
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning notarial, bank va boshqa xizmatlardan foydalanishdagi huquq va imtiyozlari
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muallif: Sevaraxon Fatxullayeva
Muharrir: Dilmurod Yusupov
Illyustratsiya: Nafisa Xusnitdinova
Illyustratsiyaga izoh: Rasmda qora sochli, qora ko‘zoynak taqqan odam stol ortida o‘tiribdi. U hujjatga faksimil imzosini bosayotgan holatda tasvirlangan. Stol ustida qog‘oz va imzo namunasi joylashgan. Orqa fonda “NOTARIUS” yozuvi bor bino tasvirlangan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar, xususan ko‘rish yoki jismoniy nogironligi bor fuqarolar uchun notarius, bank yoki boshqa idoralarda rasmiy hujjatlarni imzolash jarayoni ayrim hollarda murakkab bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda ularning huquqlari to‘liq ta’minlanishi, notarial harakatlar jarayonida adolat va shaffoflik saqlanishi uchun maxsus tartiblar belgilangan.
Shu jumladan, sog‘lig‘i sababli o‘z qo‘li bilan imzo qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslar faksimil imzodan — ya’ni shaxsning o‘z imzosining maxsus shtamp ko‘rinishidagi nusxasidan foydalanish huquqiga egadirlar. Bu imkoniyat nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mustaqil ravishda huquqiy munosabatlarda ishtirok etish, o‘z irodasini erkin ifoda etish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasiga ko‘ra, faksimil imzo — bu nogironligi tufayli o‘z qo‘li bilan imzo qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ishlatiladigan maxsus tayyorlangan shtamp (klishe)dir. U shaxsning haqiqiy imzosi o‘rnini bosadi va qonuniy kuchga ega bo‘ladi.
Bu norma nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqiy tengligini ta’minlashga qaratilgan. Chunki ayrim holatlarda — masalan, qo‘l-oyoqlar yo‘qligi, harakatlarni muvofiqlashtirishning buzilishi, falajlik yoki ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi sababli shaxs oddiy tarzda imzo qo‘ya olmaydi. Faksimil imzo shu to‘siqlarni bartaraf etadi va hujjatni rasmiylashtirishda nogiron shaxsning irodasini aniq ifodalash imkonini beradi.
Faksimil imzo:
- shaxsning o‘zi tomonidan tayyorlangan yoki uning roziligi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak;
- notarius, advokat yoki boshqa rasmiy organlar huzurida qo‘llanishi mumkin;
- hujjatga haqiqiy imzoning o‘rnida qo‘yiladi va qonuniy kuchga ega.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning sud va sud protsessidagi huquq va imtiyozlari haqida huquqiy maqolamizni o‘qing.
Shunday qilib, ushbu tartib nogironligi bo‘lgan shaxslarning mustaqil huquqiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, hujjatlarining haqiqiyligini kafolatlash va inson sha’nini himoya qilishga xizmat qiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun notarial harakatlarni rasmiylashtirish tartibi
Amaldagi “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ning 9-bandiga muvofiq, notariuslar «faksimile imzo muhri qoʻyilgan hujjatlar»ni qabul qilmaydi va bunday imzolar notarial harakatlarda yuridik kuchga ega deb hisoblanmaydi. Bu holat, aslida, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi bilan ma’lum darajada ziddiyatga kiradi. Chunki mazkur modda nogironligi bor shaxsning faksimil imzosini qonuniy deb tan olgan va uni o‘z qo‘li bilan imzo qo‘yish imkoniyati yo‘q holatlarda huquqiy yechim sifatida belgilagan.
Natijada, amaliyotda nogironligi bo‘lgan shaxs o‘z faksimil imzosi orqali hujjatni imzolamoqchi bo‘lsa, notarius uni tan olmasligi holatlari uchraydi. Bu esa fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladi.
Quyidagi jadvalda notarius amaliyotida turli xil hayotiy holatlarga nisbatan amalga oshiradigan choralar haqida batafsil ma’lumot berilgan.
