
Nogironligi bo‘lgan shaxslar chet elga ishlash uchun chiqishi mumkinmi?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Nasiba Atamuratova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironligi bo‘lgan shaxs xorijga chiqish pasporti va samolyot uchun chiptani cho‘ntagiga solmoqda.
Chet elga ishlash uchun kimlar chiqish huquqiga ega?
Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘pchilik fuqarolarimizning ishlash uchun chet elga chiqish hollari kuzatilmoqda. Ularning chet elda xavfsiz ishlashi, aldanib qolmasligi uchun bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu munosabatlar, 2025-yil 22-aprelda Vazirlar Mahkamasining 252-son qarori bilan qabul qilingan Nizomiga asosan tartibga solinadi. Ushbu Nizomga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uyushgan (guruh bo‘lgan) holatda ishlash uchun chiqish huquqiga egadir. Bu holat faqatgina O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarigagina tatbiq etiladi. Ya’ni, chet elliklar va fuqaroligi yo‘q bo‘lgan shaxslar chet elda ishlash uchun agentlik tomonidan ro‘yxatga olinmaydi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar ham chet elga ishlash uchun chiqish huquqiga egami?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar ham chet elga ishlash uchun chiqish huquqiga ega. Ushbu holat amaliyotda ko‘p uchramaganligi sababli ham bu haqida ko‘pchilik ma’lumotga ega emas. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslar ham hamma qatori belgilangan tartibda murojaat qilish va chet elga ishlash uchun chiqish huquqiga egadir. Ushbu nizomda fuqarolarning huquqlari bilan birgalikda, ularga cheklovlar ham qo‘yilgan. Masalan, Nizomning 36-bandida quyidagicha belgilanadi:
“Talabgorda atrofdagilarga xavf uyg‘otadigan kasalliklar va vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar aniqlansa, talabgor to‘liq sog‘ayib ketguniga qadar ketishdan oldin moslashtirishdan chetlatiladi».
Ya’ni, bunda atrofga xavf uyg‘otadigan kasalliklar deganda qandaydir yuqumli kasalliklar, masalan, qizamiq yoki boshqa atrofdagilarga ham yuqish ehtimoli bor bo‘lgan kasalliklar tushuniladi. Ushbu kasalliklarning aniq ro‘yxati shakllantirilmagan. Lekin, 2015-yil 15-martdagi Sanitariya bosh vrachining buyrug‘iga ko‘ra ayrim kasalliklar yuqumli kasalliklar sifatida atab o‘tilgan. Vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklarga misol sifatida qandaydir organining ishlamay qolishligi, qo‘l yoki oyoqning sinish holatlarini keltirishimiz mumkin. Ushbu kasalliklar bilan kasallangan shaxslar vaqt o‘tib tuzalgandan keyin ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Chet elga ishlash uchun yuborish huquqiga ega agentlikka qo‘yiladigan talablar
Fuqarolarni ishlash uchun yuboradigan agentliklar qaysi davlatga fuqarolarni jo‘natmoqchi bo‘lsa, o‘sha yerdagi ish beruvchi bilan shartnoma tuzgan bo‘lishi kerak. Fuqarolar ushbu shartnomani xorijlik ish beruvchining va agentlikning veb- saytida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Ushbu holatda aldanib qolmaslik uchun agentlikning ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishi qonuniy ekanligiga ishonch hosil qilishingiz kerak bo‘ladi. Bunda agentlik ushbu faoliyatni olib borish huquqini beradigan hujjatga ega bo‘lishi kerak.
Ishga yuboruvchi yuridik shaxs chet elda ishlash uchun ish izlab yurgan shaxslarning ma’lumotlar bazasini shakllantirishi shart. Ushbu xodimlar yagona ma’lumotlar bazasi talabgor to‘g‘risida quyidagi axborotlarni o‘z ichiga oladi:
- F.I.O., pasport ma’lumotlari;
- Tug‘ilgan sanasi va yili;
- Yashash joyi, telefon raqamlari;
- Ma’lumoti, mutaxassisligi,;
- Ish tajribasi, boshqa ko‘nikmalari;
- Fotosuratlari.
Ushbu ma’lumotlar bazasi orqali talabgorlar tanlab olinadi. Fuqarolarni agentlik rahbari va chet ellik ish beruvchi kelishgan holatda tanlab oladilar.
Ushbu agentliklar ko‘rsatadigan xizmatlarining qiymati qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridan oshmasligi kerak. Ma’lumot o‘rnida, hozirda ushbu summa 412 ming so‘mni tashkil etadi.
