imkoniyati mavjudmi?
Respublikamizda ayrim nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ham fuqarolarga shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy maslahat berish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu sohada “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni alohida e’tirof etish lozim. Ushbu tashkilotning Respublika bo‘ylab faoliyat ko‘rsatayotgan huquqiy byurolari soni 73 taga yetgan. (Ushbu huquqiy byurolar manzillari bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin https://advice.uz/oz/offices). Fuqarolar jumladan nogironligi bor shaxslar ushbu huquqiy byurolarga borib, bepul huquqiy maslahatlar olishi yoki Internet tarmog‘ida mavjud “advice.uz” (https://advice.uz/oz) portal orqali o‘z savollariga javob topishlari mumkin.
Ushbu portaldan foydalanish uchun telefon raqam orqali ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Shu bilan birga, ko‘p berilgan savollarga javoblarni o‘qish uchun ro‘yxatdan o‘tish talab etilmaydi. Sayt interfeysida maxsus imkoniyatlar bo‘limida shrift o‘lchami va ko‘rinishni o‘zgartirish imkoniyati mavjud. Agar savollarni yozma tarzda yuborish imkoni bo‘lmasa “Madad” NNTning bosh bo‘limiga (0371) 256-52-53 telefoni orqali qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, fuqarolar Internet tarmog‘ida mavjud https://yurxizmat.uz/uz/news/ havolasi orqali “Legal Tech” axborot tizimidan foydalangan holda o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatishlari ya’ni yuzlab huquqiy hujjatlar (huquqiy shartnomalar, buyruq ariza, dalolatnoma va boshqa hujjatlarni) elektron tarzda foydalanishlari va huquqiy hujjatlarni tayyor holatda yuklab olishlari mumkin.
Misol tariqasida mehnat ta’tilini olish bo‘yicha ariza yozish yoki oldi-sotdi shartnomasi matnini tayyorlash uchun shu xizmatdan foydalansa bo‘ladi. Buning uchun foydalanuvchilar Yagona identifikatsiya tizimi orqali avtorizatsiyadan o‘tishlari, kerakli hujjat nomini (shartnoma,buyruq yoki dalolatnoma) tanlashlari, hujjatlarga shaxsiy ma’lumotlarni (familya, ismi, korxona nomi va boshqalar) kiritishlari va tayyor hujjatlarni elektron shaklda ko‘chirib olishlari mumkin.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar pro bono (bepul yuridik yordam) olish uchun yana qanday tashkilotlarga murojaat qilishlari mumkin?
Hozirgi kunda o‘ndan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari va ijtimoiy markazlar tomonidan aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatib kelinmoqda, quyidagi ro‘yxatda ushbu tashkilotlarning telefon raqamlari va ixtisosliklari keltirilgan:
Yuqorida sanab o‘tilgan tashkilotlar bilan bir qatorda O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi tomonidan ham nogironligi bor shaxslarning murojaatlari yuzasidan bepul huquqiy maslahatlar (konsultatsiya) beriladi.
Shuningdek, murojaat qilish istagida bo‘lgan nogironligi bor shaxslar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasining “Huquq Plus’’loyihasi asosida yaratilgan www.huquqplus.uz maxsus huquqiy axborot veb-portaliga o‘z savollarini yo‘llash orqali ham bepul huquqiy maslahatlar olish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi va advokatlar tomonidan ham nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy yordam (pro bono) ko‘rsatiladimi?
Ha, bepul huquqiy yordam olish istagida bo‘lgan nogironligi bor shaxslar O‘zbekiston Respublikasi advokatlar palatasiga murojaat qilishlari mumkin. Zero, advokatlar palatasining asosiy vazifalardan biri – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik yordam (pro bono) ko‘rsatishni rivojlantirish hisoblanadi.
Murojaat qilmoqchi bolgan shaxslar advokatlar palatasiga O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent sh., Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk ipak yo‘li, 471 manzili bo‘yicha shaxsan kelishlari yoki +99871 261-61-43 telefon orqali qo‘ng‘iroq qilgan holda o‘z savollariga javob olishlari mumkin. Advokatlar palatasi tomonidan ham sayyor qabul va bepul huquqiy yordam aksiyalari tashkillashtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy yordam (pro bono) olish uchun yuridik klinikalarga murojaat qilish mumkinmi? Qay tartibda murojaat qilish imkoni mavjud?
Undan tashqari yuridik klinikalar hozirda Toshkent davlat yuridik universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlarida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular tomonidan murojaat qilgan shaxslarga bepul huquqiy maslahatlar berib kelmoqda.
