
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning tayanch doktoranturaga kirishda qanday imtiyozlari bor?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Stolni ustida qizil kitob va uning ustida PhD deb yozilgan bitiruvchining qalpog‘i tasvirlangan.
O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasida ham nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir qator imtiyozlar berilgan. Masalan, ularning tayanch doktoranturaga kirishi uchun qo‘shimcha imtiyozlar bor.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim nima?
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim – o‘z sohasini chuqur o‘rganish va tadqiqotlar olib borish natijasida ilmiy darajaga ega kadrlarni tayyorlaydigan ta’lim turi. Ushbu ta’lim turi quyidagi shakllarda olib boriladi:
- Tayanch doktorantura;
- Doktorantura;
- Mustaqil izlanuvchi.
Tayanch doktorantura – falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD)) ilmiy darajasiga ega kadrlarni tayyorlaydigan oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday imtiyozlar berilgan?
Tayanch doktoranturaga kirishdagi imtiyozlardan biri ko‘rishida, eshitishida, nutqida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xorijiy til sertifikatining talab etilmasligidir. Bu imtiyoz Prezidentimizning 2022 yil 20-oktabrda qabul qilingan 407-sonli qarorida keltirilgan. Ushbu imtiyoz magistratura mutaxassisligiga o‘qishga qabul qilishda ham qo‘llaniladi. Masalan, sizda eshitish bo‘yicha II guruh nogironligi bor. PhD ilmiy unvoniga ega bo‘lish uchun o‘qishga topshirdingiz. Bunda sizdan hech qanday xorijiy til sertifikatini ko‘rsatishingiz yoki yuklashingiz so‘ralmaydi. Albatta ushbu imtiyozga ushbu holatni tasdiqlovchi hujjat orqali ega bo‘lishingiz mumkin.
Eslatma!!!! Ushbu imtiyoz faqatgina ko‘rishida, eshitishida va nutqida nogironligi bor shaxslargagina taalluqli hisoblanadi. Qolgan toifadagi, jumladan, jismoniy yoki umumiy tartibdagi nogironligi bor shaxslar uchun bu imtiyoz qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, ko‘rishida, eshitishida, nutqida nogironligi bo‘lgan shaxslar kirish imtihonlarini topshirish shaklini o‘zlari tanlash imkoniga ega. Ya’ni, bu toifa shaxslar kirish imtihonlarini topshirishning og‘zaki yoki yozma shakllarini tanlashlari mumkin.
Eshitishi va nutqida nogironligi bo‘lgan shaxslar kirish imtihonlarida qatnashish jarayonlarida imo-ishora tili tarjimoni bilan ta’minlanish huquqiga egalar.
Tayanch doktoranturaga kirish uchun talablar
Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayanch doktoranturaga kiruvchi yoki mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtiriluvchi shaxslarga quyidagi talablar qo‘yilgan:
- magistr darajasi yoki klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun),yoki oliy ma’lumot (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha) to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lish;
- PhD ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan muayyan ilmiy natijalarga erishgan bo‘lishi kerak. Ya’ni, ilmiy jurnallar va nashrlarda chop etilgan kamida 1 ilmiy maqolaga hamda konferensiyalar, seminarlardagi ilmiy ishlar to‘plamlarida kamida 2 tezisga ega bo‘lishi kerak.
Ushbu talablar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22 maydagi 304-son qarorida ham aytib o‘tilgan.
Tayanch doktoranturada o‘qish muddati qancha?
Shaxslar tayanch doktoranturaga kirishda tayanch doktorant yoki mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy faoliyatlarini olib borishlari mumkin. Tayanch doktorantura o‘qish jarayoni davomiyligi 3 yilni tashkil etadi. Mustaqil ilmiy izlanuvchi sifatidagi o‘quv jarayoni muddati cheklanmagan. Tayanch doktorantura bosqichida nogironligi bo‘lgan tadqiqotchi, davlat hisobidan stipendiya bilan ta’minlanadi. Bugungi kunda, tayanch doktorantura bosqichi stipendiya miqdori o‘rtacha 6 550 000 so‘mni tashkil etadi. Mustaqil ilmiy izlanuvchi sifatida ilmiy faoliyat olib borilganda esa stipendiya berilmaydi.
