
Nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratish
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironlar aravachasida o‘tirgan bola qulog’ida quloqchin, stol oldida kompyuter qarshisida o‘tiribdi. Stolda kompyuter va telefon tasvirlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi 57-sonli qarori qabul qilingan.
Qarorda har yili 500 nafargacha nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini hamda nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishlari uchun subsidiyalar ajratilishi belgilangan.
Mazkur subsidiyalarni ajratish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyundagi 341-son qarori bilan “Nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishning” ning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.
Subsidiya – davlat tomonidan qaytarib bermaslik sharti bilan maqsadli ajratiladigan pul mablag‘i hisoblanib, nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun davlat tomonidan qaytarilmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag‘i hisoblanadi.
Subsidiyalar qanday tartibda ajratiladi?
14 yoshga kirgan va 30 yoshdan oshmagan nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar yoki mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya — kasbga tayyorlov kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, maxsus sertifikat olgan hamda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hamda tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan nogironligi bo‘lgan yoshlarga faoliyati uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xarid qilish uchun beriladigan mablag‘.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar – mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar;
Subsidiyalar qancha miqdorda ajratiladi?
Asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya 1 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs uchun ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 50 baravari (20 600 000 so‘m) dan oshmasligi kerak. Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori – 412 000 so‘mni tashkil etadi.
Nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratish bo‘yicha quyidagi talablar mavjud:
Subsidiya ajratishni so‘rab murojaat qilganda barcha hujjatlar to‘liq va to‘g‘ri taqdim etilishi kerak.
Subsidiya ajratishni so‘rab, nogironligi bo‘lgan yoshlar 2 usulda ariza topshirishlari mumkin:
1-usul. Davlat xizmatlari markazlari orqali bunda fuqaroga subsidiyani olish uchun arizani davlat xizmatlari markazidagi xodimlar yordamida to‘ldirish va yuborish imkoni mavjud;
2-usul. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda topshirish imkoniyati mavjud;
Mustaqil ravishda subsidiya olish uchun ariza topshirish quyidagicha amalga oshiriladi:
Dastlab fuqaro my.gov.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tadi va saytdan “Yoshlar” bo‘limi tanlanadi:

Mazkur bo‘limga kirgach, “Nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya” bo‘limi tanlanadi va ariza to‘ldiriladi.

16 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalarning asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish bo‘yicha subsidiya olish uchun ariza topshirishlari ularning qonuniy vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
Agar ariza o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning qonuniy vakili tomonidan berilsa, uning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) va bolaning qonuniy vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjat arizaga kiritiladi.
Ariza beruvchi shaxsiy ma’lumotlarni kiritish jarayonida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini muvaffaqiyatli tugatganligini tasdiqlovchi maxsus sertifikatni (“pdf” yoki “jpg” formatda) ham yuklaydi.
Arizalar quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
- Subsidiya olish uchun 500 nafar talabgorning arizasi qabul qilingan bo‘lsa;
- Subsidiya ajratishni so‘rab taqdim etgan arizada ma’lumotlar noto‘g‘ri ko‘rsatilganda yoki to‘liq bo‘lmaganda;
- ariza beruvchi ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlar ro‘yxatida, shuningdek, narkologiya dispanseri hisobida tursa;
- ariza beruvchida nogironlik mavjud bo‘lmasa;
- ariza beruvchi kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, maxsus sertifikat olmagan bo‘lsa;
- ariza beruvchi tadbirkorlik subyekti yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganiga bir yuz sakson kundan oshgan bo‘lsa;
Bunday holatlar yuzaga kelganda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ariza beruvchiga tegishli kamchiliklar ko‘rsatilgan holda SMS-xabarnoma yuboriladi.
Agar ariza beruvchi ushbu ko‘rsatilgan holatlarni bartaraf etsa, qaytadan ariza yuborishi mumkin bo‘ladi.
Nogironligi bo‘lgan yoshlarga subsidiyalarni ajratishni ko‘rib chiqish va subsidiyalarni ajratish bosqichlari nogironligi bo‘lgan yoshlar subsidiyalarni olish uchun topshirgan arizalari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 15 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Agar nogironligi bo‘lgan ariza beruvchi barcha talablarga mos kelsa, shaxsning arizasi ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi va bu bo‘yicha ariza beruvchining telefon raqamiga SMS-xabarnoma yuboriladi.