JIDU qoshidagi yuridik klinika 2000-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Huquqiy yordam fuqarolik, meros, oilaviy, mehnat, uy-joy va boshqa masalalar bo‘yicha maslahatlar va tegishli sud va suddan tashqari hujjatlar (arizalar, murojaatlar, shikoyatlar va boshqalar) tayyorlash shaklida ko‘rsatiladi. Yuridik klinikaga qabul (Mustaqillik shoh koʻchasi 54, JIDU A-o‘quv binosi manzili bo‘yicha) dushanbadan jumagacha 16:00 dan 19:00 gacha amalga oshiriladi. Shuningdek +99 871 268 14 -21, (71) 267-16-15 telefon raqamlari orqali yuridik klinika a’zolari bilan bog‘lanish mumkin.
Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik klinikasi ham fuqarolarni haftaning dushanbadan jumagacha soat 10:00 dan 15:00 gacha (Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy, TDYU 1-o‘quv binosi, 124-xona manzili bo‘yicha) qabul qiladi. Kelish imkoniyati bo‘lmagan shaxslar o‘z murojaatlarini telegram messenjeri orqali @TDYU_Yuridik_klinika_bot ga o‘z murojaatlarini yuborishlari yoki +998 (71) 233-66-36, 1114 (ichki) telefoni orqali bog‘lanishlari mumkin.
Foydalanilgan manbalar ro‘yxati:
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;
- O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-Protsessual Kodeksi;
- O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyundagi “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida” gi O‘RQ-848-son Qonuni
- O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-maydagi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi O‘RQ-690-son Qonuni;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-fevraldagi “Nogironlik bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida PQ-74-son qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentinin 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5618 Farmoni;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-iyundagi “Advokatlar tomonidan ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun davlat hisobidan haq to‘lash mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 137-son Qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi advokatlar palatasining ustavi (yangi tahriri);
- https://yurxizmat.uz/oz/page/legal-documents;
- https://sharoitplus.uz/huquq-plus-maxsus-huquqiy-axborot-veb-portali;
- https://tsul.uz/uz/general-page/yuridicheskaya-klinika;
- https://www.uwed.uz/faculties/6/legal-clinic;
- https://advice.uz/oz/document/1277;
- https://id.egov.uz/oz;
Bu maqolada sen bepul huquqiy yordam olish haqida bilib olasan.
Bepul ixtiyoriy huquqiy yordam – bu tajribasi bor advokat, huquqshunoslar senga o‘zi xohlab bepul huquqiy yordam berishi.
Senga:
- nodavlat notijorat tashkilotlari
- advokatlar
- huquqiy yordam markazlari bepul huquqiy yordam beradi.
Advokat – bu huquq sohasida diplomi va bilimi bor inson.
Nodavlat Notijorat Tashkilotlar – bu
- Insonlar va tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan
- Maqsadi pul topish bo‘lmagan
- Ishlab topilgan pullarni o‘z ishchilariga bo‘lib bermaydigan
- O‘zini o‘zi boshqaruvchi tashkilot.
Konstitutsiyaga ko‘ra sen bepul huquqiy yordam olishing mumkin.
Konstitutsiya – bu sening imtiyoz va majburiyatlaring yozilgan hujjat.
Senga davlat bepul huquqiy yordam berishi haqida:
- Konstitutsiya moddalari
- Prezident qaror
- Farmonlari
- Vazirlik qarorlari bor.
Sen O‘zbekistondagi yordamga muhtoj insonlar ro‘yxatiga kirgan bo‘lsang, 2023-yil 16-iyundagi 848-sonli qarorning 9-moddasiga ko‘ra davlatdan bepul huquqiy yordam olishing mumkin.
Sen sudda:
- daʼvogar bo‘lsang
- javobgar bo‘lsang
- arizachi bo‘lsang
- huquqbuzarlik qilgan bo‘lsang
- gumon qilinuvchi bo‘lsang
- ayblanuvchi bo‘lsang
- sudlanuvchi bo‘lsang senga davlat bepul advokat beradi.
Sen davlat tomonidan bepul huquqiy yordam olish uchun Adliya vazirligiga og‘zaki yoki yozma murojaat qilishing kerak.
Sen davlatdan internet orqali bepul huquqiy yordam olishing ham mumkin.
Sen internet orqali yordam olishing uchun huquqiy yordam xizmati bor.
Internetdagi Yuridik yordam xizmatidan foydalanish uchun:
- https://e-advokat.uz/ internet manziliga kirasan
- murojaat yuborish bo‘limini tanlaysan
- so‘ralgan ma’lumotlarni va savolingni yozib qoldirasan.