Mustaqil izlanuvchi bo‘lish uchun talablar
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qaroriga ko‘ra mustaqil izlanuvchilikka talabgor ariza bilan ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasasiga murojaat qiladi. ( ariza namunasi 1-ilovada) Ushbu muassasaga yagona elektron tizim orqali murojaat qilish mumkin. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilingan bo‘lishi kerak:
- qisqacha biografik ma’lumotnoma;
- magistrlik yoki klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun) yoki oliy ma’lumot (mutaxassislik dasturi bo‘yicha) to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
- mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
- ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning nusxasi;
- ish joyidan tavsifnoma.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, tayanch doktoranturaga kiruvchi yoki mustaqil izlanuvchi bo‘lish maqsadida hujjatlarni topshirayotgan nomzodlardan pedagogik malaka talab etilmaydi.
Hujjatlarni topshirish tartibi va muddati
Nogironligi bo‘lgan shaxs oliy ta’limdan keyingi ta’limga ega bo‘lish uchun o‘z hujjatlarini onlayn tartibda https://phd.mininnovation.uz/ sayti orqali joylashtirishlari kerak bo‘ladi. Hujjatlarni onlayn ravishda topshirganda tushunmovchilik holatlari kuzatilsa +998 (71) 203-32-23 (Ichki rakam: 590) telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib ham bog‘lanishingiz mumkin. Telefon orqali bog‘lanishning imkoni bo‘lmasa phd@mininnovation.uz elektron manzili orqali o‘z murojaatingizni yo‘llashingiz mumkin bo‘ladi.
Hujjatlar 2024 yil uchun oliy ta’limdan keyingi ta’limning barcha shakllariga joriy yilning 10 noyabriga qadar qabul qilinadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘i bilan joriy yil uchun doktorantura va mustaqil izlanuvchilikka hujjat qabul qilish muddati ham shu sana qilib belgilandi.
O‘z navbatida, mustaqil ilmiy izlanuvchi sifatida hujjatlarni topshirishda OTM va ilmiy tashkilotlar talabgorlarning mustaqil izlanuvchilikka hujjatlarini boshqa davrlarda ham qabul qilishi mumkin
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida kvota ajratiladimi?
Tayanch doktorantura bosqichiga o‘qishga kirishda, nogironligi bo‘lgan nomzodlar uchun qonunchilikda alohida bir kvota nazarda tutilmagan. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan tayanch doktoranturaga hujjat topshirgan nomzodlar ham erkin tanlovda ishtirok etishadi.
Ilova:
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “ O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 2022-yil 20-oktyabrdagi 407-sonli qarori. https://lex.uz/uz/docs/-6248467
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 2017-yil 22-maydagi 304-sonli qarori https://lex.uz/docs/-3213410
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlarning tayanch doktorantura bosqichiga kirishdagi imtiyozlari haqida bilib olasan.
Tayanch doktorantura – bu universitetda bakalavr va magistratura bosqichini tugatgandan keyin o‘qiladigan bosqich.
Sen qaysidir sohada doktorantura bosqichini tugatsang senga yuqori ilmiy daraja beriladi.
Doktoranturaning bosqichlari:
- Tayanch doktorantura
- Doktorantura
- Mustaqil
Nogironligi bor insonlar uchun tayanch doktoranturaga kirishda alohida imtiyozli o‘rin ajratilmaydi.
Prezidentning 407-sonli qaroriga ko‘ra, magistratura va doktoranturaga kirishda:
- ko‘rish bo‘yicha
- eshitish bo‘yicha
- gapirishi bo‘yicha nogironligi bor insonlardan chet tili sertifikati so‘ralmaydi.
Chet tili sertifikati – bu sen boshqa tilni qanday bilishingni tasdiqlaydigan hujjat.
Masalan:
- Senda eshitish bo‘yicha ikkinchi guruh nogironligi bor.
- Sen tayanch doktoranturaga hujjat topshirishda nogironlik hujjatingni ko‘rsatsang sendan chet tili sertifikati so‘ramaydi.
Senda
- ko‘rish bo‘yicha
- eshitish bo‘yicha
- gapirish bo‘yicha nogironlik bo‘lsa, imtihonlarni og‘zaki yoki yozma topshirishni tanlashing mumkin.
