
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtomobillari uchun benzin sotib olish xarajatlarini qoplab berish tartibi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
llyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida oq mashina to‘xtab turibdi. Uning orqasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtomobillari uchun maxsus turargoh yo‘l belgisi o‘rnatilgan. Fonda yashil daraxtlar ifoda etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-oktabrdagi “Avtomobil benzini sotib olish bo‘yicha ilgari berilgan imtiyozlar o‘rniga shaxslarning ayrim toifalariga oylik pul kompensatsiyalari to‘lovlari joriy etish to‘g‘risida”gi 223-son qaroriga asosan quyidagilarga avtomobil benzini sotib olish xarajatlarining bir qismi oylik pul kompensatsiyasi sifatida to‘lab beriladi:
- urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- mehnatda mayib bo‘lish va kasb kasalligi tufayli I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- I va II guruh bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar.
Eslatma! Arizachi O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi (bir yil ichida O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga jami bir yuz sakson uch kundan ortiq bo‘lmagan muddatga chiqqan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashalgan muddat uzluksiz hisoblanadi), yengil avtomobil, motoaravacha yoki motosiklga ega bo‘lgan va ulardan foydalanuvchi shaxs bo‘lgandagina imtiyozdan foydalanish huquqiga egadir.
Oylik pul kompensatsiyasi to‘lovi summasining miqdori benzinning chakana savdoda eng ko‘p tarqalgan turining o‘rtacha sotish narxidan kelib chiqib, 20 (yigirma) litr avtomobil benzini qiymati miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan belgilanadi.
2024-yil 1-mart holatiga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtomobil benzini sotib olish xarajatlarining bir qismi oylik pul kompensatsiyasi 119 640 so‘mni (20 litr = 5 982 so‘m 1 litr uchun) tashkil qilmoqda.
Benzin sotib olish bo‘yicha imtiyozlarni olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Oylik pul kompensatsiyasi to‘lovini tayinlash uchun ushbu imtiyozdan foydalanuvchi shaxslar pensiyalar va nafaqalarni tayinlaydigan organlarga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi zarur:
- Ariza (ariza namunasi 1-ilovada);
- Ariza beruvchining biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi;
- Imtiyozga bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi guvohnomalar nusxalari (urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar uchun).
- Avtomobil sug‘urta polisi (oylik pul kompensatsiyasi to‘lovini tayinlash uchun sug‘urta polisi faqat ariza topshiruvchi nomiga bo‘lishi kerak, agar sug‘urta polisida ikki va undan ko‘p kishi rasmiylashtirilgan bo‘lsa, oylik pul kompensatsiyasi to‘lanmaydi.
Eslatma! Sug‘urta muddati tugagan kundan, oylik pul kompensatsiyasi to‘lovi ham to‘xtatiladi. Sug‘urtani yangilab yana ariza berish mumkin).
Barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda ariza berilgandan keyin oylik pul kompensatsiyasi to‘lovini tayinlash to‘g‘risidagi masala 5 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.
Ariza bergan shaxsga tegishli bo‘lgan kerakli ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlaridan olinadi. Axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlar asosida oylik pul kompensatsiya tayinlaydigan organlar tomonidan shaxsga oylik pul kompensatsiyasini tayinlash yoki tayinlashni rad qilish masalasi ko‘rib chiqiladi va tegishli organning farmoyishi yoki qarori bilan rasmiylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ishonch raqami: 1271
Qanday holatlarda benzin sotib olish bo‘yicha imtiyoz rad etilishi mumkin?
Quyidagi hollarda ariza bo‘yicha oylik pul kompensatsiyasi to‘lovni tayinlashni rad etiladi:
- Ariza beruvchi oylik pul kompensatsiyasini olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifasiga kirmaganda;
- Foydalanilayotgan avtomototransport vositasi yengil avtomobil, motoaravacha va mototsikl turiga kirmaganda;
- Avtomototransport davriy davlat texnik ko‘rigidan o‘tkazilmaganda;
- Avtomobil sug‘urta polisi boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilmaganda;
- Talab etilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda oylik pul kompensatsiya to‘lovni tayinlash rad etiladi.
Ariza rad etilishi uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablar ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda shaxs takroran murojaat qilish huquqiga egadir.
