
Nogironligi bo‘lgan shaxslar tadbirkorlik qilish uchun foizsiz ssudani qanday olishi mumkin?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Ushbu maqolada nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan foizsiz ssuda haqida ketma-ket so‘z boriladi: ssuda nima, uni kim olishi mumkin, qancha miqdorda va qanday shartlarda beriladi, ariza qanday topshiriladi va ko‘rib chiqiladi, ssuda olingandan keyin nimalarga e’tibor berish kerak. Maqolada online-mahalla.uz platformasi orqali ariza topshirish bo‘yicha qadamba-qadam yo‘riqnoma ham berilgan.
Ssuda nima va u qayerdan ajratiladi?
Ssuda — foizsiz va qaytarish sharti bilan beriladigan moliyaviy ko‘mak. Mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ajratiladi.
Har yili qancha shaxsga ssuda berilishi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududlar kesimida tasdiqlaydigan smeta hujjatlari asosida belgilanadi.
Kimlar ssuda olishi mumkin?
Ssuda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladi. Ariza jismoniy shaxs sifatida ham, tadbirkor sifatida ham topshirilishi mumkin.
Ssuda miqdori va qaytarish shartlari
Eng ko‘p miqdor: bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 75 baravarigacha. 2026-yil 1-sentabrdan BHM 440 000 so‘m deb olinsa, bu 75 × 440 000 = 33 000 000 so‘mni tashkil etadi.
Foiz: ssuda foizsiz beriladi.
Imtiyozli davr: ssudani qaytarish u olinganidan 6 oy o‘tgach boshlanadi.
Qaytarish muddati: ssuda 3 yil davomida shartnomada ko‘rsatilgan jadval bo‘yicha qaytariladi.
Ssuda qaysi maqsadlarga sarflanadi?
Ssudaning asosiy maqsadi — nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligini ta’minlash.
Mablag‘ni quyidagilarga sarflash mumkin:
- o‘zini o‘zi band qilish uchun zarur jihozlar, asbob-uskunalar va boshqa mehnat qurollarini xarid qilish;
- xomashyo xarid qilish;
- internet xizmatlariga ulanish;
- tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki mavjud faoliyatni kengaytirish.
Ariza topshirish uchun qanday tayyorgarlik qilish kerak?
Ariza topshirishdan oldin quyidagi ma’lumotlarni tayyorlab qo‘ying:
- Shaxsiy ma’lumotlar: pasport, yashash manzili va nogironlikni tasdiqlovchi hujjat.
- Bank rekvizitlari: hisob raqami, bank nomi, bank MFOsi va bank kartasi raqami.
- So‘ralayotgan ssuda miqdori.
- Ssuda olish maqsadi va xaridlar ro‘yxati: sotib olinadigan tovarlar, asbob-uskunalar yoki xizmatlarning nomi, miqdori va narxi.
Xaridlar ro‘yxatini tuzishdan oldin mahsulotlarning bozordagi haqiqiy narxini o‘rganib chiqing. Arizada ko‘rsatilgan barcha xaridlarning jami qiymati so‘ralayotgan ssuda summasiga mos kelishi kerak. Masalan, 33 million so‘m so‘ralsa, ko‘rsatilgan asbob-uskunalar va xizmatlarning umumiy narxi ham shu summaga teng bo‘lishi lozim.
Ariza qayerga va qanday topshiriladi?
Ssuda olish uchun mahallangizdagi hokim yordamchisiga murojaat qilasiz. Arizani onlayn tarzda ham yuborish mumkin: my.gov.uz (Yagona davlat xizmatlari veb-portalida) yoki online-mahalla.uz orqali. Quyida online-mahalla.uz orqali ariza topshirish tartibi qadamba-qadam ko‘rsatilgan.
online-mahalla.uz orqali ariza topshirish: qadamba-qadam yo‘riqnoma
1-qadam. Saytga kirish
Brauzerning manzil qatoriga online-mahalla.uz deb yozing va Enter tugmasini bosing. Bosh sahifa ochilgach, yuqori o‘ng burchakdagi “Tizimga kirish” tugmasini bosing.