Senda eshitish va gapirish bo‘yicha nogironlik bo‘lsa, sen uchun imtihonlarda imo-ishora tili tarjimoni bo‘lishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 304-sonli qaroriga ko‘ra tayanch doktoranturaga kiruvchi yoki mustaqil izlanuvchilarga qo‘yiladigan talablar:
- magistratura, klinik ordinatura yoki mutaxassislik bo‘yicha universitet diplomi
- ilmiy natijaga erishgan dissertatsiya
- ilmiy jurnallarda chiqarilgan maqola
- konferensiyalarning ilmiy ish to‘plamlarida chiqqan kamida 2 ta tezis bo‘lishi kerak.
Tezis – bu:
- ilmiy asar,
- maqola
- maʼruzadagi asosiy gʻoyalarning qisqa shakli.
Tayanch doktorantura bosqichida 3 yil o‘qiladi.
Tayanch doktorantura bosqichida senga davlat stipendiya beradi.
Hozirda Tayanch doktorantura uchun stipendiya:
- 6 550 000 (olti million besh yuz ellik ming) so‘m.
Mustaqil ilmiy izlanuvchilarga stipendiya berilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 304-son qaroriga ko‘ra:
- sen mustaqil izlanuvchi bo‘lish uchun ilmiy tashkilotga ariza berishing kerak. (ariza namunasi 1-ilovada)
Sen ilmiy tashkilotga my.gov.uz internet tizimi orqali ham murojaat qilishing mumkin.
Sen arizaga qo‘shib topshiradigan hujjatlar:
- o‘zing haqingda ma’lumotnoma
- magistrlik, klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun) yoki oliy ma’lumot haqidagi diplomdan nusxa
- ishlaganlik haqidagi hujjatdan nusxa
- ilmiy ishlar ro‘yxati
- ilmiy ishlardan nusxa
- ish joyidan tavsifnoma
Sen tayanch doktoranturaga kirmoqchi bo‘lsang, sendan pedagogik malaka so‘ralmaydi.
Sen mustaqil izlanuvchi bo‘lsang, sendan pedagogik malaka so‘ralmaydi.
Pedagogik malaka – bu sendagi o‘qitish yoki o‘rgatish qobiliyati.
Sen doktoranturaga kirish uchun hujjatlarni:
- https://phd.mininnovation.uz/ internet manzildan topshirishing kerak.
Hujjatlarni internet orqali topshirishda qiyinchilik bo‘lsa:
- +998 (71) 203-32-23 yoki 590 telefon raqamiga telefon qilishing mumkin.
Hujjatlarni internet orqali topshirishda qiyinchilik bo‘lsa:
- phd@mininnovation.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilishing mumkin.
2024-yilda nogironligi bor insonlar tayanch doktorantura yoki mustaqil ilmiy izlanuvchilik uchun hujjatlarni;
- 10-noyabrgacha topshirishi kerak.
Universitet va ilmiy tashkilotlar mustaqil ilmiy izlanuvchilikka hujjatlarni boshqa vaqtda ham qabul qilishi mumkin.
Ассалом-у алайкум!
Мен Самарканд Давлат Университетининг 2-боскич магистрантиман. Куз буйича болаликдан 2-гурух ногиронлигим бор, лекин махсус мактабда эмас умумтаьлим мактабида укиганман. Мендан докторантурага укишга кирим учун IELTS сертификати талаб килинадими?
Agar sizda ko‘rish bo‘yicha nogironlik bo‘ladigan bo‘lsa, sizdan til sertifikati talab qilinmaydi. Siz o‘zingizning nogironlik guvohnomangizni taqdim etgan holda, ushbu imtiyozdan foydalanishingiz mumkin.
makhudovanigora@gmail.com
Assalomu alaykum
Sizga qanday yordam bera olamiz? Iltimos murojaatingizni to‘liq qoldiring.
Ассалому алейкум магистратурани битирганман. Докторантурага топширмокчиман. Куришда нуксони бор манда. Имтихон саволлари кандай булади. Мусика таьлим сохасида укиганман
Assalomu alaykum
Imtihon savollari haqida ma’lumot olish uchun siz topshirmoqchi bo‘lgan oliy ta’lim muassasasiga bog‘laning. Bizda bu haqida ma’lumot mavjud emas.
Assalomu alaykum man 2 guruh nogironiman oyog’imdan nogironligim magistraturaga imtiyozlar bormi
Afsuski, sizda bunday holatda alohida imtiyoz mavjud emas. Agarda o‘qishga kirsangiz, Prezidentimiz qaroriga ko‘ra xotin-qizlar magistratura bosqichida o‘qishda kontrakt summasidan ozod qilingan. Shu imtiyozdan foydalanishingiz mumkin.