
Nogironligi bo‘lgan bolalarni ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga joylashtirish tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Qo‘lida o‘yinchoq ko‘targan yosh qizni o‘qituvchisi nogironlik aravasida surib ketmoqda.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni maxsus maktab-internatlarga joylashtirish bilan bog‘liq qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrda qabul qilingan 638-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilab qo‘yilgan.
Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar nima va kimlar uchun tashkil etiladi?
Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar – bu nogironligi bo‘lgan bolalarni ularning alohida ta’lim ehtiyojlaridan kelib chiqib ta’lim berish va davolashni amalga oshiradigan maktablardir.
Alohida ta’lim ehtiyojlari bor bo‘lgan shaxslar deganda jismoniy, ruhiy, sensor yoki aqliy rivojlanishda nogironligi bo‘lgan shaxslar tushuniladi. Demak, ushbu maktablar yuqoridagi kabi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun tashkil etiladi.
Masalan, eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan bolalarning yoshi 11 da. Ularning yoshlari teng bo‘lishiga qaramasdan, ular bilim darajasidan kelib chiqib kelib chiqib maktab-internatlarida bittasini 5-sinfga, ikkinchi bolani esa 4-sinfga o‘qishga qabul qilishi mumkin.
Hozirda mamlakatimizda asosan 3 turdagi maxsus internat maktablar tashkil etilgan bo‘lib, ular quyidagilardir:
- Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun;
- Aqliy nogironligi bo‘lgan bolalar uchun;
- Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor bolalar uchun.
Ushbu maktablarga joylashtirish qaysi organ tomonidan amalga oshiriladi?
Bolalarni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga yuborish psixologik-pedagogik-tibbiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmalari huzurida tashkil etiladi. Maxsus maktablarga joylashtirish ushbu komissiyaning xulosasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.
Maktablarga joylashtirish tartibi qanday?
Komissiya yo‘llanmasi bolalarni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga qabul qilinishiga asos bo‘ladi. Ushbu ta’lim muassasalariga boshqa viloyatlardan ham o‘quvchilar qabul qilinishi mumkin. Bu o‘quvchi kelib o‘qimoqchi bo‘lgan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi joylashgan hududning komissiyasi yo‘llanmasiga asosan qabul qilinadi. Bu turdagi ta’lim muassasasiga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Maxsus maktab-internatga joylashtirishda bolaning ota-onasi ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalariga ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi. (ariza namunasi 1-ilovada)
Ma’lumot o‘rnida, ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmalari «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlari deb yuritiladi. Maxsus internat maktablarga joylashtirish uchun bolaning nogironlik holati ota-onasining arizasiga ko‘ra, inson ijtimoiy xizmatlari markazi tibbiy-ijtimoiy-pedagogik komissiyasi tomonidan tekshiriladi. Komissiya bolaning nogironlik holatidan kelib chiqib xulosa beradi. Agarda, bolaning salomatligi umumta’lim maktablarida o‘qish uchun yetarli deb topilsa, unda komissiya rad etish mazmunidagi xulosa beradi. Murojaatchi komissiya xulosasini qayta ko‘rib chiqish uchun u taqdim etilgandan keyin 1 oy ichida tuman-shahar tibbiy-ijtimoiy-pedagogik komissiyaga ariza bilan murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Masalan, shaxsda ko‘z kasalligi mavjud bo‘lib, asta sekinlik bilan ko‘rish qobiliyati pasayib boradi. Lekin, komissiya uning amaldagi salomatligi holatidan kelib chiqib, umumta’lim maktablarda o‘qish imkoniyati bor deb topdi. Ammo, ushbu kasallik sababli ko‘rish qobiliyatining tushib ketish ehtimoli yuqoriligi uchun komissiya murojaatni qayta ko‘rib chiqadi.
Ota-ona komissiya tomonidan taqdim etilgan xulosa asosida farzandini maxsus maktab-internatda o‘qitish bo‘yicha tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan yo‘llanma olishi talab etiladi. Buning uchun bo‘lim mudiri nomiga ariza bilan murojaat etishi kerak. (ariza namunasi 2-ilovada) Ushbu arizaga tibbiy-ijtimoiy-pedagogik komissiya tomonidan taqdim etilgan xulosani ilova qilish kerak bo‘ladi.
Sababi, maktabgacha va maktab ta’limi mudiri tomonidan beriladigan yo‘llanma tibbiy-ijtimoiy- pedagogik komissiya xulosasi asosida taqdim etiladi. Ushbu xulosa va yo‘llanma olingandan keyin ota-ona o‘z farzandini yuqoridagi maktablarga joylashtirish bo‘yicha maktab direktori nomiga ariza yozishi talab etiladi. (ariza namunasi 3-ilovada)
Bolalarni maxsus maktablarga joylashtirishda qanday hujjatlar talab etiladi?
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga yo‘llangan har bir bolaga ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildi shakllantiriladi va taqdim etiladi.
Eslatma!!! Ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar deganda chin yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun — vasiylik va homiylik organlari tushuniladi.
