
Nogironligi bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalarida inklyuziv shaklda o‘qitish tartibi qanday?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Qora fonda bolalarning turli xil o‘yinchoqlari aks ettirilgan.
Inklyuziv ta’lim nima?
Inklyuziv ta’lim – barcha uchun teng imkoniyatlar ta’minlangan holda beriladigan ta’lim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi farmoniga muvofiq O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish hamda ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida 2020 — 2025-yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni bog‘chalarga qanday joylashtirish mumkin?
Nogironligi bo‘lgan bolalarni maxsus ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz vebsayti orqali onlayn shaklda ariza bilan murojaat qilish mumkin. Ariza bilan murojaat qilingandan keyin, ularga navbatsiz yo‘llanma taqdim etiladi.
Mazkur yo‘llanma va tuman xalq ta’limi bo‘limida tashkil etilgan tibbiy-psixologik, pedagogik komissiya xulosasi bilan birga nogironligi bo‘lgan bolani bog‘chaga joylashtirish uchun maxsus ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasiga murojaat qilish mumkin.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni maxsus bog‘chalarga joylashtirish uchun vakolatli organ qaysi?
Nogironligi bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga moslashtirilgan maxsus bog‘chalarga joylashtirish uchun maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hududiy bo‘linmalarida maxsus bo‘linmalar tashkil etilgan. Nogironligi bor farzandini inklyuziv ta’limga moslashtirilgan bog‘chalarga joylashtirmoqchi bo‘lgan ota-onalar aynan mana shu bo‘linmalarga borib ariza bilan murojaat qilishlari talab etiladi. (ariza namunasi 1-ilovada)
Nogironligi bo‘lgan bolalarni inklyuziv bog‘chaga joylashtirish uchun yo‘llanma olish tartibi qanaqa?
Nogironligi bor bolani inklyuziv ta’limga moslashtirilgan bog‘chalarga joylashtirish uchun Maktabgacha va maktab vazirligi hududiy bo‘linmalari qoshida tibbiy-psixologik, pedagogik komissiya tashkil etilgan. Nogironligi bo‘lgan bola ushbu komissiyadan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, komissiya xulosasiga ko‘ra, unga yo‘llanma taqdim etiladi. Ushbu yo‘llanma asosida nogironligi bo‘lgan bola maxsus inklyuziv shart-sharoitlarga ega maktabgacha ta’lim muassasasiga yo‘naltiriladi.
Inklyuziv bog‘chaga joylashtirish uchun qanday hujjatlar zarur?
Inklyuziv shart-sharoitlarga ega maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarida alohida ehtiyojga ega bolani o‘qishga joylashtirish uchun quyidagi hujjatlar zarur:
- bola ota-onasining arizasi; (Ariza namunasi 2-ilovada)
- maxsus yo‘llanma;
- tuman xalq ta’limi tibbiy-psixologik, pedagogik komissiya xulosasi;
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda O‘zbekistonda inklyuziv shart-sharoitlar tashkil etilgan 74 ta maxsus ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Inklyuziv shart-sharoitlar tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasalari sifatida: Toshkent shahridagi 369-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi, Toshkent shahridagi 322-sonli maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi, bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi imkon reabilitatsion markazi, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi imkon reabilitatsion markazi, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi imkon reabilitatsion markazi, Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi umid reabilitatsion markazlarini kabilarni namuna sifatida keltirishimiz mumkin.
Ota-onalar farzandlarini yashash joylaridagi yaqin bog‘chalarga qo‘yishmoqchi bo‘lsa qayerga murojaat qilishlari zarur?
Ayrim holatlarda nogironligi bo‘lgan farzandi bor ota-onalar farzandlarini yashash joylariga yaqin bo‘lgan bog‘chalardan biriga joylashtirishga harakat qilishadi. Bu holatda ham ular Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hududiy bo‘limlari qoshida tashkil etilgan tibbiy-psixologik, pedagogik komissiya xulosasiga ko‘ra o‘z farzandlarini inklyuziv ta’lim shart-sharoitlari yaratilgan joylashuvi yaqin bo’lgan bog‘chalarga joylashtirishlari mumkin.
Agar ularga yaqin hududda inklyuziv bog‘cha bo‘lmasa, nogironligi bo‘lgan bolalar qaysi hududdagi bog‘chalarga joylashtiriladi?
O‘zlari yashayotgan hududlarda inklyuziv shart- sharoitlar tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘lmasa, tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga ko‘ra nogironligi bo‘lgan bolani viloyatlar markazlarida tashkil etilgan maxsus ixtisoslashtirilgan reabilitatsion markazlarga joylashtirishlari mumkin bo‘ladi. Bu toifadagi bolalar uchun davlat to‘lovi undirilmaydi.
Inklyuziv bog‘chalarda o‘qitish tartibi qanday belgilanadi?
Inklyuziv shart-sharoitlar yaratilgan maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarida, nogironligi bo‘lgan bolalarni o‘qitish tartibi maxsus ehtiyojli bolalarning nogironlik holatlari, ma’lumotlarni qabul qilish darajalarini inobatga olgan holatda belgilanadi. Maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarining ta’lim berish jarayoni reabilitatsion dasturlar hamda yengillashtirilgan tartibdagi o‘yinlar shakllarida amalga oshiriladi.
Masalan: ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lmagan bolalar bilan shaklli o‘yinchoqlar yordamida ta’lim jarayonlari olib boriladi. Harakat tayanch tizimida nuqsoni bor bolalar uchun maxsus tibbiy vositalar orqali reabilitatsiya jarayonlari tashkil etiladi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida, ta’lim jarayonlari maxsus defektolog pedagog va tibbiy xodimlar ishtirokida tashkil etiladi.
Ilovalar:
Foydalanilgan manbalar:
Bu maqolada sen nogironligi bor bolalarni bog‘chada inklyuziv shaklda o‘qitish tartibi haqida bilib olasan.
Inklyuziv o‘qitish – bu nogironligi bor bolani boshqa bolalar bilan bir xil imkoniyatlardan foydalanib o‘qitish.
Prezidentning 2019-yil 29-apreldagi farmoniga ko‘ra:
- inklyuziv o‘qitishni rivojlantirish uchun 2020 — 2025-yillarda xalq ta’limida inklyuziv ta’limni rivojlantirish rejasi ishlab chiqildi.
Inklyuziv bog‘chalarga bolalarni o‘qishga joylashtirish uchun:
- bola ota-onasining arizasi (Ariza namunasi 2-ilovada)
- maxsus yo‘llanma
- tuman xalq ta’limi tibbiy-psixologik, pedagogik komissiya xulosasi kerak bo‘ladi.
Sen nogironligi bor bolangni maxsus bog‘chaga joylashtirishda maxsus yo‘llanma olish uchun:
- Davlat xizmatlari markazlari
- my.gov.uz internet manzili orqali ariza bilan murojaat qilishing mumkin.
Ariza bilan murojaat qilinganingdan keyin, senga navbatsiz yo‘llanma beriladi.
Sen nogironligi bor bolangni inklyuziv bog‘chaga joylashtirishda tuman xalq ta’limi tibbiy-psixologik, pedagogik komissiya xulosasini olishing uchun:
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy maxsus bo‘linmalariga borib
- ariza bilan murojaat qilishing kerak.
- (Ariza namunasi 1-ilovada)
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hududiy bo‘linmalarining tibbiy-psixologik, pedagogik komissiyasi bor.
Ariza bilan murojaat qilganingdan keyin nogironligi bor bolang shu komissiya shifokori tekshiruvidan o‘tkaziladi va yo‘llanma beriladi.
- Davlat xizmatlari yoki my.gov.uzdan olingan yo‘llanma
- tuman xalq ta’limi tibbiy xulosasi bilan nogironligi bor bolani maxsus inklyuziv sharoitlarga ega bog‘chaga joylashtirish uchun ariza bilan murojaat qilishing mumkin.
Hozirda O‘zbekistonda 74 ta inklyuziv bog‘cha bor.
Inklyuziv bog‘chalar sifatida:
- Toshkent shahridagi 369-sonli bolalar bog‘chasi
- Toshkent shahridagi 322-sonli maxsus bolalar bog‘chasi
- Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi imkon reabilitatsion markazi
- Qashqadaryoning Qarshi shahridagi imkon reabilitatsion markazi
- Toshkent viloyati Qibray tumanidagi imkon reabilitatsion markazi
- Navoiyning Zarafshon shahridagi umid reabilitatsion markazlarini misol sifatida keltirishimiz mumkin.
Sen nogironligi bor bolani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hududiy bo‘linmalarining tibbiy-psixologik va pedagogik komissiyasi xulosasi bilan yashash joyingga yaqin inklyuziv bog‘chaga joylashtirishing mumkin.
Agar senga yaqin joyda inklyuziv bog‘cha bo‘lmasa, tibbiy xulosaga ko‘ra nogironligi bor bolani viloyat markazidagi maxsus reabilitatsiya markazlariga joylashtirishing mumkin.
Reabilitatsion markaz – bu nogironligi bor bola uchun kerakli barcha sharoitlarga ega joy.
Sen bolangni reabilitatsiya markaziga joylashtirganing uchun to‘lov olinmaydi.
Inklyuziv bog‘chalarda nogironligi bor bolalar:
- bolalarning nogironlik holati
- ma’lumotlarni qabul qilishiga qarab o‘qitiladi.
Maxsus bog‘chalarining o‘qitish jarayoni:
- maxsus dasturlar
- yengil tartibdagi o‘yinlar bilan o‘tkaziladi.
Maxsus dastur – bu nogironligi bor bolalarning holatiga moslashtirib tuzilgan darslar.
Masalan:
- ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor bolalarni shaklli o‘yinchoqlar yordamida o‘qitishadi
- harakatlanish bo‘yicha nogironligi bor bolalarni maxsus tibbiy vositalari yordamida o‘qitishadi.
Bog‘chalarda, bolalarni maxsus defektolog pedagog va tibbiy xodimlar o‘qitishadi.
Defektolog pedagog – bu to‘g‘ri, ravon gapirishni o‘rgatuvchi ustoz.
Men ishga kirmoqchiman shu muassasaga
Nogironlik guruhingiz bo’lsa, sizning hududingizdagi Aholi bandligiga ko’maklashish markaziga (xalq tilida «birja» deyiladi) yozma murojaat qilishingiz kerak. Yozma arizada nogironligi bo’lgan shaxslar uchun 3% kvota asosida ajratilgan vakansiyalar ro’yxatini ham so’rashni tavsiya qilamiz. Mana shu ro’yxatda davlat muassasalaridagi zaxiralangan bo’sh ish o’rinlari haqida ma’lumot bor. Shu jumladan maktabgacha ta’lim muassasalaridagi vakansiyalar haqidagi ma’lumotlar ham bo’ladi.
Bandlikka ko’maklashish markazida o’sha 3% kvota bo’yicha ishlar ro’yxati bor. Hududiy Bandlikka ko’maklashish markazidan «Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun 2025 yilda ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxona va tashkilotlar ro‘yxati»ni berishlari kerak sizga.
Omad!