Agar nogironligi bo‘lgan shaxs subsidiya olish uchun barcha talablarga mos kelsa, agentlik ikki ish kunida murojaatdagi ma’lumotlarning to‘liq va asosli ekanligini tekshirish uchun ariza beruvchining yashash joyidagi mahallaning yoshlar yetakchisiga yo‘naltiradi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi 5 kun ichida ariza beruvchini ko‘rsatilgan talablarga mos kelishini o‘rganadi va ariza beruvchiga subsidiya ajratish haqida tavsiya yoki ajratishni rad etish haqida xabarnoma tayyorlanadi hamda agentlikning tuman (shahar) bo‘limiga elektron shaklda yuboriladi.
Bu chora-tadbirlar nogironligi bo‘lgan yoshlarning topshirgan arizalari asosli ekanligini tekshirish uchun kerak.
Agentlik ariza beruvchiga subsidiyani to‘lash yoki uni rad etish to‘g‘risida uch ish kunida qaror qabul qiladi, subsidiyani to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilinganda agentlik asbob-uskunalar yoki mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiyani tuman (shahar) bo‘limi hisobvarag‘iga o‘tkazadi va bu haqida elektron tizimga ma’lumot kiritadi hamda ariza beruvchiga SMS-xabarnoma yuboradi.
Agentlikning tuman (shahar) bo‘limi kelib tushgan subsidiyani besh ish kunida ariza beruvchining murojaatida ko‘rsatilgan asbob-uskunalar yoki mehnat qurolini xarid qilish uchun savdo tashkilotning hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
Savdo tashkilotidan asbob-uskunalar yoki mehnat qurolini ariza beruvchi mahalladagi yoshlar yetakchisi ishtirokida topshirish-qabul qilish dalolatnomasi asosida qabul qilib oladi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi subsidiya ajratishni rad etish bo‘yicha tavsiyanoma berishi mumkin. Bunday hollarda nogironligi bo‘lgan shaxsga 2 ish kuni ichida SMS-xabarnoma yuboriladi.
Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi subsidiya ajratilishini asossiz ravishda rad etgan bo‘lsa, nogironligi bo‘lgan shaxs Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limiga bu haqida murojaat qilishga haqli. Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi esa murojaatchidan tegishli hujjatlar kelib tushgandan keyin 5 ish kuni ichida uning murojaatini qanoatlantirishi kerak.
Nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratish sxemasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyundagi 341-son qarorining 1-ilovasi orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Foydalanilgan manbalar:
3. my.gov.uz – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
Bu maqolada sen kerakli mehnat qurollarini sotib olish uchun ajratiladigan subsidiya haqida bilib olasan.
Subsidiya – bu sening xarajatlaring uchun davlat bir marta beradigan va qaytarib olmaydigan pul.
Prezidentning 2021-yil 21-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, har yili 500 ta nogironligi bor yoshlarga:
- o‘qish
- yashash
- transport
- asbob-uskunalar uchun subsidiya beriladi.
Asbob – uskunalar uchun subsidiya – bu ishlashing uchun kerak bo‘lgan asbob-uskunalarni sotib olishga davlat tomonidan bir marta beriladigan va qaytarib olinmaydigan pul.
Senga asbob-uskunalar subsidiyasi:
- kasb o‘rgatadigan kursni tugatsang
- kasb kursi bo‘yicha sertifikat olsang
- o‘zingni band qilsang
- tadbirkor bo‘lib davlat ro‘yxatiga kirsang beriladi.
Kasb o‘rgatadigan kurs – bu sen biron sohani o‘quv markazi yoki kurslarda o‘rganishing.
Sertifikat – bu sen kasb o‘rgatadigan kursni tugatganingni tasdiqlovchi hujjat.
O‘zingni band qilishing – bu:
- o‘zing ishlab pul topishing
- ishlagan pulingdan davlatga soliq to‘lashing
- ish tajribang bo‘lishi
- imtiyozlardan foydalanish huquqing bo‘lishi
Senga ishlashing uchun kerakli asbob-uskunalarni sotib olishga Bazaviy hisoblash miqdorining 50 (ellik) baravarigacha (o‘n yetti million so‘mdan) subsidiya ajratiladi
Hozirda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari – 340 000 (uch yuz qirq ming) so‘m.