2-qadam. Shaxsni tasdiqlash
Kirish usullaridan birini tanlang: login va parol, elektron raqamli imzo (ERI) yoki OneID. So‘ng shaxsiy ma’lumotlaringiz bilan tizimga kiring.

3-qadam. Ariza yaratish
Shaxsiy kabinetdagi “Mening hujjatlarim” sahifasida o‘ng pastki burchakdagi “Ariza qoldirish” tugmasini bosing.

4-qadam. Arizachi rolini tanlash
“Qanday rolda davom etmoqchisiz?” oynasida jismoniy shaxs yoki sizga tegishli yuridik shaxs ko‘rsatiladi. Jismoniy shaxs sifatida murojaat qilish uchun o‘z ismingizni tanlang. Tadbirkorlik subyektingiz bo‘lsa, uni tanlashingiz mumkin.

5-qadam. Oferta shartlariga rozilik berish
“Shartlarni ko‘rish” tugmasini bosib, ommaviy oferta shartlari bilan to‘liq tanishib chiqing. Rozi bo‘lsangiz, “Men oferta shartlari bilan to‘liq tanishib chiqdim va ularga roziman” katagiga belgi qo‘ying va “Qabul qilaman va davom etaman” tugmasini bosing.

Ekranda “Oferta tasdiqlandi” degan yozuv paydo bo‘lgach, “Davom ettirish” tugmasini bosing.
6-qadam. Manzilni kiritish
Viloyat, tuman yoki shahar, mahalla, ko‘cha turi va nomi, uy raqami va telefon raqami kabi majburiy maydonlarni to‘ldiring. “To‘liq manzil” qatori to‘g‘ri aks etganini tekshirib, “Davom ettirish” tugmasini bosing.

7-qadam. Ssuda turi, miqdori va bank rekvizitlari
“Rekvizitlar” bo‘limida quyidagi maydonlarni to‘ldiring:
- “Faoliyat turi” — “Jismoniy shaxs sifatida”;
- “Subsidiya turi” — “Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ssuda (75 BHMgacha)”;
- “Subsidiya miqdori” — sizga kerakli ssuda summasi (belgilangan chegaradan oshmasligi kerak);
- bank ma’lumotlari — bank hisob raqami, bank MFOsi, bank nomi va bank kartasi raqami;
- “Ssuda qaytarish vaqti” — ssudani qaytarishni boshlash sanasi.
Qaytarish sanasini shunday hisoblang: ssuda olish jarayoni taxminan 19 ish kuni, ya’ni qariyb bir oy davom etadi, qaytarish esa ssuda olinganidan 6 oy o‘tgach boshlanadi. Masalan, 2026-yil 19-oktabrda ariza topshirsangiz, ssudani taxminan 19-noyabrda olasiz va uni 2027-yil 19-maydan qaytarishni boshlaysiz.

8-qadam. Ssuda olish sababi va xarid qilinadigan asbob-uskunalar
“Ssuda olish sababi” ro‘yxatidan mos bandni tanlang: faoliyatni boshlash, faoliyatni kengaytirish, xomashyo xaridi, internet xizmatlari, asbob-uskunalar xaridi yoki jihozlash. “Xarid qilinadigan asbob-uskuna tavsifi” bo‘limida MXIK (mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodi) orqali kerakli mahsulot yoki xizmatni qidirib, tegishli kodni tanlang. So‘ng asbob-uskunaning nomi va tavsifini yozing. Bir nechta mahsulot bo‘lsa, har birini qo‘shish belgisi orqali alohida kiriting.

9-qadam. Arizani tayyorlash
Barcha maydonlarni yana bir bor tekshirib, “Arizani tayyorlash” tugmasini bosing. Tizim ariza yuborilgani va uni SMS-kod bilan tasdiqlash zarurligi haqida xabar beradi.

10-qadam. SMS-kod bilan imzolash
Tayyorlangan hujjatni ko‘rib chiqing. Telefoningizga kelgan bir martalik kodni “SMS kodi” maydoniga kiriting va “Tasdiqlash” tugmasini bosing. Ekranda “Hujjat to‘liq imzolangan” degan xabar paydo bo‘lishi kerak.

