
Oliy ta’lim muassasalarining bakalavr bosqichiga ko‘zi ojiz abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish tartibi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Ko‘zi ojiz shaxs nogironlik tayoqchasi bilan universitet binosi tomon ketmoqda.
Ko‘zi ojiz abituriyentlar toifasiga qanday abituriyentlar kiradi?
Ko‘zi ojiz abituriyentlar toifasiga quyidagi shaxslar kiradi:
- maxsus maktab-internatlar tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) attestatiga ega shaxslar;
- nogironligi bo’lgan shaxslar uchun ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan diplomga ega shaxslar;
- 9 yillik ko‘zi ojizlar maxsus maktab internatida o‘qigan va 3 yillik o‘rta maxsus, kasb hunar ta’lim muassasasi diplomiga ega bo‘lgan shaxslar;
- umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) hujjati yoki akademik litsey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega bo‘lgan ko‘zi bo‘yicha 1-guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma’lumotnomasiga ega bo‘lgan shaxslar.
Ko‘zi ojiz abituriyentlarning oliy ta’lim muassasasining bakalavriat ta’lim shakliga hujjat topshirish tartibi qanday?
Abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyalari tomonidan har yili 5-iyundan 25-iyungacha (shu kuni ham) bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi. Ko‘zi ojiz abituriyentlar boshqa abituriyentlar qatori, oliy ta’limning bakalavriat bosqichiga hujjatlarni yagona portal my.gov.uz hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz sayti orqali topshiradilar. Har ikkita xizmatdan foydalanib hujjatlarni topshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar xususan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bepul hisoblanadi. Hujjatlarni topshirish jarayonida ko‘zi ojiz abituriyentlar nogironlikni tasdiqlovchi hujjatning seriyasi va raqamini saytga kiritishi kerak bo‘ladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi har yili 1-iyunga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan ko‘zi ojizlarning ma’lumotlar bazasini nogironlik guruhini aniq ko‘rsatgan holda shakllantirishi, hamda uni Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlashi belgilandi. Bu o‘z navbatida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha ma’lumotlarini avtomatik tarzda qabul qilinishini ta’minlaydi.
Oliy ta’lim muassasasida ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonlari qanday tashkil etiladi?
Har yili Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy veb sayti edu.uz da oliy ta’lim muassasasiga yo‘nalishlar bo‘yicha kirish imtihonlarini qaysi fanlardan topshirishlari bo‘yicha fanlar majmuasi e’lon qilinadi. Fanlar majmuasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tuziladigan davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Qonun hujjatlariga va fanlar majmuasiga asosan Oliy ta’lim muassasalari tomonidan, ko‘zi ojiz abituriyentlarni kirish imtihonlariga qabul qilish dasturi tuziladi va oliy ta’lim muassasasi uslubiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Dasturda ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonida fanlar majmuyi asosida belgilangan fanlar, ko‘zi ojiz abituriyentlar bilimiga qo‘yiladigan talablar belgilanadi. Shuningdek dasturda kirish imtihonlarini tashkil etadigan komissiya va uning tarkibi, kirish imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar uchun, apellyatsiyaga topshirish tartibi belgilanadi.
Ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasasida tashkil etiladigan kirish imtihonlari dasturida yana qanday amaliy jarayonlar belgilangan?
Oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirgan ko‘zi ojiz abituriyentlar haqidagi ma’lumotlar oliy ta’lim muassasasiga kelib tushgach, universitetlar abituriyent to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganadi va u ko‘zi ojiz abituriyentlar toifasiga kirsa, universitetlar ushbu abituriyent bilan telefon orqali bog‘lanadi va kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadigan vaqt haqida ma’lumot beradi.
Agar bog‘lanish imkoniyati bo‘lmasa abituriyentga sms orqali xabar yuboriladi. Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida qabul komissiyalari 26-iyulga qadar tashkil etiladi. Ko‘zi ojiz abituriyentlar kirish imtihonlarida ishtirok etishlari uchun o‘zlari bilan fuqarolik pasporti yoki tamomlagan o‘quv yurti ( kasb-hunar maktabi, umumiy o‘rta ta’lim maktabi) diplom asl nusxalarini olib kelishlari kerak.
Ko’zi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonlari qanday tashkil etiladi?
Kirish imtihonlarida ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun har bir fan bo‘yicha bilimlarini baholash maqsadida savollar aks ettirilgan biletlar taqdim etiladi. Imtihonda qabul komissiyasidan tashqari kirish imtihonlari uchun belgilangan fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar ishtirok etadi. Shuningdek, kirish imtihonlarini shaffof tashkil etish maqsadida ko‘zi ojizlar jamiyati yoki nogironlar jamiyatidan vakil ishtiroki ta’minlanadi. Oliy ta’lim muassasasining ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonlarini tashkil etish dasturi asosida abituriyentga har bir fan bo‘yicha qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlangan biletlar beriladi.
Ko’zi ojiz abituriyentlarga biletlardagi savollar qanday beriladi?
Biletlardagi savollar ko‘zi ojiz abituriyentlarga o‘qib beriladi va biletlardagi savollarga tayyorlanishga vaqt beriladi. Abituriyent savollarni Brayl yozuvida yozib olishi mumkin. Savollarga javob berish og‘zaki tarzda o‘tkaziladi. Abituriyent savollarga javoblarni Brayl yozuvida yozib olishi va o‘qib berishi mumkin. Har bir abituriyentning savollarga javob berish jarayonlari video kameraga yozib olinadi. Bundan maqsad javoblarni tahlil qilish va baholash shuningdek apellyatsiyaga topshirgan abituriyentlarning javoblarini tahlil qilishdir. Kirish imtihonlari yakunlangach abituriyentlarga qo‘yilgan ballar asosida qabul komissiyasi ko‘zi ojiz abituriyentlarni oliy ta’limda o‘qishini tavsiya qiladi yoki tavsiya qilmaydi.
Ko’zi ojiz abituriyentlar imtihon natijalari haqida qay tarzda bilishlari mumkin?
Mazkur toifaga kiradigan abituriyentlar va kirish imtihonlari natijalari haqidagi ma’lumotlar 27-iyulga qadar Davlat komissiyasiga va Davlat test markaziga topshiriladi.
Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan (ko‘p balli tizimda baholanganda—maksimal ballning 55 foizidan yuqori ball olgan, besh balli baholash tizimida baholanganda — “3”, “4” yoki “5” baho olgan) abituriyentlar Davlat komissiyasi qarori asosida tanlovsiz, alohida ajratilgan o‘rinlarga davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.
Ko‘zi ojiz abituriyentlar oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirganlarida qanday muammolar kelib chiqishi mumkin?
Ushbu toifaga kiruvchi abituriyentlarning hujjatlari oliy ta’lim muassasasiga kelib tushganda ta’lim muassasasiga ularning haqiqatdan ham ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi ekanliklari haqida ma’lumotlar taqdim etilmayapti. Faqatgina, ularning nogironligi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Natijada, oliy ta’lim muassasasi barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan bog‘lanib ular haqidagi ma’lumotlarni qayta shakllantirishga majbur bo‘lmoqda. Buning asosiy sababi – tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan yagona bazaga kiritilgan ma’lumotlarda faqat nogironlik guruhi aks ettirilgan nogironlik toifasi esa aks ettirilmaganligi hisoblanadi. Aksariyat ko‘zi ojiz abituriyentlarda onlayn hujjat topshirishda texnik qiyinchiliklar mavjud.
Ular hujjatlarini topshirish jarayonida yaqinlaridan yordam so‘raydi yoki hujjat topshirib beruvchi pullik xizmat ko‘rsatish joylaridan foydalanadilar. Natijada noto‘g‘ri yoki nogironlik hujjatini kiritmagan holda hujjatlarni topshirish hollari yuzaga kelmoqda. Ko‘zi ojiz abituriyentlar onlayn hujjat topshirish jarayonida nogironlik guvohnomasidagi ma’lumotlarni kiritganda ushbu ma’lumotlar yagona tizimda yo‘qligi ma’lum bo‘lmoqda va ko‘zi ojiz abituriyentlar tibbiy ijtimoiy komissiyalarga murojaat qilmoqda va ular ma’lumotlarni qayta kiritgunlariga qadar ko‘zi ojiz abituriyentlarning vaqtlarini yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda.
Foydalanilgan manbalar:
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabradgi “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 578-sonli qarori;
- www.edu.uz – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy veb sayti;
- Ko‘zi ojiz abituriyentlarni kirish imtihonlariga qabul qilish dasturi va boshqa amaliy jarayonlar haqida keltirilgan ma’lumotlar, O‘zbekiston milliy universiteti qabul komissiyasi kotibiyatidan olindi.
- Abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://www.youtube.com/watch?v=tjsH9sgy6BU
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 468-sonli qarori
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi 81-sonli farmoni;
Bu maqolada sen ko‘zi ojiz o‘quvchilarni oliy ta’limning bakalavr bosqichiga o‘qishga kirish tartibi haqida bilib olasan.
Oliy ta’lim – bu sen maktab, kollej yoki litseyni tugatganingdan keyin universitet yoki institutda qaysidir sohani egallash uchun o‘qishing.
Oliy ta’limning:
- bakalavr
- magistratura
- doktorantura
- aspirantura kabi bosqichlari bor.
Bakalavr bosqichida sen 4 yil o‘qiysan.
Ko‘zi ojiz o‘quvchilar ro‘yxatiga kiradigan insonlar:
- maxsus maktab-internatlarida 11-sinfni tugatgan, ko‘zi ojizlar uchun berilgan diplomi bor insonlar
- nogironligi bor insonlar uchun moslashtirilgan kasb-hunar kollejlarini tugatgan, ko‘zi ojizlar uchun berilgan diplomi bor insonlar
- 9 yillik ko‘zi ojizlar maxsus maktab-internatini va 3 yillik kasb-hunar kollejini tugatgan ko‘zi ojiz insonlar uchun berilgan diplomi bor insonlar.
11-sinf yoki kollej, litsey diplomini olgan, ko‘z bo‘yicha birinchi guruh nogironlik hujjati bor insonlar ham ko‘zi ojiz o‘quvchilar ro‘yxatiga kiritilgan.
Universitetlarga hujjat topshirish har yili 5-iyundan 25-iyungacha davom etadi.
O‘quvchilarni universitetlarga qabul komissiyalari ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Ko‘zi ojiz o‘quvchilar boshqa o‘quvchilardek bakalavr bosqichiga hujjatlarni:
- gov.uz internet manzili
- my.uzbmb.uz sayti orqali topshiradilar.
my.gov.uz va my.uzbmb.uz internet manzili orqali hujjat topshirish ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor insonlar uchun bepul.
Hujjat topshirishda ko‘zi ojiz o‘quvchilar nogironlik hujjatining seriyasi va raqamini internet manzilga kiritishi kerak.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi har yili 1-iyungacha ko‘zi ojiz insonlarning nogironlik guruhini aniq ko‘rsatib ma’lumotlarini to‘plashi kerak.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ko‘zi ojiz insonlarning ma’lumotlari Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimida ham ko‘rinishini nazorat qilishi kerak.
Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor insonlarning ma’lumotlari ko‘rinishi internet orqali tez va oson hujjat topshirishga yordam beradi.
Har yili edu.uz internet manzilida universitetlardagi yo‘nalishlarga kirish imtihonlarini qaysi fanlardan topshirish kerakligi e’lon qilinadi.
Imtihon topshiriladigan fanlarni Vazirlar Mahkamasiga qarashli davlat test komissiyasi tasdiqlaydi.
Qonun hujjatlari va fanlarga qarab universitetlar ko‘zi ojiz o‘quvchilarni kirish imtihonlari tartibini tuzadi.
Universitetlarning uslubiy kengashi ko‘zi ojiz o‘quvchilarni kirish imtihonlari tartibini tasdiqlaydi.
Dasturda:
- ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun imtihon fanlari
- ko‘zi ojiz o‘quvchilar bilimiga qo‘yiladigan talablar belgilanadi.
Dasturda:
- imtihonlarni tashkil etadigan komissiya va unda ishtirok etadigan insonlar
- imtihon natijalaridan norozi o‘quvchilar uchun, apellyatsiyaga topshirish tartibi belgilanadi.
Apellyatsiyaga topshirish – bu o‘quvchi imtihon natijalaridan norozi bo‘lganda, javoblarini qayta tekshirishga berish.
O‘qishga hujjat topshirgan ko‘zi ojiz o‘quvchilar haqidagi ma’lumotlar universitetga kelib tushadi.
Universitetlar o‘quvchi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganadi.
O‘quvchi ko‘zi ojiz bo‘lsa, universitet bu o‘quvchi bilan telefon orqali bog‘lanib, imtihon bo‘ladigan vaqt haqida ma’lumot beradi.
Agar o‘quvchi bilan bog‘lanib bo‘lmasa unga sms orqali xabar yuboriladi.