Chet elga yuborishdan oldin qilinadigan ishlar
Talabgorlar ishga yuborilishidan oldin davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitiladi. Agarda talabgor xorijiy ish beruvchining talablariga javob beradigan bo‘lsa o‘qitilishi shart emas.
Agentlik ishga ketayotgan shaxsga chet davlatning holatidan kelib chiqib quyidagilarni amalga oshiradi:
- Chet ellik rahbar bilan tuzadigan mehnat shartnomasi loyihasi, turar joyi va ishlash sharoiti bilan tanishtirishi, uning roziligini olishi;
- Talabgorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi, bunda sil, ruhiy, tanosil kasalliklari bor yoki yo‘qligi va giyohvand moddalar iste’mol qilish yoki qilmasligini tekshirishi;
- Zarurat bo‘lsa, chet elga chiqish vizasini olish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirishda talabgorga ko‘maklashishi;
- Ishga ketayotgan mamlakat davlat tilini, urf-odatlari va qonun-hujjatlarini o‘rgatishi kerak. Qo‘shimcha xavfsizlikka rioya qilish, diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish, tanosil kasalliklari va OIV-infeksiyasi tarqalishining profilaktikasi bo‘yicha qisqa muddatli kurslar o‘tkazishi;
- Talabgorlar hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urta qilish jarayonini tashkil etishi shart.
Ushbu sohada nazorat faoliyatini amalga oshiruvchi organlar
Ishga ketayotgan davlatdagi ishchilar faoliyatini tekshirish, ularning huquqlarini himoya qilishni quyidagi organlar amalga oshiradi:
- O‘zbekiston Respublikasi Konsullik muassasalarining mehnat masalalari bo‘yicha attashesi;
- Agentlikning xorijiy vakolatxonalari;
- Agentlikning davlat va nodavlat xorijiy hamkorlari;
- Yuboruvchi tashkilotlar;
- Nodavlat notijorat tashkilotlari.
Nogironligi boʻlgan shaxslar chet elga chiqsa nogironlik pensiyasi toʻxtatiladimi?
“Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, bugungi kunda pensioner O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib 3 oydan ortiq vaqt mobaynida O‘zbekistonga qaytib kelmaganida pensiyani to‘lash vaqtincha to‘xtatib turiladi.
Bunda vaqtincha to‘xtatilgan pensiyani to‘lash pensioner O‘zbekistonga qaytib kelgandan so‘ng qayta tiklanadi. Eslatib o‘tamiz, fuqaro O‘zbekistonga qaytib kelgandan so‘ng olinmay qolgan oylardagi pensiyasini 24 oyligini olish huquqiga ega. Bunda pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilganidan oldingi 24 oydan oshmagan davr uchun to‘lanadi.
Foydalanilgan manbalar:
- 2025-yil 22-aprelda Vazirlar Mahkamasining 252-son qarori bilan qabul qilingan “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan holda tanlab olish tartibi to‘g‘risida” gi Nizom https://lex.uz/ru/docs/-3903307
- O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya bosh vrachining 2015-yil 15-martdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida yuqumli kasalliklar immunoprofilaktikasi to‘g‘risida” gi umumiy qoidalar https://lex.uz/docs/5524044
- “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizom, https://lex.uz/ru/docs/6236060
- «Pensioner O‘zbekistondan chiqib ketganda pensiya qanday to‘lanadi?», Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy Telegram kanali, 2025-yil 4-fevral, https://t.me/minecofinuz/11119
Bu maqolada sen
- chet elda ishlashing mumkin yoki mumkin emasligi
- sen uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida bilib olasan.
Vazirlar Mahkamasining 725-sonli qarori bilan qabul qilingan Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining chet elda ishlashlari nazorat qilinadi.
O‘zbekiston fuqarolari – bular O‘zbekistonda qonuniy yashaydigan insonlar.
Sen O‘zbekiston fuqarosisan. Demak sen ham chet elga ishlash uchun chiqishing mumkin.
Nizomga ko‘ra O‘zbekiston fuqarolari chet elga guruh bo‘lib ishlash uchun chiqishlari mumkin.
Bu qoidalar faqat O‘zbekistonda qonuniy yashaydigan insonlar uchun amal qiladi.
Chet elliklar va O‘zbekistonda qonuniy yashamaydigan insonlar uchun bu qoidalar amal qilmaydi.