| Holat | Amalga oshiriladigan choralar (10/24/3113-9/0068-son yo‘riqnomaning 8-bandiga muvofiq) |
| Fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi, savodsizligi yoki boshqa sabablar tufayli hujjatni o‘zi imzolay olmasa | Hujjatni fuqaroning topshirig‘iga ko‘ra boshqa fuqaro, fuqaroning o‘zi va notarius hozirligida imzolaydi, hujjatni imzolay olmaganlik sabablari hujjat matniga va tasdiqlovchi yozuvga kiritiladi, jarayon audio va videoyozuv vositalarida qayd etiladi. |
| Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan savodsiz fuqaro bo‘lsa | Notarius hujjatni ovoz chiqarib o‘qib beradi va bu haqda hujjatga qayd qiladi. Imo-ishora tili tarjimoni ishtirok etishi shart hisoblanib hujjat mazmuni fuqaroning xohishiga muvofiqligini imzo bilan tasdiqlaydi. |
| Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan hamda muomala layoqatiga ega bo‘lgan savodli fuqaro bo‘lsa | Bitim,ariza yoki boshqa hujjat uning o‘zi tomonidan va imo-ishora tili tarjimoni tomonidan imzolanishi mumkin. Agar fuqaro imo-ishora tili tarjimono bilan muloqot qila olmasa fuqaro hujjat mazmuni xohishiga mosligini notariusga yozma ravishda bildiradi, imo-ishora tili tarjimoni ishtiroki talab etilmaydi, yozishmalar hujjatlarga tikib qo‘yiladi. |
| Jismoniy nuqson sababli (barmoqlar yo‘qligi yoki barmoq izlari aniqlanmaganligi) barmoq izlarini maxsus moslamalarda skaner qilib bo‘lmasa | Notarial harakatni imzolash jarayoni majburiy ravishda audio va videoyozuv vositalarida qayd etiladi. |
Eslatma! Tarjimon yoki imo-ishora tili tarjimoni hujjatni noto‘g‘ri yoki yolg‘on tarjima qilganligi uchun qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi. Bu haqda notarius tomonidan ogohlantiriladi va hujjat matnida qayd etiladi.
Shuningdek, fuqaro jismoniy nuqsoni yoki boshqa sabablarga ko‘ra hujjatni o‘zi imzolay olmaganida, uning topshirig‘iga ko‘ra imzo chekkan shaxs, tarjima qilgan tarjimon yoki imo-ishora tili tarjimoni ham o‘zlariga ma’lum bo‘lgan axborotlarni oshkor qilishi qat’iyan ta’qiqlanadi.
Notariusda faksimil imzo tan olinadimi?
Notarius yo‘riqnomasida qayd etilganidek, faksimil imzodan foydalanishga yo’l qo’yilmaydi. Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun faksimile imzo muhri qoʻyilgan hujjatlar qabul qilinmaydi.(yo’riqnomaning 9-bandi)
Bank xizmatlarini ko‘rsatishda qanday qulayliklar bor?
O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari teng asosda amalga oshirilishi, jumladan, bank xizmatlaridan foydalanishda ham ularga qulay sharoitlar yaratilishi belgilangan.
Avvalo, bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan joylarda iste’molchilar, jumladan «nogironligi bo‘lgan hamda imkoniyati cheklangan isteʼmolchilar bilan shartnomalarni tuzish imkoniyati ta’minlanishi» shart (Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bianki Boshqaruvining qarori, 02.07.2018 yilda ro‘yxatdan o‘tgan 3030-sonli qarorining 39-bandi).
Bu esa nogironligi bor shaxsning bank bilan shartnoma tuzish huquqiga to‘sqinlik qilmasligini anglatadi.
Bank hisobvaraqlarini yuritish tartibida banklar tomonidan ta’sischilari O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvaraqlarini masofadan turib ochishda, imzo namunalari raqamli identifikatsiyalash orqali tasdiqlanishi mumkin.
Shuningdek, imzo namunalari bank mijozining shaxsan o‘zi tomonidan qo‘yilishi shart. Biroq, agar nogironligi bo‘lgan shaxs jismoniy nuqsonlari sababli o‘z qo‘li bilan imzo qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, u holda faksimil imzodan foydalanishga ruxsat etiladi (Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining qarori, 08.02.2023 yilda ro‘yxatdan o‘tgan 3420-sonli qarorining 30-bandi).
Banklarda nogironligi bor mijozlarga navbatsiz xizmat ko‘rsatish
Hozirgi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish choralari doirasida, “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning barcha Ofis bank xizmatlari va Markaziy bank xizmatlarida yangi tartib joriy etilgan.
Unga ko‘ra, quyidagi shaxslar navbatsiz xizmat olish huquqiga ega:
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- nogironligi bo‘lgan bolalar;
- ularning bir nafar kuzatuvchi (yordamchi) shaxsi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bank xizmatlarida huquqlar teng asosda amalga oshirilmoqda. Ular uchun shartnoma tuzish imkoniyatlari kafolatlangan, hisobvaraqalarni masofadan ochish qulayliklari yaratilgan, imzolarni qo‘yishda faksimil imzodan foydalanish imkoniyati berilgan hamda alohida navbatsiz xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etilgan.
Foydalanilgan manbalar:
- «Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 15.10.2020 yildagi O‘RQ-641-son, https://lex.uz/ru/docs/-5049511
- O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 4-yanvar 3113-sonli “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrug’ining 1-ilovasi 25.01.2024-y., 10/24/3113-9/0068-son); https://lex.uz/ru/docs/-4138215
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 2-iyul 3030-sonli “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining 1-ilovasi 14.07.2025-y., 10/25/3030-10/0608-son), https://www.lex.uz/uz/docs/-3804290
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 8-fevral 3420-sonli “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qarori 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son); https://lex.uz/docs/-6379336