Bolaning shaxsiy hujjatlar yig‘majildida quyidagi hujjatlar bo‘lishi kerak:
- ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasi;
- tibbiy-ijtimoiy-pedagogik komissiya xulosasi;
- tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
- ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatlar (ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan bolalar uchun);
- o‘qish joyidan ta’limning muddati, o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va xulq-atvori, bolaga yakka tartibda ko‘mak berish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning batafsil tahlili aks ettirilgan ma’lumotnoma va tavsifnoma (ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan bolalar uchun);
- bolaning yashash joyidagi shifoxona bosh shifokori tomonidan imzolangan, uning rivojlanishi tarixidan ko‘chirma:
- pediatrning bolaning umumiy rivojlanishi holati to‘g‘risidagi xulosasi;
- psixonevrologning tibbiy tashxis bilan asoslangan va bolaning aqliy rivojlanishiga tavsifi bayon etilgan xulosasi;
- oftalmologning ko‘rish organiga tavsifi bilan xulosasi;
- ortoped shifokorning xulosasi (tayanch-harakatlanish apparatida nuqsoni bo‘lgan, skoliozga chalingan bolalar uchun).
Bolalarning nafaqa puli qanday tartibda to‘lanadi?
Ushbu turdagi internat maktablarga joylashtirilgan o‘quvchilarning o’qish davri mobaynida to’lanadigan ijtimoiy nafaqa puli davlat tomonidan qoplanganligi sababli ushlab qolinadi. Lekin, ularning 3 oylik yozgi ta’tili va kuzgi, qishki, bahorgi ta’tillarni qo‘shib hisoblaganda, umumiy 1 yilda 4 oy ijtimoiy nafaqa oladilar.
Xulosa qilib aytganda, nogironligi bo‘lgan bolalarni maxsus maktab-internatlarga joylashtirish tartibi sohaviy qonunchilikka asosan belgilanadi. Bu toifadagi bolalar uchun maxsus ta’lim o‘quv jarayonlarining tizimli ravishda tashkil etilishi ularning ta’lim olish huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilovalar:
Foydalanilgan manbalar:
Bu maqolada sen nogironligi bor bolalarni ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga joylashtirish tartibi haqida bilib olasan.
Ixtisoslashtirilgan maktab-internat – nogironligi bor bolalarni o‘qitadigan va davolaydigan maxsus maktab.
Nogironligi bor bolalarni maxsus maktabga joylashtirish haqida Vazirlar Mahkamasining Nizomi bor.
Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda:
- jismoniy
- ruhiy
- sezgi yoki aqliy rivojlanishda nogironligi bo‘lgan bolalar o‘qiydi.
Masalan:
- ikkita eshitish va ko‘rishda nogironligi bor bolalarning yoshi 11 da.
- Ularning yoshlari teng bo‘lsa ham, bilim darajasiga qarab maxsus maktablarda bitta bolani 5-sinfga, ikkinchi bolani esa 4-sinfga qabul qilish mumkin.
O‘zbekistonda nogironligi bor insonlar uchun 3 xil maxsus maktab bor:
- Eshitish bo‘yicha nogironligi bor bolalar uchun
- Aqliy nogironligi bor bolalar uchun
- Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor bolalar uchun.
Bolalarni psixologik-pedagogik-tibbiy tekshiruv guruhi maxsus maktablarga yuboradi.
Tekshiruv guruhi Ijtimoiy himoya milliy agentligining boshqarmalarida tashkil qilinadi.
Tekshiruv guruhining xulosasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularni o‘rnini bosadigan insonlar roziligi bilan bola maxsus maktabga joylashtiriladi.
Maxsus maktablarga boshqa viloyatlardan ham bolalar qabul qilinishi mumkin.
Viloyatdan kelgan bola maxsus maktab joylashgan joyning tekshiruv guruhidan yo‘llanma olishi kerak.
Maxsus maktabga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yildan qabul qilinadi.
Maxsus maktabga bolani joylashtirishda ota-onalar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlariga ariza bilan murojaat qilishi kerak. (ariza namunasi 1-ilovada)
Ota-onaning arizasiga ko‘ra, inson ijtimoiy xizmatlari markazining tekshiruv guruhi bolaning nogironlik holatini tekshiradi.
Tekshiruv guruhi bolaning sog‘ligini umumiy maktabda o‘qiy oladi deb topsa, rad etish xulosasini beradi.
Ota-ona tekshiruv guruhi xulosasini qayta ko‘rib chiqish uchun, 1 oy ichida tuman-shahar tekshiruv guruhiga murojaat qilishi mumkin.
Masalan:
- Bolada ko‘z kasalligi bor, sekinlik bilan ko‘rish pasayib boradi.
- Lekin, tekshiruv guruhi bolaning hozirgi holatida qarab umumiy maktabda o‘qish uchun yetarli deb topdi.
- Lekin, ko‘rish darajasi tushib ketishi yuqoriligi uchun tuman tekshiruv guruhi murojaatni qayta ko‘rib chiqadi.
Ota-ona tekshiruv guruhidan xulosa olganidan keyin tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan yo‘llanma ham olishi kerak.