11-qadam. Ariza raqamini saqlash
Yuborilgan ariza “Mening hujjatlarim” bo‘limida raqami, sanasi, turi, summasi va holati bilan ko‘rinadi. Ariza raqamini saqlab qo‘ying.
Ariza qanday ko‘rib chiqiladi: bosqichlar va muddatlar
Ariza topshirilgandan keyin u quyidagi bosqichlardan o‘tadi:
- Hokim yordamchisi 3 ish kuni ichida arizani o‘rganib, ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganini tekshiradi.
- Keyingi 3 ish kuni ichida hokim yordamchisi arizani qabul qiladi yoki kamchilik bo‘lsa, sababini ko‘rsatgan holda online-mahalla.uz orqali rad etadi.
- Qabul qilingan ariza hududiy bandlik boshqarmasi tomonidan yashash joyingizdagi tuman (shahar) shtabiga yuboriladi va shtab ssuda ajratilishini tasdiqlaydi.
- Hududiy bandlik boshqarmasi 5 ish kuni ichida siz bilan shartnoma tuzadi.
- Hududiy boshqarma 3 ish kuni ichida ssuda ajratishni so‘rab jamg‘armaga murojaat qiladi.
- Jamg‘arma 2 ish kuni ichida mablag‘ni ajratadi.
- Hududiy boshqarma 3 ish kuni ichida mablag‘ni bank kartangizga o‘tkazib beradi.
Umuman olganda, ssuda olish jarayoni taxminan 19 ish kunini oladi.
Tuman (shahar) shtabi — tuman yoki shahar hokimi rahbarligida tashkil etilgan tuzilma. U aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va fuqarolar daromadini oshirish masalalarini hal qiladi hamda davlat tomonidan beriladigan subsidiya, foizsiz ssuda va boshqa moliyaviy yordamlar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega.
Ariza holatini qanday kuzatish mumkin?
Ariza holatini online-mahalla.uz platformasidagi shaxsiy kabinetingizning “Mening hujjatlarim” bo‘limida kuzatib borasiz. Holat quyidagi tartibda o‘zgaradi:
- “Ariza mahalladagi yettilik tekshiruvida” — ariza topshirilgandan keyingi dastlabki holat. Shu bosqichda mahallangizdagi hokim yordamchisi bilan bog‘lanib, ariza topshirganingizni ma’lum qilish tavsiya etiladi.
- “Arizani ko‘rib chiqish muvaffaqiyatli yakunlangan” — hokim yordamchisi arizani tasdiqlagan. Bu ariza dastlabki bosqichdan o‘tganini bildiradi, ammo ssuda ajratilishi hali yakuniy tasdiqlanmagan. Keyingi bosqichlar haqida yashash joyingizdagi tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limidan ma’lumot olishingiz mumkin.
- Shartnoma bosqichi — ssuda masalasi ijobiy hal etilgach, telefoningizga YAMMT IDAK (Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy-apparat kompleksi)dan SMS-xabar keladi. Xabardagi havola orqali shartnoma shartlari bilan tanishib chiqing va rozi bo‘lsangiz, shartnomani elektron shaklda tasdiqlang. Shundan so‘ng shartnomani hududiy bandlik boshqarmasi ham tasdiqlaydi.
Ssuda olingandan keyin
Hokim yordamchisi ssudadan maqsadli foydalanayotganingizni va uni jadval bo‘yicha o‘z vaqtida qaytarayotganingizni nazorat qiladi. Shartnomada belgilangan muddatda qaytarilmagan mablag‘lar qonunda belgilangan tartibda undirib olinadi.
Foydalanilgan manbalar
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qarori. https://lex.uz/uz/docs/-7386982
- O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining buyrug‘i (2026-yil 7-mayda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 3832). https://lex.uz/uz/docs/-8184101#-8184467
Muallif: Aziz Abdullayev
Muharrir: Dilmurod Yusupov