Avtomototransport vositasi egasi oylik pul kompensatsiya to‘lovini tayinlaydigan organga quyidagi holatlar to‘g‘risida xabar berishi shart:
- yashash joyi o‘zgarganligi;
- avtomototransport vositasi sotilganligi;
- sug‘urta polisi boshqa shaxslarning nomiga rasmiylashtirilganligi;
- yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilganligi uchun haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilganligi.
Oylik pul kompensatsiyasi olish huquqiga ega bo‘lgan avtomototransport vositasi egasi vafot etgan taqdirda tegishli bildirishnoma uning qarindoshlari tomonidan taqdim etilishi kerak. Yuqorida sanab o‘tilgan holatlarda kompensatsiya to‘lash to‘xtatiladi.
Ariza rad etilgan taqdirda, rad etish uchun asos bo‘lgan holatlarni bartaraf etgach, hududiy pensiya va nafaqalarni tayinlash bo‘limiga takroran murojaat qilinishi kerak yoki davlat xizmatlari markaziga shaxsan tashrif buyurib so‘rovnomani to‘ldirish kerak.
Oylik pul kompensatsiyasi to‘lovi ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha pensiyalar va nafaqalarni tayinlaydigan organlar tomonidan pensiyalar va nafaqalarni to‘lash uchun belgilangan muddatlarda, alohida qaydnomalar bo‘yicha tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot orqali amalga oshiriladi.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati har oyning 10-kunidan kechikmay oylik pul kompensatsiyasi to‘laydigan vazirliklar va idoralarning hududiy bo‘linmalarining bank hisob raqamlariga oylik pul kompensatsiyasi to‘lash uchun moliyaviy mablag‘larning zarur miqdorini o‘tkazadilar.
Masalani qanday qilib ijobiy hal etish mumkin?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasiga muvofiq:
har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
Davlat organlariga murojaat qilish tartibi va asoslari O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni bilan belgilanadi. Ushbu qonunning 5-moddasiga ko‘ra, murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin. Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat’i nazar, bir xil ahamiyatga ega bo‘ladi, deb ta’kidlab o‘tilgan.
Yuqoridagi imtiyozdan foydalanish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga murojaat qilishning elektron tizimini joriy etish lozim. Hozirgi kunda my.gov.uz sayti orqali davlat xizmatlaridan tez va oson foydalanish mumkin ammo tizimda ushbu imtiyozdan foydalanish bo‘yicha murojaat qilish mexanizmi yaratilmagan. My.gov.uz platformasida nafaqat ushbu toifadagi masalalar bo‘yicha murojaat qilish mexanizmini yaratish balki boshqa masalalarda ham murojaat qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘proq elektron murojaat mexanizmini yaratish lozim.
Ilovalar:
Foydalanilgan manbalar ro‘yxati:
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, https://lex.uz/docs/-6445145
- O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, https://lex.uz/docs/-3336169
- Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-oktabrdagi “Avtomobil benzini sotib olish bo‘yicha ilgari berilgan imtiyozlar o‘rniga shaxslarning ayrim toifalariga oylik pul kompensatsiyalari to‘lovlari joriy etish to‘g‘risida”gi 223-son qarori, https://lex.uz/docs/-1076015
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-oktyabrdagi 223-sonli qaroriga ko‘ra, ayrim insonlarning mashinasi uchun benzin sotib olishda to‘lovning bir qismi davlat tomonidan har oyda to‘lab beriladi.
Benzin sotib olish uchun pul to‘lab beriladigan insonlar:
- urushda qatnashgan insonlar
- urush ko‘rgan qariyalar
- ishi sabab kasal bo‘lgan birinchi va ikkinchi guruh nogironligi berilgan insonlar
- bolalikdan birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor insonlar.
Sen benzin puli uchun murojaat qilmoqchi bo‘lsang:
- O‘zbekistonda doimiy yashaydigan bo‘lishing
- Yengil avtomobiling bor bo‘lishi
- Yengil avtomobildan o‘zing foydalanishing kerak bo‘ladi.
Yengil avtomobil – bu har xil turdagi mashinalar, motoaravacha va mototsikllar.
Vazirlar mahkamasi komissiyasi senga bir oyda 20 (yigirma) litr benzin uchun pul beradi.