Yo‘llanma olish uchun tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbariga ariza bilan murojaat qilish kerak. (ariza namunasi 2-ilovada)
Arizaga tekshiruv guruhi bergan xulosani qo‘shib topshirish kerak.
Xulosa va yo‘llanmani olgandan keyin ota-ona bolasini maxsus maktablarga joylashtirish uchun maktab direktori nomiga ariza yozishi kerak. (ariza namunasi 3-ilovada)
Maxsus maktabga yo‘llanma berilgan har bir bolaning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosadigan insonlar kerakli hujjatlarni yig‘ib beradi.
Ota-onaning o‘rnini bosadigan insonlar – bolalarni himoya qilish huquqini olgan va ularga yordam beradigan insonlar tushuniladi.
Maxsus maktabga joylashishda kerak bo‘ladigan hujjatlar:
- ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi insonning arizasi
- Tekshiruv guruhi xulosasi
- tug‘ilganlik haqidagi hujjat nusxasi
- avval o‘qigani haqida hujjatlar (maktabda o‘qiyotgan bola uchun)
- o‘qigan joyidan o‘qigan vaqti, fanlarini o‘zlashtirishi va xulqi, bolaga yordam berish uchun nimalar qilish kerakligi haqida batafsil yozilgan ma’lumotnoma va tavsifnoma (maktabda o‘qiyotgan bola uchun)
- bolaning yashash joyidagi bosh shifokori imzolagan, rivojlanishi tarixidan ko‘chirma
- bolaning umumiy rivojlanishi haqidan pediatr xulosasi
- bolaning aqliy rivojlanishi haqida psixonevrolog xulosasi
- ko‘rish bo‘yicha oftalmolog xulosasi
- tayanch-harakatlanishda nuqsoni bo‘lgan va skoliozga chalingan bolalar uchun ortoped xulosasi.
Maxsus maktabga joylashtirilgan bolalarning nafaqa puli o‘qish davrida ushlab qolinadi.
Lekin, nogironligi bor bola 3 oylik yozgi ta’tilda va kuzgi, qishki, bahorgi ta’tillar bilan birga 1 yilda 4 oy nafaqa pulini oladi.
Assalomu alaykum bizga xorazmda joylawgan nogironlar maktabi kerak jiyanimni boýi past 2 guruh nogironi 4 sinfda oqidi bu yil wunga yordam beriwingizni soraymiz
Assalomu alaykum
Tumaningizdagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qiling, iltimos. Markaz qoshidagi komissiya jiyaningizni holatini tekshirib, tegishli xulosa beradi.
Agar bolani maxsus maktabga bersak nafaqa puli tuxtatiladimi 18 yoshgacha belgilangan bulsa ham
Assalomu alaykum, Mutabar! Nogironligi bo‘lgan bolalar maxsus maktab-internatda ta’lim olish jarayonlarida ularning nogironlik nafaqalari davlat hisobiga ushlab qolinadi. Sababi, bu davrda, ular, to‘liq, davlat hisobidan moliyalashtiriladi. Ushbu turdagi internat maktablarga joylashtirilgan o‘quvchilarning o’qish davri mobaynida to’lanadigan ijtimoiy nafaqa puli davlat tomonidan qoplanganligi sababli ushlab qolinadi. Lekin, ularning 3 oylik yozgi ta’tili va kuzgi, qishki, bahorgi ta’tillarni qo‘shib hisoblaganda, umumiy 1 yilda 4 oy ijtimoiy nafaqa oladilar.
Murojaatingiz uchun tashakkur!
2guruh nogironligi bolam bor bola puli chiqmayabdi hujaynimni ishsiz deb shu tugrimi
Oldindan rahmat
Agar 9 yosh nogironligi bor farzandingiz bo‘lsa, sizdan rasmiy daromad manbasiga ega bo‘lish, oxirgi 6 oy mobaynida ish izlab kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish organlariga murojaat qilish hamda bu organlar hisobida turish talabi qo‘yilmaydi. Batafsil ma’lumot uchun 1140 yoki 1146 qisqa ishonch raqamlari orqali ham aniqlashtirishingiz mumkin.
Assalomu alaykum mani qizim yaqinda 7yosh buladi nutqi yuq maktabga oʻqitishni iloji bormi
Assalomu alaykum, hurmatli fuqaro!
Bolaning gapirmasligi (nutqining mavjud emasligi)ning o‘zi alohida holda uning qaysi ta’lim muassasasida o‘qishini belgilaydigan asos emas. Bu bolaning individual rivojlanish xususiyatlaridan faqat biridir.
Shu sababli, bola kompleks ravishda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya (PTPK) tomonidan baholanishi kerak. Aynan PTPK xulosasi asosida bolaning individual ehtiyojlari va imkoniyatlari hisobga olinib, unga mos ta’lim shakli va yo‘nalishi belgilanadi. PTPK xulosasiga qarab farzandingizga mos keladigan ta’lim shakli (inklyuziv ta’lim, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar yoki uyda ta’lim) belgilanadi.
PTPK xulosasini olish uchun siz hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi.