
Nogironligi bo‘lgan bolalarni uy ta’limi bilan ta’minlash tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Nogironlik aravachasidagi bolaga o‘qituvchi dars o‘tmoqda. O‘quvchi stolining chap tarafida paxta gulli choynak-piyola tasvirlangan.
Uyda yakka tartibda ta’lim olish nima?
Jismoniy yoki ruhiy nogironligi bo‘lgan va bemorligi sababli uzoq vaqt davolanishga majbur bo‘ladigan bolalar uchun uyda yakka tartibda ta’lim olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Misol uchun oyog‘i amputatsiya bolani tasavvur qilaylik. Maktabga maxsus protez aravacha yordamida bormoqchi bo‘lsa, aravacha harakatlanishi uchun maxsus inklyuziv shart-sharoitlar yaratilmagan. Mana shu holatda nogironligi bor bolaga o‘z uyida ta’lim olishi uchun yakka tartibdagi uy ta’limi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Tayanch harakat tizimida nuqsoni bor hamda aqliy jihatdan ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega bolalar uchun uy ta’limi yo‘lga qo‘yiladi. Shu o‘rinda bir jihatni aytib o‘tishimiz kerakki, o‘ta og‘ir operatsiyalarni boshidan o‘tkazgan va uzoq vaqt davomida davolanishga majbur bo‘ladigan bolalar uchun ham uy ta’limi amaliyoti joriy etiladi.
Qanday holatlardagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun uy ta’limi joriy etiladi?
- Ruhiy rivojlanishida o‘ziga xos xusisuyatlarga ega bolalar uchun;
- Aqliy rivojlanishida o‘ziga xos xusisuyatlarga ega bolalar uchun: Bolaning aqliy nogironlik holati maxsus internat maktablarga o‘qish uchun imkon beradigan bo‘lsa, bu toifa bolalar maxsus internat-maktablarga yo‘naltiriladi. Agarki, aqliy nogironlik holati internat-maktabga borish uchun imkon bermasa, bu toifa bolalar uchun uy ta’limi tashkil etiladi.
- Tayanch harakat tizimida nuqsoni bor bolalar uchun: Maxsus nogironlar aravachasida harakatlanadigan yoki jismoniy harakatni mustaqil amalga oshira olmaydigan bolalar uchun uy ta’limi amaliyoti belgilanadi.
- Uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun: O‘ta og‘ir tibbiy muolajalarni boshidan o‘tkazgan va salomatligidagi jiddiy muammolari sababli, maktabga bora olmaydigan bolalar uchun tibbiy-psixologik, pedagogik komissiyaning xulosasiga ko‘ra, uy ta’limi nazarda tutiladi.
10 yoshli bola tartib bo‘yicha 4-sinfda ta’lim olishi kerak. Uy ta’limida o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan 10 yoshli bola 2-sinf dasturi bilan o‘qitiladimi?
Maktabning tegishli sinfida o‘qiyotgan bolalardan yoshiga nisbatan ikki yosh quyi sinfda tahsil olayotgan o‘quvchilarni ham ushbu sinfda uyda yakka tartibda ta’lim olishga jalb qilishga ruxsat etiladi.
Masalan, aksariyat 10 yoshli bolalar 4-sinfda tahsil olmoqda deylik, nogironligi bor bolaning holatidan kelib chiqqan holda, unga uy ta’limi berilganda ta’lim 2-sinf dasturi orqali berilishi mumkin.
Dars jarayonida ta’lim oluvchining nogironlik holatlari inobatga olinishi shart. Uy ta’limi shaklida darslarni tashkil etgan o‘qituvchi-murabbiylar uchun ish haqiga nisbatan qo‘shimcha ustamalar va kompensatsiyalar to‘lab beriladi.
Maktabga sog‘lig‘idagi jiddiy muammo sabab bora olmaydigan o‘quvchilar uchun uy ta’limi tashkil etiladimi?
Maktabga sog‘ligidagi jiddiy muammolar sababli, o‘quv jarayonlariga qatnasha olmaydigan bolalar uchun maxsus tibbiy xulosaga asosan yakka tartibdagi uy ta’limi tashkil etiladi.
Tibbiy xulosani qayerdan olish mumkin?
Bu boradagi tibbiy xulosani nogironligi bo‘lgan bolaning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasidan olish mumkin.
Tibbiy xulosani olish uchun qanday murojaat qilish lozim?
Buning uchun nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasi nomiga ariza bilan murojaat qilishi talab etiladi. (Ariza namunasi 1-Ilovada)
Tibbiy maslahat komissiyasiga o‘quvchining kasallik tarixidan ko‘chirma, kasallik bo‘yicha maxsus davolash-profilaktika muassasalarining xulosasi, zaruratga ko‘ra boshqa diagnostika tekshiruvlari natijalari taqdim etiladi.
Tibbiy xulosani olish uchun murojaat qilinganda necha kun ichida tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi?
Tibbiy ko‘rik tibbiy-maslahat komissiyasiga murojaat qilingan kundan boshlab 3 kun ichida o‘tkaziladi.
Tibbiy xulosa qancha muddatga beriladi?
Tibbiy xulosa 6 oy muddatga yoxud to‘liq o‘quv yiliga beriladi hamda tibbiy-maslahat komissiyasining raisi, a’zolari va uning ishiga jalb qilingan boshqa mutaxassislar tomonidan imzolanib, davolash-profilaktika muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Tibbiy xulosani olgandan so‘ng, uy ta’limi shaklida farzandini o‘qitmoqchi bo‘lgan ota-ona kimga murojaat qilishi lozim?
Tibbiy maslahatlashuv komissiyasining tibbiy xulosasini olgandan keyin nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasi o‘z farzandini uy ta’limi shaklida o‘qitish uchun maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi. (Ariza namunasi 2-Ilovada)
Maktab direktori nomiga beriladigan arizada qanday hujjatlar ilova qilinishi lozim?
- o‘quvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;
- o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli (ta’lim olgan bo‘lsa);
- tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasi.
Maktab direktori arizani qabul qilib olgach, 3 kun ichida o‘quvchini uyda yakka tartibda ta’lim olishga jalb qilish haqida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga ota-onalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning nusxalarini ilova qilgan holda yozma murojaat qiladi.
Uy ta’limi shaklida ta’lim olmoqchi bo‘lgan o‘quvchiga logoped kerak bo‘lsa, ammo ushbu maktabda bo‘lmasa nima bo‘ladi?
O‘quvchida bir vaqtning o‘zida bir necha kasallik turlari uchrasa yoki unga fan o‘qituvchilaridan tashqari boshqa mutaxassislar (logoped, psixolog, defektolog va boshqalar) maktabda bo‘lmagan taqdirda, boshqa ta’lim muassasalaridan o‘rindoshlik asosida jalb qilinadi.
Uy ta’lim shaklida ta’lim oladigan o‘quvchining ta’limi qanday tashkil qilinadi?
O‘quvchining yoshi, ruhiy holati, avval qaysi sinfgacha o‘qiganligi inobatga olinib muayyan sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftaridagi ro‘yxatga kiritiladi. O‘quvchiga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasi asosida ta’lim-tarbiya beriladi. O‘quv rejasidagi haftalik soatlar miqdori 1 — 4-sinflar uchun 8 soat, 5 — 9-sinflar uchun 10 soatni, 10-11-sinflar uchun 12 soatni tashkil qiladi.
Dars jadvali maktab tomonidan o‘quvchining sog‘lig‘i holatini inobatga olib, ota-onalar bilan kelishgan holda ishlab chiqiladi.
Uy ta’lim shaklida ta’lim oladigan o‘quvchining o‘quv dasturi qanday bo‘ladi?
Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish maktabning o‘quv dasturi, ruhiy rivojlanishida o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish esa — aqliy nogironligi bor bolalar uchun jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi asosida tashkil etiladi.
Uy ta’lim shaklida ta’lim oladigan o‘quvchining dars soatining davomiyligi qancha?
Dars soatining davomiyligi jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 45 daqiqa, ruhiy o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun 40 daqiqadan iborat bo‘ladi.
Uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etishda ota-onalarning qanday huquqlari bor?
- farzandining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
- dars mashg‘ulotlarining o‘z vaqtida o‘tkazilishini nazorat qilish;
- o‘qituvchining ruxsati bilan dars mashg‘ulotlarida qatnashish;
- farzandining ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur hollarda o‘qituvchi, psixolog, defektolog va boshqalardan maslahat olish;
- farzandiga ta’lim berayotgan o‘qituvchi faoliyatidan qoniqmagan taqdirda, uni boshqa o‘qituvchi bilan almashtirish to‘g‘risida maktab rahbariyatiga murojaat etish;
- dars jadvalini tuzish, o‘quv dasturlarini belgilash bo‘yicha takliflar berish.
Uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etishda ota-onalarning qanaqa majburiyatlari bor?
- farzandining ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash;
- shifokor tavsiyalari va farzandining kun tartibi to‘g‘risida o‘qituvchini o‘z vaqtida xabardor qilish;
- dars mashg‘ulotlarining olib borilishi hamda o‘qituvchi faoliyati uchun zarur shart-sharoit yaratish;
- o‘quvchining sog‘lig‘i to‘g‘risida maktab rahbariyatini o‘z vaqtida xabardor qilish;
- o‘qituvchi dars mashg‘ulotlariga kelmay qo‘ygan taqdirda, bu haqda maktab rahbariyatini xabardor qilish;
- farzandi tomonidan uy vazifalarining bajarilishini ta’minlash.
Ilova:
Foydalanilgan manbalar:
Bu maqolada sen nogironligi bor bolalarni uyda o‘qitish tartibi haqida bilib olasan.
Uyda o‘qishi mumkin bo‘lgan bolalar:
- Ruhiy rivojlanishida o‘ziga xos xususiyatlarga ega bolalar
- Aqliy rivojlanishida o‘ziga xos xususiyatlarga ega bolalar uchun
- Harakatlanish a’zolarida (qo‘l, oyoq, bel) nuqsoni bor bolalar
- Uzoq vaqt davolanishi kerak bo‘lgan bolalar
Masalan:
- Oyog‘ining bir qismi kesib tashlangan bola
- maxsus protez yoki aravachada maktabga
- lekin, maktabda aravachada yurish uchun sharoitlar yo‘q
- mana shu holatda nogironligi bor bola uy ta’limida o‘qitiladi.
Maktabda yoshiga qaraganda ikki yosh kichik sinfda o‘qiyotgan o‘quvchilarni ham uyda o‘qitishga ruxsat beriladi.
Masalan:
- 10 yoshli bola 4-sinfda o‘qishi kerak.
- Lekin nogironligi bor bolaning holati 10 yoshda 2-sinfda o‘qishga to‘g‘ri kelsa uni uyda 2-sinfda o‘qitish mumkin.
Dars vaqtida bolaning nogironlik holati hisobga olinishi shart.
Uyda o‘qiydigan bolaga dars beradigan o‘qituvchiga qo‘shimcha oylik to‘lanadi.
Sog‘ligi sababli maktabga borolmaydigan bolalarni maxsus shifokor xulosasi bilan uy ta’limida o‘qitish mumkin.
Shifokor xulosasini nogironligi bor bola doimiy yashaydigan joydagi poliklinikadagi tibbiy-maslahat beruvchi shifokorlardan olish mumkin.
