
Jinoyat qonunchiligida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va imtiyozlari
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan qiz jinoyat ishi hujjatlari bilan lupa orqali yaqinlashtirib tanishmoqda..
O‘zbekiston Respublikasining jinoyat qonunchiligida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayrim rag‘batlantiruvchi normalar mavjud bo‘lib, ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Sudlar tomonidan nogironligi bo’lgan shaxslarga qanday turdagi jazolarni qo‘llab bo‘lmaydi?
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 451-moddasiga muvofiq, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan majburiy jamoat ishlari tarzidagi jazo turi qo‘llanilmaydi. Sababi, ushbu jazo turida amalga oshiriladigan mehnat nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
Sud jinoyat sodir etgan shaxslarga jazo tayinlamasligi ham mumkinmi?
Jinoyat kodeksi 72-moddasiga ko‘ra, umumiy asoslarda sud jinoyatchiga shartli hukm tayinlashi mumkin. Bunda u sodir etgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsi va ishdagi boshqa holatlarni e’tiborga oladi. Shartli hukmda aybdorga jazo tayinlanmasdan uning xulqi nazorat qilinadi. Bunda sud 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatlarda sinov muddati belgilaydi va tayinlangan jazoni ijro etmaslik to‘g‘risida qaror chiqaradi.
Shartli hukm o‘ta og‘ir jinoyati uchun hukm qilinganlarga, ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilganlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Lekin aybdor I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lsa, yuqoridagi holatlarda ham shartli hukm qo‘llanilishi mumkin.
Masalan, siz ilgari ozodlikdan mahrum qilingansiz va yangi jinoyat uchun sud tomonidan hukm qilinmoqdasiz. Ushbu holatda sud sizning I yoki II guruh nogironligingiz bor ekanligini hisobga olib, shartli hukm qilishi va sinov muddati belgilashi mumkin.
Tergov va sud jarayonlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z fikrlarini bildirishga bo‘lgan huquqlari qanday?
2020-yil 15-oktyabrda qabul qilingan O’RQ-641-son qonunning 28-moddasiga ko‘ra, tergov harakatlarini amalga oshirishda yoki barcha sud protsesslarida ishtirok etish chog‘ida eshitishi va nutqi bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga imo-ishora tili tarjimoni xizmatlari ko‘rsatiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 318-moddasiga asosan, imo-ishora tili tarjimoni xizmati uchun to‘lovlar va sutkalik xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi budjeti mablag‘laridan amalga oshiriladi.
Qanday toifadagi jinoyatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb topiladi?
Jinoyat kodeksi 56-moddasi birinchi qism “b” bandiga ko‘ra, agar ayblanuvchi ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan tajovuz qilsa, bu jazoni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi. Bunda ojiz ahvoldagi shaxs deganda jabrlanuvchi nogironligi tufayli (masalan jismoniy nuqsonlari, ko‘zi ojizligi) o‘zini himoya qilishga, aybdorga faol qarshilik ko‘rsatishga qodir bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.
Ya’ni, agar nogironligi bo‘lgan shaxs aybdorga faol qarshilik qilish yoki o‘zini himoya qilishning real imkoniyatlariga ega bo‘lmagan holat og‘irlashtiruvchi hisoblanadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga maxsus qurollarni (rezina tayoqlar, qo‘lkishanlar yoki ko‘zdan yosh chiqaruvchi moddalar) qo‘llash mumkinmi?
2016-yil 16-sentyabrda qabul qilingan O’RQ-407-son qonunning 22- va 23-moddalarida quyidagilarga nisbatan maxsus qurollarni qo‘llamaslik aytilgan:
- homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga;
- nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga;
- yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki yoshi ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga.
Ularga maxsus vositalarni, jumladan, gazli hamda shikastlantiruvchi qurolning, o‘qotar qurollarning qo‘llanilishi taqiqlanadi. Lekin, agarda ular qurol bilan qarshilik ko‘rsatib, shaxslar hayoti, sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etsa yoki guruh bo‘lib hujum qilsa maxsus qurollar qo‘llanilishi mumkin.
Masalan, siz II guruh nogironi hisoblanasiz, agar siz ichki ishlar xodimlari bilan janjallashib, pichoq yoxud shunga o‘xshash sovuq qurollar bilan tahdid qilsangiz xodim sizga maxsus qurolli vositalarni qo‘llashga haqli.
Eslatma! Odamning boshiga, bo‘yniga, o‘mrov suyagiga, qorniga, jinsiy a’zolariga, yurak sohasiga rezina tayoq bilan zarbalar berish har qanday holatda taqiqlanadi.
Nogironligi bo‘lgan mahkumlarning jazoni ijro etish koloniyalarida qanday huquqlari mavjud?
Jinoyat-ijroiya kodeksi 78-moddasiga ko‘ra, mahkumlar uchun olinadigan posilka, yo‘qlov va banderollarning miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Biroq quyidagilar qo‘shimcha posilkalar, yo‘qlovlar va banderollar olishga ruxsat etiladi:
- homilador ayollar;
- jazoni ijro etish muassasasidagi bolalar uyida bolalari bo‘lgan ayollar;
- shifokor xulosasiga ko‘ra davolanish va kuchli taomga muhtoj deb e’tirof etilgan bemorlar;
- I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy xulosada belgilanadigan miqdorda va xillarda.
Masalan, siz II guruh nogironi bo‘lgan mahbus hisoblanasiz va siz jazoni o‘tayotgan koloniyada jo‘natmalar turi va miqdoriga cheklovlar o‘rnatilgan. Biroq shifokor xulosasiga ko‘ra, sizga tibbiy xulosada ko‘rsatilgan miqdordagi va turdagi jo‘natmalarni moneliksiz olish huquqiga egasiz.
Eslatma! Barcha posilka, yo‘qlov va banderollar jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ko‘zdan kechiriladi.
Nogironligi bo‘lgan mahkumlarning jazoni ijro etish koloniyalaridagi yashash joylariga qanday talablar o‘rnatilgan?
Jinoyat-ijroiya kodeksi 84-moddasiga muvofiq, nogironligi bo‘lgan bir mahkumga to‘g‘ri keladigan yashash maydonining normasi 3 kvadrat metrdan kam bo‘lishi mumkin emas. Bundan tashqari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
Jazoni ijro etish muassasalarida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatga va ta’lim olishga o‘z xohishlariga ko‘ra jalb etiladilar.
Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarining intizomiy bo‘linmalariga (hibsxonalar) ya’ni qattiq kuchaytirilgan va qo‘riqlanadigan bo‘linmalarga I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar kiritilmaydi.
Jazoni ijro etish muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari qanday?
Jinoyat-ijroiya kodeksi 88-moddasiga muvofiq, 60 yoshdan oshgan erkaklar, 55 yoshdan oshgan ayollar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatga o‘z xohishlariga ko‘ra jalb etiladilar. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatiga belgilangan miqdorda haq to‘lanadi hamda ushbu davrdagi mehnat faoliyati ish stajiga qo‘shiladi.
Yuqorida ko‘rsatilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari buzilganda qayerga murojaat qilish kerak?
Yuqoridagi berilgan huquq va imtiyozlar ta’minlanishi buzilganda prokuratura organlariga murojaat qilishingiz lozim. (1-ilova)
Ilova:
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar:
- O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi https://lex.uz/acts/-111453
- O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi https://lex.uz/acts/-111460
- O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi https://lex.uz/acts/-163629
- O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuni https://lex.uz/acts/-3027843
Bu maqolada sen nogironligi bor insonlarning jinoyati uchun qonundagi huquq va imtiyozlari haqida bilib olasan.
O‘zbekiston qonunlarida nogironligi bor insonlarning jinoyati uchun ayrim yengilliklar bor.
Jinoyat kodeksining 451-moddasiga ko‘ra:
- senda birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lsa, senga majburiy jamoat ishlari jazosi qo‘llanilmaydi.
Chunki majburiy jamoat ishlari sening sog‘ligingga yomon ta’sir qilishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 72-moddasiga ko‘ra:
- ba’zi holatlarda sud nogironligi bor jinoyatchiga shartli hukm tayinlashi mumkin.
Shartli hukm – bu yengil jinoyat qilgan insonni qamoqqa olmasdan uning xulqini nazorat qilish.
Shartli hukm tayinlanishda:
- qanday jinoyat qilganing
- jinoyatning qanchalik xavfli ekani
- sening kimliging
- va boshqa ma’lumotlar o‘rganiladi.
Sud shartli hukmni 1 yildan 3 yilgacha sinov muddati qilib belgilaydi.
Sinov muddati belgilaganidan keyin, senga jazoni ijro etmaslik haqida qaror chiqariladi.
Agar jinoyatchi:
- juda yomon jinoyat qilgan bo‘lsa
- oldin ham yomon jinoyatlar qilgan bo‘lsa
- shartli hukm chiqarilmaydi.
Lekin senda birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor bo‘lsa:
- sen juda yomon jinoyat qilgan bo‘lsang ham
- oldin ham yomon jinoyatlar qilgansan bo‘lsang ham senga shartli hukm tayinlanishi mumkin.
Masalan:
- Sen oldin qamalgansan.
- Sen yangi jinoyating uchun sudlanyapsan.
- Sening birinchi yoki ikkinchi guruh nogironiligingni hisobga olib.
- Sud senga shartli hukm qilishi va sinov muddati belgilashi mumkin.
Qonunga ko‘ra:
- tergov paytida
- sud vaqtida, eshitish va gapirishda nogironligi bor insonlarga imo ishora tarjimoni beriladi.
Imo-ishora tarjimonining to‘lovlari davlat hisobidan to‘lanadi.
Jinoyat kodeksi 56-moddasi ko‘ra:
- o‘zini himoya qilolmaydigan insonga hujum qilish, jazoni og‘irlashtiradigan holat hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra:
- homilador ayollarga
- nogironligi ko‘rinib turgan insonlarga
- keksalar
- yosh bolalarga maxsus qurollarni ishlatish mumkin emas.
Maxsus qurollar:
- rezina tayoqlar
- qo‘lkishanlar
- ko‘zdan yosh chiqaruvchi moddalar
- gazli
- insonni jarohatlaydigan qurollar
- o‘qotar qurollar.
Lekin, nogironligi ko‘rinib turgan inson:
- qurol bilan qarshilik qilsa
- kimnidir sog‘ligiga zarar yetkazmoqchi bo‘lsa
- yoki guruh bo‘lib hujum qilsa, unga qarshi maxsus qurollarni ishlatish mumkin.
Masalan:
- Sen ikkinchi guruh nogironisan.
- Agar sen militsiya ishchilari bilan janjallashib, ularga pichoq ishlatsang militsiya senga qarshi maxsus qurol ishlatishi mumkin.
Insonning:
- boshiga
- bo‘yniga
- o‘mrov suyagiga
- qorniga
- jinsiy a’zolariga
- yuragiga rezina tayoq bilan urish har qanday holatda mumkin emas.
Jinoyat kodeksining 78-moddasiga ko‘ra:
- qamoqda o‘tirgan inson oladigan posilka miqdori qamoqxona tartibi va qamoqdagi inson saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi.
Posilka – bu qamoqdagi insonga yaqinlari berib yuboradigan narsalar.
Masalan:
- Ovqat
- Dori
- Kiyimlar va boshqa kerakli narsalar.
Lekin, ba’zi insonlarga qo‘shimcha posilka olishga ruxsat beriladi.
Qo‘shimcha posilka olishga ruxsat beriladigan insonlar:
- homilador ayollar
- jazoni ijro etish joyidagi bolalar uyida bolasi bor ayollar
- davolanishga va kuchli taomga muhtoj kasallar
- birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bor insonlar
Masalan:
- Sen ikkinchi guruh nogironisan.
- Sen o‘tirgan qamoqda jo‘natmalar turi va miqdori cheklangan.
- Lekin, sen shifokor xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha posilka olishing mumkin.
Jinoyat kodeksining 84-moddasiga ko‘ra:
- qamoqxonadagi nogironligi bor insonning yashash joyi 3 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
Qamoqxonalardagi birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor insonlarning yashash joylari maxsus vositalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
Qamoqxonaning qattiq qo‘riqlanadigan bo‘limlariga birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor insonlar kiritilmaydi.
Jinoyat kodeksining 88-moddasiga ko‘ra:
- 60 yoshdan katta erkaklar
- 55 yoshdan katta ayollar
- birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor insonlar qamoqxona ishlarini qilishga o‘z xohishiga ko‘ra jalb etiladilar.
Birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor insonlar qamoqxonada ishlagani uchun pul to‘lanadi.
Birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor insonlar qamoqxonada ishlagan vaqti ish stajiga qo‘shiladi.
Sen jinoyat qilib qo‘ysa va sen huquq va imtiyozlaringdan foydalanolmasang prokuraturaga murojaat qilishing kerak. (1-ilova)