Universitetlarda o‘qishga qabul qilishni sifatli o‘tkazish uchun qabul komissiyalari 26-iyulgacha tuziladi.
Ko‘zi ojiz o‘quvchilar kirish imtihonlarida qatnashish uchun o‘zlari bilan :
- pasport
- tugatgan kasb-hunar kolleji yoki maktab diplomining asl nusxasini olib kelishi kerak.
Kirish imtihonlarida ko‘zi ojiz o‘quvchilarga har bir fan bo‘yicha bilimlarini baholash uchun savollar yozilgan varaq beriladi.
Imtihonda:
- qabul komissiyasi
- imtihon olinayotgan fan bo‘yicha o‘qituvchilar
- ko‘zi ojizlar jamiyati vakili
- nogironlar jamiyatidan vakil qatnashadi.
Kirish imtihonlarini tashkil qilish tartibiga ko‘ra ko‘zi ojiz o‘quvchilarga qabul komissiyasi tasdiqlagan biletlar beriladi.
Bilet – bu imtihon savollari yozilgan qog‘oz.
Imtihon vaqtida biletdagi savollar ko‘zi ojiz o‘quvchilarga o‘qib beriladi.
Imtihon vaqtida ko‘zi ojiz o‘quvchi biletdagi savollarga tayyorlanishi uchun vaqt beriladi.
Imtihon vaqtida ko‘zi ojiz o‘quvchi savollarni Brayl yozuvida yozib olishi mumkin.
Imtihon vaqtida ko‘zi ojiz o‘quvchi savollarga javoblarni Brayl yozuvida yozib olishi va o‘qib berishi mumkin.
Ko‘zi ojiz o‘quvchi imtihon savollariga og‘zaki javob beradi.
Har bir ko‘zi ojiz o‘quvchining savollarga javob berishi video kameraga yozib olinadi.
Javoblar kameraga yozilsa:
- javoblarni tekshirish
- baholash
- e’tiroz bo‘lganda o‘quvchining javoblarini qayta ko‘rib chiqishga yordam beradi.
Kirish imtihonlari tugaganidan keyin ko‘zi ojiz o‘quvchilar to‘plagan ballariga qarab o‘qishga kiradi yoki kirolmaydi.
Ko‘zi ojiz o‘quvchilar va imtihon natijalari haqidagi ma’lumotlar 27-iyulgacha:
- Davlat komissiyasiga
- Davlat test markaziga topshiriladi.
Kirish imtihonlaridan yaxshi ball to‘plagan o‘quvchilar Davlat komissiyasi qarori bilan alohida ajratilgan davlat granti bilan o‘qishga qabul qilinadi.
Balli tizimda baholanganda — eng yuqori ballning 55 foizidan ko‘p ball olgan o‘quvchilar universitetga kirgan hisoblanadi.
Baholash tizimida baholanganda — 3, 4 yoki 5 baho olgan o‘quvchilar universitetga kirgan hisoblanadi.
Ko‘zi ojizlar ham imtihon topshirgandan so‘ng hudud tanlashi mumkinmi? Yoki faqat bitta hududda qoladimi javob uchun oldindan raxmat
Assalomu alaykum.
Ko’zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslardan imtihon universitet hududida olinganligi uchun ular faqat o’zlari kirmoqchi bo’lgan universitet belgilagan joyda imtihon topshirishi mumkin.
Shuningdek ko’zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar faqatgina bitta universitetni tanlaydi.
Agar kózi ojiz shaxsni milliy sertifikati bólsa, masalan Tarix Dan C+ sertifikati. Shunda shu fandan ozod etiladimi yoki baribir imtihon topshiradimi shu fandan.
Assalomu alaykum!
Agar yetarlicha ball beradigan sertifikat mavjud bo‘lsa, ushbu fandan ozod etiladi.
Assalomu alaykum!
Agar yetarlicha ball beradigan sertifikat mavjud bo‘lsa, ushbu fandan ozod etiladi.
Assalomu alaykum kozi ojizlar 4 guruh nogironi imtihonda ularga 150 ball qoshib beriladimi yoki universitetga shunaqa kirib ketadimi?
Assalomu alaykum
Hech qanday 150 bal qo‘shib bermaydi. Nogironligi bo‘lgan bolalar shartli ravishda 4-guruh nogironligi bor deb hisoblanadi. Ular imtiyozli ikki foizlik kvotadan foydalanishi mumkin.
Batafsil: https://huquqplus.uz/materials/talim/1861