Shifokor xulosasini olish uchun nogironligi bor bolaning ota-onasi yashash joyidagi poliklinikaning tibbiy-maslahat shifokorlari nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
(Ariza namunasi 1-Ilovada)
Tibbiy maslahat shifokorlariga:
- bolaning kasallik tarixidan ko‘chirma
- kasallik bo‘yicha shifoxona xulosasi
- zaruratga ko‘ra boshqa tekshiruv javoblari beriladi.
Tibbiy xulosani olish uchun murojaat qilgan kundan boshlab 3 kun ichida bola tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Tibbiy xulosa 6 oy yoki to‘liq o‘quv yili uchun beriladi.
Tibbiy xulosani olgandan keyin nogironligi bor bolaning ota-onasi bolani uy ta’limida o‘qitish uchun maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
(Ariza namunasi 2-Ilovada)
Maktab direktoriga beriladigan arizaga qo‘shiladigan hujjatlar:
- bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi
- baholar tabeli (oldin o‘qigan bo‘lsa)
- tibbiy-maslahat shifokorlarining xulosasi.
Maktab direktori arizani olgach, 3 kun ichida tuman (shahar) xalq ta’limiga yozma murojaat qiladi.
Bolaga maktab fanlaridan tashqari:
- logoped
- psixolog
- defektolog va boshqalar kerak bo‘lsa va bu mutaxassislar maktabda bo‘lmasa, boshqa joydan olib kelinishi kerak.
Uyda o‘qitishni tashkil qilish tartibi:
- O‘quvchining yoshi
- ruhiy holati
- oldin qaysi sinfgacha o‘qiganiga qarab sinf jurnaliga va o‘quvchilarning harakati daftariga kiritiladi.
O‘quvchi Xalq ta’limi vazirligi tasdiqlagan o‘quv rejaga ko‘ra o‘qitiladi.
O‘quv rejasidagi haftalik o‘qitish soatlari:
- 1 – 4-sinflar 1 haftada 8 soat o‘qitiladi
- 5 – 9-sinflar 1 haftada 10 soat o‘qitiladi
- 10-11-sinflar 1 haftada 12 soat o‘qitiladi
Dars jadvalini o‘quvchining sog‘ligiga qarab, maktab va ota-onalar birgalikda tuzadi.
Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bor o‘quvchilarni uyda o‘qitish tartibi maktab o‘quv dasturiga ko‘ra tuziladi.
Ruhiy rivojlanishida o‘ziga xos bo‘lgan o‘quvchilarni uyda o‘qitish tartibi davlat maxsus maktablarining o‘quv dasturiga ko‘ra tuziladi.
Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 1 dars soati 45 daqiqa.
Ruhiy o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun 1 dars soati 40 daqiqa.
Nogironligi bor bolalarni uyda o‘qitishda ota-onalarning huquqlari:
- farzandining huquqlarini himoya qilish
- darslarning o‘z vaqtida bo‘lishini nazorat qilish
- o‘qituvchining ruxsati bilan darslarda qatnashish
- farzandining o‘qishi uchun kerakli paytda o‘qituvchi, psixolog, defektolog va boshqalardan maslahat olish
- farzandini o‘qitayotgan o‘qituvchidan qoniqmasa, uni boshqa o‘qituvchiga almashtirishni so‘rab maktab direktoriga murojaat qilish
- dars jadvalini tuzish, o‘quv dasturlarini tuzish bo‘yicha takliflar berish.
Nogironligi bor bolalarni uyda o‘qitishda ota-onalarning majburiyatlari:
- farzandining o‘qishga ga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash
- shifokor tavsiyalari va farzandining kun tartibi haqida o‘qituvchini vaqtida xabardor qilish
- dars o‘tish uchun o‘qituvchiga sharoit yaratib berish
- o‘quvchining sog‘ligi haqida maktab direktorini vaqtida xabardor qilish
- o‘qituvchi darsga kelmay qo‘ysa, bu haqida maktab direktorini xabardor qilish
- farzandi uy vazifalarini bajarilishini ta’minlash.