Seni chet davlatga ketishing mumkin bo‘lmagan holatlar:
- boshqalarga zarar yetkazadigan kasalliklar bo‘lsa
- kasallik sabab vaqtincha ishlashing mumkin bo‘lmasa,
- kasallikdan sen tuzalmaguningcha
Boshqalarga zarar yetkazadigan kasalliklar – bu qizamiq kabi yuqumli kasalliklar.
Biror kasallik sabab vaqtincha ishlash mumkin bo‘lmaydigan holatlar bu:
- biror tana a’zosining ishlamay qolishi
- qo‘l yoki oyoqning sinishi
Agar senda shunday kasalliklar bo‘lsa, sen tuzalganingdan keyin chet elga ketishing mumkin.
Seni ishlash uchun chet elga yuboradigan agentlik o‘sha davlatdagi ish beruvchi bilan shartnoma tuzgan bo‘lishi kerak.
Chet el va agentlik o‘rtasida tuzilgan shartnomani internet manzildan o‘qiy olishing kerak.
Chet elga ketishda aldanib qolmaslik uchun sen murojaat qilgan agentlikning qonuniy yoki noqonuniy ishlashini bilishing kerak.
Qonuniy ishlaydigan agentlikning qonuniy ishlashi haqida hujjati bo‘ladi.
Seni chet elga ishga yuboradigan inson sening ma’lumotlaringni yig‘ishi shart.
Seni chet elga ishga yuboradigan inson sening:
- Familiyang, isming, otangning ismi
- Pasport ma’lumotlaring
- Tug‘ilgan sanang va yiling
- Yashash joying, telefon raqamlaring
- Ma’lumoting, mutaxassisliging
- Ish tajribang, boshqa ko‘nikmalaring
- Fotosuratlaringni olishi kerak.
Sening ma’lumotlaring agentlik rahbari va chet ellik rahbarlar seni ishga tanlab olishida kerak bo‘ladi.
Agentliklar seni chet elga yuborishi uchun sen to‘laydigan pul bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan oshmasligi kerak.
Seni chet elga ishga yuborishdan oldin davlat va nodavlat o‘qishlarida kasb-hunarga o‘qitishadi.
Agar sen chet ellik rahbar qo‘ygan talablarga mos kelsang, ketishingdan oldin o‘qishing shart emas.
Agentlik chet davlatning holatidan kelib chiqib:
- Chet ellik rahbar sen bilan tuzadigan mehnat shartnomasi shartlarini kelishishi kerak.
Seni yashash joyi, ishlash sharoiti bilan tanishtirishi va sening roziligingni olishi kerak.
Seni shifokor tekshiruvida o‘tkazishi:
- sil
- ruhiy
- tanosil kasalliklari bor yoki yo‘qligi
- giyohvand moddalar iste’mol qilish yoki qilmasligingni tekshirishi kerak.
Zarurat bo‘lsa:
- chet elga chiqish vizasini olishing uchun tegishli hujjatlarni tayyorlash
- rasmiylashtirishda senga yordam berishi kerak.
Viza – bu sen chet elga chiqishing uchun ruxsat berilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Sen ishga ketayotgan mamlakatning:
- davlat tilini
- urf-odatlarini
- qonun-hujjatlarini senga o‘rgatishi kerak.
Sen uchun:
- qo‘shimcha xavfsizlikka rioya qilish
- diniy ekstremizm
- terrorizmning oldini olish
- tanosil kasalliklari
- OIV-infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha qisqa kurslar o‘tkazishi kerak.
Sening hayoting va sog‘liging sug‘urta qilinishi shart.
Sen ishga ketayotgan davlatdagi ishchilarni tekshirib, himoya qiladigan tashkilotlar:
- O‘zbekiston Konsullik muassasalarining mehnat masalalari bo‘yicha attashesi
- Agentlikning xorijiy vakolatxonalari
- Agentlikning davlat va nodavlat xorijiy hamkorlari
- Yuboruvchi tashkilotlar
- Nodavlat notijorat tashkilotlari.
Birnchi gurux man Lekin qulim yaxshi ishlaydi manga xam chet elda ish bormi qanday qilib ketish mumkun bizga sharoyit yaratib berladmi
Assalomu alaykum
Ha, albatta. Sizning chet elga chiqishingizga hech qanday to‘siq mavjud emas.
Shuningdek, sizning nogironligingiz uchun ham hech qanday imtiyoz ham mavjud emas.