
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning sanatoriyalarda davolanishi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironlik aravachasida o‘tirgan ayol tog‘dagi sanatoriyaga kirib ketmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufida qanday sanatoriylar mavjud?
Hozirgi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sanatoriyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 82-sonli farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun respublikada nechta sanatoriyalar bor?
Respublika bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 11 ta sanatoriyalar 10 ta hududiy birliklar (viloyatlar)da xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Sanatoriyalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va faxriylar harakatlanishi uchun yetarli choralar amalga oshirilgan. Jumladan, pandus yo‘lakchalar, lift, Brayl alifbosidagi ma’lumotlar aks etgan yozuvlar bilan xonalar jihozlangan.
Eslatma! Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan sanatoriyalarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish tartibi xodimlarning ish joyidagi kasaba uyushmasi tomonidan taqdim etiladigan “Sanatoriyalarda davolanish uchun taqdim etiladigan yo‘llanmalarni berish” tartibidan farq qiladi.
Sanatoriyalarda davolanish uchun qanday hujjat kerak?
Sanatoriyalarda davolanish yo‘llanmalar asosida amalga oshiriladi.
Sanatoriyalarda davolanish uchun yo‘llanmalarni qay tarzda olish mumkin?
Yo‘llanmalar Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalarida “Inson” markazlari tomonidan beriladi. Sanatoriyalarda davolanish istagida bo‘lgan shaxslar “Inson” markazlariga murojaat qilishlari lozim. Shundan so‘ng markaz tomonidan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rganiladi va navbatga qo‘yiladi.
Sanatoriyalarda davolanish uchun yo‘llanmalarning umumiy soni qancha?
Yo‘llanmalar umumiy soni sanatoriyalarning mavjud o‘rinlari hamda tegishli moliya yilida Davlat budjetidan yo‘llanmalar uchun maqsadli tartibdagi budjet mablag‘lari doirasida belgilanadi.
Sanatoriyalarda davolanish uchun yo‘llanmalar kimlarga beriladi?
Yo‘llanmalar quyidagi shaxslarga beriladi:
- urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
- halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari (beva erlari);
- respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
- Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, shuningdek, Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
- yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar;
- I va II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojiz I-guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar;
- yoshga doir pensiya oluvchilar.
Sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar har yili taqdim etiladimi?
Sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar navbat asosida 2 yilda bir marotaba berib boriladi.
Masalan: siz II guruh nogironi hisoblanasiz va bu yil siz sanatoriyda davolanib keldingiz. Keyingi yo‘llanmani olish uchun yana bir yil o‘tgandan so‘ng “Inson” markazlariga murojaat etishingiz mumkin bo‘ladi va yo‘llanma navbat asosida beriladi.
Sanatoriyalarda davolanish uchun navbatlar qaysi tizim orqali yuritiladi?
Navbatlar “Yagona ijtimoiy himoya” axborotlashtirish tizimi orqali yuritiladi.
Sanatoriyalarga yo‘llanma olish tartibi qanday?
Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki ularning vakillari yo‘llanmalarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki “Inson” markazlariga kelib murojaat etadilar. Bundan tashqari fuqarolar yo‘llanmalarni olish uchun Yagona Interaktiv Davlat Xizmatlari Portali (my.gov.uz) yoki Yagona Milliy Ijtimoiy Himoya AT da ro‘yxatdan o‘tgan holda elektron tartibda ariza berishlari mumkin.
Yodda tuting! Ko‘rsatilgan xizmat uchun turli xil yig‘imlar va turli usuldagi to‘lovlar undirilmaydi.
Sanatoriyalarda davolanish uchun navbatni qaysi tizim orqali kuzatish mumkin?
Sanatoriyda davolanish uchun navbatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Davlat xizmatlari markazlari va Inson markazlariga murojaat qilish orqali olish mumkin. Agar siz o‘z navbatingiz holatini onlayn bilishni xohlasangiz, Yagona Interaktiv Davlat Xizmatlari Portali yoki Yagona Milliy Ijtimoiy Himoya AT orqali real vaqt rejimida olishingiz mumkin.
Quyidagi yo‘riqnoma orqali onlayn tarzda sanatoriylar uchun ariza topshirish va navbatlarni onlayn tarzda kuzatib borish mumkin:
1.My.gov.uz portaliga kiriladi va sohalar bo‘limidan “ijtimoiy himoya” tarmog‘i tanlanadi:

2. Ijtimoiy himoya tarmog‘i tanlangach, quyida ko‘rsatilgan xizmatlar ichidan “keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanma berish” turi tanlanadi:

3. Tanlab bo‘lgach, “xizmatdan foydalanish” tugmasi bosiladi:

4. Undan so‘ng, arizachi o‘zi to‘g‘risida tegishli ma’lumotlarni belgilangan tartibda to‘ldiradi, telefon raqam va ma’lumotlar to‘ldirilgach, arizachi yashash hududiga yaqinroq va qulayroq bo‘lgan hududni tanlaydi. Masalan, Farg‘onada istiqomat qiluvchi shaxslar Fargona viloyati Oltiariq tumanida joylashgan sanatoriyni tanlaydi:

5. Agar shaxs ariza topshirgan va o‘z navbati haqida ma’lumotlarni onlayn olmoqchi bo‘lsa, mazkur sahifaning eng so‘nggida ko‘rsatilgan “avval berilgan navbatni tekshirish uchun havolaga o‘ting” tugmasini bosadi:

6. Shundan so‘ng arizachi o‘zining JSHSHIR ma’lumotlarini kiritadi va navbat haqida ma’lumotlar taqdim etiladi:

Eslatma! Urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar uchun sanatoriylarga yo‘llanmalar birinchi navbatda beriladi.
Sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar necha kunga beriladi?
Yo‘llanmalar keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 12 kunga beriladi.
Yo‘llanmalar ishlatilishidan necha kun oldin beriladi?
Yo‘llanmalarning amal qilish muddati boshlanishidan 10 kun oldin beriladi.
Yo‘llanma navbati kelgani haqida qay tarzda xabar beriladi?
Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘llanma amal qilish muddati boshlanishidan 20 kun oldin, biroq 10 kundan kam bo‘lmagan muddatda “IHMA Sanatoriy” moduli orqali elektron shaklda (elektron pochta manzillari mavjud bo‘lganda), aloqa vositalari orqali qisqa matnli xabar (SMS) orqali yoki Inson markazlari xodimlari tomonidan sanatoriyga joylashish navbati kelishi haqida xabardor qilinadi.
Masalan: yo‘llanmaning amal qilish muddati 12-maydan 24-maygacha belgilangan bo‘lsa, siz yo‘llanmani qo‘lga kiritganingiz to‘g‘risidagi xabar uzog‘i bilan 2-may kuni sms xabarnoma orqali yetkaziladi.
Yosh bolali nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriylarga farzandlarini olib borishlari mumkinmi?
Yo‘llanmadan faqat unda ko‘rsatilgan shaxsgina foydalanishi mumkin. Sanatoriyga bitta yo‘llanma bilan bittadan ortiq kishi (shu jumladan, yosh bolalar ham) qabul qilinmaydi. Biroq I guruh ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxsga hamroh sifatida ko‘maklashayotgan shaxs bundan mustasno. Bunda faqatgina bitta ko‘zi ojiz shaxs uchun bitta sherik hamrohlik qila oladi.
Eslatma! Yo‘llanmalar faqat ularda ko‘rsatilgan muddatlarda haqiqiy hisoblanadi. Yo‘llanmada ko‘rsatilgan muddatdan oldin sanatoriyga qabul qilinmaydi, sanatoriyga kechikib kelingan kunlar tiklanmaydi.
Mazkur sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalarni berish va mazkur reglamentga amal qilish bo‘yicha nazoratni qaysi tashkilotlar amalga oshiradi?
Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati uchun sanatoriyalar rahbarlari javob beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) adliya bo‘limlari Reglament talablari ijrosi bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan, YIDXP orqali, doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
Bunda, “Inson” markazlari va YaMIH AT orqali davlat xizmatini ko‘rsatishda mazkur Reglament talablariga rioya etilishi Agentlik va Ijtimoiy inspeksiya tomonidan nazorat qilinadi.
Qonun buzilishi holatlari yuzaga kelsa, kimga murojaat qilish lozim?