2008-yil 20-iyundаgi 137-sоn qarorga ko‘ra:
- agar sen yordamga muhtoj
- kam daromadli insonlar ro‘yxatiga kirgan bo‘lsang seni sudda himoya qiladigan advokatga davlat pul to‘laydi.
Sen va sening oilang oyiga:
- 553 ming 350 (besh yuz ellik uch ming uch yuz ellik) so‘mdan kam pul topsa, yordamga muhtoj, kam daromadli hisoblanadi.
Sen yordamga muhtoj insonlar ro‘yxatiga kiritilmagansan lekin, ruhiy kasallik sabab psixiatrda davolanayotgan bo‘lsang senga davlat bepul huquqiy yordam beradi.
Jinoyat kodeksining 51-moddasiga ko‘ra senda:
- ko‘rishda
- eshitishda
- gapirishda
- jismoniy
- ruhiy nogironlik bo‘lsa senga davlat bepul huquqiy yordam beradi.
O‘zbekistonda senga bepul huquqiy yordam beruvchi Madad nodavlat notijorat tashkiloti ham bor.
Madad tashkilotining O‘zbekistonda 73 ta huquqiy yordam markazlari bor.
Madad tashkilotining manzillarini https://advice.uz/oz/offices internet sahifasidan ko‘rishing mumkin.
Sen savollaringni yoza olmasang Madad tashkiloti raqamiga qo‘ng‘iroq qilishing mumkin.
- (71) 256 52 53
Sen Madad tashkilotining internetdagi https://advice.uz/oz sahifasi orqali ham bepul huquqiy yordam olishing mumkin.
Sen Madad https://advice.uz/oz internet sahifasidan foydalanishda telefon raqaming bilan ro‘yxatdan o‘tishing kerak.
Madad https://advice.uz/oz internet sahifasining yozuv o‘lchamlari va ko‘rinishini o‘zgartirish mumkin.
Internetda Legal Tech https://yurxizmat.uz/uz/news/ xizmati ham bor.
“Legal Tech”da sen:
- huquqiy shartnomalar
- buyruq ariza
- dalolatnoma
- boshqa hujjatlarni tayyorlashing mumkin.
O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi ham senga bepul huquqiy maslahat beradi.
Sen SHAROIT PLYUS tashkilotining Huquq plyus www.huquqplus.uz internet sahifasi orqali huquqiy savollaringga bepul javob olishing mumkin.
Sen bepul huquqiy yordam olmoqchi bo‘lsang O‘zbekiston advokatlar palatasiga ham murojaat qilishing mumkin.
Advokatlar palatasi – bu O‘zbekistondagi advokatlarning a’zo bo‘lishi shart bo‘lgan tashkilot.
Advokatlar palatasi huquqiy yordamga muhtoj insonlarga bepul huquqiy yordam beradi va bepul huquqiy yordam berishni rivojlantiradi.
Advokatlar palatasi manzili:
- O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk ipak yo‘li 471
- Telefon raqami: (71) 261 61 43
- Toshkent davlat yuridik universiteti
- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlari ham sening huquqiy savollaringga javob beradi.
Toshkent davlat yuridik universiteti huquqiy yordam markazi manzili:
- Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy, TDYU 1-o‘quv binosi, 124-xona
- Ish vaqti: dushanbadan – jumagacha soat 10:00 dan 15:00 gacha
- Telefon raqami: (71) 233 66 36 ga telefon qilgandan keyin 1114-ichki raqamni terishing kerak.
- Telegram manzil:@TDYU_Yuridik_klinika_bot
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huquqiy yordam markazi manzili:
- Mustaqillik shoh koʻchasi 54, JIDU A-o‘quv binosi.
- Ish vaqti: dushanbadan jumagacha soat 16:00 dan 19:00 gacha
- Telefon raqam:
- (71) 268 14 21
- (71) 267 16 15
Huquqiy markazlar senga:
- meros
- oila
- ish
- uy-joy
- boshqa muammolarni hal qilishingda
- huquqiy maslahatlar
- sud
- suddan tashqari hujjatlar tayyorlashda yordam beradi.
Men 2-guruh nogironiman Oliy taʼlimni bitirish arafasida man ammo ishga kir olmayapman soham boʻyicha har-xil bahonalar bilan qaytarishyapti
Toshkent shahrida bo‘lsangiz,
https://t.me/ishplus_uz shu kanalga obuna bo‘ling ish masalasi bo‘yicha.
http://www.ishplus.uz ma’lumot xizmati telefon raqami +998 (90) 818-07-08 faqat ish kunlari soat 9:00 dan 17:00 gacha ishlaydi.
