
Nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning vasiylarining huquq va imtiyozlari bo‘yicha savol-javoblar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevralda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 62-sonli qaroriga asosan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi barchaga ma’lum bo‘lgan Tibbiy-ijtimoiy ekspertizasining tizimida (TIEK) hisoblanadi.
Agar bolaning umumiy ahvoli og‘irlashishi yoki olgan jarohati tufayli, sog‘ligiga zarar yetganda, bolaning ba’zi organizmlarining normal ishlash faoliyati turg‘un buzilish bo‘lgan holatlarda o‘zi yashab turgan hududda joylashgan tibbiyot muassasasiga (poliklinika) murojaat qilishi shuningdek, qayta nogironlikni belgilash masalasida ham tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi mumkin.
TIEKda ko‘rikdan o‘tish uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
-
18 yoshgacha bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi;
-
ota – onasining yoki qonuniy vakilining pasporti.
Bundan tashqari yuqoridagi hujjatlardan ko‘chirmalar taqdim etiladi:
-
umumiy kasallik va bolalikdan nogironlik sabablarini belgilash uchun tibbiyot muassasasining yo‘llanmasi;
-
kasallik tarixidan (bu tashxis qo‘yish uchun va da’vo choralarini belgilash uchun bemor yoki uning yaqinlari yordamida kasallik to‘g‘risida yig‘ilgan ma’lumotlar jamlanmasi) ko‘chirma.
Agar TIEK tomonidan ko‘rik natijalariga ko‘ra bola nogironligi bo‘lgan bola deb topilganda, shu kuni belgilangan shakldagi ma’lumotnoma rasmiylashtirilib, QR-kod orqali tasdiqlanib nogironligi bo‘lgan bolaga (yoki qonuniy vakiliga) beriladi. Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga elektron tarzda o‘sha kunning o‘zida “TIEK” dasturi orqali yuboriladi.
18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 1 yil, 2 yil yoki 18 yoshgacha bo‘lgan muddatga nogironligi bo‘lgan bolalar deb e’tirof etiladi.
Bolalarning tana a’zosi va a’zolar tizimlarining funksiyasi buzilishi sababli, garchi davolash natijasida ko‘rsatilgan holatlar tiklanishi mumkin bo‘lsa-da, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yashash faoliyatining cheklanishi va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslik holatlarida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 1 yil muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etiladi.
Patologik holatlar ya’ni bolalar organizmi funksiyalarining kuchli darajada buzilgan, ularning o‘zgalar yordamiga muhtojligi sezilgan va o‘ziga o‘zi xizmat qilishi chegaralangan lekin 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda tuzalish ehtimoli bo‘lgan holatlarda 2 yil muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etiladi.
O‘ziga-o‘zi xizmat qilishning to‘liq yo‘qolishiga olib keluvchi organizm faoliyatining keskin, turg‘un va orqaga qaytmas buzilishi natijasida bolalarning yashash faoliyatining kuchli darajada chegaralanishiga va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslikka olib boradigan a’zo va uning tizimlarining patologik holatlarida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 18 yoshga to‘lgungacha bo‘lgan muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.02.2022 yildagi PF-74-son Farmoniga asosan, 2022-yil 1-apreldan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oylik nafaqa to‘lovi joriy etildi. Hozirgi kunda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 820 000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi joriy etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni ilovasida, O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxati keltirilgan bo’lib, aynan shu kasallik bilan kasallangan bolalar o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo’lgan bolalar deb topiladi.
Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar uchun va o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga YaIDXP (yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) MyGov.uz orqali nafaqa olish uchun onlayn tarzda ariza berish mumkin.
Parvarishlash nafaqasini olishga ariza berish uchun dastlab YaIDXP ya’ni MyGov.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tish lozim. Shundan so‘ng mazkur portalda sohalar bo‘limidan ijtimoiy himoya sohasi tanlanadi.
Tanlangan sohadan esa “Nafaqa tayinlash uchun ariza berish” bo‘limi tanlanadi.
Shundan so‘ng “Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosilib ekran yuzasiga chiqgan so‘rovnoma shakli to‘ldirilib, so‘ngra ariza yuboriladi.
Parvarishlash nafaqasi belgilanganidan keyin, nafaqa bank orqali nogironligi bor bolaning vakiliga beriladi.