Qonun buzilishi holatlariga duch kelayotgan shaxslar yuqorida qayd etilgan tashkilotlarga og‘zaki va yozma tarzda shikoyat qilishlari mumkin.
Adliya vazirligining ishonch raqami: 1008
Ijtimoiy himoya milliy agentligining ishonch raqami: (0371) 239-59-22 yoki qisqa raqam 1140
Foydalanilgan manbalar:
2.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 693-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy Reglamenti”
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlarning sanatoriyalarda davolanish tartibi haqida bilib olasan.
Prezidentining 82-sonli farmoniga ko‘ra nogironligi bor insonlarning davolanishi uchun sanatoriyalarga yo‘llanma berish “Inson Ijtimoiy himoya milliy agentligi”ga o‘tkazildi.
O‘zbekistonning 10 ta viloyatida 11 ta sanatoriyalar bor.
Sanatoriyalarda:
- nogironligi bor insonlar
- qariyalarga qulaylik yaratish uchun zinalarda panduslar va liftlar bor.
Ko‘zi ojiz insonlar uchun xonalardagi ma’lumotlar bo‘rtma yozuvlar bilan yozilgan.
Inson Ijtimoiy markazi beradigan sanatoriya yo‘llanmalari ishchilarga kasaba uyushmasi beradigan Sanatoriya yo‘llanmasidan farq qiladi.
Kasaba uyushmasi – bu ishchilar huquqlarini himoya qiladigan tashkilot.
Sanatoriyaga yo‘llanma olish uchun sen:
- Davlat xizmatlari markazlariga
- “Inson” markazlariga borib murojaat qilishing kerak.
“Inson” ijtimoiy markazlari sening ma’lumotlaringni o‘rganadi va navbatga qo‘yadi.
Yo‘llanmalar soni sanatoriyadagi joylar va Davlat ajratadigan pulga qarab belgilanadi.
Sanatoriyaga yo‘llanma beriladigan insonlar:
- urushda nogiron bo‘lganlar
- urushda qatnashganlar
- vafot etgan harbiylarning nikohdan o‘tmagan xotini yoki eri
- davlat darajasidagi pensiya oluvchilar
- Chernobil AESda nogiron bo‘lganlar
- yadro poligonlarida harbiy xizmat qilganlar
- birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor insonlar
- birinchi guruh ko‘zi ojiz insonlarning hamrohlari
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz qariyalar
- qariyalar pensiyasini oluvchilar.
Senga sanatoriyda davolanish uchun yo‘llanma 2 yilda bir marta navbat bilan beriladi.
Masalan:
- Senda ikkinchi guruh nogironligi bor.
- Sen yaqinda sanatoriyada davolanib kelding.
- Keyingi yo‘llanmaga navbat qo‘yish uchun sen bir yildan keyin “Inson” markazlariga murojaat qilishing mumkin.
Navbatlar “Yagona ijtimoiy himoya” internet tizimi orqali boshqariladi.
Qariyalar, nogironligi bor insonlar yoki ularning vakillari
- gov.uz internet tizimi orqali
- Yagona Milliy Ijtimoiy Himoya internet tizimi orqali ham sanatoriya yo‘llanmasi uchun ariza berishi mumkin.
Sanatoriyaga yo‘llanma berish va navbatga qo‘yish bepul.
Sen sanatoriya yo‘llanmasi uchun navbatingni:
- Davlat xizmatlari markazi
- Inson markaziga borib bilishing mumkin.
Sen sanatoriya yo‘llanmasi uchun navbatingni:
- gov.uz internet tizimi orqali
- Yagona Milliy Ijtimoiy Himoya internet tizimi orqali ham ko‘rishing mumkin.
Hozir senga internet orqali sanatoriyadagi navbatingni ko‘rishni o‘rgataman.
- Internetgagov.uz yozib kirasan va “ijtimoiy himoya” bo‘limini tanlaysan.

2. Ijtimoiy himoya bo‘limiga kirgandan keyin “keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanma berish” bo‘limini tanlaysan.

3. Keyin “xizmatdan foydalanish” tugmasini bosasan.

- Bo‘lim ochilgach:
- o‘zing haqingdagi ma’lumotlar
- telefon raqamingni kiritasan.
O‘zing xohlagan yoki yaqinroq sanatoriyani tanlaysan.
Masalan:
- Sen Farg‘onada yashaysan.
- Senga yaqin bo‘lgani uchun Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi sanatoriyani tanlashing mumkin.