Sen asbob – uskuna subsidiyasiga 2 xil usulda ariza berishing mumkin:
- davlat xizmatlari markazlaridan
- my.gov.uz davlat xizmatlari markazi internet manzilidan.
Davlat xizmatlari markazi – bu hammaga va nogironligi bor insonlarga hujjat ishlarida yordam beradigan tashkilot.
Davlat xizmatlari markazlariga sen o‘zing borib, markaz xodimlari bilan birga asbob-uskunalar subsidiyasiga ariza berishing mumkin.
my.gov.uz davlat xizmatlari markazlarining internet manzili orqali o‘zing ariza topshirishing mumkin.
Sen 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsang asbob-uskunalar subsidiyasini olish uchun arizani ota-onang yoki senga qarovchi inson topshiradi.
Ota-ona yoki nogironligi bor bolaga qarovchi inson ariza berishda:
- o‘zining pasport – JSHSHIR – 14 ta raqamni
- bolaning qonuniy vakili ekanligini bildiruvchi hujjatini qo‘shib topshiradi.
Sen ariza berishda kasb-hunar kurslarida oʻqiganliging haqidagi sertifikatni (pdf yoki jpg ko‘rinishda) yuklashing kerak.
Nogironligi bor yoshlarning asbob-uskuna subsidiyasi uchun berilgan arizalarini Yoshlar ishlari agentligi 15 kunda koʻrib chiqadi.
- Arizani rad etish
- hujjatlar toʻgʻri boʻlsa arizani koʻrib chiqish haqida sening roʻyxatdan o‘tgan telefon raqamingga SMS-xabar keladi.
Arizalar rad etilishi mumkin boʻlgan holatlar:
- 500 ta yoshlarga subsidiya berib boʻlinganda
- sening avvalgi arizang qabul qilinganda
- arizada ma’lumotlar notoʻg‘ri yoki kam boʻlganda
- sen ruhiy kasallar yoki giyohvand insonlar roʻyxatida boʻlganingda
- senda nogironlik yoʻq boʻlganda
- sen kasb-hunar kurslarini tugatib lekin sertifikat olmaganingda
- sen tadbirkor boʻlsang yoki oʻzingni band qilib davlat roʻyxatidan oʻtganingga 180 kun, ya’ni 6 oydan koʻp boʻlganda.
Agar sening arizangda xato borligi sabab qabul qilinmasa, arizadagi xatolarni to‘g‘rilab qaytadan ariza topshirishing mumkin.
Sen subsidiya olish uchun talablarga toʻgʻri kelsang, agentlik 2 kunda sening ma’lumotlaringni tekshirish uchun mahalla yoshlar yetakchisiga yuboradi.
Mahalla yoshlar yetakchisi 5 kunda sening ma’lumotlaring to‘gʻriligini tekshiradi.
Senga subsidiya ajratish yoki ajratmaslik haqida tuman (shahar) agentligiga internet orqali xabar yuboradi.
Tuman (shahar) agentligi 3 kunda senga subsidiyani berish yoki rad etishni tasdiqlaydi.
Subsidiya berilmasa yoki subsidiya puli agentlik hisobiga oʻtkazib berilsa, bu haqida senga a SMS-xabar keladi.
Tuman (shahar) agentligi pulni 5 kunda arizada ko‘rsatilgan asbob-uskunalarni sotib olish uchun savdo tashkiloti hisobiga oʻtkazadi.
Sen asbob-uskunalarni savdo tashkilotidan mahalladagi yoshlar yetakchisi bilan birga topshirish-qabul qilish hujjatini qabul qilib olasan.
Mahalla yoshlar yetakchisi subsidiyani rad etish haqida tavsiyanoma berishi mumkin.
Rad etish haqidagi tavsifnoma berilsa senga 2 kunda SMS xabar keladi.
Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi subsidiyani sababsiz rad etsa, sen Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimiga bu haqida aytishing kerak.
Nogironligi boʻlgan yoshlarga asbob-uskunalar subsidiyasi haqida boshqa ma’lumotlarni:
- O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyundagi 341-son qarorining 1-ilovasidan bilib olishing mumkin.