Benzin uchun beriladigan pul benzinning eng ko‘p turining o‘rtacha narxidan kelib chiqib hisoblanadi.
Sening mashinang uchun 1 oylik beriladigan benzin puli 1 litr uchun 5 982 (besh ming to‘qqiz yuz sakson ikki) so‘m.
20 litr uchun – 119 640 (bir yuz o‘n to‘qqiz ming olti yuz qirq) so‘m.
Benzin sotib olishga imtiyoz olishing uchun sen pensiya va nafaqalarni belgilaydigan tashkilotga hujjatlaringni berishing kerak.
Sen pensiya va nafaqalarni belgilaydigan tashkilotga topshirishing kerak bo‘lgan hujjatlar:
- Ariza (ariza namunasi)
- sening pasporting yoki ID-kartang
- sening nogironlik hujjating va imtiyoz beruvchi boshqa hujjatlaring
- sening mashinang sug‘urtasi
Sug‘urta – bu avariya, tosh ko‘chishi, yer qimirlashi kabilar ro‘y berganda zarar qoplab berilishi.
Senda sug‘urta bo‘lsa, sug‘urta vaqti tugashi bilan, benzin uchun to‘lov puli ham to‘xtatiladi.
Sen sug‘urtani yangilab yana ariza berishing mumkin.
Benzin oylik pulini olish uchun bergan arizang va kerakli hujjatlaring 5 kunda ko‘rib chiqiladi.
Ariza berganingdan keyin sening ma’lumotlaring Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasidan olinadi.
Ma’lumotlar bazasi – bu kerakli ma’lumotlar yig‘ilgan joy.
Sening ma’lumotlaring ko‘rib chiqiladi va benzin uchun senga oylik pul berish yoki bermaslik haqida ichki ishlar vazirligi qaror chiqaradi.
Pensiya jamg‘armasining qisqa telefon raqami: 1271
Sening benzin puli uchun bergan arizang:
- Sen benzin olish uchun imtiyozli bo‘lmasang
- mashinang yengil avtomashina turiga kirmasa
- mashinangni ishlash holati tekshirilmagan bo‘lsa
- mashinang sug‘urtasi boshqalar nomiga rasmiylashtirilmagan bo‘lsa
- kerakli hujjatlarni topshirmagan bo‘lsang arzang rad etiladi.
Sening arizang rad etilsa, hujjatlaringni to‘g‘rilab qaytadan murojaat qilishing mumkin.
Sening:
- yashash joying o‘zgarsa
- mashinang sotilsa
- sug‘urta boshqa insonlar nomiga tayyorlansa
- yo‘l qoidasini buzganing uchun haydovchilik guvohnomangni oldirib qo‘ysang
- benzin uchun oylik puli to‘laydigantashkilotga xabar berishing shart.
- Shundan keyin senga benzin puli berish to‘xtatiladi.
Agar benzin uchun oylik pul oladigan inson vafot etsa, bu haqida tashkilotga uning qarindoshlari xabar berishi kerak.
Sening arizang rad etilsa, rad etish sabablarini to‘g‘rilab yashash joyingdagi pensiya va nafaqalarni tayinlash tashkilotiga qayta murojaat qilishing mumkin.
Yoki arizang rad etilganda davlat xizmatlari markazi orqali ham qayta ariza berishing mumkin.
Benzin uchun oylik pulini pensiya va nafaqalarni tayinlaydigan tashkilot pensiya va nafaqa pulini berish vaqtida alohida ro‘yxat bo‘yicha beradi.
“O‘zbekneftgaz” tashkiloti har oyning 10-sanasigacha benzin uchun 1 oylik to‘lov pulni vazirlik va tashkilotlarning bank hisobiga o‘tkazadi.
Vazirlik va tashkilotlar esa kelgan pulni benzin olishda imtiyozi bor insonlarga yetkazadi.
Nogironligu bolgan shaxslar uchun zaprafkalarda quyilgan benzin Metan gazlar uchun kanpitsatsiya pullar qanday tartipta qaytariladi javop uchun raxmat.
Assalomu alaykum, Madiyor!
Faqatgina benzin uchun bu imtiyoz beriladi. Metan-gazni sotib olish xarajatlarini qoplab berish tartibi majvud emas. Murojaatingiz uchun rahmat!