- Sen sanatoriya yo‘llanmasiga navbatingni internet orqali ko‘rish uchun:
- “keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanma berish” bo‘limining eng pastidagi
- “avval berilgan navbatni tekshirish uchun havolaga o‘ting” tugmasini bosasan.

- “avval berilgan navbatni tekshirish uchun havolaga o‘ting” bo‘limi ochilganidan keyin:
- pasportingni 14 talik (JSHSHIR) raqamini kiritasan va navbatingni ko‘rasan.

Birinchi bo‘lib sanatoriya yo‘llanmalari urush nogironlari va qatnashchilariga beriladi.
Sanatoriyaga yo‘llanmalar qariyalar va nogironligi bor insonlarga 12 kun davolanish uchun beriladi.
Yo‘llanma davolanish kuni boshlanishidan 10 kun oldin beriladi.
Davolanish kuni boshlanishidan 20 kun oldin qariyalar va nogironligi bor insonlarga sanatoriyaga navbati kelgani haqida:
- SMS xabar orqali
- Yoki Inson markazi ishchilari orqali xabar beriladi.
Masalan:
- Sanatoriya yo‘llanmasi 12-maydan 24-maygacha davolanish uchun berildi. .
- Senga yo‘llanma berish haqida 2-may kuni sms xabar yuboriladi.
Sanatoriya yo‘llanmasidan faqat bitta inson ya’ni yo‘llanmada ismi yozilgan inson foydalanishi mumkin.
Lekin birinchi guruh ko‘zi ojiz insonga bitta yordamchi inson sanatoriyada hamrohlik qilishiga ruxsat beriladi.
Sen yo‘llanmadan faqat ko‘rsatilgan vaqtda foydalanishing mumkin.
Seni yo‘llanmada ko‘rsatilgan vaqtdan oldin ham keyin ham sanatoriyga qabul qilishmaydi.
Sanatoriyada qariyalar va nogironligi bor insonlarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatiga sanatoriya rahbari javob beradi.
Sanatoriyalarni:
- Adliya vazirlig
- Adliya vazirligining hududiy boshqarmalari
- Tuman (shahar) adliya bo‘limlari
- Reglament talablarini bajarishda davlat nazorat tashkiloti
- YIDXP
- va boshqa tashkilotlar nazorat qiladi.
YIDXP – bu Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ya’ni my.gov.uz.
Sanatoriyalarda qonun buzilayotganini sezsang:
- Adliya vazirligi
- Adliya vazirligining hududiy boshqarmalari
- Tuman (shahar) adliya bo‘limlari
- Vaqt talablarini bajarishda davlat nazorat tashkilotlariga og‘zaki va yozma shikoyat qilishing mumkin.
Adliya vazirligi qisqa raqami: 1008
Ijtimoiy himoya agentligi raqami: (0371) 239-59-22
jtimoiy himoya agentligi qisqa raqami:1140
abdulmajidabdumajid72@gmail.com
Яхши
margubaazamova406@gmail.com
Assalomu alaykum
sizga qanday yordam bera olamiz? Iltimos murojaatingizni to‘liq yozib qoldiring.
5 ёшли кизим ун корея ёки хиндистонда даволатиш ун давлатдан ёрдам олиш хкуким борми? Кизим мия фалажлиги бн касалланган даволаниш ун судиргиси ёмон тасир килар экан судорги учокларини юкоридаги давлатларда даволаса булар экан
Afsuski, bu masalada alohida imtiyozlar belgilanmagan.
Siz bolangizni O‘zbekistonning ichidagi davolanish muassasalarida imtiyozli davolatishingiz mumkin.
Batafsil ma’lumot uchun quyidagi maqolalar bilan tanishib chiqing:
https://huquqplus.uz/materials/tibbiy-xizmatlar-va-reabilitasiya/704
https://huquqplus.uz/materials/tibbiy-xizmatlar-va-reabilitasiya/1515
Sanatoryani almashtirish mumkinmi masalan tovoqsoyga ariza berildi keyin Kosonsoyga almashtirish mumkinmi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi 693-sonli «Aholiga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish sohasiga axborot-texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida»gi qarorida nogironligi bo‘lgan shaxsga sanatoriyaga yo‘llanma berilgandan so‘ng uni almashtirish imkoniyati qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘zda tutilmagan. Lekin, amaliyotda nogironlik xususiyati hamda darajasiga qarab o‘zgartirishingiz mumkin deb hisoblaymiz. Buning uchun siz hududingizdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilishingiz lozim. Aytib o’tilgan qarorning 28-bandiga muvofiq:
«Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar salomatligining holatiga yoki boshqa asosli sabablarga ko‘ra, shu jumladan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga vaqtincha chiqib ketishi sababli yo‘llanmadan belgilangan muddatda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan taqdirda, yo‘llanmada ko‘rsatilgan sanatoriyga kelish muddatidan kamida uch kundan kech bo‘lmagan muddatda bu haqida Davlat xizmatlari markaziga yoki vakolatli organga xabar berishi va yo‘llanmani qaytarishi lozim. Davlat xizmatlari markazi xodimi bu haqida 1 soat mobaynida vakolatli organni xabardor qiladi.»
Xuquqiy savodxonligim ancha oshdi. Judayam tushunarli tarzda, xech qanday savol berishga imkoniyat qoldirmaydigan qilib tushuntirilgan.
Assalomu alaykum, Dilbar!
E’tiboringiz uchun katta rahmat. Iltimos, HuquqPlus.uz — Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus huquqiy axborot veb-portalimiz haqida do‘stlaringiz va tanishlaringizga ham gapirib bering. Biz tayyorlargan huquqiy ma’lumotlardan qancha ko‘p nogironligi bo‘lgan shaxs foyda olsa, bizni jamoamiz shuncha xursand bo‘ladi.
Salomat bo‘ling!
Мен 3чи ГРУХ АРМИЯ НОГИРОНИМАН.яни УРУШ КАТНАШЧИЛАРИГА ТЕГГЛАШТИРИЛГАН ШАХСМАН.ИЛТИМОС САНАТОРИЯ ГА ЙУЛЛАНМА ОЛИШГА ЕРДАМ БЕРИНГЛАР.АХИР МЕН ШУНЧА ЙИЛДАН ЙУЛЛАНМА ОЛИБ КЕЛГАН ЭДИМ.НАХОТКИ ЭНДИ 3 ЧИ ГРУХ АРМИЯ НОГИРОНИ ЙУЛЛАНМА ОЛОЛМАСАМ.УРУШ КАТНАШЧИЛАРИГ ТЕГГЛАШТИРИЛГАН ШАХСМАН КУ.
Ассалому алайкум, ҳурматли фуқаро!
Мурожаатингиз учун раҳмат. Афсуски имтиёзларни биз белгиламаймиз. Биз Тошкент шаҳар «ШАРОИТ ПЛЮС» ногиронлар жамоат бирлашмаси (нодавлат нотижорат ташкилоти) сифатида сизга бепул ҳуқуқий маслаҳат ва ёрдам бероламиз.
Ногиронлиги бўлган шахсларнинг ижтимоий ҳимояси билан ҳозирги кунда Ижтимоий ҳимоя миллий агентлиги шуғулланади. Санаторияларда даволаниш учун йўлланмалар 1 ва 2-гуруҳ ногиронлиги бўлган шахслар, кўзи ожиз 1-гуруҳ ногиронини кузатиб борувчи шахсларга берилади.
Бу ҳафида батафсил маълумот бизнинг мақоламизда ҳам бор. Шу ҳавола орқали танишиб чиқсангиз бўлади:
👉 https://huquqplus.uz/materials/social-protection/2337?script=cyrl
Ижтимоий ҳимоя миллий агентлигига шикоят ва аризаларингизни 1140 қисқа рақами орқали — Ижтимоий хизматлар ва ёрдамлар бўйича умумий мурожаатлар бўлимига.
+998 (71) 202-06-00 — Агентликнинг умумий ишонч ва боғланиш рақами.
Агар сиз расмий мурожаат ёки шикоят қолдирмоқчи бўлсангиз, қуйидаги рақамли платформалардан фойдаланишингиз мумкин:
👉 https://ihma.uz/boglanish