Agar Toshkent shahrida bo‘lmasangiz, hududingizdagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.
Men 1-guruh nogironiman oyoq bo’yicha
Farg’ona viloyati rishton tumanida yashayman
Shu tumanda qandaydir ish o’rinlari bormi yoki ish bilan ta’minlaydigan tashkilot
Rishton tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi Raximov Jaloliddin Muxiddin o‘g‘liga murojaat qilishni tavsiya etamiz. Manzil: Farg’ona viloyati, Rishton tumani, Rishton shahri Shokir ota ko’chasi, 42-uy. Telefon: +998912839101; 734521721
Манга адвокат кере ногиронман
Assalomu alaykum
Siz O‘zbekiston Respublikasi advokatlar palatasiga murojaat qilishingiz mumkin.Zero, advokatlar palatasining asosiy vazifalardan biri – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik yordam (pro bono) ko‘rsatishni rivojlantirish hisoblanadi.
Murojaat qilmoqchi bolgan shaxslar advokatlar palatasiga O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent sh., Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk ipak yo‘li, 471 manzili bo‘yicha shaxsan kelishlari yoki +99871 261-61-43 telefon orqali qo‘ng‘iroq qilgan holda o‘z savollariga javob olishlari mumkin.
Menga advakat kerak juda zarur!!!
Assalomu alaykum
Biz hozircha advokatlik faoliyati bilan shug‘ullana olmaymiz. Ammo, biz sizga yuridik yordam ko‘rsatishimiz, sizning nomingizdan sudda qatnashishimiz mumkin. Agar sizga bizning xizmatlar kerak bo‘lsa, siz o‘zingizning ism-familiyangiz, telefon raqamingiz va murojaatingiz mazmunini sayt orqali qoldiring. Tez orada siz bilan bog‘lanamiz.
Asalamu allaykum men alement pularini ololmayaman qaraqalpogiston ijrochisi yordam bermadi advokat yuladim yordam bermadi qizim cherepni davleniya uzim qulim qaltiraydi iltimos erimdan pulimni olishimda yordam bering menga advokat kerak
Vaalaykum assalom! Davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyingizdan qatʼi nazar istalgan hududdagi vakolatli davlat organiga (Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘limlariga) og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishingiz mumkin. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. “Yuridik yordam” aхborot tizimida nogironligi boʻlgan shaхslarga advokatlar tomonidan bepul yordam berish (pro bono) uchun murojaatlarni qabul qiluvchi boʻlim yaratilgan.
Ushbu bo‘limdan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, https://e-advokat.uz/ orqali “Murojaat yuborish” havolasidan o‘tib, o‘z Yagona identifikatsiya tizimi orqali murojaatingizni yuborishingiz mumkin.
Assalomu alaykum, hurmatli fuqaro, agar sizda sudning aliment undirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i mavjud bo‘lib, aliment to‘lovlari jami ikki oydan ortiq muddat davomida to‘lanmagan bo‘lsa, bunday holat O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47.4-moddasiga muvofiq huquqbuzarlik hisoblanadi. Ushbu normaga asosan, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxs 15 sutkagacha ma’muriy qamoq, yoki 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlari, yoxud mazkur jazo turlari qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, agar sud qarori ijrosi Majburiy ijro byurosi (MIB) tomonidan ta’minlanmayotgan bo‘lsa yoki ijro harakatlari amalga oshirilmayotgan bo‘lsa, siz 1007 qisqa raqami orqali yoki yozma tarzda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga MIB ustidan shikoyat qilish huquqiga egasiz.
Aliment to‘lovini amalga oshirishi lozim bo‘lgan shaxs qasddan to‘lovdan bo‘yin tovlayotgan bo‘lsa, uni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun siz o‘zingiz yashab turgan hududi bo‘yicha ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qilishingiz lozim. Mazkur murojaat asosida materiallar rasmiylashtirilib, 47.4-modda tartibida chora ko‘riladi.
Qo‘shimcha ravishda shuni ma’lum qilamizki, bolaning davolanishi va ta’minoti bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni undirish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 103-moddasiga muvofiq fuqarolik sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shu bois, agar ikkinchi ota-ona bolaning davolanishi uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ixtiyoriy ishtirok etmasa, siz yashash joyingiz bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishingiz lozim.
Fuqarolik sudiga murojaat etish orqali bolaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq davolanish, tibbiy xizmatlar, dori-darmon va reabilitatsiya xarajatlarini pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish masalasini hal qilish mumkin.